I qism. Ikki asr — bitta yurak
Ba’zan taqdir seni tanlamaydi — u seni shunchaki boshqa bir zamonga tashlaydi.
Buxoro yuragida qadim bir joy bor — Ark. U ko‘hna devorlari bilan ming yillik sirlarni yashirib yotadi. Shamol esganida tosh devorlar go‘yo nimalarnidir pichirlaydi — unutilgan hikoya, unutilgan ism, unutilgan muhabbat haqida.
I. Ark afsonasi
,, U faqat eshitdi... Lekin afsona uni tanladi. ,,
Bir necha kun avval.
Kuz. Havoda yaproqlarning so‘nggi raqsi, shamolda esa bir oz mung bor. Deraza ortidan osmon qo'ng‘ir tuman ichra cho‘kkan, yomg‘ir esa xuddi qadim bir dostonning ohangidek tomchilab tushardi.
Xayollarim go‘yo arining inidek. Miyamda nechta qo‘lyozmani yozib, qayta o‘chirganimni o‘zim ham bilmayman. Qo‘limda qo‘lyozma uchun yetarlicha mavzu va ularga doir ma’lumotlar bor, ammo hech biri ko‘nglimdagidek bo‘lmayapti. Nega ham XIX asrdagi Buxoro amirligi davrini tanladim-a? Tanlov uchun qanchadan-qancha qizg‘in mavzular bor edi-ya, essiz...
— Qizim, Zuhdiya... Zuhdiya...— qo‘shni xonadan buvimning so‘lg‘in ovozi eshitildi-yu, hayolimdagi bor g‘oyalar ham tarqab ketdi.
— Labbay, buvi,— xonamdan chiqdim-u, buvimning xonasiga bosh suqdim.
— Zuhdiya, tokchadagi dorimni olib ber. Yurak o‘lgur yana bezovta qilyapti.— tokchadagi dorilar soni har safar kamaygani sari mening ko‘nglim ortga tortaveradi. Hayotimdagi yagona yaqinim bo‘lmish buvimning sog‘lig‘i tobora meni havotirga solishni boshlaydi.
— Sal avval yaxshi edi-ku, buvi. Nega birdan bezovta qilib qoldi? — buvimga dori va suv uzatarkanman, dilimdagi tilimga ko‘chdi.
Eski ko‘p qavatli uylarning derazasidan kirgan shamol etni junjiktirar. Bir shamolning guvillab chiqqan ovozi kelsa, bir jim bo‘lib qoladi, faqat buvimning sokin ovozi eshitilardi.
— O‘tib ketadi, har doimgi ahvol. Havotir olma,— yuzimdagi hafsalasizlik aralash havotirni ko‘rgan buvim har doimgidek taskin berishni unutmaydi.
— Meni qo‘ya tur, sen nega buncha asabiysan? Halidan beri kompyuter ovozi tinmaydi,— doimgidek mendagi muammoni sezgan buvim o‘zi qolib mendan hol so‘ray ketdi.
— Qo‘lyozmam bo‘yicha... Har doim muammosiz tayyor bo‘ladigan qo‘lyozmam bu safar o‘xshamayapti,— labimni burib, buvimning yoniga cho‘kdim.
— U qanday mavzu ekan-ki, sendek qo‘lyozmalar malikasining shashtini so‘ndira olibdi?
— XIX asrdagi Buxoro amirligi davri... Mendagi ma’lumotlarning barchasi siyosiy mavzular, lekin ish boshqaruvchimiz bu mavzuga boshqacha yondashishimni va shaxsan rahbariyatning o‘zi ko‘zdan kechirishini ta’kidladi,— noligancha yuzimni qo‘lim bilan to‘sib, tinchlanish uchun chuqur nafas oldim.
— Buxoro amirligi?
— Ha, Buxoro amirligi...— buvim bir muddat jim turdi. So'ng nimanidir yodga olgandek yuzi yorishib, menga qaradi.
— Aftidan, menda sen uchun g‘oya bor, — buvimning bu gaplari ichimga chiroq yoqqandek bo‘ldi.
— Xo‘sh, qanday g‘oya? Buvi, tezroq ayta qoling, hozir portlab ketaman,— buvimga yanada yaqinroq kelib, joylashib olgach, uni qistovga oldim.
— Imm, nimadan boshlasam ekan? Hayollarimni chalkashtirmay tur, yaxshilab yodga olib olay,— tinmay gapiraverganim sabab dakki bergan buvim yotog‘idan sal qo‘zg‘alib, ortga suyanib oldi.
— Bu aniq tarixiy ma'lumot emas, ammo afsona...
,, Rivoyat qiladilarki, ko'hna Buxoro zamonida, qishning eng sovuq yillari hukm surgan davrda, Mahmudxon ismli hokim yashagan ekan. U — Buxoro amirining rafiqasi bo'lmish Farida begimning ukasi edi. Uning yakka-yu yagona qizi — Safinur begim — butun Buxoro ahli tilida doston ekan. Uni hali hech kim to'liq ko'rmagan, ammo xalq unga shunday ta'rif berardi:
,, Oy yuzini yashirgan kechalarda ham Safinurning nuri qor ustida aks etar, ko'zlari sahar shabadasidagi yulduzlar kabi, ovozi esa qor ostidagi irmoqlarning shovullashidek tiniq. ''
Qor yog'gan kecha, ya'ni Safinur begim tug'ilgan kecha uning onasi qattiq kasallik bilan olamdan o'tadi. Bundan tushkunlikka tushgan Farida begim Safinur begimni o'z qaramog'iga oldi. U jiyanini o'z farzandidan ham ortiq ko'rar, uni yer-u ko'kka ishonmay kelardi. Hatto ulg'ayganda uni kimgadir turmushga berishi haqida o'ylasa yuragi ortga tortaverardi. Kelinimdan qolgan, ukamning jigarbandi, yagona yodgorim deya ko'z qorachig'idek asrab kelgan jiyanini bu Arkda qandaydir maqsad yoki siyosat qurboni sifatida turmushga berishni istamas, lekin Amirlik saroyida bulardan biri bo'lishi tayin edi. Shu sababdan jiyani olti yoshga to'lgan kecha uni o'z o'g'li Mironshohga unashtirishni turmush o'rtog'i bo'lgan, Buxoro amiridan iltimos qildi. Bunga qarshi bo'lmagan Amir ularni unashtiruviga rozi bo'ldi. Safinur begim o'n sakkizga to'lganda to'y bo'lishi kelishildi. Unashtiruvdan so'ng ikkisi aka-singildek ulg'aymasligi uchun Amir Safinur begimning otasi Mahmudxonni qo'shni shahar hokimi qildi-yu, ularni o'sha yerga jo'natdi. Farida begim jiyanini o'zidan yiroqlashtirishni istamadikuya, ammo Amirning ham qarori to'g'riligini anglab yetgach, Safinur begimga o'zi ishongan, yillar davomida sinalgan xizmatchisi, hamda Safinur begimning sut onasi bo'lgan Roziya ismli ayolni qo'shib yubordi.
Yillar o'tdi. Qish yana Buxoro osmoniga oq libosini yoygan kezlarda Mironshoh, xalq begimga bergan ta'riflarni eshitib, Mahmudxon hokimligidagi shaharga borishga qaror qildi. Shaharga tashrif buyurgan Mironshoh oppoq qor ustida ot choptirib yurgan suluv qizga ko'zi tushdi. U — Safinur begim edi. Shu bir nigoh, ikki yurakni bir-biriga tutashtirgan afsonaviy nigoh bo'ldi. Bir nigoh — va yuraklardagi sukunat buzildi. Mironshoh Buxoroga qaytgach, Safinur begimga tug'ilgan kun munosabati bilan alvon rangli uzukni hadya sifatida yubordi. Bu hadyadan boshi ko'kka yetgan Safinur begim uzukni barmog'idan yechmay yurishga odatlanibdi.
Bu orada Mironshoh tez-tez bu shaharga kelib-ketar goh begimning ayvonda kashta tikib o'tirganini ko'rsa, goh maydonda ot choptirib yurganiga guvoh bo'lardi. Safinur begim Mironshohni kutilmagan tashrifi sabab, goh qo'lida kitob bilan qarshi olsa, goh kamon va o'q bilan kutib olardi.
Bir yil o'tgach, Safinur begim o'n sakkizga to'lish arafasida Farida begim jiyanini Buxoroga chaqirtirdi. To'y oldi ,,Katta arkni o'rganib, yangi hayotga moslashsin. '' dedi u qimmatbaho marvariddek asralgan jiyanini ko'rish orzumandida.
Safinur Arkka kelgach, o'zini muzlagan guldastadek his qildi. Hovlilarda qor yengil yog'ar, havoda sovuq shamol esar, minoralar ustida qushlar qotib qolgancha jim turardi. Bu yer ham o'z arkidan farq qilmas, hattoki yetarlicha hashamatli va shinam, ammo bu yerda o'z arkidan topgan erkinlik, hurlikni topa olmadi. Lekin, sevgisi iliqligiga ovunar, ammasining mehribonligidan ko'ngli to'q edi.
Nihoyat, to'y kuni yetdi. Shahar bayram libosida, Ark esa ko'rkam bezakda. Ularning kayfiyatiga hatto qishning qahraton sovug'i ham ta'sir qilmasdi. Shu oy davomida yog'magan qor ham avvaliga maydalab, so'ng laylakqorga aylanib yog'ishni boshladi, go'yo qandaydir sirni yashirishga urinayotgandek.
Kun tush vaqtiga yetganda to'y libosini kiydirish uchun kirgan ayollar hovuzdagi muzdek suv ustida oppoq libosli jasadni ko'rib qotib qolishdi. Safinur begim — suv bag'rida jim yotar, barmog'idagi sevgi ramzi bo'lgan alvon uzuk esa alvon rangli porlashini yo'qotib, qora tusga kirgandi. Uzuk ham, go'yo o'z sohibasi kabi butunlay uyquga ketdi.
Afsuski, taqdir qishda tug'ilgan muhabbatni bahorgacha yetkazmadi.
Bu xabardan qattiq qayg'uga tushgan Farida begimni jiyanining o'limi qancha tashvishga solsa, o'g'lining kelajagi undan ham ortiq tashvishlantirardi. Shu sababdan Farida begim qaror berdi:
,, To'y tugaguncha og'izdan-og'izga so'z o'tmasin. Amirlik sha'ni — har narsadan ustun. ''
Shu kecha to'y davom etdi. Kuy-qo'shiqlar yangradi, ammo osmon sukutga cho'mgan, qor yog'ishda davom etardi. Bu vaqt osmondan qor emas, go'yoki Safinur begimning ko'z yoshi tushayotgandek. To'y nihoyasida Mironshoh kelinning yuzini ko'tarib qaraganida muzlab qoldi. Qarshisida u sevgilisini emas, boshqa qizni, Amirlik vaziri bo'lgan Doniyorbeyning qizi Sakina begimni ko'rdi. Ammo, o'sha paytda Arkning orqa hovlisida, suv ostida Safinur begimning ruhi alvon uzuk bilan birga jim yotardi. ,,
Shu kundan boshlab, Buxoro ahli orasida bir afsona yashab qoldi: Ark afsonasi...
,, Qachon qish kechasi havoda alvon nur chaqnasa, bilgil — bu Safinur begimning sevgi va baxtsizlikdan azob chekayotgan ruhi muzlagan hovuz ustida kezib yuribdi. ''
— Safinur begimning o'limi nima sababdan bo'lgan?— buvim afsonani aytib tugatgach ichimni tirnayotgan savolni berdim. Tan olish kerak-ki, bu afsona menga boshqacha ta'sir qildi. O'zimni Safinur begimning o'rniga qo'yib ko'rib, ming o'lib-tirildim.
— O'lim sababini hech kim bilmaydi. Ba'zilar, o'z joniga qasd qilgan deyishsa, ba'zilar baxtsiz hodisa deyishadi. Bu borada hech kim jiddiy qiziqmagan va bu shunchaki afsona. Tarixda bo'lgan yoki bo'lmagani ham aniq emas.— buvimning javobi meni qoniqtirmasa-da, yana ichimda yig'ilib turgan savollarni berishni boshladim.
— Uzukchi? Uzuk nega qora tusga kirib, keyin o'zgarmagan?
— Uzuk Mironshoh va Safinurning muhabbat ramzi edi. Shu bilan birga uzuk faqat Safinurga atalgandi. Uning o'limidan so'ng uzuk qanchadan-qancha insonlarning qo'liga tushgan bo'lsa-da, uzukning yangi sohibalari uzukdagi muhabbatni emas azobni olgan.— juda g'alati afsona ekan. Etim junjikib ketti-yey. Afsonaning og'ir muhiti meni og'irlashtirgani sabab, sal yengillashish uchun derazadan tashqariga qaradim.
Tashqarida kuzning ohirgi nafaslari esar, daraxtlar allaqachon yaproqsiz, ko'chadagi tuproq usti nam va sovuq hid taralgan. Osmonda qor emas, balki muzga aylanayotga mayda yomg'ir yog'ar, u deraza oynasiga mayin ohangda urilib, xonadagi sukunatni yanada chuqurlashtirardi.
— Eshitishim bo'yicha, uzukni kim taqsa ham qora rang tusi hech ham o'zgarmas, Safinurning qo'lida porlagan alvon rang kabi porlamas emish.— buvimning horg'in ovozi yana eshitilishni boshlaganda, buvim tomon o'girilib, qayta yoniga o'tirdim.
— Buvi, agar Safinurning o'limi haqida to'y boshlanishidan avval aytishganda nima bo'lardi?— yana bir meni qiziqtirgan savol ichimdan otilib chiqdi. Safinurga atolatsizlik qilishgan deya ichimdan vulqon otilishga shaylanardi.
— Agar, aytishganda Mironshohning ham Amirning ham obro'siga putur yetardi. Balki, Mironshoh otasining o'rniga amirlikka o'tira olmasdi ham.
— Tushunarli... Lekin, baribir ular Safinurga adolatsizlik qilishgan.— hali ham Safinurning o'limini qabul qila olmasdim. Buvimga ,,hayrli tun'' tiladim-u, ustini havo ancha sovib qolgani uchun qalinroq yopib, avval oshxonaga chiqib o'zim uchun choy damladim. Zora, zirqirab og'riyatgan boshim tinsa... Finjonni olib, o'z xonamga o'tarkanman fikr-u hayolim o'sha afsonada edi.
Ancha og'ir mavzu bo'lsa ham, lekin boshlig'imiz aytganidek kreativ mavzu. Bu afsona hattoki meni o'yga toldirib qo'ydi.
Xonamdagi yagona eski kompyuterimni yoqib, qo'llarimni ishga tushirdim. Buvim aytgan har bir gapni nuqta va verguligacha yozib oldim. Kerakli va asosiy joylari bo'yicha qayta o'ylash uchun qog'ozga tushurdim. Ark... Alvon rangli uzuk... Va begimning o'limi. Safinur o'z joniga qasd qilmagan bo'lardi, menimcha. Chunki, u Mironshohni sevgan. Hatto, sevgisi afsona bo'lib qolgan. Baxtsiz hodisa bo'lishi ham mumkin emas. Nahotki, kattakon Arkda to'satdan suvga tushib ketib, o'layotganini hech kim ko'rmagan bo'lsa...
Xonamda kompyuter chirog'i xira yonar, choyim sovib ulgurgan, men esa o'n daqiqadan buyon sochlarim orasiga qistirib olgan qalamni izlardim. Qilib o'tirgan ishimni qarang. Menimcha, bu uyqusizlikning ta'siri.
Yomg'ir allaqachon tinganligi sabab xonam oynasini sekin ochdim. Ichkariga tashqaridagi kuzning va yomg'irning yoqimli hidi singib kirdi. Boshimdagi qalamni amallab topib olganimdan so'ng, qayta o'rnimga joylashar ekanman, kompyuterning xira ekraniga bir qur ko'z tashladim. Ekranda so'nggi yozgan satrimda kursor hanuz miltillardi. Xayolimdagi ming savolni bitta javob ham tinchita olmasdi. Har safar ,, nega'' degan savolni o'ylaganimda yuragimda nimadir g'imirlab qo'yadi. Shu payt... Yengil, ammo sovuq shamol esib, derazani g'iyqillatib yopdi. Parda silkindi. Bir zumga yuragim ,,tup'' etdi — xuddi kimdir orqamda turgandek. Tezda o'girildim. Hech kim yo'q. Aftidan, men afsona ta'siriga tushib qoldim. Charchabman... Hamma xayollarimni chetga surib, soatga qaradim-u, ancha kech bo'lib qolganini payqadim. 02:17... Shu paytgacha qilgan ishimning tayini yo'q, ammo soat allaqachon 02:17. Uxlash kerak...
Ko'zlarimni istar-istamas ocharkanman, soat yetti yarim bo'lganini ko'rib ko'zlarim kattalashib ketdi. Shuncha vaqt ham uxlaymanmi? Xonamdan yugurib chiqdim-u, yuvinish xonasiga kirib ketdim. Negadir bugun buvimning xonasidan har doimgidek tongdan televezorni ovozi eshitilmasdi. Ishqilib ahvoli yaxshi bo'lsin.
Miyyamdagi har xil yomon xayollar bilan buvimning xonasiga kirdim. O'z yotog'ida holsiz yotgan buvimga ko'zim tushib hushim boshimdan uchdi. Yo'q, bunday bo'lmasligi kerak... Zudlik bilan buvimning yoniga kelib, sekin yelkasiga qo'limni qo'ydim. Hayriyat... Horg'in ko'zlari ohista ochilib, menga qadaldi.
— Buvi, ah... Ahvolingiz yaxshimi? Meni qo'rqitib yubordingiz.— chuqur nafas chiqarib, yotoq yoniga o'tirib qoldim.
— Yax... Yaxshiman, qizim, yaxshiman... Tezroq bo'laqol, ishga kech qolasan.
— Yo'q, ahvolingiz yaxshi emas, bugun ishga bormayman. Uyda ishlayman.— qaysarlik bilan, telefonimni qo'limga oldim. Raqamlar orasidan buvimga mas'ul bo'lgan shifokorning raqamini qidirishni boshladim.
— Kimga qo'ng'iroq qilyapsan? Aytdim-ku, ahvolim yaxshi. Hech kim, hech narsa kerak emas. Sen esa, meni deb ishdan qolma, yugur, kiyimingni alishtir.— buvimning har doimgi buyruq ohangini eshitgach bir muddat ahvoli yaxshi deya kiyinish uchun xonamga chiqdim. Xayolim parishon kiyimlarimni kiyib bo'lgach avvaliga qo'shnimiz Sojida opaning yoniga chiqdim.
— Iya, Zuhdiya, kel. Tinchlikmi? Ishga hali ketmadingmi?— farzandlarini maktabga kuzatib qayta ikkinchi qavatga chiqayotgan Sojida opa meni ko'rib to'xtadi.
— Endi ketmoqchi edim, ammo buvimning ahvoli sal yaxshi emas. Ishga bormay desam holi-jonimga qo'ymadilar. Shifokorga qo'ng'iroq qilmoqchi edim, urishib berdilar.— ishga kech qolayotganim uchun tez-tez gapirarkanman, Sojida opa meni darrov tushundi.
— Xavotir olma, sen ishga ketaver. Men o'zim xabar olib turaman. Avvali, sal o'tib tez yordam chaqirsam, bir ko'rib ketadi. Ijara pulini so'rab qolishadi, sen ishdan qolib, maoshingni kamaytirma.— Sojida opaning gaplaridan sal hotirjam tortib, sumkamni olish uchun yugurib qayta uyga kirdim. Ketish oldi yana bir bor buvimning xonasiga kirib, ketishim haqida xabar berdim.
— Buvi, men ishga ketyapman. Ishlarimni tez tugatsam, tushdan so'ng tezda kelaman. Sojida opaga aytdim, sizdan xabar olib turadi.— hotirjam bo'lishga harakat qilsam ham barbir ko'nglim g'ash bo'laveradi, lekin Sojida opa aytganidek hali ijara pulini ham to'lashim kerak.
— Yaxshi, bemalol boraver. Men yaxshiman.— buvimning yana bir bor ,, men yaxshiman'' degan so'zini eshitgacha ko'nglim sal taskin topdi. Sumkamni oldim-u, aftobus bekati tomon yugurdim. Soat allaqachon sakkizga bong uribdi.
Kecha tonggacha yog'ib chiqqan yomg'ir suvlaridan yo'l chetlarida shunday ko'lmakchalar hosil bo'lganki, har birini ,,mini okean'' deb atasa bo'ladi.
Tabiatan suvni hushlamaganim sabab bu ,,mini okean'' larning har bir tomchisidan qochishga jon-jahdim bilan harakat qilaman. O'zimni olimpiya o'yinlarining ,,ko'lmakdan sakrash'' bo'yicha mutaxassisi deb hisoblab yubordim.
Adashmasam, yetti yoshimda yozgi basseynda cho'kib ketib, ,,rahmatlik'' bo'lishimga sal qolgan. O'sha kundan buyon suvni ko'rsam chetlab o'taman. Qisqa qilib aytganda menda suvga fobiya bor.
Aftobus bekatiga yetish uchun kamida o'nta ko'lmakdan ,,quruq'' o'tishim kerak edi. Odamlar meni ko'rib, ,,Bu qiz bechora adashib qolibdi, balet maktabi narigi ko'chada edi, '' deb o'ylashgan bo'lsa ajab emas.
Mana, aftobus bekatiga yetishimga ikki qadam qoldi, men esa g'olibona oldinga intildim. Ichimda kichik g'alaba madhiyasi yangrayabdi:
,,Bugun omadim chopdi! Hech bir tomchisiz... Men eng zo'riman!''
Lekin... Yo'q... Uzoqdan, bir motorli ,,reaktiv samolyot'' dek, tezlikda kelayotgan mototsikl katta ko'lmak ustidan o'tti-yu, hayotimning eng qayg'uli sahifasini ochib ketdi. Naqadar shalabbo? Xuddi, men hozirgina dengiz sayohatidan qaytgan suzuvchiga o'xshab qoldim, faqat qirg'oqqa chiqishga ulgurmay, boshqa to'lqin urib yuborgandek.
— Nega...? Nega, doim menda omadsiz kunlar ko'p?— noligancha, oyoqlarimdan yomg'irdek oqayotgan suv bilan butun yo'lakni ko'lmakchaga aylantirib aftobusga chiqarkanman, tanish aftobuschi amaki menga qarab jilmaydi. Uning qo'lida quruq sochiq...
— Asabiylashma, qizim. Hozir bundaylar kam emas. Kechadan buyon bu yerda ,,suv parisi'' bo'lib qolganlar kamida o'ntacha bo'ldi.— deya kulib, qo'limga quruq sochiqni tutqazdi. Sochiqni olarkanman, yuzimga yopishib qolgan nam sochlarimni artdim. Sovuq havo badanimga urilib, titratardi. Aftobuschi amaki menga rahm qilib tikilib turardi. Keyin joy ko'rsatib, ,,Qizim, orqaroqqa o'tib o'tir. Eshik ochilganda shamollaysan, '' dedi. Aslida uning so'zlariga javob qaytarishga ham holim yo'q edi, shunda ham bazur ,,rahmat'' aytib, o'rtaroqdagi bo'sh o'rindiqlardan biriga o'tirdim. Butun tanam muzlab, kayfiyatim ham nolga tushib ketdi.
Aftobus sekin joyidan qo'zg'aldi. Oynadan tashqariga, yomg'irdan keyingi manzaraga boqarkanman, mototsiklchini hali ham la'natlab turardim. Ko'chalarda yurgan odamlarning aksariyati, ayniqsa, shu kunlarda, qandaydir shoshqin, asabiy ko'rinardi. Har birining yuzida o'z tashvishlari, o'z muammolari aks etgan. Ular ham hozirgina men duch kelgan ,,ko'lmak''lardan o'tib kelishgandek edi.
— Mana buni oling. Titrayabsiz, havo sovuq.— o'z xayollarim bilan band vaqtim, yonimda tik turib ketayotgan yigit kostyumini menga uzatdi.
— A? Yo'q, shart emas. Hozir sovuqqa moslashib olaman, o'tib ketadi.— uni birdan rad etib, yana nigohimni oyna tomon burdim va yelkamga tashlangan o'tkir atirli, issiq kostyumni his qildim.
— Shunchaki, boshqalarning yordamini ham qabul qilishni o'rganing.— yigit shunday dedi-yu, ikkinchi bekatga to'xtagan ayni vaqt aftobusdan tushib ketdi. ,,Rahmat'' aytishga ham ulgurmay qoldim.
Sal o'tib mening ham bekatim kelgach, yo'l haqqini to'lab, ishxonam qarshisidagi bekatda tushib qoldim va yugurgancha ishxonamga kirdim. Bir tomondan ishga kech qolganim asabiylashtirsa, bir tomondan men sevmaydigan sovuqlik asabiylashtirardi.
Ichkariga kirganimda qo'riqchi amaki meni ko'rib, odatdagidek salomlashish o'rniga naq uch sekund og'zi ochilib qoldi.
— Zuhdiya, ko'chada yomg'ir yog'yaptimi?— ko'zoynagini to'g'irlab, eshikdan sal boshini chiqarib, osmonga qaradi.
— Yo'q, mototsikl va ko'lmak qurboni bo'ldim.— dedim-u, eshikdan kirib kelgan va meni shu ahvolga solgan kimsaga cheksiz nafrat bilan qaradim. Yuzidagi shlemini yechmasdan, menga ham e'tibor bermay ichkariga kirib ketar ekan, ortidan baqirdim.
— Siz... Siz meni shu ahvolga soldingiz? Nima balo, ko'zingiz ko'rmi.— ortiga o'g'irilmasdan ham ketayotgan yigit tomon yana baqirdim.
— Ruhiy hasta...
Qanday razillik? U uzur so'rash chetda tursin, men tomon qaramadi ham.
— Hoy qiz, aqlingni yedingmi? Nashriyotning yangi boshlig'i-ku, u.— qo'riqchi amakining gapidan so'ng to'xtab qoldim. Yangi boshliq? Ha, aftidan onam meni ,,omad'' degan narsa paydo bo'lishidan avval dunyoga keltirgan. Yoki, pul zarur vaqti kimgadir ,,omad''imni pullab yuborganman. Haqiqiy esda qolarli kun...
Xonaga kirishim bilan esa haqiqiy shou boshlandi. Avvaliga e'tibor bermay shunchaki ,,salom'' bilan cheklandi, keyin esa meni ko'rib Gulzora dugonamning qo'lidan choy stakani tushib ketishiga sal qoldi. Hoshim esa qo'lidagi qog'ozlarni tushirib yubordi.
— Zuhdiya, nima bo'ldi senga? Ustingdan kim chelakda suv ag'dardi?—Gulzora yugurib kelib, yelkamga qo'l tekkizayotganda, ,,Voy, muzdek-ku!'' deb sakrab tushdi.
— Chelakda emas, butun bir ko'lmakni ag'darishdi, Gulzor. Ko'lmakni!
— Ha, mayli, ko'lmak bo'lsa ham, lekin sen ko'lmakni ustiga tushgandek...—Hoshim gapini davom ettira olmay, kulgudan o'zini bazur tiyib, teskari o'g'irilib ketdi. Men esa xona burchagidagi men uchun ajratilgan ish stolim yoniga bordim. Stol ustida bir talay shoshilinch topshiriqlar. Kursimga qarab ,,Ha, do'stim, sen ham endi suv osti kemasi bo'lishga tayyormisan? '' deb pichirladim. Joyimga o'tirishim bilan kursi ham shiqillab, ,,Meni ham cho'miltirganing uchun rahmat!'' degandek bo'ldi.
Haligi yigit bergan kostyumni kursi ortiga ilib, bir talay qog'ozlarga ko'z tashladim. Aftidan, ish boshqaruvchimiz meni kech kelganimni payqamadi. Bu men uchun ,,kun tuhfa''si bo'ldi, chamamda. Yo'q, adashibman... Eshik yonidan o'tayotgan janob Jo'rayev ichkariga mo'raladi.
— Faxriddinova, nima balo, dengiz ortidan kelayapsizmi?
— Yo'q, janob. Men shunchaki tabiatning kuchini his qilib keldim. Bugun ikki kun avval bergan ,,Suv resurslarini boshqarish'' degan mavzu bo'yicha eng samarali go'yalar bilan chiqaman. Bu mavzuni juda ajoyib amalda sinab ko'rdim.—mening gaplarimdan Gulzora va Hoshim kulib yuborishdi. Jo'rayev esa peshonasini tirishtirib, ,, ishga kech qolganingizni ohirgi marta kechirdim. Keyingi safar maoshingizdan kesiladi.'' deya chiqib ketdi.
Kunni bazur tushgacha uladim. Ora-orada Sojida opaga qo'ng'iroq qilib, buvimning ahvolidan xabardor bo'lib turishni ham unutmadim. Tushgacha barcha ishlarimni qilib bo'lgach, ketishga ruxsat so'ramoqchi bo'ldim. Afsuski, Jo'rayev o'zi ishga kech kelganimni ro'kach qilib, qo'lyozma ustida shug'ullanishimni aytib chiqarib yubordi.
Jin ursin barchasini...
O'rnimga qayta joylashib, kechagi afsona bo'yicha bosh qotirishni boshladim. G'oya ham tayyor, ammo menda diqqat kamlik qilyapdi. Diqqatimni bir yerga jamlay olmayapman, hech.
— Nega buncha o'ychansan? Qo'lyozma bo'yichami?—Hoshim stolim ustiga yangi damlangan qahvani qo'yib, o'z qahvasini sipqirib ichdi.
— Yana nima bo'yicha ham bo'lardi?—telefonim ekranini yoqib, soatga qarab qo'ydim. Peshingi besh bo'lib qolibdi. Yana bir yarim soatda uyda bo'laman.
— Xo'sh, biror g'oya topdingmi?
— Menimcha, topdim, ammo bir-ikkita joyini aniqlashtirib olishim lozim.—g'oya topganimni o'ziga ham shukr qilib turganimda, telefonga chaqiruv keldi. Sojida opa... Ishqilib, tinchlik bo'lsin.
— Eshitaman, Sojida opa.
— Zuhdiya, tez shahar shifoxonasiga yetib kel. Buving shifoxonaga tushib qoldi.—men eshitishni istamagan xabar. Qo'limga sumkamni oldim-u, janob Jo'rayevga ham xabar bermay ko'chaga yugurdim. Yo'l chetiga o'tib, tezroq taksi to'xtashini kutdim. Aksiga olib birorta ham taksi to'xtamayapti.
— Qayerga borasan? Tongdagi hodisaga ,,uzur'' sifatida olib borib qo'yaman.—mototsiklning baland tovushidan so'ng, notanish yigitning ovozi eshitildi. Aslini olganda ,,yangi boshlig'im'' desa ham bo'ladi.
— Mototsikldami?—o yo'q, men tezlikdan ham qo'rqaman.
— Boradigan joying shoshilinch, menimcha.— rostdan ham shifoxonaga tezroq borishim kerak. Demak, qo'rquvni yengamiz.
— Shahar shifoxonasiga...— deya shlem uchun qo'limni uzatdim.
— Shlem bitta edi.— ,,nima, shlem bitta?''. U o'z shlemini yechib, menga tutqazdi. O'zi esa yuzidagi maxsus niqob bilan qoldi.
Mototsiklning motor tovushi ko'chani titratib yuborgandek bo'ldi. Shamol ko'zlarimga urilib, sochlarimni yulqilab o'tardi. Yuragim esa bezovta, qo'rquv va tashvish qorishib ketgandi. Hali tanib ukgurmagan boshlig'im esa meni ogohlantirib o'tdi.
— Mahkam ushla.— men shlemni biroz tuzatdim-u, mahkamroq ushlab oldim. Mototsikl tezligi esa oshib ketdi. Shu zahoti shamol yuzimni kesib o'tganini his qildim. Kuzning so'nggi kunlari, qish kirib kelish arafasida. Havo sovuq, osmonda qora bulutlar paydo bo'lishni boshlagan. Quyosh qora bulutlar ortidan sekin g'arbga og'ayapti. Tezlik oshgani sayin yuragim ham tez ura boshladi. Shamol ko'larimni qizartirib, kipriklarimni titratardi. Yo'l bo'yidagi ko'chalar, odamlar, binolar bir-biriga aralashib, go'yo vaqt ham tezlashgandek tuyuldi. Yuragimda esa bir fikr: ,, Faqat buvimni ko'ray. U yaxshi bo'lsin... ''
Har lahza, o'tayotgan soniya menga bir umrdek tuyulardi. Motor tovushi, shamolning uvillashi, har bir burilish— hech biri meni vahimaga solmas, bir qo'rquvim buvim edi. Shu on buvim bilan o'tkazgan har bir soniyam ko'z oldimdan kino tasmsidek o'ta boshladi.
... Bolaligimda sal qo'limni tilib olsam ham qattiq tashvishlanishi.
... Xasta bo'lsam tonggacha yonimda mijja qoqmay chiqishi.
... Menga har xil ko'ylaklar tikib bergani.
... Birga taom pishirganlarimiz.
... Har gal ishga yoki o'qishga ketayotganimda duo qilib, qo'lini yuziga surtgani.
... Sochlarimni o'rib qo'yishi.
... Ishga kech qolayotganimda ham majburlab nonushta qoldirishi.
Hamma-hammasi xuddi kechagidek yodimda. Ko'z oldim qorong'ulashib ketdi. Qattiq shamol tufaylimi yoki yuragimdagi og'riqdanmi, bilmadim.
Boshlig'im mototsiklni keskin burib, yo'lni qisqartirdi. Ko'chalar oralab ketishimizda qor aralash yomg'ir yog'a boshladi. Tomchilar shlem oynasidan mayda halqalar hosil qilardi. Shahar shifoxonasining oq binosi uzoqdan ko'rindi. Yuragim hapqirib ketdi. Nihoyat, shifoxona hovlisida to'xtaganimizda u motorni o'chirdi. Shoshilib tushdim-u shlemni yechib, unga tutqazdim.
— Rahmat.—dedim hovliqqancha. U esa shunchaki boshini qimirlatib qo'ydi. Men esa ichkari tomon yugurdim. Shifoxona yo'laklari, oq devorlar, keskin hidli havo, uzoqdan eshitilayotgan har xil uskuna tovushlari... Yuragim battar qisildi.
— Buvim, Sanam Axmedova... Qayerda? — qabul bo'limidan chuqur nafas olib so'radim.
— Uchinchi qavat, jonlantirish bo'limida, lekin.. — hamshiraning shoshilmasdan aytgan javobini chala eshitib uchinchi qavatga chiqish uchun shoshdim. Aksiga olib lift ishlamayapti. Zinalardan yugurib chiqishni boshladim. Har bir qadamda oyoqlarim qaltirardi. Jonlantirish bo'limiga o'tib, o'zimga kerakli xonani topganimda ichkaridan shifokor chiqib keldi.
— Buvim... Buvim yaxshimi? Iltimos yaxshi deng...
— Afsuski yaxshi deya olmayman. Yuragi juda zaif. Qo'shimchasiga yurak hurujini boshdan o'tkazipti. Qisqasi, har qanday vaziyatga tayyor turing.— bu nima degani? Yo'q, yo'q...
— Yo.yoniga kirsam bo'ladimi?— shifokor ,,ha'' degandek bosh silkigandan so'ng xonaga ichiga o'zimni urdim. Xonaga kirishim bilan ko'zimga buvimning oqarib ketgan yuzi, boshu yonida joylashgan uskunalar va ularning yoqimsiz ,,pi-pi'' tovushi tashlandi. Buvimning qo'li bilinar-bilinmas titrab turar, lablari orasida esa nimalarnidir shivirlardi.
— Buvi, buvijon...— sekin yoniga egilib, buvimga qaradim. U ko'zlarini yarim ochib, bir muddat menga qarab turdi-da, barmog'ini harakatlantirib, qo'limni ushlamoqchi bo'ldi.
—Zuhdiya... Keldingmi?
— Ha, buvijon, men shu yerdaman. Hali hammasi joyiga tushadi. Siz avvalgidek tongdan meni nonushta va baland televezor ovozi bilan qarshi olasiz. Men sizga qo'lyozmalarim haqida gapirib beraman, siz esa hammasini erinmay eshitasiz. Hali siz aytib berga haligi afsona haqida ham qo'lyozmamni o'qiysiz. Faqat... Faqat, meni tashlab ketmang.
— Hammasi yaxshi bo'ladi, qizim. Faqat...mensiz. Endi bu yog'iga o'zing davom etasan, shekilli.— u jilmaymoqchi bo'ldi, ammo nafas olish unga og'irlik qilayotgandek edi. Shunda uning kipriklari orasidan bir tomchi yosh sirg'alib chiqdi. Men esa uni sovuqlashayotgan qo'lini mahkam ushlab, ko'z yoshlarimni tiya olmadim. Tashqarida esa yomg'ir tomchilari derazaga urilib, go'yo osmon ham men bilan birga yig'layotgandek.
Izohlar
0