Sharqda — “Yashil Qush” ko‘li, shimol va janubda esa ulkan Elekan tog‘lari bilan o‘ralgan Asfaxoniya vodiysi. Rang-barang manzaralari, salqin iqlimi, suv mahsulotlari va yer osti boyliklari bilan mashhur bu maskan uch asrdan ortiq vaqt davomida o‘z mavqeini saqlab kelardi.
Bu yerda qashshoqlik deyarli noma’lum edi. Vodiyning qulay joylashuvi va dunyodagi ikkinchi eng katta ko‘rfazga chiqish imkoniyati esa uni Frontgeniyaning eng muhim hududlaridan biriga aylantirgandi.
Ammo bu hikoya vodiy haqida emas.
Bu — Asfaxoniya yetakchisining o‘ng qo‘li bo‘lgan kishining eng kichik ukasining ikkinchi o‘g‘li haqida.
Uning ismi — Lan.
U juda band…
Uxlab yotibdi.
{Wikipedia: Lan — Ackras sulolasi
Lan Ackras — Ackras sulolasining yosh vakili. 15 yoshda.
U besh kishilik oilada tug‘ilgan: otasi, onasi, akasi, singlisi va o‘zi. Ackraslar — nufuzli va yetarlicha boy jangovar oila bo‘lib, ularning nomi Asfaxoniya vodiysida anchadan beri ma’lum.
Bo‘yi: 162 sm
Vazni: 49,99 kg
Izoh: tushlikdan keyin 50 kg bo‘lishi kutilmoqda.
Lanning sochlari qora va deyarli har doim tartibsiz. Tanasining tezkorligi va chidamliligi esa tengdoshlaridan ajralib turadi.
Buning sababi oddiy.
Uning akasi — Tenebra.
Qolgan izohlar hozircha keraksiz}
Ackraslar uyida tong
Quyosh Asfaxoniya ustidan endigina ko‘tarilayotgan edi.
Ackraslar uyida esa kun allaqachon boshlangan.
— Lan! Tur!
Tereza oshxonadan ovoz berdi.
Javob bo‘lmadi.
— Lan!
Yana jimlik.
Tenebra zinadan tushib kelarkan, eshik yonida to‘xtadi.
— Hali ham uxlayaptimi?
— Ha, — dedi Tereza jilmayib. — Kecha kechgacha kitob o‘qigan ekan.
Tenebra qoshini ko‘tardi.
— Qaysi kitob?
— Bilmayman. O‘zi ham bilmasa kerak.
Shu payt yuqoridan shovqin eshitildi.
— LAN!
Tenebraning ovozidan qushlar ham tomlardan uchib ketgudek bo‘ldi.
Bir necha soniyadan keyin xonadan uyqusi kelgan Lan chiqdi.
Sochlari har tomonga taralgan, ko‘zlari yarim yumilgan.
— Nima?!
— Nonushta.
— Men hali uxlayapman-ku...
— Endi uxlamayapsan.
— Bu adolatsizlik.
Tenebra unga qarab bosh chayqadi.
— O‘n besh yoshga kirib, hali ham uyg‘otish kerak.
— O‘n sakkizga kirib, hali ham ukang bilan bahslashasan.
— Chunki sen bilan gaplashishning boshqa iloji yo‘q.
— Demak, men yutdim.
— Yo‘q.
— Ammo sen gapiryapsan.
Tenebra bir zum jim qoldi.
— ...Bor, nonushta qil.
Stol ostidan kichkina bosh ko‘rindi.
— Men murabbo olsam bo‘ladimi?
Nodira qo‘lida non ushlab, katta ko‘zlari bilan onasiga qarab turardi.
Tereza kulib yubordi.
— Avval nonushta qilasan.
— Bu ham nonushta-ku!
— Bu murabbo.
— Murabbo ham ovqat.
Lan kulib yubordi.
— Unga qarshi bahslashib bo‘lmaydi.
Nodira g‘urur bilan bosh irg‘adi.
— Men aqlliman.
— Buni kimdan o‘rganding? — dedi Tenebra.
— Oyamdan.
Tereza jilmaydi.
— To‘g‘ri javob.
Ularning otasi Teran esa allaqachon uyidan chiqib ketgan edi. Shaharning Ikkinchi generali sifatida bugun muhim majlis kutayotgan edi.
Oddiy tong edi.
Issiq non, shirinlik uchun kurash, aka-uka bahsi...
Hammasi odatdagidek.
Ammo o‘sha tong uzoq davom etmadi.
Uzoqdan qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi.
Bir marta.
Keyin yana.
Tereza qo‘lidagi piyolani sekin stolga qo‘ydi.
Tenebraning yuzidagi kulgi yo‘qoldi.
Bu oddiy qo‘ng‘iroq emas
Izohlar
3Zo'r ekan👍
xo'sh qanday qong'iroq ekan? Davomi qachon chiqadi yosh moullif?
2-bob joylandi. Maroqli mutolaa tilayman🙂.