“Yer ostida metro poezdining tezligi odatdagiga qaraganda tez ko’rinadi, ammo yopiq qarorgohda harakatlangan metro poezdining tezligi ko’ringan darajada tez bo’lmaydi. Bu shunchaki bir borliqni, voqelikni noto’g’ri idrok qilishdan hosil bo’lgan soxta tushuncha, tasavvurdir, bir ko’zning aldanishidir. Ko’rgan hamma narsa hamisha ham to’g’rilikcha talqin bo’lmasligini esdan chiqarmaslik kerakdir.” Bu fikrlarni tushunib yetgan Saidumar, tushunib yetgani yetmagandek, yana o’z miyasida aylantiraverar edi. Bu fikrlari bilan u metro poezdining ichida ketayotgan edi. Metro poezdi to’xtadi va Saidumar undan tushdi va boshqa bekatga o’tish uchun piyoda yurdi.
Bu yerdagi hayot esa to’g’ridan to’g’ri ma’nosida yer ostidagi hayot edi. Atrofda nur yetishmasligi hisobiga, muhit qorong’iroq edi. Nafas olish esa juda ham yengil emas edi. Hamma chiqish yo’llari yopilgan. Ma’lum bir joylarda yana boshqa yo’llarni ochish va shu bilan birga uylar qurish uchun ba’zi bir joylarda qazish ishlari olib borilayotgan edi. Uylar esa qayerda bo’sh joylar bo’lsa, o’sha yerlarga qurilgan edi. Masalan, bekatlarda yashashga halaqit bermasa yoki poezd yo’llari kesishuvi bo’lmasa va orasi keng bo’lsa va hokozo joylarga edi. Bu ko’rinish yer ostidagi labirintning katta bir holi edi.
Odamlar ancha yillardan beri yer ostida yashab kelishayotgan edilar. Ba’zi bir odamlar uchun achinarlisi shu ediki, o’sha ancha yillarning aniq yoki taxminan sarhisobi ham ma’lum emas edi. Ba’zi odamlar esa yer ostida shunchaki tirik qolish bilan ovora edilar. Oziq-ovqat yetarli emas, uni g’amini o’ylash kerak edi. Yer ostidagi hayot sog’liqqa ta’sir qilar edi, uni ham g’amini o’ylash kerak edi. Yangi joylarni isloh qilib, qazib chiqish kerak, buning g’amini o’ylash kerak edi. Metro poezdining buzilishi bo’lib turar edi, unga ehtiyot qismlar topish kerak bo’lar edi va buning g’amini o’ylash kerak edi. G’amini o’ylash kerak bo’lgan narsalar ko’p edi. Bu yerdagi insonlar uchun kelajak faqat yer ostida tug’ilib, yer ostida jon berishdan iborat edi. Faqatgina tirik qolish instinkti hozirgi on ularni harakatga keltirar edi.
Saidumar kichkina bo’lgan uyiga keldi. Uyda opasi, onasi edilar. Otasi esa ishda yo’l qazish bilan ovora edi. Onasi to’shagda yotgan edi, anchadan beri yo’tal bezovta qilar va shu anchadan beri to’shagga mixlangan edi. Opasi esa uy ishlari va onasiga qarash bilan ovora bo’lar edi.
Kechki ovqatda oila jam bo’lib o’tirar va kichkinagini xontaxta bir piyoladan suv, kichkina kosalarda ozgina sho’rva va mushtdak keladigan bir parcha nondan iborat edi. Saidumar va otasi bir kichkina ho’plam qilib, suvning qolganini opasi va xotiniga berishdi. Ayollar bunga e’tiroz bildirishlariga qaramasdan, olishga majbur bo’lishdi. Xontaxtada “omin” deya turib ketishdi.
Odamlar qachondan beri bunaqa hayot kechirishlari noma’lum edi, lekin o’sha yerdagi odamlarning taxmini bo’yicha uchta yoki to’rtta avlod almashgan edi. Bu yerda na axloqiy, na diniy, na ilmiy uchqunlar qolgan edi. Qolgani faqat o’sha uchqunlardan bir kichkina zarralar edi, ya’ni qonlarga, onglarga singgan ma’lum bir an’analar yoki odatlar edi. Yer ostidagi hayotning sababi esa aniq edi va u odamlarga bir balo bo’lib xizmat qilar edi. Yer ustini tabiiy ofatlar o’rab olgan edi. Yer sharini anomal yong’inlar va anomal muzliklar bosib olgan edi. Odamlar fikrlashga harakat qilib ko’rishgan, qanday qilib bunaqa qarama-qarshiliklar yer ustini o’rab olgan deya, ammo yer ostida turib, bu narsani tafakkur qilish ular uchun qiyin edi. Avlodlar orasida tashqariga chiqishni niyat qilganlar ham, harakat qilganlar ham bo’lgan, biroq bularning hammasi omadsizlik bilan tugagan. Kimdir tiriklayin yongan, kimdir esa tiriklayin muzlagan.
Izohlar
0