Ilk uchrashuv
Musiqa sadolari yangramoqda edi. Bazm tinch yakunlandi. Hamma o‘yin-kulgi qilib, kayfu safo bilan mashg‘ul edi. Bugun hech kim o‘lmadi...
Saroy yo‘lagi bo‘ylab qirol o‘z xonasiga qarab ketardi. Ichkarida uni malika kutib o‘tirganidan xabari yo‘q.
U juda horigʻin, charchagan va mast holatda. Uning qadam tovushlari sokin yo‘lakda aks-sado berardi. Negadir qandaydir ovoz qulog‘iga chalinayotgandek bo‘ldi.
Xona tomon yurib borarkan, bu ovoz tobora aniqroq eshitila boshladi. Bu musiqa emas, qo‘shiq. Mayin, quloqqa yoqimli ovoz...
«Buni kim kuylayapti? Bu ruhmi yoki inson?» — deb o‘ziga savol berib borardi qirol.
Xonasiga yetishiga bir necha qadam qolganda to‘xtadi. Uning xonasidan juda yoqimli ovoz kelardi:
Osmonlarga boqqanda, ko‘kda oy yarqiraydi,
Dengiz yuzi ustida uning aksi porlaydi.
Xalqim mendan yiroqda azob chekib yig‘laydi,
Bu og‘ir musibatda yuragimni tirnaydi.
Bugun men go‘shangada o‘zgaga atalganman,
Menga boqmas yor uchun tovlanib bezalganman.
Yuragimda ming savol, ko‘nglim juda g‘ashlaydi,
Qalbimda bir og‘riq bor, ko‘zlarimni yoshlaydi.
Qirol eshik yonida turib, dardli nola bilan kuylayotgan malikani tinglay boshladi.Qo‘shiq davomida malika qirolni hali hech qachon ko‘rmaganini, biroq uning shafqatsizligidan umidini uzganini, Vatan sog‘inchi va xalqining ahvolini o‘ylab ezilayotganini kuylardi.
Orada onasiga yuzlanib, unga bergan va'dasining ustidan chiqa olmagani, kuchli bo‘la olmagani uchun afsuslanib, undan uzr so‘rayotganini ham eshitdi.
Qirol malikani ko‘rish uchun eshikni sekin ochishga urindi. Deraza yonida, oy nuri tushib jilvalanayotgan, shamol sochlarini mayin tebratayotgan holda qo‘shiq kuylayotgan qizni ko‘rib, bir zum qotib qoldi.
Qiz oppoq terili, uzun sochli, lablari qirmizi, ko‘zlari moviy rangda edi. U juda go‘zal edi. Oy shu'lasi, shamol va oyning suvdagi aksi bilan uyg‘unlashgan bu manzarada qo‘shiq kuylayotgan qiz xuddi paridek ko‘rinardi.
Qirol uni kuzatib turarkan, o‘zidan nimalar o‘tayotganini tushunmasdi. U shunchaki hayratda edi. Sababi, ilgari bunday manzarani hech qachon ko‘rmagan edi.
Malika qirolning xonaga kirganini sezdi, lekin qo‘shiq aytishdan to‘xtamadi. Sababi, qo‘shiq uning qo‘rquvini yengillashtirardi. U qirol qo‘shiqni to‘xtatishni buyurganidagina kuylashni bas qilmoqchi edi.
Ammo qirol uni tinglashda davom etdi.
Malika Saka unga o‘girildi va sekin ko‘zlariga qaradi.
«Qirol juda kelishgan ekan...» — degan o‘y xayolidan o‘tdi.
Qirolning ko‘zlari tim qora, qoshlari esa xuddi chizib qo‘yilgandek tekis va aniq edi. Ko‘zlari charchoqdan toliqqan bo‘lsa-da, yuzida qandaydir iliqlik bor edi.
Qirol yosh, navqiron va kelishgan edi.
Malika bundan hayratlandi. Uning xayolidagi yovuz qirol mutlaqo boshqacha edi. U qirolga boqib turarkan, ich-ichidan qandaydir notanish tuyg‘uni his qila boshladi.
Ko‘zlar ko‘zlarga tushgan shu lahzada qirol malika tomon yaqinlashdi. Mastlik va kuchli charchoq sabab o‘zini yo‘qotdi. Kutilmaganda malikaning bag‘riga yiqildi.
Malika Saka qo‘rqib ketdi, lekin shu bilan birga, ichida qandaydir boshqacha tuyg‘u uyg‘ondi. Yuragi negadir titrardi.
Qirolga yaqinroq nazar tashlar ekan, qoshining oxirgi qismi yonidan boshlanib, qulog‘ining yuqori qismigacha cho‘zilgan chandiqni ko‘rdi.
Bu juda qo‘rqinchli ko‘rinardi. Lekin malikaning qirolga rahmi keldi.
«Shafqatsizligini bilsam ham... Bu chandiq tushganida og‘rigandir, bechora qirol...» — deya pichirladi malika Saka.
Hali chuqur uyquga ketmagan qirol uning so‘zlarini eshitgandek bo‘ldi. Ammo kuchli charchoq sabab javob qaytara olmadi.
Malika uni bag‘riga bosib, boshidan o‘pdi. Qirolni o‘zidan uzoqlashtirmadi. Sababi, endi qancha bosh tortmasin, baribir u qirolga tegishli edi. Shu sababli ham malika undan qochmadi.
U qirolni bag‘riga bosgancha, mayin ovozda yana qo‘shiq kuylay boshladi.
Shu tariqa tunning bir qismi o‘tdi. Oxir-oqibat malika ham uxlab qoldi...
Tonggi uyg‘onish
Qirol ko‘zini ochganida, o‘zini iliq va yumshoq bag‘rda yotgandek his qildi. Atrofda yoqimli, shirin ifor bor edi. «Men bu iforni qachondir tuygandimikan? Bu yoqimli hid va bunday iliqlik menga yoqyapti...» — deya shivirladi qirol.
Malika uning boshini mayin siladi. Qirol qanday vaziyatda ekanini hali anglamagan bo‘lsa-da, o‘rnidan qimirlashni istamasdi.
Malika uning qulog‘i ostiga sekin shivirladi:
— Xayrli tong, qirolim.
Malikaning qulog‘i ostida aytgan bu so‘zlari Manjuga onasini yodga soldi.
«Xayrli tong, qirolim Manju. O‘zimning shohim, uyg‘on. Tong otdi...»
U onasining aynan shu so‘zlarini esladi. O‘zi ham bilmagan holda:
— Yana biroz shunday yotaylik... — dedi.
U go‘yo bu so‘zlarni onasiga aytayotgandek edi.
Malika bu gapni eshitib, yuragi jimirlagandek bo‘ldi. Biroz uyalib, sekingina javob berdi:
— Nima desangiz, shu, qirolim.
Qirol ko‘zlarini ochdi. Kecha oy shu’lasida ko‘rgan, go‘yo pariga o‘xshash chehra uni quchib turganini, o‘zi esa malikaning bag‘rida yotganini angladi. Bir zum dovdirab qoldi. O‘zining bu holatidan xijolat bo‘lgandek, tezda malikadan uzoqlashdi.
O‘rnidan turib, qat’iy ohangda dedi:
— Xonadan chiqib ket!
Malika hech narsa demadi. «Nega?» deb ham so‘ramadi. U qirolning g‘azabidan qo‘rqdi va uning gapini to‘g‘ri qabul qildi. Qirolni bezovta qilishni istamagani uchun indamay xonani tark etdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
1Vauv juda zur ketyapti davomini kutib qolaman 🔥