#xiyonatanatomiyasi
II bob. Tirik ayolning qabri
Arvohlar hech qachon o‘tmishdan qaytib kelmaydi. Ular shunchaki bizning yolg‘onlarimiz ichida yashab keladi.
— Bu meni onamning ovozi…
Buni o‘zimga aytdimmi yoki Damirga, bilmadim. Ovozim shu qadar past chiqdiki, hatto o‘zim ham zo‘rg‘a eshitdim.
Zinapoyaning tepasida kimdir yana chaqirdi.
— Liliya, bolam?
O‘n to‘rt yil.
O‘n to‘rt yil davomida men uning qabriga gullar olib borganman. Tug‘ilgan kunlarimda suratiga qarab gapirganman. Ba’zan uni tushimda ko‘rganman-u, uyg‘onganimda yana bir marta yetim qolganman.
Endi esa u bir necha metr narida turib, meni chaqiryapti.
Damir og‘zimni kafti bilan berkitdi.
Men uning qo‘lini tishlashga urindim. U esa hatto qimirlab ham qoʻymadi.
— Bir marta bo‘lsa ham, aqling bilan ish tut, — deb shivirladi u qulog‘imga. — Agar yuqoriga chiqsang, quyoshni boshqa koʻrmaysan.
Men uning qo‘lini siltab tashladim.
— U mening onam!
— Bilaman.
— Yo‘q, bilmaysiz! Siz hech narsani bilmaysiz!
Uning yuzidagi sovuqlik bir zumga o‘zgardi.
— Liliya, men sening onangni ko‘rganman.
Dunyoyim bir zumda ostin ustun boʻlib ag‘darildi.
— Nima dedingiz?
— O‘n to‘rt yil oldin. Sen sakkiz yoshda eding.
Men unga tikildim. Boshimda minglab savollar aylanar, bir-biriga urilar, hech birining javobi yoʻq edi.
— Siz o‘shanda necha yoshda edingiz?
— O‘n uch.
— Demak, siz ham bola boʻlgansiz.
— Ba’zi bolalar boshqalardan oldin katta bo‘lishga majbur bo‘ladi.
U bu gapni shunday aytdiki, men beixtiyor jim boʻlib qoldim.
Yuqorida qadam tovushlari eshitildi.
— Pastda ekanini bilamiz, — dedi notanish erkak. — Volkov ham u bilan.
Damirning yuzidagi so‘nggi yumshoqlik ham yo‘qoldi.
U menga qaradi.
— Menga ishonasanmi?
Men kuldim.
— Sizdan ko‘ra zaharli ilonga ishonishim osonroq.
— Yaxshi. Demak, hali fikrlashing joyida.
U devordagi eski javon tomon yurdi va uning ortidagi tor eshikni ochdi. Men bu yerto‘lada yashirin yo‘l borligini bilmasdim.
— Bu yo‘l qayerga chiqadi?
— Qabristonga.
— Juda romantik ekan.
— O‘lim bilan tanishligingni hisobga olsak, o‘zingni uydagidek his qilishing kerak.
Men unga shunday qaradimki, boshqa vaziyatda bundan koʻz qarashlarimni koʻrgani va shu koʻzlarni koʻrishga majbur boʻlgani uchun mendan uzr so‘rashi mumkin edi.
U esa jilmaydi.
Birinchi marta.
Va men undan yanada ko‘proq nafratlanib ketdim.
Chunki bu odamning jilmayishi ham uning boshqa hamma narsasi kabi xavfli edi.
— Yur, Liliya.
— Buyruq berishni bas qiling.
— Unda iltimos qilaman. Marhamat, xonim, sizni o‘ldirish uchun kelgan qurolli odamlardan oldinroq qochib qolaylik.
— Siz bilan borishimning o‘rniga o‘sha odamlarga o‘zimni topshirsam-chi?
Damir menga yaqinlashdi.
— Unda men seni ularning qo‘lidan tortib olaman. Sen yana qochasan. Men yana ortingdan boraman. Va oxirida ikkovimizdan birimiz ikkinchimizni o‘ldiradi.
U bir lahza jim qoldi.
— Menimcha, bu kechani o‘tkazishning yaxshiroq usullari bor.
Men uning yonidan o‘tib, yashirin yo‘lga kirdim.
— Siz bilan bir kechani o‘tkazishdan ko‘ra, qabristonda tunashni afzal ko‘raman.
— Ajoyib. Men ham sen bilan qabristonda qolishni afzal ko‘rardim. U yerda hech bo‘lmasa o‘liklar gap qaytarmaydi.
— Sizning yoningizda ular ham tirilib ketishi mumkin. Zerikkanidan.
Uning kulgisi qorong‘ilik ichida yangradi.
Men bu tovushni yomon ko‘rishim kerak edi.
Shunday bo‘lsa-da, xotiram uni darrov saqlab qoldi.
Yashirin yo‘l qabristonning eski ibodatxonasi ortidan chiqdi.
Yomg‘ir to‘xtagan, ammo havoda tuman osilib turardi. Qora marmardan yasalgan qabr toshlari xira oy nurida oqarib ko‘rinardi.
Damir meni qora mashina tomon boshladi.
— Men siz bilan hech qayerga bormayman, — dedim.
U mashina eshigini ochdi.
— Unda shu yerda qol.
— Qolaman.
U menga qaradi.
— Mayli.
So‘ng mashinaga o‘tirdi.
Men bir daqiqa kutdim.
Ikki daqiqa.
U qaytib tushmadi.
— Jin ursin! — deb yubordim.
Mashina eshigini ochib, uning yoniga o‘tirdim.
Damir oldinga qarab o‘tirardi. Yuzida g‘alaba qozongan odamning xotirjamligi bor edi.
— Bir og‘iz ham gapirmang, — dedim.
— Albatta.
Uch soniya o‘tdi.
— Xavfsizlik kamarini taq.
— Ishingiz boʻlmasin, buyruq bermang menga!
— Agar avariyada o‘lsang, meni ayblashadi.
Men kamarni taqdim.
— Sizni o‘ldirishning yuzta usulini o‘ylab qo‘ydim.
U mashinani yurgizdi.
— Yuz birinchisini ham o‘ylab qoʻy. Meni yaxshiroq tanib olganing sari, ro‘yxating uzayib ketaveradi.
Damirning uyi shaharning eng qadimiy qismida joylashgan edi.
Baland temir darvozalar, qora toshdan qurilgan devorlar, derazalari qorong‘i qolgan ulkan imorat. Hovlida favvora bor edi, ammo uning suvida suv emas, yomg‘ir to‘plangandek ko‘rinardi.
Bu uyda odamlar yashamasdi.
Bu uyda sirlar yashardi.
— Xush kelibsan, — dedi Damir mashinadan tusharkan. — O‘zingni uyingdagidek his qil.
— Sizning uyingizda o‘zimni o‘likdek his qilyapman.
— Unda muhit senga mos tushibdi.
Ichkariga kirganimizda, zinapoya oldida keksa ayol paydo bo‘ldi. Uning sochlari oppoq, nigohi esa o‘tkir edi.
— Janob Volkov, bizga mehmon kelishini aytishmagandi.
U menga qaradi.
Birdan yuzidagi ifoda o‘zgardi.
Qo‘lidagi kumush patnis polga tushib ketdi.
Sharaq!
— Xudoyim…
Damir uning oldiga bordi.
— Nima bo‘ldi, Yelena?
Ayol menga tikilganicha turardi.
— Bu… bu ayol…
Men qoshimni chimirdim.
— Meni taniysizmi?
Yelena lablarini qimirlatdi, ammo ovoz chiqarmadi.
Damir uning yelkasidan ushladi.
— Xonangizga boring.
— Lekin, janob…
— Hozir.
Ayol boshini egib, ketdi. Biroq burilish oldida yana menga qaradi.
Men buni ko‘rdim.
U mendan qo‘rqardi.
Yo‘q.
U meni taniganidan qo‘rqardi.
— U kim? — so‘radim.
— Uy bekasi.
— U meni taniy. Shunaqami?
— Ko‘pchilik seni taniydi.
— Lekin, men uni hech qachon ko‘rmaganman.
Damir palto tugmalarini yechdi.
— Sen hali ko‘p narsani ko‘rmagansan.
Men uning oldiga bordim.
— Menga haqiqatni ayting.
Uning ko‘zlari yuzimdan bir zumga ham uzilmadi.
— Haqiqatni istaysanmi?
— Ha.
— Unda bitta narsani tushunib ol. Bu uyda hech kimga ishonmagin. . Hatto menga ham.
— Sizga ishonishni xayolimga ham keltirmayman.
— Yaxshi. Chunki men ham senga ishonmayman.
U meni ikkinchi qavatdagi xonaga olib chiqdi. Xona katta, derazalari baland, pardalari qora edi. Kamin yonida kitoblar, stol ustida esa yangi kiyimlar turardi.
Men ularga qaradim.
— Meni bu yerga oldindan olib kelishni rejalashtirganmisiz?
— Yo‘q.
— Unda bular nima?
— Bu xona avval onamga tegishli edi.
Uning ovozi o‘zgardi.
Men birinchi marta Damirning ko‘zlarida nimadir sinayotganini ko‘rdim.
— U qayerda? — so‘radim beixtiyor.
— Qabrda.
Javob juda qisqa edi.
— Kechirasiz.
U menga sovuq qaradi.
— Menga achinma, Liliya. Men achinishni ko‘tarolmayman.
— Xavotir olmang. Sizga achinish uchun avval sizda achinishga arzigulik nimadir bo‘lishi kerak.
U eshik tomon yurdi.
— Ertalab soat sakkizda nonushta qilamiz.
— Men siz bilan nonushta qilmayman.
— Unda och qolasan.
— Men sizni zaharlashim ham mumkin.
Damir eshik oldida to‘xtadi.
— Agar shunday qilmoqchi bo‘lsang, o‘zingga ham zahardan bir piyola quy. Chunki, men o‘lsam, sen ham uzoq yashamaysan.
Eshik yopildi.
Men xona o‘rtasida qotib qoldim.
Uning oxirgi gapi hazilga o‘xshamasdi.
Soat tungi uchda uyg‘ondim.
Avvaliga qayerda ekanimni tushunmadim. Keyin qora pardalar, begona xona va Damir Volkovning uyi ekanini esladim.
Suv ichish uchun o‘rnimdan turdim.
Yo‘lak jimjit edi.
Pastki qavatdan ovoz eshitildi.
Erkaklar gaplashardi.
Men zinapoyaga yaqinlashdim.
— Qizni qancha vaqt yashira olasan? — dedi notanish ovoz.
— Kerak bo‘lganicha, — Damirning ovozi.
— Otasi o‘lgan. Onasi qaytgan. Agar u haqiqatni bilsa, butun kelishuv barbod bo‘ladi.
— Unda u haqiqatni bilmaydi.
— Sen uni himoya qilyapsanmi yoki o‘zing uchun saqlab qo'ymoqchimisan?
Uzoq sukunat.
Keyin Damir javob berdi:
— Bu ikkalasi bir-biridan unchalik farq qilmaydi.
Yuragim qattiq ura boshladi.
U meni himoya qilmoqchimi?
Yoki o‘ziniki deb bilmoqchimi?
Men ortga qaytmoqchi edim, ammo oyog‘im ostidagi eski taxta g‘ijirladi.
Suhbat to‘xtadi.
— Kim bor? — dedi Damir.
Qochishga ulgurmadim.
U zinapoyaga chiqib, meni ko‘rdi.
Ko‘zlari toraydi.
— Qancha vaqtdan beri tinglayapsan?
— Sizning o‘zingizga tegishli bo‘lmagan odamlar haqida gapirayotganingizni eshitish uchun yetarlicha.
U meni bilagimdan ushladi va mehmonxonaga olib kirdi. U yerda notanish erkak turardi. Yoshi elliklardan oshgan, bo‘ynida qora galstuk, barmoqlarida ikkita uzuk.
U menga qarab jilmaydi.
— Demak, bu Liliya.
— Siz kimsiz? — so‘radim.
— Men sening otangning eski do‘stiman.
— Otamning do‘stlari odatda uning dafn marosimiga kelishadi.
Erkakning jilmayishi yo‘qoldi.
Damir esa ko‘zlarini yumib, chuqur nafas oldi.
— Liliya, bu Viktor Orlov.
Bu familiyani eshitgan edim.
Orlovlar shaharning yarmini nazorat qilardi. Ular Volkovlar bilan yillar davomida raqobatlashgan, keyin esa birdan tinchlik sulhi tuzishgan.
— Sizlar birga ishlaysizlarmi? — dedim.
Viktor qo‘llarini yoydi.
— Ba’zan dushmanlar ham umumiy manfaat yo'lida birlasha oladi.
— Sizga qarab, bu manfaat kimningdir o‘limi ekanini taxmin qilish qiyin emas.
Viktor kuldi.
— Otangning qizi ekansan.
Men uning ko‘zlariga tikildim.
— Siz otamni taniganmisiz?
— Albatta. Juda ham yaxshi taniganman.
— Unda ayting. Uni kim o‘ldirdi?
Viktorning yuzidagi jilmayish asta-sekin qaytdi.
U Damirga qaradi.
So‘ng menga.
— Buni sendan yaxshiroq biladigan odam yo‘q, azizam.
Men hech narsani tushunmadim.
— Nima demoqchisiz?
Viktor cho‘ntagidan kichkina surat chiqardi va stol ustiga qo‘ydi.
Suratda sakkiz yoshli qizcha turardi.
Men.
Yonimda esa otamning qo‘lini ushlab turgan bir ayol bor edi.
Onam.
Ammo bu safar suratning orqasida sana emas, ism yozilgandi.
«Mariya Volkov. Yangi hayotidan oldin.»
Men boshimni ko‘tardim.
— Bu nima degani?
Damir Viktor tomon bir qadam tashladi.
— Suratni olib ket.
— Nega? Qiz haqiqatni bilishga haqli-ku.
— Men senga ket dedim.
Viktor kulib, eshik tomon yurdi.
Ketishidan oldin menga qaradi.
— Onangning qabrini ertaga borib ko‘r, Liliya. Agar hali ham o‘sha yerda bo‘lsa, albatta.
Eshik yopildi.
Men suratga tikilib qoldim.
Mariya Volkov.
Damirning familiyasi.
Onamning yangi hayoti.
Men Damirga qaradim.
— Menga tushuntiring.
U javob bermadi.
— Damir!
U stol ustidagi suratni olib, kaminga tashladi.
Qog‘oz alangalanib, chetlari qoraydi.
Men uning qo‘lidan ushladim.
— Nima qilyapsiz?!
U bilagimni mahkam tutdi.
— Seni tirik qoldirishga harakat qilyapman!
— Men sizdan buni so‘ramadim!
— Bilaman!
Uning ovozi butun xonani larzaga soldi.
Biz bir-birimizga tikilib turdik.
Uning barmoqlari bilagimda, mening qo‘lim esa uning ko‘kragida edi. Yuragi tez urardi.
Damir Volkov.
Hech narsadan qo‘rqmaydigan erkak.
Yuragi tez urardi.
U birdan meni qo‘yib yubordi.
— Xonangga qayt.
— Menga haqiqatni aytmaguningizcha hech qayerga bormayman.
U menga yaqinlashdi. Juda yaqin.
— Unda eshit. Agar ertaga bu uydan chiqib ketsang, seni himoya qiladigan hech kim qolmaydi. Agar meni dushman deb bilsang, mayli. Mendan nafratlan. Meni la'natla. Hatto o‘ldirishga urin.
U egilib, ko‘zlarimga tikildi.
— Lekin, Liliya, iltimos, o‘zingni o‘limga hukm qiladigan hech bir ish qilma. O'lish uchun shoshilma.
Bu gap meni sukutga cho‘mdirdi.
Uning ko‘zlarida men avval ko‘rmagan bir narsa bor edi.
Qo‘rquv.
U meni yo‘qotishdan qo‘rqayotgandek edi.
Ammo men uni endigina tanigan edim.
Nega?
Nega Damir Volkov mening o‘limimdan bunchalik qo‘rqardi?
Ertalab soat yettida, uyg‘onishimdan oldin, xonam eshigi tagidan bir konvert topdim.
Unda hech qanday ism yo‘q edi.
Faqat bitta jumla yozilgan:
«Damir Volkov seni sevib qolishidan qo'rqma. Uning otasi ham onangni sevgan edi.»
Konvert ichida yana bir surat bor edi.
Bu suratda onam va Aleksandr Volkov bir-birini quchib turardi.
Orqa tomoniga esa qon bilan yozilgandek ko‘ringan qizil siyohda shunday yozilgandi:
«Sening haqiqiy otang kimligini bilishga tayyormisan?»
Men suratni qo‘limda ushlab, deraza tomon qaradim.
Hovlida Damir turardi.
U boshini ko‘tarib, to‘g‘ri mening derazamga qaradi.
Go‘yo konvertni kim yuborganini bilardi.
Go‘yo mening nima o‘qiganimni bilardi.
Va eng yomoni…
Go‘yo men endi undan qochib qutula olmasligimni ham bilardi.
Izohlar
0