2-bob. Yashirin nigohlar
Hali unga o‘sha e’tirofni yozishimdan oldin ham oramizda o‘zgacha bir til bor edi. Har gal dars payti partada o‘tirganimizda, to‘satdan ko‘zlarimiz to‘qnashib ketardi. Men esa uyalganimdan darhol boshqa tomonga qarab olar, yuragim hovuchimga tushib ketgandek o‘zimni yo‘qotib qo‘yar edim.
O‘sha Telegramdagi suhbatimizda undan qiziqib so‘ragandim:
— Qayerdan bilding men seni yaxshi ko‘rishimni?
— Sening dugonang aytdi, — degandi u.
Shundan so‘ng biz asta-sekin bir-birimizga yaqinlasha boshladik. Lekin qiziq tomoni, oramizda doim bir masofa bor edi. Biz faqat telefon orqaligina o‘zaro yozishar, maktabda esa deyarli bir-birimizga gapirmas edik. Nega bunday qilardik? Balki ikkalamiz ham tortinchoq bo‘lganimiz uchundir, balki mening tabiatan og‘ir-bosiq, sirli ekanligim bunga yo‘l qo‘ymasdi. Qanday bo‘lmasin, maktab yo‘laklarida yuzma-yuz kelib qolsak ham, bir-birimizga begonadek o‘tib ketar, lekin ich-ichimizdan bir-birimizni his qilib turardim.
Men bu sevgimiz sir qolishini xohlardim va unga: "Hech kimga aytma" — deb yozgandim.
Lekin afsuski, qizlarning va maktab muhitining qiziqishi boshqacha ekan — baribir sinfdagilarimiz biz haqimizda bilib qolishdi. Shunga qaramay, men uni sevardim, bu tuyg‘udan voz kecholmasdim. Faqatgina boshqalarning biz haqimizda mish-mish qilib, muhokama boshlagani biroz og‘ir botardi. Eng yomoni, yoshligim va soddaligimga borib, eng yaqin dugonamga u bilan yozishgan barcha xabarlarimizni ko‘rsatib qo‘yardim.
Kunlarning birida o‘sha dugonam menga qarab to‘satdan so‘rab qoldi:
— Uni nimasini bunchalik yaxshi ko‘rasan, o‘zi?
— Sababsiz yaxshi ko‘raman, — dedim jilmayib.
— Qanaqasiga sababsiz?
— Bilmadim... shunchaki.
Shu payt yonimizga Hadicha degan qiz kelib qoldi-da, to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radi:
— Javohir bilan gaplashayapsanmi?
Yuragim shuv etib ketdi, lekin sezdirmaslikka harakat qilib, kulib javob berdim:
— Ha.
— Nima deb yozishasizlar o‘zi? — qiziqib so‘radi Hadicha.
— Hech narsa, oddiy gaplar. Hol-ahvol so‘rashamiz, xolos, — dedim o‘zimni bosib.
Lekin bu oddiy suhbatlar va yashirin nigohlar ortida allaqachon katta bir muhabbat hikoyasi boshlanib bo‘lgandi...
Izohlar
0