2-BOB
Festival boshlanishiga bir kun qolgandi.
Valentina qo‘lidagi telefon ekraniga bir muddat tikilib turdi. U Freyaga qo‘ng‘iroq qilishi kerak edi, ammo nima deyishni bilmayotgandi. Dugonasining festivalni naqadar intiqlik bilan kutayotganini yaxshi bilardi. Unga bu xabarni aytish oson bo‘lmasdi.
Nihoyat, Valentina chuqur nafas olib, Freyaning raqamini terdi.
— Salom, Val! Ahvoling qanday? — dedi Freya telefonni ko‘tarishi bilan.
Uning ovozidan ertangi festivalga borishni qanchalik kutayotgani sezilib turardi.
— Salom, yaxshi. O‘zing-chi, qalaysan? — deb so‘radi Valentina.
U imkon qadar odatdagidek gapirishga harakat qilardi.
— Men ham yaxshiman! Ertangi festival haqida o‘ylasam, hayajonlanib ketaman. Tasavvur qilyapsanmi, u yerda qancha qiziqarli narsalar bo‘larkin!
Valentina beixtiyor jilmaydi. Freyaning quvonchini eshitish unga yoqardi, ammo ayni damda bu quvonchni so‘ndirishga majbur bo‘layotgani yuragini siqardi.
— Freya, bilasanmi... Men senga bir narsani aytishim kerak.
— Xo‘sh, nima ekan? — dedi Freya qiziqish bilan.
Valentina bir zum jim qoldi.
— Kechir, ammo men ertaga festivalga borolmasam kerak.
— Nima? Nega? — Freyaning ovozidagi hayajon o‘rnini hayrat egalladi.
— Biroz mazam bo‘lmayapti, — dedi Valentina va gapiga ishonchliroq tus berish uchun yengil yo‘taldi.
— Ahvoling yaxshimi o‘zi, Val? — Freyaning ovozi darhol xavotirga to‘ldi. — Kerak bo‘lsa, hoziroq oldingga boraman.
— Yo‘q, yo‘q! Kelishing shart emas.
— Nega ekan? Axir men sening eng yaqin dugonang bo‘lsam!
Valentina ko‘zlarini yumib, chuqur nafas oldi.
— Men shunchaki... festivalga o‘zing borishingni aytmoqchi edim.
— Nima, sensizmi? Men sensiz u yerda nima qilaman? — dedi Freya norozi ohangda. — Biz birga borishga kelishib olgandik-ku!
— Bilaman, Freya. Sen bu festivalga borishni juda ham xohlayotganding.
— Ammo...
— Sen boraver. Men keyingi safar borarman, — dedi Valentina uning gapini muloyimlik bilan bo‘lib.
So‘ng boshqa hech narsa demasdan, qo‘ng‘iroqni tugatdi.
Telefon ekraniga bir muddat tikilib o‘tirdi. U Freyaning hafsalasi pir bo‘lganini ovozidan sezgandi. Dugonasini xafa qilishni istamagandi, lekin hozircha unga haqiqatni aytishga tayyor emasdi.
Shu payt xona eshigi yonidan Clara Whitmorening ovozi eshitildi.
— Valentina, menimcha, sen unga haqiqatni aytishing kerak edi.
Valentina boshini ko‘tardi. Tarbiyachi uning yoniga kelib, muloyim nigoh bilan qarab turardi.
— Bilaman, Clara xonim. Bilaman, — dedi Valentina past ovozda.
U biroz jim qoldi. Barmoqlari orasida telefonini aylantirib o‘tirar ekan, xayolga cho‘mdi.
— U hammasini tushunadi, — dedi Clara xonim unga dalda berishga urinib. — Men Freyani juda yaxshi bilaman. U ochiqko‘ngil, mehribon qiz. Agar unga tushuntirsang, seni tinglaydi.
Valentina boshini sekin chayqadi.
— Ammo hozir vaqti emas. Uning xafa bo‘lishini xohlamayman.
— Ba'zan biz yaqinlarimizni xafa qilmaslik uchun haqiqatni yashiramiz, — dedi Clara xonim. — Lekin unutma, Valentina, aytilmagan gaplar ham oramizda masofa paydo qilishi mumkin.
Bu so‘zlar Valentinani o‘yga toldirdi.
U Freyani yo‘qotishni istamasdi. Freya uning hayotidagi eng qadrli insonlardan biri edi. U bilan bog‘liq xotiralar, birgalikda o‘tkazgan kunlari va lavandalar o‘sadigan o‘sha sokin joy ular uchun juda qadrli edi.
Ammo Valentina qalbida saqlayotgan barcha hislarini Freyaga ayta olarmidi?
Hozircha bunga javob yo‘q edi.
Valentina deraza tomon qaradi. Tashqarida kun asta-sekin qorong‘ilashib borardi. Ertaga shahar festival shukuhi bilan uyg‘onadi. Freya esa o‘sha yerda bo‘ladi.
Valentina bo‘lsa, yana o‘z fikrlari va aytilmagan gaplari bilan yolg‘iz qoladi.
Nihoyat, festival kuni ham yetib keldi.
Freya bundan juda xursand edi. U festivalni uzoq vaqtdan beri kutayotgan bo‘lsa-da, Valentina uning yonida bo‘lishini juda istagandi. Axir ular bu kunga birgalikda borishni rejalashtirishgan edi.
Freya uyidan chiqishidan oldin Valentinaga qo‘ng‘iroq qildi.
— Val, men hozir festivalga ketyapman! U yerga yetib borgach, senga videolar yuboraman, xo‘pmi?
— Xo‘p, Freya. Yaxshi dam ol! — dedi Valentina.
— Sen ham yonimda bo‘lganingda, yanada yaxshi bo‘lardi.
Valentina bu gapni eshitib, biroz jim qoldi.
— Keyingi safar birga boramiz, Freya.
— Mayli, Val. Seni yaxshi ko‘raman! Keyin gaplashamiz!
— Men ham seni. Xayr!
Freya qo‘ng‘iroqni tugatib, festival tomon yo‘l oldi.
Festival maydoni odamlar bilan gavjum edi. Atrofda musiqa yangrar, rang-barang chiroqlar porlar, turli xil attraksionlar va shirinliklar sotiladigan do‘konlar odamlarga quvonch ulashardi.
Freya atrofga hayrat bilan qaradi. U bu yerda mavjud bo‘lgan barcha qiziqarli narsalarni sinab ko‘rishni istardi.
U birinchi bo‘lib attraksionlarga bordi. Bir nechtasida uchib, mazza qildi. Keyin esa chanqaganini sezib, yaqin atrofdagi do‘kondan bir stakan sharbat sotib oldi.
Freya sharbatini qo‘liga olib, yana festivalni aylanishda davom etdi. U atrofdagi tomoshalarni kuzatib ketayotganida, kutilmaganda bir yigit bilan to‘qnashib ketdi.
Hammasi bir lahzada sodir bo‘ldi.
Freyaning qo‘lidagi sharbatning bir qismi uning ko‘ylagiga to‘kildi.
— Voy, yana sizmi?! — dedi Freya yigitga qarab, biroz jahl bilan.
Yigit unga hayron bo‘lib tikildi.
— Siz meni taniysizmi?
— Gul do‘konida menga urilib ketgandingiz! — dedi Freya. — Endi yana menga urildingiz!
Yigit unga diqqat bilan qaradi. Bir necha soniyadan keyin u ham qizni tanidi.
— O‘-o‘, kechirasiz! — dedi u xijolat tortib. — O‘shanda juda shoshilayotgan edim.
Freya ko‘ylagidagi sharbat dog‘iga qaradi.
— Hechqisi yo‘q.
— Yo‘q, rostdan ham uzr so‘rayman. Ustingizga sharbat to‘kilishiga men aybdorman.
— Bu mening sevimli ko‘ylagim edi, — dedi Freya kulimsirab. — Esizgina...
Yigit uning ko‘ylagiga qarab, o‘zini yanada noqulay his qildi.
— Aybimni qanday yuvsam bo‘ladi? — deb so‘radi u.
Freya bir oz o‘ylanib qoldi.
— Hmm... O‘ylab ko‘ray-chi...
Yigit unga qarab turdi.
— Balki sizni mehmon qilarman? — dedi u nihoyat.
Freya qiziqish bilan unga yuzlandi.
— Qanday qilib?
— Attraksionlarda uchamiz, sizga shirinliklar olib beraman... Xullas, festivalda nima qilishni istasangiz, birgalikda qilamiz, — dedi yigit.
U bir oz jim turdi-da, gapini davom ettirdi:
— Rozimisiz? Men birovning oldida qarzdor bo‘lib qolishni yoqtirmayman.
Freya uning gaplaridan kulib yubordi.
— Mayli, roziman!
Yigit ham jilmaydi.
— Aytgancha, men hali ismimni ham aytmadim. Ismim Noah.
Freya bir zum unga qarab turdi.
Noah...
Bu ism uning xayolida qandaydir yoqimli taassurot qoldirdi.
— Men esa Freya, — dedi u jilmayib.
— Tanishganimdan xursandman, Freya.
— Men ham.
Ular attraksionlar tomon ketisharkan, Freyaning xayoliga bir savol keldi. U biroz ikkilanib turdi-da, nihoyat so‘radi:
— Sizdan bir narsa so‘rasam bo‘ladimi?
— Xo‘sh, nima ekan? — dedi Noah unga qarab.
— O‘sha kuni nega shunchalik shoshilayotgandingiz? Agar sir bo‘lmasa, ayta olasizmi?
Noah kulimsiradi.
— Ha, albatta. Bu sir emas. O‘sha kuni onamning tug‘ilgan kuni edi. Unga gul sotib olish uchun gul do‘koniga kirgandim.
— O-o, demak, onangizni juda yaxshi ko‘rarkansiz, — dedi Freya mamnun jilmayib.
— Albatta. U men uchun juda qadrli inson, — javob berdi Noah.
Ular bir oz jim yurishdi. So‘ng Noahning xayoliga ham bir savol keldi.
— Adashmasam, o‘sha kuni yoningizda yana bir qiz bor edi, shundaymi? — deb so‘radi u qiziqish bilan.
— To‘g‘ri! U mening dugonam Val edi.
— Val?.. — Noah bu ismni takrorladi. Unga bu ism biroz g‘alati tuyulgandi.
— Uning to‘liq ismi Valentina, — deya tushuntirdi Freya.
— U bilan juda yaqinsiz, shekilli?
— Ha, shunday. Biz bolaligimizdan beri do‘stmiz, — dedi Freya. Uning ovozida iliqlik sezilib turardi.
Noah boshini qimirlatib qo‘ydi.
— Demak, bir-biringizni juda yaxshi bilasizlar.
— Shunday desa ham bo‘ladi, — dedi Freya jilmayib. — Val men uchun shunchaki dugona emas. U mening eng yaqin insonlarimdan biri.
Noah Freyaning gaplarini tinglar ekan, uning dugonasiga bo‘lgan mehrini sezdi.
— U ham festivalga kelmadimi? — deb so‘radi u.
Freyaning tabassumi biroz so‘ndi.
— Yo‘q. Afsuski, kela olmadi.
— Tushunarli, — dedi Noah. U boshqa savol bermadi.
Freya esa suhbatni davom ettirish uchun unga qaradi.
— Aytgancha, sizning ham yaqin do‘stlaringiz bormi?
Noah kulimsiradi.
— Bor, albatta. Lekin hozircha men haqimda shuncha savol yetarli deb o‘ylayman. Axir bugun sizni mehmon qilishim kerak!
Freya kulib yubordi.
— To‘g‘ri aytasiz. Unda birinchi bo‘lib qaysi attraksionga boramiz?
Noah qo‘li bilan naridagi katta charxpalakni ko‘rsatdi.
— Anavi sizga yoqadimi?
Freya charxpalakka qaradi. Uning ko‘zlari quvonchdan porladi.
— Juda ham!
Ular charxpalak tomon yo‘l olishdi. Freya Noah bilan vaqt o‘tkazayotganidan xursand edi. U hali bu tasodifiy uchrashuv qanday davom etishini bilmasdi.
Ular charxpalak oldiga kelishgach, ancha vaqt navbat kutishlariga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, ularning navbati ham yetib keldi va ikkalasi charxpalakka chiqishdi.
Charxpalak asta-sekin yuqoriga ko‘tarila boshladi. Tepadan festival maydoni yanada go‘zal ko‘rinardi. Rang-barang chiroqlar, odamlarning shodon ovozlari va uzoqdan eshitilayotgan musiqa o‘ziga xos muhit yaratgandi.
Freya atrofni zavq bilan tomosha qilarkan, birdan Noahga yuzlandi.
— Sizni bu yerda oldin hech ko‘rmagan ekanman. Shaharga yaqinda keldingizmi?
— Shunday desa ham bo‘ladi. Men boshqa shaharda yashayman. Bu yerga onamni ko‘rgani kelgandim, — dedi Noah.
— Demak, yana qaytib ketasizmi? — so‘radi Freya qiziqish bilan.
Noah bir zum jim qoldi. So‘ng nigohini shaharga qaratib, jiddiy ohangda javob berdi:
— Yo‘q. Bu yerga kelishimning boshqa sababi ham bor.
Freya unga qiziqish bilan qaradi.
— Nima ekan u?
— Ish. Yaqinda ishga joylashgandim. Keyin meni shu shaharga yuborishdi.
— Rostdanmi? Qanday ishda ishlaysiz?
Noah unga qarab jilmaydi.
— Politsiyachiman.
Freyaning ko‘zlari kattalashdi.
— Rostdanmi? Demak, shahrimizning yangi sherifi siz bo‘lasiz-da!
Noah kulimsiradi.
— Ha, shunday desa ham bo‘ladi.
— Voy, bu juda qiziq ekan! — dedi Freya hayajon bilan. — Men hech qachon sherif bilan charxpalakda birga uchaman deb o‘ylamagandim!
Noah uning gapidan kulib yubordi.
— Unda bugungi kun siz uchun yanada unutilmas bo‘ladigan ko‘rinadi.
— Balki, — dedi Freya jilmayib.
Charxpalak tobora yuqoriga ko‘tarilar, shahar esa ularning ko‘z o‘ngida keng yoyilardi.
Freya yana bir bor Noahga qaradi. U endi bu yigit haqida biroz ko‘proq bilardi. Ammo uning hayotida hali qancha sirlar borligini bilmasdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0