2 Qism
Tong otdi.
Uy hali uyg‘onib ulgurmagan edi.
Faqat derazadan tushayotgan xira yorug‘lik xona ichini asta-sekin yoritardi.
Shu payt Bahodir akaning telefoni jiringladi.
U telefonni oldi.
— Alo?
— Assalomu alaykum, Bahodir aka.
— Va alaykum assalom.
— Men o‘g‘lingizning sinf rahbari Malikaman.
Bahodir aka bir zum jim qoldi.
— Ha, ustoz. Eshitaman.
— Bahodir aka, Elmurod darslarni muntazam qoldiryapti. Imtihonlar ham yaqinlashib qoldi. Iltimos, o‘g‘lingizni maktabga yuboring.
— Xo‘p bo‘ladi, ustoz. Albatta gaplashaman.
— Yaxshi. O‘zi juda tirishqoq bola. O‘qishini tashlab qo‘ymasin.
— Inshaalloh.
Qo‘ng‘iroq tugadi.
Ammo suhbatni Elmurod boshidan oxirigacha eshitib turgan edi.
Bahodir aka o‘g‘liga qaradi.
— Bolam...
Elmurod jim.
— Men sening nima uchun ishlayotganingni tushunaman. Uyimizning ahvoli og‘ir. Oilangga yordam bermoqchisan. Lekin o‘qishni ham tashlab qo‘ymasliging kerak.
Elmurod chuqur nafas oldi.
— Dada...
— Ha?
— Men bugun va’da berib qo‘yganman.
— Kimga?
— Yangi ishga.
Bahodir aka qoshlarini chimirdi.
— Maktabdan ko‘ra ish muhimroqmi?
Elmurod bir oz jim turdi.
Keyin:
— Hozir bizga pul kerak, dada.
Bu gap Bahodir akani jim qoldirdi.
Elmurod kiyina boshladi.
— Men borishim kerak.
— Elmurod...
O‘g‘li eshik oldida to‘xtadi.
— Ha, dada?
— Pul topish yaxshi. Lekin...
Bahodir aka gapini tugata olmadi.
— Lekin nima?
— Pul seni topmasin, bolam.
Elmurod tushunmadi.
— Nima deganingiz?
Bahodir aka boshini chayqadi.
— Hech narsa.
Elmurod tashqariga chiqib ketdi.
Yo‘lda u Alimga qo‘ng‘iroq qildi.
— Assalomu alaykum, Alim aka.
— Va alaykum assalom, ukajon. Yo‘ldasanmi?
— Ha.
— Manzilni hozir yuboraman.
Oradan bir necha soniya o‘tib telefoniga lokatsiya keldi.
Elmurod manzilga yetib kelgach, bir zum joyida qotib qoldi.
Uning qarshisida ulkan, hashamatli kafe turardi.
Tashqi ko‘rinishi zamonaviy.
Katta oynalar.
Yorqin chiroqlar.
Qimmat avtomobillar.
Kirish qismidagi bezaklar esa uzoqdan ham boylikni bildirib turardi.
Elmurod ichida o‘yladi:
“Men shu yerda ishlaymanmi?”
U o‘zini birinchi marta boshqacha his qildi.
Faxr.
Hayajon.
Umid.
U eshikni ochib ichkariga kirdi.
Ichkarida Alim uni kutib turardi.
— Assalomu alaykum, Alim aka!
— Va alaykum assalom, ukajonim!
Alim uni quchoqlab qo‘ydi.
— Eson-omon yetib keldingmi?
— Ha, aka.
Elmurod atrofga qaradi.
— Kafengiz juda hashamatli ekan.
Keyin kulib qo‘ydi.
— Bizga ham shunaqa joy nasib qilsin.
Alim ham kuldi.
— Inshaalloh, ukajon. Nasib qiladi.
Bir oz jim turib:
— Eng muhimi, halol bo‘l.
Elmurod darhol:
— Albatta, aka.
Alim unga qaradi.
Elmurodning sodda nigohi, samimiyligi, oilasi uchun jon kuydirishi Alimga yoqardi.
U Elmurodni boshqalardan farqli deb bilardi.
Ammo Alim hali bir narsani bilmasdi.
Elmurod “halol” degan so‘zni eshitgan edi.
Lekin uning ma’nosini chuqur bilmasdi.
Unga bolaligidan:
“Bu yaxshi.”
“Bu yomon.”
“Buni qil.”
“Buni qilma.”
degan gaplar aytilgan.
Ammo nima uchun degan savolga javob berilmagan edi.
Elmurod hayotda pul topishni bilardi.
Lekin pulni qanday topish kerakligini hali bilmasdi.
Alim uni kassaga o‘tqazdi.
— Sen hisob-kitobga yaxshi ekansan. Kassada ishlaysan.
— Xo‘p, aka.
— Maoshing besh million.
Elmurodning ko‘zlari chaqnadi.
— Besh million?!
— Ha.
— Oyiga?
Alim kuldi.
— Ha, oyiga.
Elmurod ichida hisoblay boshladi.
Besh million...
Bu uning oilasi uchun juda katta pul edi.
Ammo Alim yana bir gap qo‘shdi:
— Lekin xohlasang, kunlik olib turishing mumkin.
— Kunlik?
— Ha.
Elmurod bir zum ham o‘ylamadi.
— Menga kunlik yaxshi, aka.
Shunday qilib, Elmurod yangi hayotini boshladi.
“Zaytun” yemakxonasi.
U endi oddiy ishchi emas edi.
Kassir edi.
Pul uning qo‘lidan o‘tardi.
Har kuni.
Har soat.
Har daqiqa.
Oradan oylar o‘tdi.
Elmurod ishladi.
Juda ko‘p ishladi.
Uning hayotida pul birinchi o‘ringa chiqdi.
Maktab esa asta-sekin ortda qoldi.
Nihoyat, maktabni ham tamomladi.
Elmurod o‘sha kuni o‘zini erkin qushdek his qildi.
Endi hech kim:
“Darsga bor!”
“Uy vazifangni qil!”
“Imtihon bor!”
deb bezovta qilmasdi.
Uning oldida uch oy bo‘sh vaqt bor edi.
Lekin bu uch oy uning hayotidagi eng xavfli uch oyga aylanishini hali hech kim bilmasdi.
Elmurod ishlashda davom etdi.
Har kuni uyga oziq-ovqat olib kelardi.
Go‘sht.
Guruch.
Yog‘.
Meva.
Shirinlik.
Ba’zan uyga pul ham olib kelardi.
Uyda esa boshqa manzara paydo bo‘ldi.
Zaynab opaning ko‘zidagi xavotir kamaydi.
Bahodir aka ham o‘g‘liga faxr bilan qaraydigan bo‘ldi.
Abdulloh esa akasini ko‘rsa, kulib yuborardi.
Dasturxon to‘kinlashdi.
Uyda anchadan beri bo‘lmagan taomlar paydo bo‘ldi.
Bir kuni Bahodir aka Elmurodga qarab:
— O‘g‘lim, sen bizning suyanchig‘imiz bo‘lib qolding.
dedi.
Elmurod kuldi.
Bu gap unga juda yoqdi.
U o‘zini kerakli insondek his qildi.
Ammo pulning eng xavfli tomoni ham shu edi.
U odamga avval:
“Sen oilangga kerak ekansan,”
deydi.
Keyin esa:
“Oilanggagina emas, menga ham keraksan,”
deyishni boshlaydi.
Uch oy ko‘z ochib yumguncha o‘tdi.
Elmurod kollejga o‘qishga kirdi.
Ammo ishlashni to‘xtatmadi.
Kollejga ham bordi.
Ishga ham bordi.
Avvaliga haftada bir-ikki marta dars qoldirardi.
Keyinchalik oyiga bir-ikki marta boradigan bo‘ldi.
Uning uchun o‘qishning qadri tushib borardi.
Pulning qadri esa oshib borardi.
Bir kuni o‘qituvchisi:
— Elmurod, darslarga nega kelmayapsan?
deb so‘radi.
Elmurod oddiygina javob berdi:
— Ishlayapman.
— Ishlash yaxshi. Lekin kelajagingni ham o‘yla.
Elmurod jilmaydi.
— Men kelajagim uchun ishlayapman.
O‘qituvchi unga uzoq qarab turdi.
— Hamma odam kelajak uchun pul topadi, Elmurod.
— Ha.
— Lekin ba’zan odam kelajakni pulga almashtirib qo‘yadi.
Elmurod bu gapga e’tibor bermadi.
U o‘qituvchisining gapini ortiqcha nasihat deb qabul qildi.
Oylar o‘tdi.
Elmurod ishida tobora tajribali bo‘lib bordi.
Maoshi oshdi.
Mas’uliyati oshdi.
Unga ko‘proq ish topshirila boshladi.
Kassadagi pullar.
Hisob-kitoblar.
Mijozlar.
Ishchilar.
Yetkazib beruvchilar.
U bularning barchasini uddalay boshladi.
Alim ham unga tobora ko‘proq ishona boshladi.
Bir kuni Alim uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib:
— Elmurod, sen menga juda kerakli odamsan.
dedi.
Elmurod kuldi.
— Rahmat, aka.
Alim esa jilmayib:
— Seni hali katta joylarga olib chiqaman.
dedi.
Elmurod bu gapdan xursand bo‘ldi.
U o‘sha kuni uyga qaytayotib osmonga qaradi.
Va ichida bir fikr tug‘ildi:
“Men endi kambag‘al bola emasman.”
Ammo u bir narsani anglamagan edi.
U kambag‘allikdan qutulayotgan emasdi.
U shunchaki boshqa bir qafasga kirayotgan edi.
Faqat bu qafasning panjaralari temirdan emasdi.
Ular...
puldan qurilgan edi.
Va Elmurod hali bu qafasning eshigi qachon yopilishini bilmasdi.
Izohlar
0