2-QISM: SIRLI UCHRASHUV
Detektiv qissa
Muallif: Hayo xonim
Ayol uzoq jim qoldi. Barmoqlari ro‘molning gulli qirrasini sekin silardi, go‘yo u matoni emas, kimningdir sochini silayotgandek.
— Qizim o‘sha kuni tong otmasdan uyg‘ongan edi, — dedi u nihoyat. — Institutga kirgan kuni... Hammasi o‘sha kundan boshlandi, bolam.
Uning ovozi pasayib, shivirga aylandi. Xonadagi tovushlar uzoqlashdi.
Oshxona. Tong
Zamira eshikdan mo‘ralab qaradi.
— Ona, uxlay olmadim.
Onasi un yuqi tekkan qo‘llarini fartugiga artib, kulib qo‘ydi.
— Bilaman. Tun bo‘yi bezovta bo‘lib chiqding. Kel, nonushta qilib ol.
— Ovqat o‘tmaydi, ona.
— Shunday bo‘ladi, qizim. Birinchi kun hammaga qiyin.
Zamira ro‘molini o‘rab, ko‘zgu oldida uzoq turdi.
— Ona, menga yarashyaptimi?
— Seni ko‘rgan odam ko‘zini uzolmaydi, qizim.
Zamira kulib yubordi. Onasi uni eshikkacha kuzatdi.
— Ehtiyot bo‘l. Kech qolma.
— Xavotir olmang, ona. Men eplayman.
Zamira eshik oldida qo‘l silkitdi. Onasi esa hamon o‘sha yerda turardi: eshik tagida, qo‘lida un yuqi, yuzida tabassum.
Institut koridori
Koridor odamga to‘lib ketgan edi. Zamira sumkasini ko‘ksiga bosgancha, auditoriya raqamlarini izlab ketardi. Burchakdan chiqayotib, bir yigit bilan to‘qnashib ketdi. Daftarlari yerga sochilib tushdi.
— Voy, kechirasiz! — dedi u shoshib, yerga engashib.
— Hechqisi yo‘q, — dedi yigit muloyim ovozda.
Baland bo‘yli, ozoda kiyingan yigit uning daftarlarini terib, qo‘liga uzatdi.
— Birinchi kursmisiz?
— Ha...
— Men Aliman. Auditoriyangizni topishga yordam beraymi? Bu yerda adashish oson.
— Rahmat, juda yaxshi bo‘lardi.
Ular yonma-yon yurishdi.
— Hayajonlanyapsizmi? — deb so‘radi Ali.
— Biroz. Yangi joy, yangi odamlar... Hali hech kimni tanimayman.
— Xavotir olmang. Tezda ko‘nikib ketasiz.
Ali unga jilmaydi.
— Institutda yaxshi kafe bor. Bir kun ko‘rsataman.
— Rahmat.
Ali bir lahza jim qoldi.
— Yaxshilik qilish menga yoqadi.
Auditoriya eshigi oldida u to‘xtadi.
— Mana, yetib keldik. Ko‘rishguncha, Zamira. Ishonchim komil, biz yaxshi do‘st bo‘lamiz.
— Rahmat, Ali. Ko‘rishguncha.
Zamira auditoriyaga kirib ketdi. Ali esa o‘sha joyda bir muddat turib qoldi. Uning yuzidagi tabassum asta-sekin so‘ndi.
Koridorning narigi chetidagi deraza oldida to‘rtta yigit turardi. Ali ularga yaqinlashdi.
— Bu o‘shami? — deb so‘radi ulardan biri.
Ali javob bermadi. Faqat auditoriya eshigiga bir qarab qo‘ydi.
— Ikki yil kutdim, — dedi u past ovozda. — Endi shoshilmayman.
Auditoriya
Zamira bo‘sh joy izlab, ikkinchi qatorga yo‘l oldi. Shu payt yonidagi o‘rindiqda o‘tirgan qiz unga qo‘l silkitdi.
— Bu yerga o‘tir, joy bor!
Qora sochlarini ikkita qilib o‘rgan qiz sumkasini chetga surdi.
— Men Madinaman. Sen ham yangimisan?
— Ha. Ismim Zamira.
— Tanishganimdan xursandman. To‘g‘risi, men ham bugun biroz hayajondaman. Yaxshiyamki, endi yolg‘iz emasman.
Zamira jilmaydi.
— Men ham kim bilandir tanishishni xohlayotgandim.
— Unda kelishdik. Bugundan boshlab dugonamiz!
Ikkalasi kulib yuborishdi.
Dars davomida ular bir-birlariga sekin pichirlab, tanishib olishdi. Madina ochiqko‘ngil, samimiy qiz edi. Zamira esa uning yonida o‘zini ancha erkin his qila boshladi.
Kafe oldi. Tanaffus
— Yur, senga kafeni ko‘rsataman, — dedi Madina.
— Bilaman. Bugun ertalab bir yigit aytgan edi. Ali ismli...
Madinaning qadamlari sekinlashdi.
— Ali uzun bo‘yli, kulib gapiradiganmi?
— Ha. Tanishsanmi?
— Hamma taniydi uni. Otasi shaharning eng boy odamlaridan. Ali... — Madina jim qoldi. Keyin shoshilib qo‘shib qo‘ydi: — Mayli, qo‘y.
— Madina, nima gap?
— Hech narsa. Faqat undan ehtiyot bo‘l, Zamira.
Zamira hayron bo‘ldi.
— Nega? U menga juda yaxshi munosabatda bo‘ldi-ku.
Madina javob berishga shoshilmadi.
Shu payt yo‘lakda Ali paydo bo‘ldi, go‘yo tasodifan.
— Zamira! Dars yaxshi o‘tdimi?
— Yaxshi, rahmat, — dedi Zamira jilmayib.
Ali Madinaga ham bosh irg‘adi.
— Salom, Madina.
Madina sovuqqina bosh irg‘adi. Ali ketgach, Zamira dugonasiga yuzlandi.
— Nega u bilan bunday gaplashasan? Uni taniysanmi?
Madina bir muddat jim turdi.
— Zamira, bir narsani eslab qol. Seni hech kim shunchaki tasodifan kutib olmaydi. Ayniqsa, Ali.
Zamira kulib yubordi, lekin Madinaning jiddiy nigohi uning kulgisini so‘ndirdi.
— Sen nimanidir bilasanmi?
— Hozircha ko‘p savol berma. Vaqti kelganda hammasini tushuntiraman.
Uy. Kechqurun
— Qani, aytib ber, qizim, — dedi onasi.
Zamira kun davomida bo‘lgan voqealarni so‘zlab berdi: institut, yangi dugonasi Madina va Ali bilan tanishgani haqida ham aytdi.
— Yaxshi yigit ekan, — dedi onasi xursand bo‘lib.
Zamira jilmaydi.
— Ha, ona. Juda muloyim ekan.
Ovqatdan keyin Zamira deraza yoniga yaqinlashdi. Ko‘cha chiroqlari yonib turardi. Uning nigohi narigi tomondagi chiroq ostiga tushdi. U yerda kimdir turgandek tuyuldi.
Zamira ko‘zlarini qisib, yaxshiroq qarashga urindi.
— Nimaga qarayapsan? — deb so‘radi onasi orqasidan.
— Hech narsa, ona. Shunchaki, kimdir turgandek tuyuldi.
Onasi tashqariga qaradi, ammo hech kimni ko‘rmadi. So‘ng pardani tortdi.
Ayol ro‘molni yuziga bosdi.
— Men pardani tortdim, bolam, — dedi u titroq ovozda. — Shunchaki tortdim, xolos.
Men daftarimga qaradim. Qo‘lim qotib qolgan edi. Sherzod derazaga o‘girilib turardi.
— Qizim juda sodda edi, bolam… — dedi Hayo xonim ko‘zlariga yosh olib. — U odamlarning ko‘ziga qarab, qalbini ham o‘shanday deb o‘ylardi. Kim unga kulib qarasa, yaxshi inson deb bilardi. Kim mehr bilan gapirsa, unga ishonardi. Men unga dunyodagi hamma odamlar ham biz o‘ylagandek emasligini qanday tushuntirishni bilmadim…
Uning ko‘ngli shu qadar toza ediki, birovdan yomonlik kutishni ham bilmasdi. Men esa onasi bo‘la turib, uning yuragiga kimdir og‘riq solishini sezmadim.
— Qaniydi, bolam, qizimni bu dunyoning shafqatsizligidan asray olganimda…
Izohlar
0