O‘sha kuni tong juda sokin boshlangan edi.
Quyosh osmonning sharqidan ko‘tarilib, daraxtlar orasidan tushayotgan oltin nurlar butun maktab hovlisini yoritardi. O‘quvchilar odatdagidan ancha quvnoq edi. Sababi, bugun ular shahar tashqarisidagi katta o‘rmonga sayohatga borishardi.
Maktab oldida ikkita avtobus turardi. O‘quvchilar sumkalarini ko‘tarib, bir-birlari bilan gaplashishar, kimdir suratga tushar, yana kimdir yo‘l uchun yeguliklarini tekshirardi.
Kim Miso esa avtobus yonida turib, sumkasining fermuarini qayta-qayta tekshirardi.
— Suv bor... sendvich bor... telefon bor... — deb pichirladi u o‘ziga. — Hammasi joyida.
Yonidan dugonasi o‘tib ketayotib, unga qaradi.
— Miso, sen sayohatga kelyapsanmi yoki boshqa davlatga ko‘chib ketyapsanmi?
Miso sumkasiga qaradi.
— Nima qilay? Kerakli narsalarimni olib kelyapman.
— Sen uch kunlik ovqat olib kelganga o‘xshaysan.
— Och qolishdan qo‘rqaman. Bu juda jiddiy muammo.
Dugonasi kulib yubordi.
O‘qituvchi hammani avtobusga chaqirdi. Miso deraza yonidagi joyni tanlab o‘tirdi. U yo‘l davomida quloqchin taqib, derazadan tashqarini tomosha qildi.
Shahar ortda qoldi. Katta binolar o‘rnini yashil dalalar, keyin esa baland daraxtlar egalladi. Yo‘l tobora torayib, avtobus o‘rmon tomon yaqinlashardi.
— Voy, qaranglar! — dedi kimdir orqadan. — O‘rmon juda katta ekan!
Miso derazaga yaqinroq surildi.
Daraxtlarning shoxlari bir-biriga tutashib, go‘yo yashil tom hosil qilgandi. Quyosh nurlari barglar orasidan mayda-mayda bo‘lib yerga tushardi.
U bu manzarani juda yoqtirdi.
Avtobus o‘rmon yaqinidagi maxsus sayyohlik hududida to‘xtadi. O‘qituvchi hammani tushirib, qayerga borish mumkinligi va qayerga borish taqiqlanganini tushuntirdi.
— Hech kim guruhdan ajralmaydi. O‘rmon katta, yo‘llar esa ko‘p. Belgilangan hududdan tashqariga chiqish mumkin emas. Tushunarlimi?
— Ha! — deb javob berishdi o‘quvchilar.
Miso ham bosh irg‘adi.
Sayohat boshlandi.
O‘quvchilar o‘rmon ichidagi keng yo‘lakdan yurishdi. U yerda turli xil gullar, mayda hasharotlar va g‘alati shakldagi daraxtlar bor edi. O‘qituvchi ba’zi o‘simliklar haqida ma’lumot berar, bolalar esa suratga tushishardi.
Miso esa bir oz orqaroqda yurardi.
Uning e’tiborini kichkina kapalak tortdi.
Kapalakning qanotlari oddiy sariq rangda emas, balki moviy va binafsha tuslarda tovlanardi. U bir gulga qo‘nib, keyin yana uchib ketdi.
Miso to‘xtadi.
— Qanday chiroyli...
Kapalak yana bir necha metr nariga uchdi.
Miso uning ortidan qarab turdi. Keyin yana uchdi. Bu safar daraxtlar orasiga kirib ketdi.
Miso bir zum o‘ylanib qoldi.
Faqat yaqinroq borib ko‘raman. Hozir qaytaman.
U kapalak ortidan bir necha qadam yurdi.
So‘ng yana bir necha qadam.
Atrofdagi daraxtlar tobora zichlashib borardi. O‘quvchilarning ovozlari esa uzoqlashdi.
Miso to‘xtab, ortiga qaradi.
— Hmm...
U kelgan yo‘lini topishga urinib, orqaga qaytdi. Ammo biroz yurganidan keyin yo‘lakni ko‘rmadi.
U boshqa tomonga burildi.
U yerda ham tanish belgi yo‘q edi.
Miso telefonini chiqarib, vaqtga qaradi. Aloqa belgisi juda sust edi.
— Ajoyib. Shunchaki ajoyib...
U o‘zini tinchlantirishga urindi.
Hechqisi yo‘q. O‘rmon ichidaman, xolos. Bir oz yuraman, yo‘l topiladi.
Lekin u qancha yursa, daraxtlar shuncha ko‘payayotgandek tuyulardi.
Kun asta-sekin kechga og‘di.
Quyosh daraxtlar ortiga yashirina boshladi. O‘rmon ichidagi yorug‘lik kamayib, havo sovidi.
Miso endi hazillashmay qo‘ygandi.
U yana telefonini tekshirdi.
Aloqa yo‘q.
— Iltimos, ishlagin...
U bir necha marta qo‘ng‘iroq qilishga urindi, ammo natija bo‘lmadi.
Shamol daraxtlarning barglarini shitirlatdi.
Miso boshini ko‘tardi.
— O‘qituvchi... qayerdasizlar?
Javob bo‘lmadi.
U atrofga qaradi. Endi o‘rmon kunduzgidan butunlay boshqacha ko‘rinardi. Daraxtlarning uzun soyasi yerga tushgan, uzoqdan noma’lum qushlarning ovozi eshitilardi.
Miso yurishni davom ettirdi.
Bir payt oyoq ostidagi quruq shox sinib ketdi.
Qirs!
U cho‘chib tushdi.
— Voy! Shunchaki shox ekan...
O‘ziga shunday deb, yana yurdi.
Ammo bir necha daqiqadan keyin uzoqdan g‘alati tovush eshitildi.
Go‘yo kimdir daraxtlar orasida yurgandek.
Miso qadamini sekinlatdi.
— Kim bor?
Jimlik.
U bir oz kutdi.
Hech kim javob bermadi.
Miso sumkasining tasmasini mahkam ushladi va yurishda davom etdi.
Nihoyat, uzoqdan kichkina ochiq maydon ko‘rindi. U yerda katta tosh va uning yonida eski daraxt bor edi. Miso shu tomonga yurdi.
Ammo maydonga yetib borishi bilan to‘xtab qoldi.
Bu yerda havo boshqacha edi.
Atrof juda sokin, hatto shamol ham esmayotgandek tuyulardi.
Miso osmonga qaradi. Daraxtlarning shoxlari orasida faqat bir nechta yulduz ko‘rinardi.
— Men endi qayerdaman o‘zi...
U tosh yoniga o‘tirdi. Biroz dam olmoqchi edi.
Shu payt orqa tomondan yana tovush eshitildi.
Bu safar ancha yaqinroq.
Miso sekin boshini burdi.
Daraxtlar orasida kimdir turgandek edi.
Uning ko‘zlari qorong‘ilikka moslashishga urindi.
— Salom?..
Hech qanday javob yo‘q.
Miso o‘rnidan turdi.
— Agar odam bo‘lsangiz, yordam kerak edi...
Daraxtlar orasidagi qoramtir shakl qimirlamadi.
Keyin birdan u ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Miso qotib qoldi.
— Yo‘q... yo‘q, men buni ko‘rmadim.
U ortiga burilib, tezroq yurishga qaror qildi.
Ammo o‘rmonning narigi tomonidan ot tuyog‘ining tovushiga o‘xshash ovoz eshitildi.
Dup... dup... dup...
Miso to‘xtadi.
Ovoz yaqinlashib kelardi.
U daraxt ortiga yashirindi va ehtiyotkorlik bilan qaradi.
Qorong‘ilik ichidan oppoq ot ko‘rindi. Uning ustida qora kiyimdagi bir kishi o‘tirardi.
Ot sekin yurib kelib, ochiq maydonning o‘rtasida to‘xtadi.
Miso nafasini ichiga yutdi.
Notanish kishi otdan tushdi.
U baland bo‘yli, qora kiyim kiygan, uzun kumushrang sochlari yelkasiga tushib turardi. Uning yuzida g‘alati sokinlik bor edi.
U atrofga bir qarab oldi.
Keyin boshini Miso yashiringan daraxt tomonga burdi.
— Chiq.
Miso qimirlamadi.
Notanish kishi yana gapirdi:
— Seni ko‘rib turibman.
Miso ichida ming xil fikr paydo bo‘ldi.
Bu kim? O‘rmon qorovulimi? Yo‘q, qorovullar bunday kiyinmaydi-ku...
U sekin daraxt ortidan chiqdi.
— Salom...
Notanish kishi unga tikildi.
Miso uning yuziga qaradi-yu, birdan nimanidir payqadi.
Ko‘zlari.
Uning ko‘zlari oddiy emasdi.
Qorong‘ilikda ham qizil rangda tovlanib turardi.
Miso bir qadam orqaga chekindi.
Notanish kishi esa unga xotirjam qarab turardi.
— Bu yerda nima qilyapsan?
Miso javob berishga shoshilmadi.
— Men... adashib qoldim.
— Buni ko‘rib turibman.
— Unda nega so‘radingiz?
Notanish kishi qoshini biroz ko‘tardi.
— Til ham bor ekan.
Miso indamadi.
U notanish kishining kiyimiga qaradi. Qora uzun palto, kumush rangli bezaklar, qo‘lida uzuklar... Bularning bari oddiy sayyohga o‘xshamasdi.
— Siz kimsiz? — deb so‘radi u nihoyat.
— Avval sen javob ber.
— Menmi?
— Isming.
— Kim Miso.
— Qayerdansan?
— Shahardan.
— Qaysi shahardan?
Miso bir oz ikkilanib qoldi.
— Bu savollar juda ko‘p bo‘lib ketdi-ku...
Notanish kishining nigohi o‘zgarmadi.
— Sen mening hududimga kirib qolding.
Miso atrofga qaradi.
— Bu sizning o‘rmoningizmi?
— Shunday desa ham bo‘ladi.
Miso ichida o‘yladi:
Voy, o‘rmon egasi ekanmi?
U yana notanish kishiga qaradi.
— Menga yordam bera olasizmi? Men sayohatga kelgandim. Guruhimdan ajralib qoldim. Telefonim ham ishlamayapti.
— Qaysi guruh?
— Maktabdagilar.
Notanish kishi bir muddat jim qoldi.
— Maktab?
— Ha.
Uning yuzida deyarli hech qanday ifoda yo‘q edi.
— Bu o‘rmonning narigi tomonida hech qanday maktab yo‘q.
Miso hayron bo‘ldi.
— Men maktab o‘rmonda demadim-ku. Sayohatga kelgandim!
Notanish kishi unga bir oz tikilib turdi.
Keyin nigohini osmonga qaratdi.
— Kech bo‘ldi.
— Buni men ham bilaman.
— Bu yerda tunash xavfli.
Miso darrov so‘radi:
— Unda meni olib chiqib ketasizmi?
— Hozir emas.
— Nega?!
Notanish kishi javob bermadi.
Miso uning yuziga qarab turdi.
Shu payt u notanish kishining lablari orasida ko‘rinib turgan ikkita uzun, o‘tkir tishni payqadi.
Misoning ko‘zlari kattalashdi.
U asta-sekin orqaga chekindi.
— Siz...
Notanish kishi unga qaradi.
— Nima?
Miso barmog‘i bilan uning og‘zini ko‘rsatdi.
— Tishingiz...
U kishi xotirjamgina lablarini yopdi.
— Nima bo‘libdi?
Miso yutinib qo‘ydi.
— Siz... vampirmisiz?
Bir necha soniya jimlik cho‘kdi.
Keyin notanish kishi sekin javob berdi:
— Nihoyat, tushunding.
Miso ichida:
MEN HOZIR NIMA ESHITDIM?!
U bir qadam orqaga, yana bir qadam orqaga chekindi.
— Yo‘q... bu mumkin emas.
— Nima mumkin emas?
— Vampirlar! Ular ertaklarda bo‘ladi!
— Demak, sen ertaklarga ishonmaysan.
— Hozircha ishonishni boshladim...
Notanish kishi uning hayajonini kuzatib turdi.
— Isming Kim Miso edi, shundaymi?
Miso bosh irg‘adi.
— Ha...
— Men Cha Eunwoo.
Uning ovozi past va qat’iy edi.
Miso bu ismni eslab qolishga urindi.
— Cha... Eunwoo?
— To‘g‘ri.
— Siz... odamlarni tishlaysizmi?
Eunwoo unga qarab turdi.
— Ba’zan.
Miso darrov sumkasini oldiga oldi.
— Meni tishlamang. Men juda bemazaman.
Eunwoo bir necha soniya jim qoldi.
So‘ng uning labida juda kichik, deyarli sezilmaydigan tabassum paydo bo‘ldi.
— Buni o‘zing hal qildingmi?
— Nima?
— Bemazaligingni.
— Ha! O‘zim bilaman!
Eunwoo boshini biroz chayqadi.
— G‘alati inson ekansan.
— Siz ham oddiy odamga o‘xshamaysiz.
— Men odam emasman.
— Ha, buni tushundim...
Eunwoo otiga qaradi.
— Arion.
Oppoq ot boshini ko‘tardi.
Miso hayrat bilan otga qaradi. Uning yoli juda uzun, ko‘zlari esa kumush rangda edi. Tanasida oy nuriga o‘xshash yaltirash bor edi.
— Juda chiroyli ekan...
— Arion, — dedi Eunwoo yana bir bor. — Yaqin kel.
Ot Miso tomon yurdi.
Miso avvaliga qo‘rqib turdi, keyin qo‘lini sekin uzatdi. Arion burnini uning kaftiga tekkizdi.
— Salom, Arion...
Eunwoo buni kuzatib turdi.
— U begonalarga yaqinlashmaydi.
— Balki meni yoqtirgandir.
— Balki.
Miso otning boshini siladi.
— Sizning otingiz ham vampirmi?
Eunwoo unga qaradi.
— Yo‘q.
— Unda nega bunday g‘alati ko‘rinadi?
— Chunki u oddiy ot emas.
Miso yana bir savol bermoqchi edi, ammo Eunwoo gapni davom ettirdi:
— Bu yerda qolishing mumkin emas. Qal’aga boramiz.
Miso darrov qo‘lini tushirdi.
— Qal’a?
— Ha.
— Siz qal’ada yashaysizmi?
— Shunday.
— U yerda boshqa vampirlar ham bormi?
— Ko‘pchilik.
Miso jim bo‘lib qoldi.
Eunwoo otning jilovini ushladi.
— Yur.
Miso joyida turaverdi.
— Men siz bilan borsam, meni yeb qo‘ymaysizmi?
Eunwoo unga yuzlandi.
— Hali qaror qilmadim.
— NIMAAA?!
Uning ovozi daraxtlar orasida aks-sado berdi.
Eunwoo esa hech qanday shoshilmasdan otga mindi.
— Hazil.
Miso qovog‘ini soldi.
— Bu hazil emas!
— Menimcha, yomon chiqmadi.
— Sizning hazilingiz juda qo‘rqinchli ekan!
— Bunga ko‘nikasan.
Ular o‘rmon ichidan yo‘lga tushishdi.
Miso Arionning yonida yurardi. Ba’zan daraxtlar orasiga qarab qo‘yardi, ba’zan esa Eunwooga savol berardi.
— Siz necha yoshdasiz?
— Ko‘p.
— Aniqrog‘i?
— Juda ko‘p.
— Bu javob emas-ku.
— Men ham shunday deb o‘yladim.
Miso unga qaradi.
— Siz doim shunaqa gapirasizmi?
— Qanday?
— Kam gapirasiz. Keyin gapirsangiz ham odamni jahli chiqadi.
Eunwoo unga bir qarab qo‘ydi.
— Sen esa ko‘p gapirasan.
— Men shunchaki savol beryapman.
— Savollaring tugaydimi?
— Yo‘q.
— Buni sezdim.
Miso labini burdi.
Bir oz vaqt o‘tgach, daraxtlar orasida katta temir darvoza ko‘rindi. Darvozaning ikki tomonida baland tosh devorlar bor edi. Devorlar ustida g‘alati belgilar o‘yib ishlangan, ularning orasida binafsha rangli chiroqlar yonib turardi.
Miso to‘xtab qoldi.
— Voy...
Darvoza ortida ulkan qal’a qad rostlagan edi.
Baland minoralar osmonga ko‘tarilgan, derazalardan binafsha nur taralardi. Qal’a atrofidagi devorlar shunchalik baland ediki, ularning ortida nimalar borligini ko‘rish qiyin edi.
Miso boshini yuqoriga ko‘tardi.
— Bu... haqiqiy qal’ami?
— Ko‘rib turganingdek.
— Siz shu yerda yashaysizmi?
— Ha.
Miso yana bir oz tikilib turdi.
— Siz qirolmisiz?
Eunwoo javob bermadi.
Darvoza yonidagi qo‘riqchilar ularni ko‘rib, darhol bosh egishdi.
— Hazratlari!
Miso qo‘riqchilarga, keyin Eunwooga qaradi.
Eunwoo otidan tushdi.
— Darvozani oching.
Qo‘riqchilar katta darvozani ochishdi.
Miso ichkariga kirarkan, qal’aning naqadar ulkanligini yanada yaxshi ko‘rdi. Katta hovli, marmar zinapoyalar, baland ustunlar va qora rangdagi favvora...
Hovlining chetida bir nechta vampir xizmatkorlar turardi. Ular Eunwooni ko‘rishi bilan bosh egishdi.
— Hazratlari qaytdilar.
Keyin ularning nigohi Miso tomon ko‘chdi.
Bir inson qiz.
Qal’ada.
Kechasi.
Ular bir-biriga qarab qo‘yishdi.
Miso buni sezdi va Eunwoo ortiga biroz yaqinlashdi.
Eunwoo uning harakatini payqadi.
— U mening mehmonim, — dedi u atrofdagilarga. — Hech kim unga tegmaydi.
Uning ovozi baland emasdi, ammo shu qadar qat’iy ediki, hech kim ortiqcha savol bermadi.
— Tushundik, hazratlari.
Miso sekin pichirladi:
— Ular ham vampirmi?
— Ha.
— Hammasi?
— Qal’adagilarining aksariyati.
— Demak, men bu yerda yagona insonman?
— Hozircha.
Miso atrofga qaradi.
Men nima qilib qo‘ydim o‘zi?
Qal’aning ichkarisi tashqarisidan ham hayratlanarli edi.
Katta zalning shiftiga oltin naqshlar ishlangan, devorlarda qadimiy suratlar osilgan edi. Uzun qizil gilam marmar zinapoyagacha cho‘zilib ketgan. Shift ostida osilib turgan katta qandilning har bir chirog‘i binafsha rangda tovlanardi.
Miso bir surat oldida to‘xtadi.
Suratda qora kiyimdagi bir kishi taxtda o‘tirgan, uning yonida esa bir nechta vampirlar turardi.
Miso suratga yaqinroq bordi.
— Bu kim?
Eunwoo orqasiga qaradi.
— Ajdodlarimdan biri.
— Juda jiddiy ko‘rinadi.
— U jiddiy odam bo‘lgan.
— Sizga o‘xsharkan.
Eunwoo unga qaradi.
— Bu maqtovmi?
— Hali qaror qilmadim.
Eunwoo bir zum jim turdi.
— Menga javob qaytarishni yaxshi ko‘rarkansan.
— Siz boshlayapsiz-ku.
Ular zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilishdi.
Shu payt yo‘lakning narigi tomonidan kumushrang sochli bir ayol yaqinlashdi. U qora, uzun ko‘ylak kiygan, sochlari orqasiga yig‘ilgan edi.
Ayol Eunwooni ko‘rib bosh egdi.
— Hazratlari.
— Minerva.
— Qaytganingizdan xursandman.
Minervaning nigohi Miso tomon tushdi.
U hayratini yashirishga urindi.
— Bu yosh xonim kim?
— Mening mehmonim. Kim Miso.
Miso salomlashdi.
— Assalomu alaykum.
Minerva biroz ajablandi, ammo darhol muloyim jilmaydi.
— Va alaykum assalom, xonim. Men Minerva. Qal’a xizmatkorlaridan biriman.
— Tanishganimdan xursandman.
Eunwoo Minervaga qaradi.
— Unga mehmon xonasi tayyorlang. Mening xonam yonidagi xona bo‘lsin.
Minerva bosh irg‘adi.
— Albatta, hazratlari.
Miso darrov Eunwooga qaradi.
— Bir daqiqa. Men sizning xonangiz yonida turamanmi?
— Ha.
— Nega?
— Chunki bu qal’ada seni himoya qilishim kerak.
— Boshqa xona yo‘qmi?
— Bor.
— Unda nega aynan yoningizdagi xona?
Eunwoo unga xotirjam qaradi.
— Chunki qolgan xonalar juda uzoqda.
Miso biroz o‘ylanib qoldi.
— Mayli. Lekin eshigim qulflanadimi?
— Ha.
— Ichkaridan ham qulflay olamanmi?
— Albatta.
— Hech kim ruxsatsiz kirmaydimi?
— Hech kim.
Miso biroz tinchlangandek bo‘ldi.
Minerva ularni kuzatib turardi.
— Xonim, sizga biror narsa kerak bo‘lsa, meni chaqirishingiz mumkin.
— Rahmat.
Eunwoo yana Minervaga murojaat qildi:
— U inson. Unga insonlar yeydigan ovqat tayyorlang.
— Tushunarli, hazratlari.
Miso darrov e’tiroz bildirdi:
— Men o‘zim ham ovqat tanlay olaman.
Eunwoo unga qaradi.
— Unda tanla.
— Nima bor?
— Minerva aytadi.
Minerva muloyimlik bilan javob berdi:
— Bizda sho‘rva, guruch, sabzavotlar, mevalar va turli xil nonlar bor.
Misoning ko‘zlari biroz chaqnadi.
— Qulupnay bormi?
— Albatta.
— Unda qulupnay ham bo‘lsin!
Eunwoo boshini sekin chayqadi.
— Sen juda tez moslashyapsan.
— Och qolishdan ko‘ra moslashgan yaxshi.
Mehmon xonasi qal’aning yuqori qavatida edi. Katta derazasi bog‘ tomonga qaragan, devorlari och kulrang, mebellari esa to‘q yog‘ochdan ishlangan edi.
Xonaning o‘rtasida katta karavot, yonida kichik stol, deraza oldida esa yumshoq kreslo bor edi.
Miso ichkariga kirib, atrofni ko‘zdan kechirdi.
— Juda chiroyli ekan...
Minerva unga xona kalitini uzatdi.
— Bu sizning kalitingiz, xonim.
Miso uni oldi.
— Rahmat.
Eunwoo eshik oldida turardi.
— Biror narsa kerak bo‘lsa, qo‘ng‘iroq tugmasini bos. Xizmatkor keladi.
U devordagi kichik kumush tugmani ko‘rsatdi.
— Ammo eshikni hech kimga ochma.
Miso darrov unga qaradi.
— Hatto Minervaga hammi?
— Agar u bo‘lsa, avval ovozini eshit. Men ham kelganimda o‘zimni tanishtiraman.
— Qanday qilib bilaman?
Eunwoo unga tikildi.
— Mening ovozimni eslab qolishing qiyin emas.
Miso bosh irg‘adi.
— Yaxshi.
Eunwoo chiqib ketmoqchi bo‘ldi, ammo Miso uni to‘xtatdi.
— Bir daqiqa!
U orqasiga qaradi.
— Nima?
— Siz meni rostdan ham yemaysizmi?
Eunwoo unga bir muddat qarab turdi.
— Hozircha yo‘q.
— Yana shu gapmi?!
— Xayrli tun, Kim Miso.
U eshikni yopdi.
Miso bir necha soniya jim turdi.
Keyin eshikning qulfini buradi.
Chiqilloq!
U yana bir marta tekshirdi.
— Yaxshi. Endi hech kim kirmaydi.
Birozdan keyin Minerva ovqat olib keldi. Eshikni taqillatganida Miso ichkaridan so‘radi:
— Kim?
— Minerva, xonim. Sizga ovqat olib keldim.
Miso eshikni ochdi.
Minerva kumush patnisda issiq sho‘rva, non, mevalar va kichik idishda qulupnay olib kelgandi.
— Rahmat! Juda och qolgandim.
— Yoqimli ishtaha, xonim.
Miso stolga o‘tirdi.
— Minerva, siz bu qal’ada uzoqdan beri ishlaysizmi?
— Juda uzoq vaqtdan beri.
— Eunwoo ham shuncha vaqtdan beri qirolmi?
Minerva yengil jilmaydi.
— Hazratlari ko‘p yillardan beri qirollikni boshqaradilar.
Miso qoshiqni qo‘liga oldi.
— U doim shunaqa jiddiymi?
Minerva bir oz o‘ylanib qoldi.
— Hazratlari kamdan-kam hollarda o‘zlarini boshqacha tutadilar.
— Demak, doim shunaqa.
Minerva kulimsiradi.
— Sizga biroz sovuq ko‘ringandir.
— Birozmi? Juda!
Minerva kulib yubordi.
Miso ham kulimsiradi.
— Lekin menga yordam berdi. Buning uchun rahmat aytishim kerak.
— Hazratlari mehmonlariga g‘amxo‘rlik qiladilar.
Miso qulupnaydan bittasini oldi.
— Men ham shunday deb umid qilaman.
Ovqatdan so‘ng Minerva patnisni olib chiqib ketdi. Miso esa deraza yoniga borib, tashqariga qaradi.
Qal’aning bog‘ida binafsha chiroqlar yonardi. Daraxtlarning orasida qoramtir soyalar ko‘rinardi. Uzoqda esa baland minoraning derazasi yorug‘ edi.
Miso o‘z xonasidagi kresloga o‘tirdi.
U bugun boshidan o‘tgan voqealarni esladi.
Ertalab maktab avtobusi.
Kapalak.
Adashib qolish.
Qizil ko‘zli notanish kishi.
Vampirlar qal’asi.
U ko‘zlarini yumdi.
— Men ertaga uyg‘onsam, bularning hammasi tush bo‘lib chiqsa kerak...
Ammo stol ustidagi kumush kalitni ko‘rishi bilan bu tush emasligini tushundi.
Miso karavotga yotdi.
Tashqarida esa tun tobora chuqurlashardi.
Ertasi kuni ertalab qal’aga quyosh nurlari tushdi.
Miso ko‘zlarini ochdi. Bir necha soniya qayerdaligini eslay olmadi. Keyin katta derazani, baland shiftni va begona xonani ko‘rib, hammasi yodiga tushdi.
— Voy... men rostdan ham vampirlar qal’asidaman.
U o‘rnidan turib, pardalarni ochdi.
Bog‘ juda chiroyli edi. Favvora suvi yaltirab oqardi, qora rangli qushlar daraxt shoxlarida o‘tirardi. Qal’aning narigi tomonida esa katta kutubxona oynalari ko‘rinardi.
Miso aynan shu derazalarga qarab qoldi.
Kutubxona...
U tezda yuvinib, sochlarini tartibga soldi va eshikni ochdi.
Yo‘lak bo‘m-bo‘sh edi.
Miso sekin yurib, zinapoyaga tushdi. U qayerga borishini bilmasdi, ammo bog‘ni yana ko‘rishni istardi.
Pastki qavatga tushganida, katta zalda Eunwooni ko‘rdi.
U qora kiyimda, qo‘lida bir nechta hujjat bilan turardi. Yonida ikki vampir nimanidir tushuntirayotgan edi.
Eunwoo Misoni ko‘rdi.
— Uyg‘ondingmi?
— Ha. Xayrli tong.
— Xayrli tong.
Miso uning qo‘lidagi hujjatlarga qaradi.
— Ishlayapsizmi?
— Ko‘rib turibsan.
— Men ham ishlashim kerakmi?
Eunwoo qog‘ozlardan ko‘zini uzmay javob berdi:
— Senga hozircha ish yo‘q.
— Yaxshi. Men ham ishlashni rejalashtirmagandim.
Yonidagi vampirlardan biri kulgisini zo‘rg‘a yashirdi. Eunwoo unga bir qaradi. Vampir darhol jiddiylashdi.
Miso buni ko‘rib, lablarini tishlab kulgisini yas
Izohlar
1Juda yaxshi