Xuddi bir asr uxlab qolgandek edim. Go‘yo boshqa tanada uyg‘ongandek his qildim. Ko‘zlarimni istar-istamas ochdim-u, hayratdan dong qotdim. Avvaliga buni tush deb o‘yladim, ammo keyingi tasvirlar va qo‘limni chimchilab ko‘rganimdan so‘ng, bu tush emasligini angladim. “Balki biror filmda rol o‘ynayotgandirman?” degan o‘y ham xayolimdan o‘tdi, ammo darhol rad etdim — axir men oddiy jurnalistman, qanday qilib aktrisa bo‘laman?
Sekin o‘rnimdan turdim. Atrofga ko‘z yugurtirdim. Avval tanish bo‘lgan zamonaviy xona, mobil telefonim, o‘sha muzey, muzeydagi zamonaviy kiyimdagi odamlar... hammasi yo‘q. Ularning o‘rnida esa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan Buxoro amirligi davriga oid xonalar va buyumlar paydo bo‘lgandi. Egnimda esa shoyi atlas ko‘ylak va ipak ro‘mol. “Nimalar bo‘lyapti o‘zi?” degan savol miyamni tilka-pora qilardi. Eshikdan hovliga chiqdim. Bu yer ham xuddi tarixiy suratlardagi kabi — eski Buxoro hovlisi. Atrofga hayrat bilan boqarkanman, hovlida uzun atlas ko‘ylak-lozim kiygan, sochlarini ikkita qilib o‘rib olgan bir nechta ayollar ko‘zimga tashlandi. Shu payt yonimda paydo bo‘lgan o‘rta yoshli ayol shoshqaloqlik bilan gap qotdi:
— Uyg‘ondingizmi, begim... Rostdan ham qo‘rqitib yubordingiz. Sizga “o‘sha otga chiqmay qo‘ying” degan edim-ku…
“Begim?” Men adashmagan edim. Bu tush ham emas, kino sahnasi ham emas — bu hayotimda bo'layotgan haqiqiy voqealar edi. Bu fikr miyamdan o‘tishi bilan atrof qorong‘ilashib ketdi va hushimdan ketdim.
Izohlar
0