Tungi klubning miltillovchi chiroqlari qonga belangan polda aks etardi. Musiqa allaqachon o‘chirilgan Politsiya xodimlari jasad atrofida yigʻilgan sud-med eksperti Han Liana esa voqea joyidan topilgan pichoqqa tikilgancha qotib qolgandi. Uning o‘tkir nigohlari pichoq tig‘idagi qon tomchilarini o‘rganardi.
Politsiya xodimi Liananing yoniga keldi.
— Doktor Han, dalillarni yig‘adigan vaqt bo‘ldi Iltimos, pichoqni qaytaring.
Liana nigohini pichoqdan uzmay, xotirjam ovozda javob berdi.
— U pichoqni qo‘lqop bilan ushlagan. Shuning uchun pichoqda hech qanday barmoq izi qolmagan.
U pichoqni maxsus paketga solib, jasadning yoniga keldi. uning ortidan qadam tovushlari eshitildi. Detektiv Kang Joonwoo Liananing yoniga kelib to‘xtadi.
— Jasadni ekspertiza uchun yorib ko‘rishga yubormoqchi edik, lekin siz o‘zingiz keldingiz,
Liana yelkalarini qisib qo‘ydi — Shunchaki shu yerdan o‘tib ketayotgan edim.
Joonwoo kinoyali jilmaydi — Ha, ishingizni juda yaxshi ko‘rasiz... Qurbon — Nan Sonhem, 29 yoshda. Professional beyzbolchi. Bugun tungi soat ikkilarda unga hujum qilishgan.
Liana jasadning bo‘ynidagi chuqur jarohatga tikildi. Uning tahliliy zehni darhol ishga tushgandi.
— Ochiq joy, atrofda odamlar ko‘p. Qo‘rqmasdan unga pichoq urgan jinoyatchi o‘ylamay harakat qilgan, lekin aslo qo‘rqmagan... Tushunmadim, bo‘yniga urishni nima keragi bor edi? U qurbonning o‘lganini bilishi kerak edi.
— Agar shunday bo‘lsa, bu shunchaki hujum emas. Bu qasos bo‘lishi mumkin.
Liana jasadning yonida o‘tirarkan, barmoqlari bilan havoda pichoq urish harakatini takrorladi. Uning ko‘zlarida g‘alati bir chaqnoq paydo bo‘ldi.
— U ko‘ngilxushlik qilayotganmidi?.. Zarbalar oxiriga kelib sekinlashgan. Odam o‘layotganda uning tanasida alohida tebranish yuzaga keladi. Agar o‘sha paytda o‘tkir pichoqdan foydalansang, bu tebranish tuyg‘usi qurol orqali qo‘lingga o‘tadi. Unga bu tuyg‘u yoqqan. U bundan zavqlangan.
Joonwoo etlari uvishib, Lianaga qaradi.
— Qanday vahshiylik... Buni qayerdan bilasiz?
— Bittasidan eshitganman. Ehtimol, u kuchli narkotik ta’sirida bo‘lgandir yoki shunchaki ruhiy kasal.
Shu mahal klub to‘rida shovqin ko‘tarildi. Ikki politsiya xodimi baqirib, qarshilik ko‘rsatayotgan bir qizni sudrab olib chiqib ketishayotgandi. Qiz Meni qo‘yib yubor deb dod solardi. Politsiyachilar shu atrofdagi yana bir shubhali yigitni ushlashdi.
Liana shovqin tomonga yurdi. Politsiya xodimlari uni to‘xtatishga urinishdi.
Biroq Liana yigitning ko‘zlariga qaradi. Yigit qo‘rquvdan titrar, ko‘zlarida vahima aks etgandi. Liana ichida Yo‘q, bu qotilning ko‘zlari emas deb o‘yladi.
Yigit kutilmaganda cho‘ntagidan pichoq chiqarib, politsiya xodimlariga o‘qtaldi. Vaziyat keskinlashdi. Atrofdagilar orqaga chekinishdi, faqat Liana joyidan qimirlamadi.
— Uni yana bir marta ol, — dedi mutlaqo xotirjam ovozda.
Yigit vahima ichida pichoqni Lianaga qaratdi, lekin uning qo‘llari xuddi bargdek qaltirardi.
Liana istehzoli jilmaydi.
— Yo‘q... — U qo‘lidagi maxsus paketdagi qonli pichoqni yigitga ko‘rsatdi. — Mana bunday ushlash kerak. Bu ahvolingda hech kimni o‘ldira olmaysan.
Yigit chalg‘igan soniyalardan foydalangan politsiyachilar darhol uning qo‘lini qayrib, yerga yotqizishdi.
Liana esa yigitga qiziqmay qo‘ygandi. Uning diqqatini chekkaroqda beparvo jilmayib o‘tirgan o‘rta yoshlardagi erkak tortdi. Atrofda qotillik sodir bo‘lgan, politsiya to‘polon ko‘tarayotgan bir paytda, bu odam xuddi teatr tomosha qilayotgandek xotirjam va mamnun edi.
Liana sekin uning yoniga keldi. Erkakning ko‘z qorachiqlari kengaygan, nigohi esa Liananing qo‘lidagi pichoqqa mixlangandi.
— Sen-chi? Ushlab ko‘rishni xohlaysanmi? — Liana qonli pichoqni erkakka uzatdi.
O‘sha lahzada Liananing miyasida barcha jumboqlar zanjir kabi ulandi U kuchli narkotik ta’sirida. Shuning uchun ham bu vaziyatda xotirjamlikni yo‘qotmagan. Eng muhimi... u qonga belangan pichoqqa qarab baxtli ko‘rinadi. U o‘sha tebranishni qumsayapti.
Erkak o‘zini tutolmay, pichoqqa qarab qo‘l uzatdi. Uning barmoqlari tig‘ga tegay deganida, Liana chaqqonlik bilan pichoqni ortga tortib oldi.
— Bu sensan.
Siri fosh bo‘lgan erkakning yuzidagi jilmayish yo‘qolib, o‘rnini vahshiyona g‘azab egalladi. U o‘rnidan sapchib turdi.
— Sen la’nati...
Erkak Lianaga tashlanmoqchi bo‘ldi, biroq Liana undan ancha tezkor edi. U stolda turgan, ichi muz bo‘laklari bilan to'la idishni oldi-yu, bor kuchi bilan erkakning boshiga tushirdi.
Muz bo‘laklari va shisha parchalari har tomonga sachrab ketdi. Erkak boshini ushlagancha, polga og‘riqdan ingrab yiqildi.
Shovqinni eshitib, Joonwoo yetib keldi. Erkak yerda qonga belanib yotar, Liana esa ust-boshini qoqayotgandi.
U yerda yotgan qotilga qarab, Joonwoga buyruq ohangida dedi.
— Hojatxonadagi kiyimidan qon izlarini tekshiring. U kiyimini almashtirishga ulgurgan.
— Bu pichoq uniki.
Liana ortiga qayrilmasdan, o‘ziga xos xotirjamlik bilan klubdan chiqib ketdi. Joonwoo yerda yotgan qotilga, so‘ng Liananing ketayotgan ortidan hayrat va tan berish hissi bilan qarab qoldi. U zudlik bilan politsiyachilarga ishora qildi.
— Uni qo‘lga oling.

Park Jimin
Yonchon tumanining jazirama yoz kunlaridan biri edi. Detektiv Park Jimin va uning sherigi Kim Seungho bir necha soatdan beri mashina ichida o‘tirgancha, qarshidagi ko‘chani diqqat bilan kuzatishardi.
Seungho peshonasidagi terni artib, norozi ohangda to‘ng‘illadi.
— Bu shunchaki ayollarni himoya qilish bo‘limiga ta’qib haqida kelib tushgan xabar. Uni bu yerda poylab o‘tirishni nima keragi bor, Jimin?
Jimin nigohini ko‘chadan uzmay, jiddiy qiyofada javob berdi.
— Bu oddiy ta’qib emas, noodatiy. Bu hududda xuddi shu uslubdagi ta’qib haqida uchinchi marta xabar tushishi. Voqealar rivoji bir-biriga juda o‘xshash. Jinoyatchi o‘ziga qurbon izlayotgani aniq, Seungho. Kech bo‘lmasdan biz uni tutishimiz kerak.
— Men boshqa chidolmayman. Bu yer juda issiq Nimadir ichadigan narsa sotib olaman, — deb Seungho eshikni ochib, mashinadan tushib ketdi.
U yo‘l chetidagi kichik do‘konga kirdi-da, muzdek piva bankasini olib, ochib ichdi.
— Oh, qanday mazali... — Seungho jonlanib, do‘kon oynasidan tashqariga, mashina ichida hanuz ko‘chani kuzatib o‘tirgan Jiminga qaradi. — Shunaqa o‘ta aqlli odamlar bu bo‘limga qanday qilib kelib qolarkan-a? Asabga tegyapti.
Do‘konga o‘n yoshlar atrofidagi bir bola kirib, peshtaxtadan shirinlik oldi-yu, pulini to‘lamay chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Buni ko‘rgan Seungho darhol bolaning yoqasidan tutib oldi va uni do‘kondan sudrab olib chiqdi.
— Hoy, sen — deb baqirdi Seungho.
— Qo‘yib yuboring Nima qilyapsiz?
— Jim bo‘l, bu yoqqa kel.
Seungho bolani Jimin o‘tirgan mashina yoniga sudrab keldi va eshikni ochib, ichkariga bosdi.
— Mashinaga chiq.
Jimin nima bo‘layotganini tushunmay, tezda mashinadan tushdi.
— Nima qilyapsiz, Seungho?
— Bu bola shokolad o‘g‘irladi, — dedi Seungho mag‘rur ohangda.
— Shunga shunchalikmi? Shunga nima qilibdi?
— Nima degani bu? Bo‘limga olib borib, ota-onasini chaqiramiz — Seungho qat’iy turib oldi.
— Biz hozir muhim kuzatuvdamiz, Seungho, — eslatdi Jimin Seungho istehzoli jilmaydi.
— Buni nimasi kuzatuv? Politsiya akademiyasida kriminal psixologiyani ko‘p o‘qib yuborgansan shekilli, lekin hayot darsliklardan boshqacha. U qotil yoki ta’qibchi hech qachon kelmaydi.
Mashina ichidagi bola esa tinmay baqirardi.
— Meni qo‘yib yuboring Iltimos.
Jimin bolaga qarab achindi.
— Shunchaki yosh bola-ku u. Nima qilibdi, qo‘yib yuboraylik, hech narsa qilmaydi.
— Behuda gaplarni gapirishni yaxshi ko‘rar ekansan, — Seungho qo‘lini siltadi. — Unga o‘xshagan mayda bezorilar vaqtida jazolanmasa, keyin katta bezoriga aylanadi.
— Ovozingni o‘chir — deb baqirdi Seungho yana bolaga qarab.
— U hali yosh bola, — Jimin Seunghoning yo‘lini to‘sdi.
— Sen o‘zi umringda bola tarbiyalaganmisan? Men uyda shunaqalardan ikkitasini tarbiyalayapman Yo‘limdan qoch, Jimin.
Jimin uning qo‘lidan ushlab, to‘xtatishga urindi.
Bas qiling... Shu soniyada Jiminning nigohi ko‘chaning narigi betida turgan qora shlyapali erkakka tushdi. Erkak shlyapasini bostirib kiygancha, do‘kon oldidagi to‘polonni va politsiyachilarni diqqat bilan kuzatib turardi.
Erkak Jiminning o‘ziga qaraganini sezib qoldi va fosh bo‘lganini anglab, zudlik bilan ortiga burilib yugurib ketdi.
— To‘xta — Jimin Seunghoni qo‘yib yuborib, bor kuchi bilan o‘sha tomonga yugurdi.
Erkak katta avtoturargoh ichiga kirib, mashinalar orasidan qochishga urindi. Jimin uning yoʻlini kesib o‘tib, yon tomondan to‘satdan chiqdi. U o‘zini erkakning ustiga otdi va ikkalasi ham shovqin bilan yerga yiqilishdi.
Biroq erkak juda epchil chiqdi. U Jiminning qo‘lidan chiqib, qaddini rostladi-yu, yana yugurib ketdi.
— To‘xta dedim — Jimin oʻrnidan turib, uning ortidan ergashdi.
Erkak avtoturargohdan chiqib, gavjum shahar ko‘chasi bo‘ylab qochib borardi. U odamlarni turtib-surib, yo‘lida davom etdi. Jimin ham nafasini yutib, undan bir necha metr ortda yugurib borardi. Masofa tobora qisqarib borayotgandek edi.
Erkak kutilmaganda serqatnov yo‘lning o‘rtasiga sakradi va mashinalar signaliga ham qaramay narigi betga o‘tib ketdi. Jimin ham uning ortidan o‘zini yo‘lakka otdi. Shunda kutilmaganda chap tomondan kelayotgan mashina toʻxtashga ulgurmay qoldi.
Mashina Jiminni yon tomonlama urib yubordi. Jimin kapot ustiga tushib, so‘ng qattiq asfaltdan dumalab ketdi.
Yaxshimisiz? — mashina haydovchisi vahima ichida tushib keldi. Atrofdagi odamlar to‘plana boshladi. Jimin tanasidagi kuchli og‘riqqa qaramay, o‘rnidan turdi. U tirsagidagi shilinishga va kiyimidagi changga ham etibor bermay darhol atrofga qaradi. Yo‘lning narigi beti, ko‘chalar... hamma joyni ko‘zdan kechirdi.
Ammo qora shlyapali erkak allaqachon olomon orasiga singib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Atrofda faqat signal chalayotgan mashinalar va hayron qarab turgan odamlar qolgandi. Jimin muvaffaqiyatsizlikdan g‘azablanib, qo‘llarini musht qildi.

Hyunsik
Seul milliy kriminalistika laboratoriyasining nimqorong‘i, xonasida jarrohlik chirog‘ining o‘tkir nuri yaltirardi. Havoda dori hidi anqib turar, xonadagi sukutni faqat tibbiy uskunalarining bir maromdagi tovushi buzardi.
Liana ignani tortdi-yu, jasadni yorgan joyidan so‘nggi marta qayta tikib qo‘ydi. U qo‘lidagi asboblarni metall patnisga tashlar ekan, uning yonida turgan hamkasbi Hyunsikka yuzlandi.
— Janob Kanga aytib qo‘y, — dedi Liana qo‘lqoplarini yechib. — Haligi haydovchi to‘qnashuv va qochish voqeasi uning ishi emasligini, tan oldi. Lee Sanjuning o‘limiga avtohalokat emas, bo‘g‘ilish sabab bo‘lgan.
Hyunsik bosh irg‘ab, bu ma’lumotlarni daftarchasiga qayd etdi.
— Tushunarli, buni hisobotga yozib qo‘ydim.
Liana stol ustidagi tibbiy kartani qo‘liga olarkan, Hyunsikka qarab so‘radi.
— Lee Sanjuda akasi bilan meros sababli muammo bo‘lganmidi?
— Ha, shunday, — javob berdi Hyunsik unga hayron bo‘lib qarab.
— Ularga ayt, buni yaxshilab tekshirib ko‘rishsin. Tergov vaqti va joyini belgilang.
Hyunsik biroz ikkilanib, qoshlarini chimirdi.
— Yana o‘sha voqea joyiga bormoqchimisan? Seni u yerga borishing politsiyadagilarga mutlaqo yoqmaydi, Liana. Ishlariga aralashishingni istashmayapti.
Liana uning ogohlantirishiga e’tibor ham bermadi. U shisha probirkadagi mikroskopik zarrachani oldi va yorug‘likka tutib ko‘rdi.
— Bu — keratin. Jinoyatchiga tegishli bo‘lishi mumkin. Hoziroq buni laboratoriyaga ber va tekshir.
U shunday deb o‘z stoliga o‘tdi va kompyuterni yoqdi. Ekranda o‘tgan kungi klubda o‘ldirilgan beysbolchi Nan Sonhemning shaxsiy ma’lumotlari va ekspertiza fayli ochildi. Hujjatning quyi qismida Nan Sonhem: narkotik iste’moli, jamiyat test natijalarini kutmoqda degan yozuv turardi.
Liana ekrandagi yozuvga tikilib qoldi-yu, birdan ortiga o‘girilib, Hyunsikka qaradi.
— Nan Sonhemning narkotik haqidagi testi hali qilinmaganmidi?
Hyunsik yelkalarini qisdi.
— Hozircha yo‘q, navbat kutishmoqda.
— Nega? — Liana g‘azabini yashira olmadi. — Men bugun buni qayta tekshiruvga beraman. Natija menga ertaga ertalab kerak.
Shu soniyada stol ustida turgan telefonining baland ovozda jiringlashi laboratoriyadagi keskin muhitni buzib yubordi. Liana telefonga qaradi — ekranda Muallif Jang degan yozuv yonib-o‘chib turardi.
— Eshitaman, janob.
U qarshi tomondan kelgan gapni jim eshitdi-da, ohista javob berdi.
— Ha... Aynan shunday. Ertaga yo‘lga chiqayotgan edim.
Liana telefonni qulog‘iga tutgancha, tezkor qadamlar bilan laboratoriya xonasidan chiqib ketdi.
U chiqib ketishi bilan, shu paytgacha o‘zini zo‘rg‘a tutib turgan Hyunsik g‘azabdan portlab ketdi. U bor kuchi bilan stolni mushtladi. Xonadagi temir asboblar titrab, bir-biriga urilib ketdi.
— Han Liana... — pichirladi Hyunsik tishlarini g‘ijirlatib. — Haqiqiy bosh ogʻriq ekansan.

Seul politsiya boʻlimi
Kapitani stolini qattiq mushtlab, o‘rnidan turdi. Xonada yig‘ilgan barcha xodimlar nafasini yutib, burchakda tik turgan Jiminga qarashardi.
— Park Jimin — deb baqirdi kapitan Chon ovozi bo‘g‘ilib. — Senga boshliq sifatida shunchaki jim o‘tirishingni buyurgan edim Bu nima qilganing?
Jimin kapitanning g‘azabiga qaramay, nigohini tik tutdi. Uning ko‘zlarida zarracha qo‘rquv yo‘q edi.
— Janob, o‘sha qora shlyapali gumonlanuvchi bizni ko‘rishi bilan qochib ketdi. Bu shunchaki tasodif emas.
— Uning jinoyatchi ekanligiga biror bir isboting bormi? — kapitan Jiminning yuziga yaqin keldi.
— Tekshiruvni endi boshladik, — deb tushuntirishga urindi Jimin. — U bizni, ko‘rib qochdi. Hozir shaxsini aniqlab, uni tezda tutishimiz kerak.
Kapitan asabiy kulib, atrofga qaradi.
— Bu ahmoqqa bir qaranglar Nima deganimni tushunmadingmi sen? Ko‘zimdan yo‘qol Agar yana shu yerda qolsang, mendan yaxshilik kutma Seungho, uni bu yerdan olib ket.
Kapitan g‘azabini bosolmay, stolda turgan qalin hujjatlar to‘plamini olib, Jimin tomonga otdi. Hujjatlar havoda sochilib, Jiminning oyoqlari ostiga borib tushdi. Seungho vaziyat yanada rasvo bo‘lmasidan oldin zudlik bilan Jiminning yelkasidan tutib, xonadan olib chiqib ketdi.
Jimin o‘z stoliga kelib, asabiylashgancha stulga o‘tirdi va kompyuterini yoqdi.
— Jin ursin, bugun haqiqatdan ham rasvo kun bo‘ldi,
U vaqtni boy bermay, avtoturargoh va o‘sha ko‘chadagi kuzatuv kameralarining yozuvlarini tizimga yuklab, qayta ko‘rib chiqa boshladi. Uning ko‘zlari ekrandagi tasvirlarni sinchiklab o‘rganardi.
Yonida turgan Seungho esa chuqur xo‘rsinib, unga tanbeh bera ketdi.
— Yordam berish o‘rniga vaziyatni battar yomonlashtiryapsan, Jimin. Shunaqa vaziyatda kapitanga qarshi chiqmay, Xo‘p bo‘ladi, buni keyinroq hal qilamiz deb aytish kerak edi. Jahli chiqib turganda o‘zim uddalayman deb pashshaga o‘xshab yopishma.
Jimin uning gaplariga javob bermay, o‘rnidan turdi-da, devordagi doskaga jinoyat joyi sxemasi aks etgan bir varoq yozuvni yopishtirdi. So‘ng sherigiga o‘girildi.
— Seungho... Biz to‘g‘ri yo‘lda emasmizmi? Nahotki buni ko‘rmayotgan bo‘lsangiz?
Seungho: Kapitan Chon hozirgina bu faqat birinchi o‘rganish, oddiy ta’qib xabari deb aytdi-ku Tushunmayapsanmi? Kapitan bilan dushman bo‘lib senga nima zarur? Shoshma, biroz aql bilan ish qil. Unga yaxshi gapir, xushomad qil... Axir qo‘lingdan keladi, to‘g‘rimi?
Kichkina bolaning yig‘lamsiragan ovozi eshitildi.
— Amaki... meni uyga qo‘yib yuboring. Uyda ukam bor, u meni kutyapti...
Seungho boyagi voqea esiga tushib, xodimlar tomon o‘girildi.
— Ota-onasi bilan bog‘landingizmi?
Navbatchi detektiv Junghwan kompyuterdan boshini ko‘tarib, ma’yus ohangda javob berdi.
— Ha, tekshirdik. Uning ota-onasi yoq ekan,
— Vasiysichi? Biror yaqini yo‘qmi? — so‘radi Seungho qoshlarini chimirib.
Junghwan chuqur xo‘rsindi.
— Faqat birgina buvisi bor ekan. Lekin u ham hozir og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi. Tekshirdim, barchasi rost. Bu bola va uning ukasi ijtimoiy xizmatlar e’tiboridan butunlay chetda qolgan ko‘rinadi. Men allaqachon bolalar himoyasi markaziga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘radim.
Seungho stol chetiga o‘tirib, peshonasini changalladi.
— Jin ursin... Har doim, bir muammo chiqadi-ya.

Choi Jinwook
Shahar markazidagi kichik kir yuvish do‘koni ichida kir yuvish mashinalarining bir maromdagi g‘o‘ng‘illashi va televizordan taralayotgan jurnalistning jarangdor ovozi eshitilib turardi.
Televizor ekranida yaqinda mamlakatni larzaga keltirgan dahshatli voqea — xlorid kislotasi yordamida sodir etilgan va begunoh bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan terror ishi haqida so‘z borayotgandi.
— ...U yaqinda butun jamoatchilik e’tibor markaziga tushdi, — derdi jurnalist hayajon bilan. — Xlorid kislotasi hamda yosh bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan mudhish terror ishidagi aybdorlarni muvaffaqiyatli fosh qildi Bugun e’tiboringizga Kriminalistika milliy agentligining Seul kriminalistika laboratoriyasidan ekspert-kriminalist Han Lianani taqdim etamiz.
Ekranda o‘ziga ishongan, qiyofadagi Liana ko‘rindi. U kameralarga xotirjam qarab, yengil ta’zim qildi.
— Salom, men Han Lianaman. taklif qilganingiz uchun rahmat.
Kir yuvish do‘konining eshigi ochildi-yu, ichkariga o‘rta yoshlardagi bir ayol kirib keldi. Do‘kon egasi janob Choi Jinwook ayolni ko‘rishi bilan yuziga samimiy tabassum yugurdi. U qo‘lidagi kiyimlarni chetga qo‘yib, unga peshvoz chiqdi.
— Sumin xonim, keldingizmi? — dedi Jinwook muloyimlik bilan. — Bugun ertalab hamma yuvilgan kiyimlaringizni uyingizga olib borib bergandim, adashmasam?
Sumin jilmayib, do‘kon ichini ko‘zdan kechirdi.
— Bilaman, janob Jinwook. Shunchaki uyda yolg‘iz zerikdim. Keyin... ovqatlandingizmi yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim.
Jinwook yerga qarab, biroz tortingandek bo‘ldi.
— Bu shaharchada men haqimda faqat siz qayg‘urasiz Sumin xonim.
— Ha-da, o‘zingizni mutlaqo o‘ylamaysiz, — Sumin qo‘lidagi sumkachasini stol ustiga qo‘yarkan, gap ohangini o‘zgartirdi. — Aytgancha, o‘tgan safar Sonchon saloni yonidagi xonim haqida aytgan edim. Nega u bilan uchrashishni yana rad etdingiz? Yosh bo‘lgani uchun sizga yoqmadimi? Agar muammo yoshida bo‘lsa, sizbop boshqasini topaymi, yoshini kattaroq qilaymi?
Jinwook shoshib qo‘llarini siltadi.
— Yo‘q, unday emas U ajoyib ayol. Yoqmadi deb aytishga noloyiqman, u shunchaki juda mukammal. Men esa oddiy bir kir yuvuvchiman...
— Sizga nima bo‘lgan o‘zi? — Sumin uning gapini bo‘ldi. — Siz ham kelishgansiz, ajoyib ishingiz, o‘z do‘koningiz bor. Kamiga shunchalik muloyimsiz.
Televizordan yana jurnalistning ovozi balandroq eshitildi.
— Doktor Han, hamma sizning iqtidoringizga tan beradi. Nega aynan shu kasbni tanlagansiz?
Liana zarracha ikkilanmay, qisqa javob berdi.
Sumin televizordagi qizning javobidan hayratlanib, yana Jinwookka yuzlandi.
Yonchondagi qancha ayollar sizga ko‘z tikib, sizdek erkakni orzu qilib yurganini o‘zingiz bilasizmi o‘zi?
Jinwook xijolat bo‘lib jilmaydi.
— Bu faqat sizning fikringiz, Sumin xonim.
Suminning nigohi beixtiyor televizor ekraniga mixlandi. U yerda Liananing jasadlarni yorish va tikish jarayonlari haqida lavhalar ko‘rsatilayotgandi. Sumin etlari uvishib, yoqasini ushladi.
— Yo xudoyim... Jasadni tikayotganda ham buni shunchalik ustalik va nafosat bilan qilishi mumkin shekilli-a? Odam emas bu qiz.
Televizorda intervyu davom etardi.
— Hamkasbingiz siz haqingizda gapirganda, jasadlarni tikishning faqat sizga xos nozik tomoni borligini, bu sizning marhumlarga hamdardlik bildirish tarzingiz ekanini aytdi. Shu gap rostmi?
— Menimcha, hamkasbim vaziyatni biroz oshirib yuborgan. Bu shunchaki aniqlikni talab qiladigan ish.
Jurnalist hayratini yashirolmay hujjatlariga qaradi.
— Ma’lumotlarga ko‘ra, siz bor-yo‘g‘i 17 yoshda nufuzli Seul Milliy Universitetining talabasiga aylangan ekansiz, to‘g‘rimi?
— Ha, maktabga tengdoshlarimga qaraganda ertaroq borganman, — dedi Liana oddiy holatdek.
— Va 21 yoshingizda tibbiyotdan eng qiyin imtihonlarni a’lo darajada topshirib, sud-tibbiy eksperti bo‘lib ish boshlagansiz. Hozirgacha o‘nlab, yuzlab eng murakkab va chigal jinoyat ishlarini ochishda tergovchilarga yordam berib kelmoqdasiz...

Tun cho‘kib, ko‘chalarga sukunat va qorong‘ulik yoyilgan edi. Jimin boyagi mayda bezorilikda ayblangan kichkina bola bilan tor va nimqorong‘i ko‘cha bo‘ylab odimlab borardi. Yo‘l-yo‘lakay u cho‘ntagidan shirinlik chiqarib, bolaga uzatdi
Bola shirinlikka qovoq uyib, bir qarab qo‘ydi-da, g‘urur bilan bosh chayqadi.
— Kerak emas.
U Jiminni kutmay, shaxdam qadamlar bilan oldinga qarab yurdi. Jimin uning ortidan ergashib, bir necha qadamda yetib oldi va shirinlikni bolaning qo‘liga tutqazdi.
— Ukangga berasan... menga bunday qarama, buni senga rahmim kelgani uchun berayotganim yo‘q.
So‘ng Jimin cho‘ntagidan politsiya bo‘limining rasmiy tashrif qog‘ozini chiqarib, bolaga uzatdi.
— Bu mening shaxsiy raqamim. Agar biror yordam kerak bo‘lsa, qo‘rqmasdan qo‘ng‘iroq qil.
Uzoqdan ovoz eshitildi.
Zulmat bag‘ridan besh yoshlar atrofidagi kichkina bola yugurib keldi. Katta bola ukasini ko‘rib, xavotir va koyish ohangida dedi.
— Nega kelding? Senga uyda o‘tir, tez kelaman dedim-ku.
Kichkina bola ko‘zlari yoshlanib, akasining kiyimidan tutdi.
— Uyda bir o‘zim qo‘rqdim... Tez kelaman degan edingiz.
— Kechir...
Jimin bu manzarani chetdan kuzatib turarkan, ichida allanechuk iliqlikni his qildi. U qo‘lidagi sumkasidan bir quti to‘la shirinlikni chiqarib, kichkina bolaga uzatdi.
— Bu senga.
Mitti bolakayning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. U qutini mahkam quchoqlab, sakrab yubordi.
— Shirinliklar Rahmat, amaki.
Katta bola ham Jiminga minnatdor ko‘zlar bilan qarab, ukasining qo‘lidan tutdi
— Rahmat sizga... Kettik, uka.
Ular tun bag‘riga qarab yurib ketishdi. Jimin esa qo‘llarini cho‘ntagiga solgancha, ketayotgan ikki bolaning ortidan uzoq vaqt ma’yus qarab qoldi.
Shu vaqtda Liana intervyudan keyin ortiga qaytayotgan edi. U tor ko‘chalardan birining o‘rtasida to‘satdan to‘xtadi.
Atrofga ko‘z yugurtirib, sumkasidan maxsus mushuklar ovqatini chiqardi. Uni ehtiyotkorlik bilan ochib, yo‘l chetidagi beton ustiga qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, qorong‘ulikdan bir daydi mushuk yugurib keldi-da, ovqatni yeya boshladi.
Liana uning boshini silashga chog‘langan ham ediki, ortidan baland va norozi ovoz yangradi.
— Bilgandim Shunaqa qilishingni bilgandim.
O‘tkir ovozdan cho‘chib ketgan mushuk ovqatni tashlab, qorong‘i burilishlar aro qochib ketdi. Liana ortiga o‘girildi. Undan bir necha qadam narida qo‘shni ayol qo‘llarini beliga tirab turardi.
— Liana, senga necha marta aytdim, bu daydi mushuklarni ovqatlantirma deb — baqirdi ayol asabiylashib. — Tunda bir talay mushuk yig‘ilib, bu yerda shunday shovqin ko‘taradiki, uyqu berishmaydi. Umuman uxlay olmayapmiz.
Liana joyidan turib, kiyimidagi changni qoqdi. Uning yuzida g‘alati, sovuq, ammo xotirjam bir jilmayish paydo bo‘ldi. U ayolning yonidan o‘tayotib, ohista pichirladi.
— Xavotir olmang... Mushuklar ba’zi insonlar kabi xavfli emas.
U shunday deb, yo‘lida davom etdi.
Qo‘shni ayol esa uning gapidan sovuq urib ketgandek o‘rnida qotib qoldi. U tun qorong‘iligida yuzida hech qanday his-tuyg‘usiz ketib borayotgan qizning ortidan qarab, yoqasini ushladi.
— Bu qiz haqiqiy telba... To‘g‘ri aytishgan ekan, o‘liklar bilan ishlaydiganlarning hammasi aqldan ozgan bo‘ladi.
Liana labaratoriyaga xonasiga oʻtdi o‘z ish stoliga o‘tirib, kompyuterni yoqdi. Ekranda qizil harflar bilan miltillab turgan Tekshiruv rad etildi degan rasmiy fayl ochildi.
Ayni shu daqiqada shahar chetidagi kimsasiz bir tashlandiq hududda, tun bag‘rida yashiringan ulkan yuk mashinasining yukxonasi qonga belanib yotar, yangi bir mudhish jinoyatdan darak berardi.
Stolda ochiq qolgan noutbukdan Liananing intervyusi qayta eshitila boshladi. Jurnalistning ovozi xonada aks sado berdi.
— Sud-tibbiy ekspert bo‘lish qiyinmi? Siz har kuni tanib bo‘lmas darajadagi dahshatli yuzlarga, tanalarga tikilishingizga to‘g‘ri keladi. Har kuni millimetrlab dalillarni izlaysiz...
Liana: Jinoyatchi qo‘lga olinmasligidan xavotir olish — mening eng katta qo‘rquvim. Chunki u erkinlikda yurar ekan, begunoh insonlar, ayniqsa, bolalar orasida yangi va dahshatli qurbonlar paydo bo‘laveradi.
Sirli va noma’lum bir kishi noutbuk tugmalarini bosib, tasvirni ortga qaytardi. U Liananing aynan o‘sha gaplarini qayta-qayta tinglardi.
Ekranda yana Liananing ovozi takrorlandi.
Jinoyatchi qo‘lga olinmasligidan xavotir olish — mening eng katta qo‘rquvim. Chunki u erkinlikda yurar ekan, begunoh insonlar, ayniqsa, bolalar orasida yangi va dahshatli qurbonlar paydo bo‘laveradi.
O‘sha noma’lum kimsa sekin o‘rnidan turdi. Uning stolida maxsus kichik quti ichida tirik qurtlar turardi. U pinset bilan ulardan birini oldi-yu, qarshisida yotgan, yangi yorilgan va hali tikilmagan noma’lum jasadning ichiga solib qo‘ydi. Ayni shu paytda tashqarida, 8 yoshlar atrofidagi kichkina qizaloq o‘z qo‘g‘irchog‘ini o‘ynab o‘tirardi.

To‘lqinlar ovozi ostida politsiya mashinalarining chiroqlari miltillab turardi. Mashina to‘xtashi bilan qirg‘oqda qo‘rqib ketgan bir erkak politsiyachilar tomon yugurib keldi.
— Bu yoqqa Tezroq kelinglar.
Jimin zudlik bilan mashinadan tushib, qirg‘oqda, qumlar ustida yotgan yangi jasadning yoniga keldi. Cho‘kkalab o‘tirgancha uning holatini ko‘zdan kechira boshladi. Ko‘p o‘tmay, uning ortidan Seungho va Junghwan ham yetib kelishdi.
Voqea joyiga shaxsan kelgan kapitan Chon qoshlarini chimirib, Seunhoning yoniga keldi.
— Bu avvalgi ishlar bo‘yicha bizga maxfiy xabar beruvchi shaxs ekanligiga ishonching komilmi,
Seungho kapitanga javob berdi.
Kapitan asabiy xo‘rsinib, Jiminni aybdor qilgandek tikildi.
— O‘shanda uni o‘z holiga qo‘yish kerak edi. Ishga burnini suqmaganida, hammasi joyida bo‘lardi... Zudlik bilan jasadni yorib ko‘rishga yuborishni aytinglar.
Kapitan Chon ortiga burilib, asabiylashgancha u yerdan ketdi.
Seungho darhol Junghwanga yuzlandi.
— Atrofdagi barcha kuzatuv kameralari yozuvlarini ko‘rib chiqing. Jinoyatchining kelish va ketish yo‘nalishini aniqlash kerak.
Jimin esa jasadning bo‘ynidagi g‘alati jarohatga va jasad ustida paydo bo‘lgan mayda hasharotlarga tikilarkan, o‘rnidan turdi.
— Seungho, jasadni ekspertiza qilish uchun rasmiy orderni hoziroq rasmiylashtiring. Bizga eng yaxshi mutaxassis kerak.
Jimin telefonini oldi va kimgadir qoʻngʻiroq qildi.
Bu menman, detektiv Park Jimin. Sizdan bir muhim narsani so‘ramoqchi edim.
Seul milliy kriminalistika laboratoriyasining koridorida faqat Jiminning qadam tovushlari eshitilardi. U uchrashuv belgilangan xona eshigi yonida to‘xtab, asabiy holda soatiga qaradi. Nihoyat, eshik ochilib, Liana tashqariga chiqdi. Uning nigohi qarshisida turgan detektivga qadaldi.
— Siz politsiyadanmisiz? — so‘radi Liana unga boshdan-oyoq razm solar ekan.
Jimin darhol cho‘ntagidan guvohnomasini chiqardi.
— Ha. Seul politsiyasi jinoyat qidiruv bo‘limidan detektiv Park Jiminman.
Liana uning unvoniga qarab, yengil istehzo bilan jilmaydi.
— Guruh rahbari bir o‘zi kelibdimi? Menimcha, siz rasman ishdan haydalgansiz, shekilli.
Jimin kutilmagan gapdan shoshib qoldi.
— Hazillashdim, o‘tiring, — Liana koridordagi o‘rindiqqa ishora qildi va o‘zi ham joylashdi. — Janubiy okrugdagi detektiv Kang Joonwoo bilan tanishmisiz? U bugun ertalab menga qo‘ng‘iroq qildi.
Jiminning yuziga iliqlik yugurdi.
— Ha, u mening ustozim bo‘ladi... To‘g‘risi, men siz olib borayotgan hamma ishlarni diqqat bilan kuzataman. Pyonpyondagi ommaviy dafn etilganlar ishi, Inchondagi o‘sha chigal qotillik va yaqindagi xlorid kislotasi bilan bog‘liq terakt... Haqiqatan ham ajoyib ish bo‘ldi. Hamma u ishlarni ochilmay qolib ketadi deb o‘ylagan edi.
Men haqimda gapirishni bas qiling.
Liana qo‘lini Jimin tomonga uzatdi. Jimin gap nimaligini darhol tushunib, portfelidan qalin papkani chiqardi va Liananing qo‘liga uzatdi.
— Ish hujjatlari... Ularni berish uchun kelgan edingiz, to‘g‘rimi? — so‘radi Liana papkani ochar ekan.
— Ha, albatta, — Jimin jiddiylashdi. — Bugun tonggi soat 04:47 da xabarni olishimiz bilan yo‘lga tushdik. Bu joy kampusga yaqin bo‘lgani uchun odamlar tez-tez boradigan hudud hisoblanadi. Qurbonning jasadi juda yomon ahvolda edi.
Liana hujjatdagi dastlabki suratlarni varaqladi.
— Bu yerda jasad chiriy boshlagani ko‘rsatilgan.
— Ha, juda kuchli chirigan, — tasdiqladi Jimin. — Buni professional bo‘lmagan odam ham bir qarashda bilishi mumkin edi.
Liana ko‘zlarini qog‘ozlardan uzmay so‘radi.
— Lee Yonjuning yaqinlarini so‘roq qildingizmi?
— U politsiya akademiyasiga imtihon topshirishga tayyorlanish uchun o‘qishdan bir yillik ta’til olgan ekan, — tushuntirdi Jimin. uyi Seulda, lekin Yonchonda bir o‘zi ijarada yashaydi. Oilada yagona farzand. Atrofidagilarning aytishicha, uning hech qanday yigiti yoki yaqin do‘stlari bo‘lmagan. Judayam yopiq hayot kechirgan.
Liana ekspertiza xulosasining birinchi betini yopib, chuqur nafas oldi.
— Agar jasadni hozir yorib ko‘rsam ham, uning bundan roppa-rosa uch kun avval o‘lgani ma’lum bo‘ladi. Tana tashqi muhit va hasharotlar sababli haddan tashqari zarar ko‘rgan, shuning uchun aniq o‘lim sababi hozircha noma’lum... Yana nimadir demoqchimisiz?
Jimin biroz ikkilanib turdi-da, boya sohilda burniga urilgan o‘tkir hidni esladi.
— Yo‘q... Ha, yana bir narsa. Jasad topilgan joy qirg‘og‘idan, qumlar orasidan unchalik katta bo‘lmagan ammiak moddasi izlari topildi.
Liana bu gapni eshitishi bilan shartta o‘rnidan turdi.
— Uni aniq nimaligini bilish uchun o‘zim voqea joyiga borib ko‘raman. Meni kutib turasizmi?
— Albatta, — Jimin ham o‘rnidan turdi. Liana burilib, eshik tomon teza-tez yurib keta boshlaganida, Jimin uning ortidan ovozini balandlatib gapirdi — Liana xonim Iltimos, jinoyatchini tutishda menga yordam bering... Bo‘limga kelgan dastlabki tezkor xabarga ko‘ra, qurbonning oshqozonidan boshqa barcha ichki a’zolari olib tashlangan. Qurbonning tanasida g‘alati, tushunarsiz narsalar juda ko‘p.
Liana eshik dastasini ushlagancha to‘xtadi. U ortiga burilmay, javob berdi.
— G‘alati narsalar bo‘lmaganda... uni qurbon tanasi deb bo‘lmasdi.
U shunday dedi-yu, eshikni ochib ichkariga kirib ketdi.

Han Liana
Xonada faqat jarrohlik chirog‘ining o‘tkir nuri va asboblarning bir-biriga urilgan metall tovushi eshitilardi. Lee Yonjuning jasadi temir stol ustida yotar, uning sovuq va rangsiz chehrasi dahshatli qismatidan darak berardi.
Liana jasadning yuzini yopib turgan oq choyshabni ohista pastga tushirdi. Qurbonning tanasi ancha zarar ko‘rgandi.
— Avval suratga olamiz, — dedi Hyunsik va kamerani sozlab, jasadning yuz qismini yaqindan bir necha bor suratga tushirdi.
Liana jasadning ko‘z qovoqlarini ehtiyotkorlik bilan ochib ko‘rarkan, ichkaridagi hasharotlar zarrachalariga tikildi.
— Bu tomonni ham ol... Ko‘z soqasi ko‘tarilgan. Qurtlarning yoyilish hududi juda keng. Aynan shu qurtlar yordamida avval o‘limning aniq vaqtini belgilaymiz. Hyunsik, hammasini to‘liq suratga oldingmi?
— Ha, tayyor, — javob berdi Hyunsik kamerani chetga olib.
Liana jasadning og‘iz bo‘shlig‘i va milklarini tekshirishda davom etdi.
— Ko‘z soqasi va milklarga qon quyilgan. Demak, ular shprisdan foydalanishgan... Giyohvand moddalar inyeksiyasi izlari bor. Skalpel.
Yonida turgan hamshira Miso unga darhol skalpelni uzatdi. Liana Yonjuning bo‘yin qismini ohista, ammo aniq harakat bilan kesdi. U ichki to‘qimalarni ko‘zdan kechirarkan, tahlilini ovoz chiqarib aytdi.
— Agar qurbonga giyohvand moddalar berilgan bo‘lsa, demak, jinoyatchining dastlabki maqsadi uni darhol o‘ldirish bo‘lmagan. Uni tiriklayin qiynashgan.
Liana maxsus qisqich bilan kesilgan joy ichidan nimadir oldi.
— Qon tomiriga qandaydir yot modda kiritishgan.
U bo‘yin umurtqalarini chuqurroq yorib ko‘rdi va barmoqlari bilan suyaklarni tekshirdi.
— Bo‘yin aniq bir harakat bilan sindirilgan. Pufaklar ochilganda qon ketish boshlanadi... Bu judayam g‘alati. Uning o‘pkasi bunday og‘ir holatda bo‘lishiga qaramay, tanada hali ham qon oqmoqda. Agar singan bo‘yin suyagiga qarasak, o‘limidan sal avval beshinchi umurtqa qasddan sindirilgan.
Liana kutilmaganda jasadning bo‘yin qismiga juda yaqin keldi va havoni hidlab ko‘rdi. Uning nigohida shubha uyg‘ondi.
Hidlab ko‘ring-chi...
Miso va Hyunsik hayron bo‘lib jasadga yaqinlashishdi va engashib hidlashdi.
— Qandaydir kuchli tozalovchi vositaning hidi kelayotganga o‘xshaydi, — dedi Miso burnini jiyirib.
— To‘g‘ri, shunday kimyoviy hid bor, — tasdiqladi Hyunsik ham.
— Jinoyat joyiga, bizdan oldin kim borgan edi?
Hyunsik: Men borganman.
Liana: O‘sha vaqtda jasadning holati qanday edi?
Hyunsik: Jasad qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan polietilen yelimga mahkam o‘ralgan va sohilga tashlab ketilgan edi. O‘sha yelim hozir genetik bo‘limda tahlildan o‘tkazilyapti.
— Qolgan qismini ham och, — buyurdi Liana.
Hyunsik choyshabni butunlay tortib, jasadning pastki qismini ochdi. Liana jasadning oyoq qismiga o‘tib, qisqich bilan mushak to‘qimalari orasidan yana qandaydir zarrachalarni qidirmoqchi bo‘ldi. jasadni boshqa rakursdan yana bir marta suratga olayotgan Hyunsik birdan to‘xtab qoldi. Uning ko‘zlari dahshatdan kengayib ketgandi.
— Liana... Buni ko‘rishing kerak, — dedi u ovozi titrab.
Liana darhol jasadning qorin qismiga yaqin keldi. ichki a’zolari deyarli bo‘shatilgan qonli tana ichidan... g‘alati bir qizil ip chiqib turardi.
Liana qisqich bilan o‘sha qizil ipning uchidan ushladi va sekin yuqoriga tortib oldi. Uzun, qip-qizil ip chiroq nurida qon rangida tovlandi.
Shu soniyada Liananing ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib, miyasida bir necha yil avvalgi unutilgan, dahshatli xotira to‘satdan jonlandi.
Uzoq yillar avval, kimsasiz dengiz sohili. To‘lqinlar ovozi ostida besh yoshlar atrofidagi kichkina qizaloq qumlar ustida yolg‘iz o‘tirardi. Uning qo‘lida qizil ip bilan tikilgan, qo‘g‘irchoq bor edi. Qizaloq o‘rnidan turdi-da, sohil chetida turgan ulkan, yuk mashinasining orqa eshigini ochib, sekin uning ichkarisiga chiqib ketdi...
Liana daxshatga tushgancha ortga chekindi Uning nafas olishi tezlashdi, qo‘llari beixtiyor qaltiray boshladi.
— Bu... bu nima o‘zi? — deb pichirladi u o‘zini yo‘qotib.
Miso topilgan ipga qaradi.
— Doktor Han, bu ip...
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0