Qish.
Tashqarida sovuq izg‘irin kezardi. Ko‘chalarda odamlar shoshardi. Kimdir ishga, kimdir bozorga, yana kimdir uyiga...
XXI asr edi.
Texnologiyalar rivojlangan, osmono‘par binolar qad rostlagan, odamlar qo‘llaridagi telefonlarda dunyoning narigi chekkasidagi inson bilan bir zumda gaplasha oladigan zamon.
Ammo shu dunyoning chekka bir tumanidagi kichkina, eski uyda boshqa bir haqiqat yashardi.
Bu uyda Elmurod ismli o‘n uch yoshli bola oilasi bilan yashardi.
Ularning oilasi oddiy edi.
Juda oddiy.
Otasi Bahodir aka kunlik mehnat qilib ro‘zg‘or tebratardi. Onasi Zaynab opa esa kasalligi sababli ishlay olmasdi. Uyda olti oylik Abdulloh ismli chaqaloq ham bor edi.
Ularning boyligi ko‘p emasdi.
Aslida, deyarli hech narsasi yo‘q edi.
Lekin bir-birlariga mehrlari bor edi.
O‘sha kuni Elmurod maktabdan uyga qaytdi.
Eshikni ochib ichkariga kirdi.
— Ona?
Javob bo‘lmadi.
Uy qorong‘i edi.
Elmurod devordagi chiroq tugmasini bosdi.
Chiroq yonmadi.
Yana bosdi.
Hech narsa.
Shunda onasining ovozi eshitildi:
— Elmurod, keldingmi, bolam?
— Ha, ona. Chiroq nega yonmayapti?
Zaynab opa jim qoldi.
Keyin past ovozda:
— Elektrni uzib qo‘yishibdi...
Elmurod indamadi.
Buni yaxshi tushunardi.
Elektrga qarz yig‘ilib qolgan edi.
Shu payt beshikdan chaqaloqning yig‘isi eshitildi.
— Eee... eee...
Abdulloh.
Elmurod ukasining oldiga bordi.
— Nima bo‘ldi, ukajon?
Ukasini qo‘liga oldi.
Bola yig‘lashdan to‘xtamadi.
Zaynab opa ko‘zlarini olib qochdi.
— Och qoldi, bolam...
Elmurod onasiga qaradi.
— Uyda hech narsa yo‘qmi?
Zaynab opa javob berolmadi.
Bir necha soniya sukut.
— Kechgacha chidab turaylik, — dedi u nihoyat. — Otang ishdan keladi. Biror narsa olib keladi.
Elmurod bosh irg‘adi.
Ammo uning o‘zi ham och edi.
Maktabdan beri og‘ziga hech narsa olmagandi.
Onasi buni bilardi.
Ammo ona ham bolasiga beradigan narsasi bo‘lmasa, nima qila olardi?
Kech tushdi.
Derazadan sovuq shamol urardi.
Uy ichida esa uch kishi jim o‘tirardi.
Faqat Abdullohning yig‘isi eshitilardi.
Nihoyat eshik ochildi.
Bahodir aka kirib keldi.
Qo‘lida kichkina paket bor edi.
Elmurod yugurib bordi.
— Dada!
Bahodir aka jilmayishga harakat qildi.
— Qalaysan, o‘g‘lim?
— Yaxshi.
Elmurod paketga qaradi.
— Nima oldingiz?
Bahodir aka paketni stolga qo‘ydi.
Ichidan to‘rtta non chiqardi xolos.
Elmurodning ko‘zlari nonlarga tushdi.
Zaynab opa esa eriga qarab turardi.
— Boshqa hech narsa olmadizmi? — dedi u sekin.
Bahodir aka boshini egdi.
— Bugun ish kam bo‘ldi.
Bir zum jimlik.
Keyin:
— To‘rt dona nonning o‘zi uchun ham qarz oldim.
Bu gap uy ichidagi sukunatni yanada og‘irlashtirdi.
Ular ikki dona nonni o‘sha kechasi bo‘lib yeyishdi.
Qolgan ikkitasini ertalabga saqlab qo‘yishdi.
Bu uyda non ham hisob bilan yeyilardi.
Oradan oylar o‘tdi.
Elmurod maktabga borardi.
Lekin maktabdagi hayoti ham uyidagidan oson emasdi.
Bir kuni sinfdoshlaridan biri uning eski kiyimlariga qarab kuldi.
— Hoy, Elmurod!
Elmurod ortiga qaradi.
— Nima?
— Kiyimingni qayerdan olding?
Boshqalar kulishdi.
— Buvangdan qolganmi?
Yana kulgi.
Keyin kimdir baland ovozda:
— U kambag‘al-ku!
Bu so‘z Elmurodning yuragiga qattiq botdi.
Kambag‘al.
U bu so‘zni ko‘p eshitardi.
Ammo o‘sha kuni bir narsani anglab yetdi.
Kambag‘allik faqat cho‘ntakdagi pulning yo‘qligi emas ekan.
Ba’zan kambag‘allik odamning boshqalarning ko‘zidagi qadrini ham olib qo‘yar ekan.
O‘sha kundan boshlab Elmurod maktabga borishni istamay qo‘ydi.
Uning xayolida bitta savol aylanardi:
“Men ham bir kun boy bo‘la olamanmi?”
Elmurod ish izlay boshladi.
U hali o‘n uch yoshda edi.
Ammo hayot undan bolalikni allaqachon tortib olgandi.
Nihoyat, yaqin mahalladagi bir yemakxonaga ishga kirdi.
Avvaliga oddiy yumushlarni qilardi.
Stollarni artardi.
Idishlarni tashirdi.
Mijozlarga xizmat qilardi.
Kuniga 80 ming, ba’zan 100 ming, yaxshi kunlari esa 150 ming so‘mgacha pul topardi.
Bu pul otasining bir kunlik daromadidan ham ko‘proq edi.
Elmurod pul topishni o‘rgandi.
Va eng muhimi...
Pulga ehtiyoj qanchalik kuchli ekanini o‘rgandi.
Maktab esa asta-sekin uning hayotidan chiqib ketdi.
Haftada bir yoki ikki marta borardi.
Qolgan kunlari esa ishlardi.
Bir kuni yemakxonaga doimiy mijozlardan biri keldi.
Ismi Alim edi.
28 yosh.
Yaxshi kiyingan.
Qimmat telefon ishlatardi.
Mashinasini eshik oldiga qo‘yardi.
Atrofdagilar uni hurmat qilardi.
U Elmurodni kuzatib yurardi.
Bir kuni hisobni so‘radi.
— Elmurod, hisob qancha bo‘ldi?
— Aka, 279 ming so‘m.
Alim cho‘ntagidan 500 ming so‘mlik pul chiqardi.
— Mana.
Elmurod pulni oldi.
— Hozir qaytimini olib kelaman.
— Kerak emas.
Elmurod hayron bo‘ldi.
— Nega?
— Qaytimini o‘zingga ol.
— Aka, bu juda ko‘p pul-ku. 221 ming so‘m...
Alim kuldi.
— Choy-chaqa.
Elmurod pulga tikilib qoldi.
221 ming so‘m.
U bu pulni ikki kun ishlab topardi.
— Rahmat, aka...
— Arzimaydi.
Alim biroz jim turdi.
Keyin so‘radi:
— Bir kunda qancha topasan?
— Xar xil. Mijozlarga qarab. O‘rtacha 80 mingdan 150 minggacha.
Alim bosh irg‘adi.
— Yaxshi.
Bir oz sukut.
— Elmurod, senga taklifim bor.
— Qanday taklif?
— Men yangi kafe ochdim. Ishchilar kerak. Biz bilan ishlasang, hozirgi topayotganingdan ikki baravar ko‘p beraman.
Elmurod bir soniya ham o‘ylamadi.
— Kelishdik, aka.
Alim telefon raqamini uzatdi.
— Ertaga shu raqamga qo‘ng‘iroq qil. Manzilni yuboraman.
Elmurod raqamni yozib oldi.
O‘sha kuni Elmurod uyga qaytayotganda qo‘lidagi 221 ming so‘mga qarab ketardi.
Yo‘lda do‘konga kirdi.
Un.
Yog‘.
Guruch.
Go‘sht.
Shirinlik.
Meva.
Ichimlik.
Uyda anchadan beri ko‘rinmagan narsalarning hammasidan oldi.
Eshikni ochib kirganida:
— Ona!
Zaynab opa o‘g‘liga qaradi.
Keyin qo‘lidagi paketlarga.
Ko‘zlari katta ochildi.
— Bular nima?
Elmurod kuldi.
— Bugun uyimizda bayram!
Abdulloh ham akasini ko‘rib quvonib ketdi.
Bahodir aka esa jim turib o‘g‘liga qaradi.
Dasturxon yozildi.
Uzoq vaqtdan beri bu uyda bunday dasturxon bo‘lmagandi.
Go‘sht.
Mevalar.
Shirinliklar.
Rangli ichimliklar.
Elmurod ukasiga qarab kulardi.
Onasi unga qarab ko‘ziga yosh olardi.
Bahodir aka esa boshini egib, sukutda ovqatlanardi.
Bir payt Elmurod otasiga qaradi.
— Dada, endi hammasi yaxshi bo‘ladi.
Bahodir aka boshini ko‘tardi.
— Inshaalloh, o‘g‘lim.
Elmurod kuldi.
U o‘sha kecha juda baxtli edi.
Chunki u birinchi marta oilasini och holda uxlatmaslikka qodirligini his qilgandi.
Ammo...
Hech kim bilmasdi.
Bu dasturxon Elmurodning hayotidagi eng shirin kechalardan biri bo‘lishi bilan birga...
uning qullikka boradigan birinchi qadami ham edi.
Va ertalab u Alimga qo‘ng‘iroq qilganida...
hayoti butunlay o‘zgarishini hali bilmasdi.
Izohlar
0