
Rostini aytsam, maktabda yaxshi o‘qimayman. Rostini aytish kerak-da, nima qilaman aldab? Faqat o‘qish va yozishni bilaman, xolos. Uy vazifalarini ochib ham qaramayman. Ammo jismoniy tarbiya darsini bir kun ham qoldirmayman.
Sizlarga bir kunim haqida gapirib beray. Ertalab barvaqt turaman. Yuz-qo‘limni yuvib, choy ichaman-da, mollarni yaylovga haydab ketaman. Mollarni yaylovga qo‘yib, dalamizga ko‘z-quloq bo‘lib turaman — albatta, dadam kelguncha. Dalaga tarvuz ekkanmiz, shuning uchun qarab turishim kerak. Qushlardan tashqari, ba’zi ochko‘z odamlar ham xavf tug‘dirishi mumkin.
Dadam kelganidan keyin maktabga ketaman. Maktabga ikki soatda yetib boraman. U yerda tayinli dars ham bo‘lavermaydi, chunki ustozlar yetarli emas. Hamma bola xohlaganini qiladi, ustozlar esa indamaydi. Ustozlar: «Oyligim asabimni buzishga arzimaydi», deb qo‘yishadi.
Ha, aytgancha, eng yaqin do‘stim haqida gapirish esimdan chiqayozibdi. Uning ismi Mahmud. U sinfimizning a’lochisi. Qishloqda undan yuvosh bolani topolmaysiz. U mening qo‘shnim. Darsdan keyin birga mol boqamiz, har kuni suhbatlashamiz. Mahmud oqko‘ngil, mehribon va g‘amxo‘r bola. Biz eng yaqin do‘stlarmiz. Qisqasi, o‘z hayotimdan xursandman.
YANGI HAYOTGA QADAM
Bir zumda to‘rt yil ham o‘tib ketdi. 4-sinfni bitirdik. Endi boshim ochiq, deb o‘ylagandim. Ammo ota-onam shahardagi akademiyaga test topshirishimni aytishdi. Oddiy akademiya emas — reytingli akademiya!
Test yuz ballik tizimda baholanardi. Ellik balldan yuqori olganlar akademiyaga qabul qilinardi. Bu test kimnidir ilmli inson, kimnidir esa oddiy chorvador yoki dehqon bo‘lish yo‘liga boshlashi mumkin edi.
Xullas, tavakkal qilib test topshirdim. Tavakkal deganim, xohlagan variantimni belgiladim, degani emas. Savollarni o‘qib, ko‘zimga tanishroq ko‘ringan javoblarni tanladim. Test natijalari bir haftada chiqarkan. Uch kundan keyin hatto test topshirganimni ham unutib qo‘ydim. Har doimgidek, mol boqish bilan shug‘ullanardim.
Oradan bir hafta o‘tdi. Buni sezmay ham qoldim. Onamga qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «O‘g‘lingiz testdan o‘tdi», deyishdi. Bir joyga tikilib, o‘yga toldim. Ko‘z oldimdan butun hayotim o‘ta boshladi. Quvonishni ham, yig‘lashni ham bilmasdim. Eng qizig‘i, 50,1 ball bilan o‘tibman! Qiziq-a? Besh kundan so‘ng o‘qish boshlanarkan.
Ota-onam bilan akademiyani ko‘rgani bordik. Juda chiroyli, zamonaviy joy ekan. Uyimizdan akademiyagacha 4,4 kilometr masofa bor ekan. Dadam velosipedda qatnashimni aytdi. Yo‘l taxminan bir soat davom etarkan. Eng qizig‘i, Mahmud ham o‘qishga kiribdi! Ikki karra xursand bo‘ldim. Endi har kuni Mahmud bilan birga boraman.
AKADEMIYADAGI BIRINCHI KUN
Bugun akademiyadagi birinchi kunim. Har doimgidan ham erta turdim. Nonushta qilib, maktab formamni kiydim va ota-onamning duosini olib, akademiyaga yo‘l oldim. Mahmud bilan ikkalamiz bir soatda yetib bordik.
Akademiyaga kirishimiz bilan go‘yo boshqa olamga tushib qolgandek bo‘ldik. Bizga sinfxonamizni ko‘rsatishdi, sinf rahbarimiz bilan tanishdik. U akademiya, reyting tizimi va qoidalarni tushuntirdi.
Har bir o‘quvchining reytinggi bor ekan. Reyting har oy oxirida o‘zgaradi. Qanday deysizmi? Har oy sport va zakovat turnirlari o‘tkaziladi. Ularning natijalariga qarab o‘quvchilarning reytingi yangilanadi. Sinf reytingida yuqori o‘rinni egallagan o‘quvchi sardorlik bog‘ichini taqib, sinf sardori bo‘ladi. Mahmud 60 ball bilan sinfimiz sardori bo‘ldi.
Barcha o‘quvchilarga soat berildi. Oddiy soat emas! U o‘quvchining sog‘lig‘i, reytingi, sinfi, uy vazifalari va darsliklari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatar ekan. Hatto kutubxona vazifalarini ham bajarishga yordam berar ekan.
Bu yerda ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi. Darsliklar: tarix, ona tili va adabiyot, amaliyot, kimyo, biologiya, fizika, axborot texnologiyalari, matematika, zakovat, barcha sport turlari va tarixiy kino ko‘rish . Darslardagi baholar ozroq ball berar, oyning oxiridagi sinovlar esa ancha ko‘p ball qo‘shar ekan.
Akademiya 1-bosqichida 2 yil o‘qiladi. 1-bosqichdan yuqori reytingdagi 50 kishi o‘tadi.2-bosqich 2 yil davom etadi.2-bosqichdagi barcha o‘quvchilar ishga joylasha olishi mumkin. 2-bosqichdagi yuqoti 10likdagi o‘quvchilar 2 yil chet elda malaka oshirib kelishadi.
Akademiya zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda ingliz, rus, turk, nemis, xitoy va ispan tillari ham o‘rgatiladi. To‘g‘risini aytsam, o‘quvchilar reytingida eng oxirgi o‘rinda edim. Ballarni asosan sport orqali yig‘ardim. Lekin zakovatga ham qiziqib qolganman.
SPORT TURNIRI
Xash-pash deguncha bir oy o‘tib ketdi. Turnirlar ham yaqinlashdi. Umid qilamanki, musobaqalarda ko‘proq ball to‘playman.
Sport turniri yakka va jamoaviy musobaqalarga bo‘linadi. Yakka musobaqalar: tennis, stol tennisi, yugurish, shaxmat va shashka. Jamoaviy musobaqalar esa futbol, basketbol va voleybol. Avval jamoaviy musobaqalar boshlanadi.
Afsuski, sinfimiz sportda ham, bilimda ham unchalik kuchli emas edi.
FUTBOL
Qur’a natijasida 1,1 va 1,2 - sinflari o‘zaro to‘qnash keladigan bo‘ldi. Ikkala sinf ham hali biror marta g‘alaba qozonmagan. Agar shu o‘yinda yutsak, reytingimiz ko‘tariladi. Biz ko‘k libosda, raqiblarimiz esa qora libosda edilar.
Hakam o‘yinni boshladi. To‘pni markazdan raqib darvozasi tomon tepdim, ammo zarbam noaniq chiqdi. Ular to‘pni olib, o‘yinni nazorat qila boshlashdi. Aytgancha, futbol besh kishidan iborat jamoalar o‘rtasida o‘ynalardi. Biz beshovimiz himoyaga yopishib oldik. Raqibning bir o‘yinchisiga bizdan uch kishi yopishardi. Tomoshabinlar himoyaviy o‘yinni kuzatishardi: ular hujum qilardi, biz esa himoyalanardik.
Menimcha, o‘yin juda zerikarli kechdi. Xullas, pala-partish o‘tgan uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi. Navbat penaltilar seriyasiga keldi. Har bir jamoa uchtadan penalti tepishi kerak edi.
Birinchi zarbani biz berdik. Sinfdoshim juda qattiq tepdi — to‘p darvoza to‘siniga tegib, ichkariga kirdi. Yuragim bir lahza tovonimga tushib chiqqandek bo‘ldi. Darvozaga men turdim. Raqibning birinchi zarbasini qaytardim. Seyv! Ammo zarba juda kuchli bo‘lgani uchun qo‘limni qayirib oldim va baqirib yubordim. Og‘riqqa zo‘rg‘a chidadim.
Keyingi zarbalardan birini men tepdim. To‘pni kuchli yo‘llab, gol urdim. Qanchalik xursand bo‘lganimni tasavvur qiling! Agar ular gol ura olmasa, biz yutamiz. Qanday quvonchli lahzalar!
Raqib zarba berdi. To‘p shu qadar tez uchdiki, ko‘zim ilg‘amay qoldi. Reaksiya qilish tugul, uni qaytarishga ham ulgurmadim. To‘p darvozaga kirdi.
Shunga qaramay, bolalar mening oldimga yugurib kelishdi. Barchamiz xursand edik. Men hatto yig‘lab yubordim. G‘alabani nishonlaganimizdan keyin darhol shifokor ko‘rigiga bordim. Shifokor qo‘limni bintlab, bir hafta sport bilan shug‘ullana olmasligimni aytdi. Juda o‘ynagim kelayotgan edi, afsus! Endi musobaqalarni tomoshabinlar orasidan kuzatishga majbur bo‘ldim.
Keyingi o‘yinda men qatnashmaganim uchun yutqazdik. Qolgan barcha jamoaviy musobaqalarda ham mag‘lub bo‘ldik. Shunisiga ham xursandman.
Bir hafta kutishga toqatim yetmadi. 4 kundan so‘ng bintni yechib, yakka musobaqalarga qaytdim. Rostini aytsam, shaxmat va shashkada yaxshi emasman. Shu sababli ikkala musobaqada ham birinchi bosqichdanoq chiqib ketdim.
STOL TENNISI
Qur’a tashlandi. Omadim chopdi, shekilli: raqibim o‘z sinfdoshim bo‘ldi. O‘yin shiddat bilan boshlandi. To‘pcha taq-taq etib, u tomondan bu tomonga uchardi. Ancha qiynaldim, rosa terladim. Lekin natija shuni ko‘rsatdi: qiyinchiliksiz g‘alaba bo‘lmaydi. Men yutdim!
O‘yin tugagach, qo‘lim yana zirqirab og‘ridi. Chiday olmadim, yig‘lab yubordim. Nazoratchilar meni tekshirib, boshqa o‘ynay olmasligimni aytishdi. Men uchun turnir tugadi.
Hech bo‘lmaganda reytingda uch pog‘ona yuqoriladim. Hozir yuz nafar o‘quvchi orasida 97-o‘rinda edim. Maqsad kichik qadamlardan boshlanadi. Mening maqsadim — birinchi o‘ringa chiqish. Men bunga erishaman!
«ZAKOVAT» KITOBI
Mahmud bilan ikkalamiz har kuni darsdan so‘ng odatdagidek mol boqardik. Men soatimni ham o‘zim bilan olib yurardim. Soatim orqali kitob o‘qirdim.
Men tarixga qiziqaman. Tarix — qiziqarli fan. Tarixsiz kelajak bo‘lmaydi. Uni miriqib o‘qirdim. Ilgari o‘qishga qiziqmasdim. Meni kitobga mehr qo‘yishga undagan ustoz — Mohira. Menimcha, u akademiyadagi eng aqlli ustoz. Ichimda uxlab yotgan ilm olovini uyg‘otgan ham shu inson. U zakovat fanidan dars beradi.
Hozir zakovat fanini juda yaxshi ko‘raman. Darsda faol qatnashganim uchun ustozim menga «Zakovat» kitobini sovg‘a qilgan. Qisqasi, har kuni tarix va zakovat kitoblarini o‘qiyman. Zakovat turniri boshlanishiga ham oz qoldi. Men tayyorman, deb o‘ylayman. Turnirda o‘quvchilarning reytinggi ko‘tarilishi mumkin.
ZAKOVAT TURNIRI
Zakovat turniri — bilimlar bellashuviga boy, eng qiziqarli musobaqalardan biri. Umid qilamanki, yaxshi o‘rinlarni egallaymiz. Zakovat zali tomoshabinlar bilan to‘la. Boshlovchi esa Mohira ustoz. Har bir sinfdan oltitadan o‘quvchi qatnashadi. Men ham ular orasidaman.
Turnir boshlandi. Birinchi savol o‘qildi:
1-savol. O‘rta asrlarda madrasa va maktablarda asosiy darsliklardan biri bo‘lgan. Unda shariatning qonun-qoidalari, ya’ni farz, sunnat, namoz va ro‘za haqida fikr yuritilgan. Bu asar nomini yozing.
Bu savolni o‘qigandim. Ha, esimga tushdi! O‘zbekiston tarixi darsligining xonliklar davri haqidagi bo‘limida uchratganman. Chor kitob! Qog‘ozga «Chor kitob — To‘rt kitob» deb yozib, topshirdim. Hamma javoblarini topshirgach, to‘g‘ri javob e’lon qilindi: «Chor kitob — To‘rt kitob». Biz topdik! Ura!
2-savol. Platon fikricha, IKS — soqov o‘qituvchi. Rus bolalar yozuvchisi Mamin-Sibiryakning xotirlashicha, otasi oxirgi puliga ham IKS sotib olib: «IKS bizning eng yaxshi do‘stimiz», degan. IKS nima? Bitta so‘z bilan yozing.
Eng yaxshi do‘stim — Mahmud. Lekin u soqov emas-ku! Nima gapirmaydi, lekin baribir eng yaxshi do‘stim. To‘xta, bu axir kitob! Albatta! Qog‘ozga «kitob» deb yozib, topshirdim. Yana to‘g‘ri topdik! Agar hozir futbol o‘ynayotganimizda, dubl qilgan bo‘lardik.
3-savol. Tolstoy fikricha, san’atda oddiylikka, qisqalikka va aniqlikka erishish uchun iqtidor va U kerak. O‘zbek xalq maqollaridan birida ko‘pni U berishi aytiladi. U nima?
Mahmud o‘ylab o‘tirmay, darhol javobni yozdi. «Nima deb yozding?» deb so‘radim. U «mehnat» dedi. Javob to‘g‘ri chiqdi. Ura!
4-savol. Bu so‘z yapon tilida «yolg‘izlikda qolish, xilvatda bo‘lish» ma’nolarini anglatadi. Bu so‘z bilan ataladigan insonlar agorafoblar kabi ko‘chaga chiqishdan yoki begona kishiga duch kelishdan qo‘rqishmaydi; shunchaki, ko‘chaga chiqishni istashmaydi. Yaponcha so‘zni yozing.
Hmm, tanish so‘z. Eslay olmayapman. Esla, esla! O‘zimga-o‘zim: «Focus, focus, focus», dedim. Ha, esimga tushdi! O‘ninchi sinfning ona tili darsligida o‘qigandim. Nima edi nomi? Hikki... Hikkikomori! Esladim. Javobni yozib, shartta topshirdim. Bu safar ham to‘g‘ri! Yehuu!
«Qayerdan bilding?» deb so‘rayapsizmi? Akademiyada darslar oddiy maktabdagidan ancha farq qiladi. Darsliklar tezroq o‘tiladi, chunki akademiyada o‘qish uch yil davom etadi. Uni bitirganlar yana ikki yil tanlagan kasbi bo‘yicha malaka oshirib, bilimini chuqurlashtiradi. Shuning uchun bu ma’lumotlarni bilaman. IQim baland-da!
5-savol — so‘nggi savol. Janubi-sharqida joylashgan rasadxona. Rasadxona joylashgan hudud haqidagi ma’lumotlarda astronomiya va navigatsiya kabi so‘zlarni uchratish mumkin. Rasadxona joylashgan hududni toping.
Rasadxona... Rasadxona... Bu so‘zni eshitishim bilan xayolimga buyuk allomamiz Mirzo Ulug‘bek bobomiz keldi. Demak, javob Samarqand bo‘lsa kerak. «Samarqand» deb yozib, topshirdim. Javobni intiqlik bilan kutdim.
Javob: Grinvich.
Nima? Javobimiz xato! Yo‘q, qanday qilib?
Mahmud menga qarab:
— Hechqisi yo‘q. Muhimi — ishtirok. Sen munosib qatnashding, — dedi.
Shu payt soatimizga reytingimiz ko‘tarilgani haqida xabar keldi. Bu katta sinflar bilan raqobatlasha boshlashimizni anglatardi. Men xursand edim. Men 70-reytingga ko‘tarildim.Shunisiga ham roziman. Hech qachon nolimayman. Chunki mening rejam boshqa, Yaratganning rejasi esa boshqacha.
Men reytingda yetmish pog‘ona yuqoriladim. Chunki faol qatnashdim va sinfim ham g‘alaba qozondi.
QISH VOQEALARI
Qish fasli kirib keldi. Qish bilan birga ikkita noxush voqea ham sodir bo‘ldi.
Birinchi voqea
Mollarimni oxirgi marta yaylovga olib chiqayotgan edim. Yaqinda buzoqchali bo‘lgan sigirimizning buzoqchasi hali sho‘x edi. U bo‘yim baravar keladigan butazor orasiga kirib ketdi. Orqasidan darhol yugurdim. Yugurdim, dumaladim, hatto ariqdan ham o‘tib chiqdim. Oxiri buzoqchamni topdim.
Mollarni haydab, uyga qaytdim. Kiyimimni almashtirdim, ovqatlandim va xonamga kirib dars qilmoqchi bo‘ldim. Ammo ko‘zimga ishonmadim: soatim yo‘q edi! Rosa yig‘ladim. Ichim g‘ash bo‘lib ketdi. Onam: «Ertaga topamiz, bolajonim», deb meni yupatdi.
Tun bo‘yi uxlay olmay, soatim haqida o‘yladim. Ertalab dadam bilan yaylovga bordik. Havo ancha sovib qolgandi. Hamma joyni qidirdik, ammo soatni topa olmadik. Shunda Mahmud dadamga:
— Qahramon suvga ham tushib yurgandi, — dedi.
Dadam suv ichini ham tekshira boshladi. Afsus, soatdan darak yo‘q edi. O‘kirib yig‘ladim. Chunki akademiyada soat juda muhim edi: soatsiz o‘qish va akademiya tizimidan foydalanish qiyin bo‘lardi. O‘zimni juda yomon his qilardim. Ovqat yeyishim kamaydi, uyqum buzildi, hatto hech kim bilan gaplashmay qo‘ydim.
Bir kuni Mahmud uyimizga keldi.
— Qahramon, siqilma. Mana buni ol, — deb o‘z soatini uzatdi.
— Yo‘q, axir u seniki-ku. Ololmayman. Men olsam, sen o‘qiy olmaysan-ku, — dedim.
Mahmud shunday javob berdi:
— Bizning oilada akademiyada o‘qiydigan yagona farzand men emasman. Akam va opam ham o‘qishadi. Sen esa oilangning yagona farzandisan. Oilangning chirog‘i, boquvchisi, davomchisisan. Ular sendan katta umidlar kutishadi. Iltimos, olaqol.
— Rahmat, — dedim men.
Mahmudning soatini oldim.
Ikkinchi voqea
Bu yilgi hosilimiz mo‘l bo‘lmadi. Omadimiz chopmadi. Kuzning o‘ziga zo‘rg‘a yetdi. Dadam birdaniga boshqa bir shaharga qurilish ishi bo‘yicha ishlashga ketadigan bo‘lib qoldi. Albatta, dadam bizni doimo o‘ylaydi.Dadam qish oldidan kuzgi piyoz ekib, ishga yo‘l oldi. Endi bahorgacha dadamsiz yashashga to‘g‘ri keladi.Dadam menga ketishidan oldin : " O‘g‘lim - ishongan tog‘im sensan. Onangni aytganiga kir, onangga g‘amxo‘rlik qil. Doimo barchaga qo‘lingdan kelganicha yaxshilik qil. Hech qachon birovni dilini og‘ritma. Doimo kulib yur" dedi va ishga jo‘nab ketdi. QISHKI TA‘TIL
O‘zi akademiyadagi ta‘tillar 2 marta bo‘ladi.1-qishki ta‘til. Yanvar oyi to‘liq dam olinadi. Darslar bo‘lmaydi. 2-yozgi ta‘til. Bahorda o‘qish yakunlanib, yozning barcha oylarida dam olinadi. Ta‘tilda ham topshiriqlar beriladi. Qishda hikoyani davom ettirish bo‘yicha topshiriq berildi. Hikoyaning davomini eng qiziqarli qilib yozgan o‘quvchi reytinggi ko‘tarilar edi. Hikoya:
"Jasur uydagi chordoqni yig'ishtirayotib, chang bosgan yog'och sandiqqa duch keldi. Sandiq ichida noaniq naqshlar bilan o'yilgan va millari teskari harakatlanayotgan g'alati oltin soat yotardi.
Jasurning qiziqishi ustun kelib, soatning murvatini buragan ham ediki, xonadagi hamma tovushlar birdaniga o'chdi. Atrof go'yo muzlab qolgandek edi: deraza ortidagi qushlar havoda muallaq turar, yog'ayotgan yomg'ir tomchilari esa yerga tushmay qotib qolgandi.
Shu payt chordoqning eng to'ridagi devorda ilgari hech qachon bo'lmagan, ko'kish nur sochib turgan sirli yog'och eshik paydo bo'ldi. Eshik ortidan kimsaning pichirlagan ovozi va zanjirlar shaqirlashi eshitilardi. Jasur sekin-asta eshik tutqichiga qo'lini uzatdi…" (Hikoyani o‘zingiz davom ettiring va @akbarshokirov telegramdan menga jo‘nating. Albatta, barchangizning hikoyanggizni o‘qib chiqaman. Men uchun barcha kitobxonlarning ijodi qiziq)
Men ham rosa o‘ylab, hikoyaning davomini yozdim va soatimga yukladim. 1 kundan so‘ng natijalar chiqdi. Afsus g‘olib bo‘la olmadim. Ijodkorligimni yanada kuchaytirishim kerak ekan. Lekin menga 75 balldan 70 ball berishdi. Mening reytingim ko‘tarildi. 59-o‘rin. Reytingni bir ko‘rib chiqdim. Mahmud eng so‘nggi o‘rinlarga tushib ketmoqda. Chunki uning soati menda. Shu payt birdaniga eshigimiz taqilladi. Akademiya nazoratchilari keldi. Hayron qoldim. Nega kelishdi? Nimadir yomon ish qilib qo‘ydimmi? Birdan hayollar olamiga tashrif buyurdim. Ular:
" Ko‘p kunlardan beri soatning joylashuvi o‘zgarmadi. Biz xavotir oldik. Shuning uchun soatning joylashuvini aniqlab, uni topdik. Mana" deya mening soatimni berishdi. Xursand bo‘lib ketdim. Soatimga hech narsa bo‘lmadi. Quvonib ketdim. Darhol Mahmudning oldiga bordim. Nima bo‘lganini aytib, soatini qaytirib berdim. Ikkalamiz ham xursand bo‘ldik. Endi yana Mahmud o‘qiy olar edi. U reytinggini ko‘tarishi kerak. Qisqasi ta‘til shunday qilib tugadi.
Shunaqa gaplar.
KINO
Kinoning nomi: " 12 ovoz"
Past shiftli, tor xona. Devor bo'ylab eski o'rindiqlar. O'rtada uzun stol, atrofida o'n ikkita stul. Derazada qalin parda, tirqishidan sariq yorug'lik tushadi. Shiftdagi ventilyator chiyillab aylanadi.
RAHMATILLA (65, oqsoqol, qo'lida hassa) stol boshiga o'tiradi. Ko'zoynagini artadi.
RAHMATILLA: Xo'sh. Ish oddiy. To'g'on yorilgan, bir oila hosilidan ayrilgan. Qarovchi Doniyor tunda joyida yo'q edi. Hamma bilgan narsani cho'zib o'tirmaymiz.
JASUR (30, sotuvchi, soatiga qarab) o'rnidan qimirlaydi.
JASUR : Bolalar kutib o'tirgandir. Bugun bozorni yopib kelganman, oqsoqol. Tezroq hal qilsak, hammamizga yaxshi.
MUQADDAS XOLA (58, shol ro'moli, tasbeh o'giradi): Ko'ngilda bir g'ash narsa bor-u, lekin Doniyor ham o'zi…
SALIM (50, qo'llari qop-qora, mexanik) deraza tomon qaraydi.Qo'li stol ustida bir zum qaltiraydi, uni yashiradi.
ZEBO (40, maktab o'qituvchisi, qo'lida qalam va daftar) hammaning yuziga birma-bir qaraydi. Kechikib kirgani uchun hali ham nafasini rostlayapti.
KOTIB OLIM (35, ozg'in, qog'ozlar ko'targan) stol chetida qog'oz tarqatadi.
OLIM: Ovoz berish yashirin emas. Qo'l ko'tarasiz. «Aybdor» yoki «aybsiz». Hammamiz ko'rib turamiz.
Olim stol o'rtasiga chiqib turadi.
OLIM: Aybdor deb hisoblaganlar, qo'l ko'taring.
Birin-ketin qo'llar ko'tariladi. Kamera sekin aylanadi, har bir yuz ustida bir lahza to'xtaydi: Jasur darrov, Muqaddas xola ikkilanib, Rahmatilla hassasini bosgancha, Salim hammadan keyin, ko'zini yumib.
OLIM: O'n bir. (to'xtaydi) Aybsiz deganlar?
Zebo qo'lini ko'taradi. Ventilyator chiyillaydi.
Hamma unga qaraydi. Jasur kulib yuboradi, lekin kulgisi qotib qoladi.
JASUR : Hazil qilyapsizmi, opa?
ZEBO :Yo'q.
RAHMATILLA :(sekin) Sababi?
ZEBO : Sabab yo'q. Hozircha. (daftarini ochadi) Faqat shuni bilamanki, odamning taqdirini besh daqiqada hal qilmayman.
ZEBO :Yaxshi. Unda dalilni ko'raylik. Hammasini. Birinchisidan boshlab.
Zebo daftarning ilk betiga bir so'z yozadi: «YOMG'IR».
Bu hodisaga sababchi yomg‘ir edi.
Zebo: Aybdor Doniyor emas. Kuchli yomg‘ir sababchi. 1 kishi hamma uchun, hamma 1 kishi uchun. Tog‘onni tiklaymiz va oila hosilining pulini yig‘ib beramiz. Oilani pul bilan ta‘minlaymiz. Kim gapimga qo‘shiladi.
Hamma qo‘l ko‘tardi. Shu bilan bu masala yopildi.
Kinoni olib bo‘lib akademiyaga taqdim etdik. Ular barcha sinflarning kinosini 3 kun davomida ko‘rib chiqishdi.
SO‘NGGI KUN
Akademiyaning so‘nggi kunida natijalar e‘lon qilindi.8 ta o‘rindan 2-o‘rinni oldik. Uraaa. Hammani tabriklab chiqdim. Natijalar e‘lon qilingandan so‘ng, reytinglar ko‘rsatildi. 2-sinfdan faqatgina 4 kishi, o‘sha yuqori 4 lik 2-bosqichga o‘tishdi. Qolgan 2-sinflardan hech qaysi o‘quvchi 2-bosqichga o‘ta olmadi. Bu kun ko‘z yoshlarga to‘la bo‘ldi. Bu o‘quvchilar endi oddiy maktablarda o‘qishadi. Keyingi yildan. Men 51-o‘ringa chiqdim. Ammo bu hali so‘nggisi emas edi. Kuchli 4 lik 2-bosqichga chiqqanidan so‘ng, men 48-reytingga ko‘tarildim. 50talikka kirdim. Keyingi yil ham shu darajamni saqlasam, 2-bosqichga o'taman. Maqsadlarim katta. Reytinglar e‘lon qilingandan so'ng, mukofotlar berildi. O‘quvchilar taqdirlandi. Har xil yo‘nalishlar bo‘yicha. Men qaysi yo'nalishni yutdim. Qiziqmi? Men "Zakovat" yo‘nalishida sovrin yutdim. O‘sha 1 ta savol hal qilgan zakovatni. Yilning "Zakovatli o'quvchisi" sovrinini oldim. Juda ham xursandman. Qanchalik darajada ekanligini tasvirlab bera olmayman. Shunday qilib, yil yakunlandi…
Izohlar
0