2-bob. Manfaat ustida o‘yin
Misrning tongi yana shovqin bilan boshlandi. Ko‘chadan mashinalarning signali, savdogarlarning chaqirig‘i, uzoqdan eshitilayotgan azon ovozi kelardi.
Abdulloh deraza yonida kitoblarini tartiblayotgan edi.
— Abdulloh! — Najmiya ammaning ovozi eshitildi. — Nonushta qilmay yana chiqib ketmoqchimisan?
— Amma, kech qolaman.
— Har kuni shu gap! Ilm olaman deb o‘zingni unutib qo‘yma, bolam.
Yusuf amaki ham suhbatga qo‘shildi:
— Najmiya, qo‘yavering, o‘zi biladi. Faqat kechqurun vaqtida qaytsin.
— Sizga qolsa, bolani soat bilan o‘lchaysiz, — dedi Najmiya amma.
Abdulloh kuldi.
— Men ketdim. Qaytganimda ikkalangiz ham yarashib olgan bo‘linglar.
— Bor, bor! — dedi Najmiya amma kulib. — Gapni ham topib gapiradi-ya!
U eshikdan chiqarkan, hali oldinda uni qanday voqealar kutayotganini bilmasdi.
Abdulloh Misrga kelganiga ikki yilga yaqinlashgan edi. O‘n sakkiz yoshida ilm olish niyatida yo‘lga chiqqan yigit endi yigirma yoshga kirgan, bu yurtning ko‘chalariga, darslariga va kundalik hayotiga ancha ko‘nikib qolgan edi.
Uning hayotida bir muddatdan beri tushunarsiz bir holat bor edi.
Kimdir unga xatlar yuborardi.
Birinchi xat kelganida Abdulloh uni shunchaki o‘qib, bir chetga qo‘ygandi. Keyingilari ham keldi. Har birida she’riy satrlar, ishqiy izhorlar, sog‘inch va noma’lum bir qalbning hislari ifodalangan edi.
Abdulloh esa xatlarni yuborayotgan inson kimligini bilmasdi. Uni hech qachon ko‘rmagan, tanimas, hatto kimdan so‘rashni ham bilmasdi.
Bir kuni do‘stlaridan biri uning qo‘lidagi xatga ko‘zi tushib qoldi.
— Bu nima, Abdulloh?
— Xat.
— Buni men ham ko‘rib turibman. Kimdan?
— Bilmayman.
— Qanaqasiga bilmayman? Sevgi maktubimi bu?
Abdulloh kulib qo‘ydi.
— O‘zing o‘qib ko‘r, balki muallifini topib berarsan.
— Hazillashyapsanmi? Rostdan ham kimligini bilmaysanmi?
— Yo‘q. Menga ham g‘alati tuyulyapti.
— Unda nega javob yozmaysan?
— Kimga yozaman? Ismini ham bilmayman-ku.
Do‘sti kulib yubordi.
— Abdulloh, sening o‘zingdan boshqa hamma bu ishga qiziqayotganga o‘xshaydi.
— Menda qiziqadigan boshqa narsalar bor.
Abdulloh uchun bu xatlar sirli, ammo unchalik ahamiyatli bo‘lmagan bir holat edi. U ularni izlab yurmas, muallifini topishga ham urinmasdi.
O‘sha kuni dars odatdagidan biroz kech tugadi.
Talabalar birin-ketin sinfxonadan chiqib ketishdi. Abdulloh ham kitoblarini yig‘ishtirib, eshik tomon yurdi. Ammo xayoli boshqa narsada edi. U dars davomida yozib olgan qaydlarini ko‘zdan kechirar, ertangi mashg‘ulotga nimalar tayyorlashini o‘ylardi.
Shu payt kimdir uni chaqirdi.
— Abdulloh!
U ortiga o‘girildi.
Bir qiz unga yaqinlashib kelayotgan edi. Abdulloh uni tanimadi. Qizning yuzida biroz hayajon, nigohida esa anchadan beri kutgan insonini topgandek bir ifoda bor edi.
— Assalomu alaykum, — dedi qiz.
— Va alaykum assalom.
Qiz bir zum jim turdi. Go‘yo gapni nimadan boshlashni o‘ylayotgandek edi.
— Siz Abdullohsiz-a?
— Ha. Tinchlikmi?
— Sizni kutib turgandim.
Abdulloh unga hayron qaradi.
— Meni?
— Ha, sizni.
— Biror masala bormidi?
Qiz jilmaydi.
— Meni tanimadingizmi?
Abdulloh yana bir bor unga diqqat bilan qaradi.
— Uzr, tanimadim.
— Shuncha xatlardan keyin ham tanimadingizmi?
Abdullohning yuzidagi ifoda o‘zgardi.
— Xatlar?..
— Ha, o‘sha xatlar.
U endi nimani nazarda tutayotganini tushungandek bo‘ldi.
— Demak, u xatlarni siz yozganmidingiz?
Qiz boshini biroz egib, kulimsiradi.
— Ha.
Abdulloh bir necha soniya jim qoldi. U xatlarning muallifi bilan yuzma-yuz kelishini kutmagan edi.
— Ismingizni ham bilmayman-ku, — dedi u.
— Ruqayya.
— Ruqayya…
U ismni takrorladi.
— Demak, nihoyat xatlarning egasi bilan tanishdik, — dedi Abdulloh yengil tabassum bilan.
— Siz esa ularni o‘qimagan bo‘lsangiz kerak?
— O‘qiganman.
— Unda nega birortasiga javob yozmadingiz?
Abdulloh kulib yubordi.
— Siz meni tanirdingiz, men esa sizni tanimasdim. Endi o‘ylab ko‘ring, kimga javob yozishim kerak edi?
Ruqayya ham kuldi.
— Hech bo‘lmasa qiziqib, kimligini so‘rasangiz bo‘lardi.
— Balki so‘rashim kerak bo‘lgandir. Lekin darslar, kitoblar… Xullas, xatlar kelaverdi, men esa kim yozayotganiga unchalik e’tibor bermadim.
— Demak, men yozgan she’rlar siz uchun shunchaki qog‘oz bo‘lgan-da?
— Bunday demadim. Faqat muallifini bilmasdim.
Ruqayya bir oz sukut saqladi.
— Men siz bilan gaplashmoqchi edim, Abdulloh.
— Eshitaman.
— Bu yerda emas. Bir oz tinchroq joyda gaplashsak bo‘ladimi?
Abdulloh atrofga qaradi. Talabalarning aksariyati ketib bo‘lgan, yo‘lak ham ancha bo‘shab qolgan edi.
— Mayli, nima masala edi?
— Avval bir narsani so‘rasam…
— Marhamat.
— Siz doim shunchalik jiddiymisiz?
Abdulloh kuldi.
— Hali meni tanimaysiz-ku. Balki sizga shunday ko‘rinayotgandirman.
— Xatlaringizga javob yozmaganingizdan keyin shunday xulosaga kelganman.
— Unda xulosangizni o‘zgartirishga hali imkon bor.
Ruqayya bu safar ochiqroq kuldi.
Abdulloh esa uning kimligini endi bilgan bo‘lsa-da, bu tanishuvning qayergacha borishini hali tasavvur qilmasdi.
Ular yo‘lak bo‘ylab yurib, suhbatni davom ettirishdi.
— Abdulloh, bir narsani bilmoqchiman, — dedi Ruqayya.
— Nima ekan?
— Siz bu yerga faqat ilm olish uchun kelganmisiz?
— Asosan shuning uchun.
— Undan boshqa niyatlaringiz yo‘qmi?
— Niyatlar ko‘p. Lekin hammasining vaqti bor.
Ruqayya unga qarab qo‘ydi.
— Siz bilan gaplashish oson bo‘lmas ekan.
— Hali gaplashib ko‘rmadik-ku, — dedi Abdulloh kulib.
Ruqayya ham kuldi.
Ammo shu kuni boshlangan suhbat keyinchalik ikkisining hayotida qancha savollar, qancha quvonch va qancha og‘riqlarga sabab bo‘lishini ularning hech biri bilmasdi.
Abdulloh o‘sha kuni uyga qaytarkan, xayolida birgina ism aylanardi:
Ruqayya.
Izohlar
0