#xiyonatanatomiyasi
Birinchi bob — O‘liklar ham qaytadi
1-bob · Qora yomg‘ir
Otamning dafn marosimida 2 kishi yig‘ladi.
Eski xizmatkorimiz Marta. Va men.
Men birinchi bo‘lib yig‘lashni to‘xtatdim.
Chunki cherkov eshigi ochilib, ichkariga qora palto kiygan erkak kirganida, otamning tobutiga qarashni ham unutdim.
Damir Volkov.
Shahardagi har bir odam uning familiyasini bilardi. Ba'zilar bu familiyadan qo‘rqardi, boshqalari unga tegishli boylikni orzu qilardi. Men esa bu familiyani eshitganimda, otamning kabinetida qolib ketgan qon hidini eslardim.
Uning o‘limidan uch kun oldin otam menga bir gap aytgandi:
— Agar men o‘lsam, Volkovlarga ishonma.
Endi o‘sha Volkov tobutim boshida turardi.
Yo‘q. Otamning tobuti.
Men hali ham ba'zan bu farqni tushunolmasdim.
Damir sekin oldinga yurdi. Uning yuzida qayg‘u yo‘q edi. Qora qo‘lqopli qo‘llari, beparvo qadamlari, sovuq kulrang ko‘zlari — hammasi meni g‘azablantirardi.
U tobut oldida to‘xtab, boshini egdi.
So‘ng menga qaradi.
Go‘yo bu yerga otam bilan xayrlashish uchun emas, mening qanday ahvolda ekanimni tekshirish uchun kelgandek.
Men uning qarashiga javoban jilmaydim.
— Nima bo‘ldi, janob Volkov? — dedim past ovozda. — O‘zingizning navbatingizni kutyapsizmi?
Yonimizdagi keksa ayol nafasini ichiga yutdi.
Damirning yuzi o‘zgarmadi.
— Otang senga odob o‘rgatmaganmi?
— Sizning oilangiz odob haqida gapirishi kulgili. Ayniqsa, o‘liklar ustidan yashashga o‘rgangan oila.
U menga bir necha soniya tikilib turdi. Keyin boshini biroz egdi.
— Otang sen o‘ylaganchalik yaxshi odam emasdi, Liliya.
Men uning yuziga tarsaki tushirishni istardim.
Ammo men Liliya Vorontsova edim. Odamlarni urishdan ko‘ra, ularni o‘z so‘zlari bilan yaralashni afzal ko‘rardim.
— Siz esa men o‘ylaganimdan ham qo‘rqoq ekansiz. O‘lgan odamning orqasidan gapirish yaxshi emas.
Uning ko‘zlarida bir lahzaga nimadir chaqnadi.
G‘azabmi?
Yo‘q. Bu undan ham xavfliroq narsa edi.
Qiziqish.
— Ehtiyot bo‘l, — dedi u. — Ba'zi savollarga javob topish uchun odam butun umrini sarflab yuboradi. Ba'zan esa javobni topgan kuni mana shu yerda boʻlib qoladi.
Qoʻlini choʻzib otamning tobutini koʻrsatdi.
— Menga tahdid qilyapsizmi?
— Hozircha yo‘q.
U ketdi.
Men uning ortidan qarab qoldim. Qora palto cherkovning baland eshiklari orasida g‘oyib bo‘ldi. Tashqarida yomg‘ir yog‘ardi. Go‘yo shahar otamning o‘limini yuvib tashlashga urinayotgandek.
Men o‘sha kuni Damir Volkovni o‘ldirishga qaror qildim. Hali bu qarorimdan afsuslanishimni bilmasdim.
Dafn marosimidan keyin uyga qaytganimda, Marta meni otamning kabinetida kutib turardi.
U yig‘laganidan ko‘zlari qizarib ketgan, qo‘llari esa tinmay titrardi.
— Xonim, sizga bir narsani berishim kerak.
U stol ustiga kichkina kalit qo‘ydi.
— Bu nima?
— Janob Vorontsov buni menga berib qoʻygan edi. Agar unga biror narsa bo‘lsa, faqat sizga berishimni tayinlagan.
Kalitni qo‘limga oldim. U eski, qoraygan metall edi. Bosh qismiga kichkina qarg‘a tasviri tushirilgan.
— Nimani ochadi?
Marta javob bermadi.
— Marta.
U menga qaradi. Ko‘zlarida men ilgari hech qachon ko‘rmagan qo‘rquv bor edi.
— Otangizning eski uyidagi yerto‘lani.
Men qotib qoldim.
Otamning eski uyi o‘n yil oldin yopilgan edi. Shahar chetidagi tashlandiq imorat. Bolaligimda u yerga faqat bir marta borganman. O‘shanda otam qo‘limdan qattiq ushlab, bir xonaga yaqinlashishimni qat’iy taqiqlagandi.
— U yerda nima bor?
Marta lablarini tishladi.
— Men bilmayman. Ammo janob Vorontsov oxirgi marta o‘sha yerga borganda, qaytib kelib, bir kecha davomida uxlamagan.
U kalitga yana bir qaradi.
— Va u sizning ismingizni aytib yig‘lagan.
Otamni yig‘layotgan holda hech qachon ko‘rmaganman.
Hatto onam vafot etganida ham.
Men kalitni cho‘ntagimga soldim.
— Mashinani tayyorla.
— Qayerga borasiz?
— Otam menga qoldirgan oxirgi sirni ochishga.
Yarim tunda shahar boshqa bir dunyoga aylanardi.
Ko‘chalarni tuman qoplar, eski binolarning temir panjaralaridan yomg‘ir tomchilardi. Ko‘cha chiroqlari xira yonar, tor yo‘laklarda qadam tovushlari aks-sado berardi.
Otamning eski uyiga yetib kelganimda, soat o‘n ikkidan o‘n yetti daqiqa o‘tgan edi.
Darvoza ochiq turardi.Men to‘xtadim.
Bu uyga hech kim kelmasligi kerak edi.
Qo‘limni sumkamdagi pichoq dastasiga qo‘yib, ichkariga kirdim. Eshik g‘ijirlab ochildi. Havoda nam yog‘och, chang va nimaningdir kuygan hidi bor edi.
Yerto‘laga tushadigan zinapoyani topishimga ko‘p vaqt ketmadi.
Kalit qulfga mos tushdi.
Eshik ochildi.
Ichkarida bitta stol, bir nechta eski papka va devorga osilgan surat bor edi.
Suratda otam yoshroq edi. Uning yonida yana ikki kishi turardi.
Birinchisini tanidim.
Damirning otasi — Aleksandr Volkov.
Ikkinchisi esa...
Men suratni devordan oldim. Qo‘llarim sovib ketdi.
Bu mening onam edi.
Ammo suratning orqa tomoniga yozilgan sana meni butunlay karaxt qilib qo‘ydi.
Surat mening tug‘ilgan kunimdan bir yil oldin olingan edi.
Onam esa men sakkiz yoshimda vafot etgan, deb aytishgandi.
Suratni ag‘darib, orqasidagi yozuvni o‘qidim.
«Agar Liliya haqiqatni bilsa, hech birimiz tirik qolmaymiz».
Birdan yuqoridan qadam tovushi eshitildi.
Bitta.
Keyin ikkinchisi.
Men suratni sumkamga solib, pichoqni chiqardim.
— Kim bor?
Javob bo‘lmadi.
Zinapoya boshida bir soya paydo bo‘ldi.
Qora palto. Qora qo‘lqoplar. Sovuq kulrang ko‘zlar.
Damir Volkov.
U mening pichog‘imga qaradi, keyin yuzimga.
— Pichoqni tushir, Liliya.
— Bu uyda nima qilyapsiz?
— Senga ham shu savolni berishim mumkin.
— Men bu uyga tegishli odamman.
— Yo‘q, — dedi u. — Sen bu uydagi eng katta yolg‘onning bir qismisan.
Men pichoqni mahkamroq ushladim.
— Yana bir qadam tashlasangiz, tomog‘ingizni kesaman.
U zinadan pastga tushdi.
Bir qadam.
Ikkinchi qadam.
U to‘xtamadi.
Men pichoqni uning bo‘yniga tiradim. U esa hatto ko‘zini ham pirpiratmadi.
— Qani, — dedi u past ovozda. — Meni o‘ldir.
— Men hazillashmayapman.
— Men ham.
Uning nafasi yuzimga urildi. Yaqindan qaraganda, uning chap qoshidagi ingichka chandiq ko‘rinardi. Ko‘zlari esa men kutgandek befarq emasdi.
U nimadandir g‘azablangan edi.
Yo‘q, u mendan g‘azablangan emasdi.
U mendan qo‘rqardi.
Bu fikr meni bir zumga chalg‘itdi.
— Otamni siz o‘ldirdingizmi? — deb so‘radim.
Damir jim qoldi.
— Javob bering!
U menga yaqinroq egildi. Pichoq terisini tirnadi, bo‘ynida ingichka qizil chiziq paydo bo‘ldi.
— Agar otangni men o‘ldirganimni bilsang, nima qilasan?
— Sizni o‘ldiraman.
— Unda seni bir narsadan ogohlantirishim kerak.
Uning ovozi shunchalik past ediki, deyarli shivirlashga o‘xshardi.
— Otangni men o‘ldirmaganman.
Men kuldim. Achchiq, ishonchsiz kulgi edi bu.
— Albatta. Sizning oilangiz hech qachon hech kimni o‘ldirmaydi. Ular faqat jasadlarni ko‘mishga yordam berishadi, shundaymi?
Damirning jag‘i taranglashdi.
— Sen hech narsani bilmaysan.
— Unda menga ayting.
U ko‘zlarimga tikildi.
— Men senga haqiqatni aytsam, meni kechirmaysan.
— Men sizni kechirishni so‘ramadim.
— Bilaman.
Uning nigohi bir lahzaga lablarimga tushdi-da, yana ko‘zlarimga qaytdi. Bu qarashda mehr yo‘q edi. Va'da ham yo‘q edi.
Faqat xavf.
— Shuning uchun ham seni tirik qoldirishim kerak.
U qo‘limdagi pichoqni ehtiyotkorlik bilan chetga surdi. Men uni yana sanchishga ulgurmayoq, yuqorida oynaning sinish ovozi eshitildi.
Damir birdan meni o‘ziga tortib, ustimizdagi chiroqni o‘chirdi.
— Jim tur, — deb shivirladi u qulog‘imga.
Yuqorida kimdir eshikni tepib ochdi.
Qadam tovushlari.
Ikki kishi. Balki uchta.
Damir belidagi qurolni oldi. Men uning ko‘ylagidan tutib, o‘zimga qaratdim.
— Bu nima? Nima bo‘lyapti?
U menga qaradi.
— Seni o‘ldirish uchun kelishdi.
— Kim?
Uning javobi meni otamning o‘limidan ham ko‘proq qo‘rqitdi.
— Seni bu dunyoga keltirgan odamlar.
Shu onda yuqoridan ovoz eshitildi:
— Liliya! Biz seni topdik!
Men bu tovushni eshitganimda birdan nafas olishni unutdim.
Chunki bu ovozni tanirdim.
Bu ovoz o‘n to‘rt yildan beri tushlarimda eshitilardi.
Bu mening onamning ovozi edi.
Izohlar
0