1-BOB
— Val, bu yoqqa kel!
— Hozir.
— Qara, bu yerda turli xil kundaliklar bor ekan. Sen ham xohlaysanmi?
— Hmm, bilmadim.
— Men senga sotib olib beraman.
— Unda mayli. — Valentina lavanda rasmi tushirilgan kundalikni ko‘rsatdi. — Mana, shunisini olib ber, Freya.
— Lavanda rasmi borinimi?
— Ha, eslaysanmi, biz bog‘ga borganimizda ularni doim ko‘rardik.
— Ha, ular senga juda yoqadi. Men senga shunisini olib beraman.
— Men unga har kungi hayotimni yozib boraman.
— Men senga avval o‘zing haqingda yozishni maslahat beraman.
— O‘zim haqimdami?
— Ha, o‘tmishing haqida.
Salom, kundalik!
Men Valentina Dominicman. Yaqin do‘stlarim meni Val deb chaqirishadi. Men 17 yoshdaman.
Men yetimxonada o‘sganman. Olti yoshimda ota-onamni o‘ldirishgan. Shundan keyin yetimxonaga tushganman. O‘sha paytda hatto qarindoshlarim ham yo‘q edi.
Ota-onam bilan festivalga ketayotgandik. Ular borishni xohlashmagandi, chunki ishlari juda ko‘p edi. Ammo men o‘shanda yig‘lab turib oldim.
Nihoyat, festivalga yetib keldik. Birdaniga o‘q ovozi eshitildi. Keyin hamma har tomonga qocha boshladi. Men olomon ichida qolib ketdim va dadam bilan oyimni yo‘qotib qo‘ydim.
O‘shanda hali kichkina bo‘lganim uchun hech narsani tushunmagandim.
Keyinchalik bilsam, qamoqdan jinoyatchilar qochgan ekan. Ular o‘n bir kishini o‘ldirishibdi. Ularning orasida mening ota-onam ham bor edi.
Albatta, bularning barchasini keyinchalik bilib oldim.
Maktabga bora boshlaganimda, boshqa bolalar bilan tezda chiqishib keta olmasdim. Keyin Freyani uchratdim. U juda mehribon va ochiqko‘ngil qiz edi.
Yuqori sinfga o‘tganimizda, boshqa bolalar meni yetimligim uchun masxara qilishardi. Ammo Freya doim meni himoya qilardi. U har safar mening tarafimni olardi.
Balki, o‘sha paytlardayoq Freya men uchun oddiy dugonadan ko‘ra ko‘proq narsani anglatgandir.
Freya Morgan. U mening eng yaqin dugonam. U ham men bilan tengdosh, 17 yoshda. U juda aqlli va chiroyli qiz.
Freya bilan birinchi marta uchrashgan kunimni hali ham eslayman. U doim ochiqko‘ngil va mehribon bo‘lgan. Men boshqalar bilan til topishishga qiynalgan paytlarimda ham, u yonimda edi.
U meni hech qachon boshqalardan kam ko‘rmagan. Men uchun uning do‘stligi juda qadrli.
Biz Freya bilan doim birga bo‘lganmiz. Hatto o‘zimizning shaxsiy joyimiz ham bor. U joy juda chiroyli. U yerda juda ko‘p lavandalar o‘sadi.
Biz u yerga tez-tez boramiz. Ba'zan soatlab o‘sha yerda o‘tirib, turli mavzularda suhbatlashamiz. Ba'zan esa hech narsa demasdan, shunchaki atrofimizdagi go‘zallikdan zavqlanamiz.
Bu joy men uchun juda qadrli. Chunki u yerda Freya bilan bog‘liq juda ko‘p xotiralarimiz bor.
Valentina o‘z xonasida dam olib o‘tirganida, birdan kimdir uni chaqirdi. Bu yetimxonadagi tarbiyachi Clara Whitmore edi.
— Valentina! — deb chaqirdi tarbiyachi Clara Whitmore.
— Clara xonim, meni chaqirdingizmi?
— Ha, seni telefonda so‘rashyapti.
— Hozir ketyapman.
Valentina go'shakni tarbiyachidan oldi va unga javob berdi.
— Alo, Valentina eshitadi.
— Hoy, Val!
— Freya, bu senmisan?
— Ha, Val! Keyingi hafta shaharda katta festival bo‘lib o‘tar ekan!
— O‘! Rostdanmi?
— Ha! Bu juda ajoyib! Bunaqasi boshqa bo‘lmasligi mumkin. Biz borishimiz kerak!
— Ha, Freya, albatta boramiz!
— Balki ertaga kiyim olgani do‘konga borarmiz?
— Sen yaqinda yangi ko‘ylak sotib olmaganmiding?
— Ha, olgandim, ammo...
— Ha, tushundim. Festival uchun yangisini olmoqchimisan?
— Bekorga mening dugonam emassan-da!
— Mayli, ertaga ko‘rishamiz.
— Xo‘p, Val! Xayr!
Ertasi kuni Freya va Valentina birgalikda xarid qilish uchun shaharning eng katta savdo markaziga yo‘l olishdi. Ular do‘konlarni aylanib, turli xil kiyimlarni tomosha qilishardi.
— Freya, bu ko‘ylakni kiyib ko‘r! Menimcha, senga juda yarashadi, — dedi Valentina qo‘lidagi och pushti rangli ko‘ylakni dugonasiga uzatib.
— Yana pushti rangmi, Val? Mening garderobimda shunday rangdagi ko‘ylaklar yetarlicha bor, — dedi Freya kulib.
— Mayli, unda bunisini ko‘r-chi!
Bu safar Valentina unga nafis, och ko‘k rangli ko‘ylakni ko‘rsatdi. Freya ko‘ylakni olib, kiyib ko‘rish uchun kiyinish xonasiga kirdi.
Bir necha daqiqadan so‘ng u tashqariga chiqdi.
— Xo‘sh, qanday? — deb so‘radi Freya oynaga qarab.
Valentina uning atrofida aylanib, ko‘ylakni diqqat bilan kuzatdi.
— Ajoyib! Aynan sen izlagan ko‘ylak shu! Boshqasini qidirishga hojat yo‘q.
Freya ham ko‘ylakni yoqtirib qoldi. Ular xaridni yakunlab, do‘kondan chiqishdi.
— Endi qayerga boramiz? — so‘radi Freya.
— Hali uyga qaytishga erta. Keling, yana biroz aylanamiz. Balki qiziqarli biror narsa toparmiz, — dedi Valentina.
Ular biroz aylanib yurishgach, ko‘chadagi gul do‘konlaridan biriga kirishdi. Do‘kon ichida turli xil gullar bor edi. Rang-barang atirgullar, oppoq moychechaklar va xushbo‘y lavandalar atrofga o‘zgacha go‘zallik bag‘ishlab turardi.
Freya va Valentina lavanda guldastasini tanlashdi. Freya guldastani qo‘liga olib, uning yoqimli hididan bahra olayotgan edi. Ammo u do‘kon bo‘ylab yurarkan, kutilmaganda bir yigit bilan to‘qnashib ketdi.
Hammasi bir lahzada sodir bo‘ldi.
Freya muvozanatini yo‘qotib, yerga yiqildi. Uning qo‘lidagi lavanda guldastasi ham tushib ketib, gullari sochilib ketdi.
— Kechirasiz! — dedi yigit shoshilgancha. — Biroz xayol surib qolibman.
U Freyaga qo‘lini uzatdi.
— Freya, ahvoling yaxshimi? — dedi Valentina xavotir bilan uning yoniga kelib.
Ammo Freya dugonasining savolini ham eshitmayotgandek edi. Uning nigohi qarshisida turgan yigitga qadalgan, yuragi esa negadir odatdagidan tezroq urardi.
Yigitning ko‘zlari, ovozi va hatto uzatilgan qo‘li ham Freyaga g‘alati darajada yoqimli tuyuldi. U yigitni ilk bor ko‘rayotgan bo‘lsa-da, ko‘zlarini undan uzolmasdi.
Freya uni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolgan edi.
— Yaxshimisiz? — deb so‘radi yigit yana bir bor.
Freya javob bermadi. U hatto bir og‘iz so‘z aytishga ham qiynalayotgandi.
Yigit uning o‘rnidan turishiga yordam berdi. So‘ng yerga sochilib yotgan lavandalarga bir qarab qo‘ydi.
— Yana bir bor uzr. Men shoshilayotgan edim, — dedi u.
Shunday deb, yigit boshqa hech narsa demasdan, shoshilgancha do‘kondan chiqib ketdi.
Freya esa uning ortidan qarab qoldi.
— Freya! — Valentina dugonasining ko‘zlari oldida qo‘lini silkitdi. — Yerga tushib ketding, guldastangni ham yo‘qotding, endi esa qotib qolibsan. Senga nima bo‘ldi o‘zi?
Freya nihoyat o‘ziga keldi.
— U... — dedi u sekin, ammo gapini davom ettira olmadi.
Valentina qoshlarini ko‘tarib, kulimsiradi.
— Tushundim. Demak, kimdir bizning Freyamizning yuragini zabt etibdi!
— Val, bas qil! — dedi Freya yuzlari qizarib.
— Men hali hech narsa demadim-ku! — Valentina kulib yubordi.
Izohlar
0