1-bob. Ilk tanishuv
Eski maktabdagi kunlarim asta-sekin og‘ir yukka aylanib borayotgandi. Sinfdoshlarim bilan chiqisholmay qolgan, har bir kunim tushunmovchiliklar va asabiylashishlarga to‘la bo‘lganidan u yerdan qanday qilib bo‘lmasin ketishni orzu qilardim. O‘sha paytlari o‘zim ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib qolgandim — juda sokin, faqat o‘z ichiga yopilib olgan, hech kim bilan gaplashmaydigan qizga aylangandim. Qalbimdagi bu og‘irlikni sezgan ota-onam oxiri muhim qarorga kelishdi: «Yangi uyga ko‘chib ketamiz».
Yangi manzilga ko‘chib o‘tganimizdan keyin hayotim tubdan o‘zgarishini sezgandim. Hujjatlar ishlari hal bo‘lgach, yangi maktabga borishimga to‘g‘ri keldi. Oyim maktab ma’muriyati bilan gaplashib kelganidan so‘ng, sinfimizning Telegramdagi guruhiga qo‘shildim. Guruhdagi a’zolarni ko‘zdan kechiraturib, bitta profilga ko‘zim tushdi. Qandaydir sirli va o‘ziga xos tuyulgan o‘sha o‘g‘il bola kim ekanligini, qanday bola ekanligini bilishni juda ham xohlagandim.
Va nihoyat, o‘sha hayajonli kun ham keldi. Maktabning ilk kuni... Hamma yoq yangi, o‘quvchilarning barchasi boshqa-boshqa joylardan kelgan — hali hech kim bir-birini tanimaydi. Ich-ichimdan qaltirab: «Bugun qanday bo‘larkin? Kim bilan do‘stlashib ketarkinman?» degan savollar bilan sinf xonasiga qadam qo‘ydim.
Ustozimiz bizni sinfga boshlab kirib, o‘zimizni tanishtirishimizni so‘radi. Navbatim kelib, hayajon bilan o‘zimni tanishtirib bo‘ldim. Hali hamma joy to‘liq tinchiganicha yo‘q edi, to‘satdan sinf eshigi ochilib, kechikib kelgan bir bola kirib keldi. O‘qituvchining ko‘rsatmasi bilan hammasi yana boshqatdan tanishishni boshladi.
Shu onda nazarim o‘sha bolaga tushdi-yu, xayolimdan o‘tdi:
«E-e, haligi... profildagi bola shu ekan-ku! Yo‘q, men buni aslo yoqtirib qolmayman, qandaydir g‘alatiroq bola ekanku o‘zi».
Lekin taqdirning rejalari boshqacha ekan. Vaqt o‘tishi bilan u dastlab g‘alati tuyulgan bola yuragimdan asta-sekin joy ola boshladi. Sinfda yangi topgan yaqin dugonamga bu sirimni ochib qo‘ydim: «Menimcha, men o‘sha bolani yaxshi ko‘rib qoldim...» Afsuski, qizlarning siri uzoq yashirin turmas ekan, dugonam bu gapni o‘sha bolaning o‘ziga yetkazib qo‘ydi va... hammasi ana shu yerda boshlandi.
Kunlarning birida rus tilidan nazorat ishi boshlandi. Hamma APK formatidagi topshiriq bilan band edi. Ishni bajarib bo‘lganimizdan so‘ng, o‘sha bola menga nazorat ishining javoblarini tashlab berdi. Faylni tashlagach, u to‘satdan yozib qoldi:
— Farangizmisan?
— Ha, Farangizman, — deya javob berdim.
— Rahmat kattakon, — dedim unga.
Shundan so‘ng u davom etdi:
— Senga bitta savol bersam maylimi? Maktabda bersam bo‘ladimi yoki shu Telegramda beraveraymi?
— Telegramda beravering, — dedim hayajonimni yashirishga urinib.
Shunda u to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha kutilgan savolni yozdi:
— Rostdan ham meni yaxshi ko‘rasanmi?
Nafasim qisilib, bir zum o‘ylanib qoldim-da, baribir yurakdagi rost so‘zlarni yashira olmay yozdim:
— Ha, seni rostdan ham yaxshi ko‘raman.
Ana undan keyin voqealar mutlaqo boshqa, yanada qiziqarli oqimga burilib ketdi...
Izohlar
2Bu 12+ emas men 21 yoshdaman va 2 ta bolam ham bor lekin qiziqarli boʻldi boshlanishi qolgan qisimlarini ham jon dip oʻqigan boʻlar edim🥰🥰🥰
Rahmat kattakon Yoqganidan hursandman yozganizni korib juda hursand bo'lib ketdim xudo hohlasa bugun chiqadi 2 bob