Aliya endigina 4 yoshga to‘lgan edi. U ota-onasi bilan emas, buvisi bilan yashardi. Mahallada uning ikkita eng yaqin insoni bor edi: Ali va Zuhra.
Aliya, Ali va Zuhra deyarli har kuni birga bo‘lishardi. Ular ko‘chada o‘ynashar, uzoq suhbatlashishar, ba’zan esa hech qanday sababsiz kulishardi. Mahallada boshqa bolalar ham ko‘p edi, ammo bu uchlikning o‘z dunyosi bor edi. Ular bir-birlarini juda yaxshi ko‘rishardi.

— Ali, bugun nima o‘ynaymiz? — deb so‘rardi Aliya.
— Har doimgidek sen tanla, — derdi Ali.
— Unda quvlashmachoq!
— Yana quvlashmachoqmi? Kecha ham shuni o‘ynadik-ku! — deya e’tiroz bildirardi Zuhra.
— Bo‘lmasa, sen nima o‘ynamoqchisan? — so‘rardi Aliya.
— Menimcha, bugun uyimizga borib, shirinlik yeyishimiz kerak, — derdi Zuhra.
Ularning kunlari shu kabi oddiy, ammo baxtli lahzalar bilan o‘tardi.
Yillar o‘tdi.
Kecha-kunduz, fasllar almashdi. Ular ham ulg‘ayishdi. Aliya 13 yoshga, Zuhra 14 yoshga, Ali esa 17 yoshga kirdi. Bolalikdagi o‘yinlar o‘rnini uzoq suhbatlar, hazillar va bir-biriga aytiladigan sirlar egalladi.

Ular hanuz bir-birlariga «sen» deb murojaat qilishardi. Oralaridagi yaqinlik yillar o‘tsa ham o‘zgarmagan edi.
Ammo bir kun hammasi o‘zgarishi kerak edi.
O‘sha kun Ali uchun oddiy kun emasdi.
Uning oilasi Turkiyaga qaytishga qaror qilgan edi. Ali aslida turkiyalik bo‘lib, otasining ishi sababli oilasi bilan bir necha yildan beri O‘zbekistonda yashardi.
Endi esa yana Turkiyaga ketish vaqti kelgandi.
Samolyot kechasi uchishi kerak edi.
Ali ketishidan oldin Aliyaga aytmoqchi bo‘lgan muhim gapi bor edi. U anchadan beri bu gapni ichida saqlab kelardi.
U Aliyani yoqtirardi. Hatto bu tuyg‘uni bolalikdagi do‘stlikdan ham ortiq deb hisoblardi.
Aliya bilan xayrlashib, unga hammasini aytmoqchi edi.
— Ali, tayyormisan? — deb so‘radi onasi.
— Ha, hozir.
— Yana nimani kutyapsan?
Ali bir zum jim qoldi.
— Aliyani kutyapman. U bilan xayrlashishim kerak.
Ammo Aliya o‘sha kuni oilasi bilan aylanishga ketgan edi.
Ali ko‘chada ancha vaqt kutdi. Bir necha bor telefoniga qaradi. Aliyadan hech qanday xabar yo‘q edi.
Nihoyat, Zuhra yoniga keldi.
— Ali, hali ketmadingmi?
— Yo‘q. Aliya kelmadimi?
— Yo‘q, u hali uyga qaytmadi.
Ali boshini egdi.
— Zuhra, senga bir gap aytishim kerak.
— Nima bo‘ldi?
— Men Aliyani yaxshi ko‘raman.
Zuhra unga hayron bo‘lib qaradi.
— Nima?!
— Ha. Buni unga o‘zim aytmoqchi edim. Lekin bugun imkon bo‘lmadi.
Bir oz sukutdan so‘ng Ali yana gap boshladi:
— Iltimos, hozircha unga aytma. Bir kun O‘zbekistonga qaytaman. O‘shanda o‘zim aytaman. Uni topishga ham va’da beraman.
— Ali, lekin…
— Iltimos, Zuhra. Bu gapni o‘zim aytishni xohlayman.
— Xo‘p. Va’da beraman.
Ali unga minnatdorlik bilan qaradi.
— Faqat Aliya mendan xafa bo‘lmasin. U bilan xayrlashishni juda xohlagandim.
Shundan so‘ng Ali oilasi bilan aeroportga yo‘l oldi.
Ular aeroportga yetib kelishgach, samolyotga chiqish vaqti hali kelmaganini bilishdi. Taxminan bir yarim soat kutishlari kerak edi.
Ammo Aliyaning kelishidan umidini uzmagan Ali uchun bu bir yarim soat juda uzoq tuyulardi.
Aliya esa uyga qaytishi bilan qo‘lidagi narsalarni ham unutib, Zuhralarnikiga yugurdi.

— Zuhraaa!
Zuhra darvozadan chiqdi.
— Nima bo‘ldi?
— Qara, nimalar oldim! — dedi Aliya qo‘lidagi narsalarni ko‘rsatib.
Ammo Zuhra uning quvonchini bo‘lisha olmadi.
— Ali ketdi…
Aliyaning yuzidagi tabassum bir zumda yo‘qoldi.
— Nima?
— Ali Turkiyaga ketdi, Aliya.
Aliya qo‘lidagi narsalarni qanday qilib yerga tushirib yuborganini ham sezmay qoldi.
— Qachon?
— Hozirgina. Aeroportga ketishdi.
— Nega… nega men bilan xayrlashmadi?
Uning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
— Nega kutmadi? Men kelardim-ku…
Zuhra uni tinchlantirishga urindi.

— Ali seni kutdi. Ko‘chada ancha vaqt turdi. Lekin sen kelmading. Samolyotga kech qolmaslik uchun ketishga majbur bo‘lishdi.
— Lekin u menga aytmadi-ku…
— Bilaman, Aliya.
Aliya ko‘z yoshlarini artdi.
— Endi uni qachon ko‘raman?
Zuhra nima deb javob berishni bilmasdi. Chunki uning o‘zi ham bu savolga javob topolmayotgan edi.
Shu payt osmonda samolyot ko‘rindi.
Ikkalasi ham beixtiyor osmonga qarashdi.
— Ana, Ali hozir shu samolyotdami? — dedi Aliya yig‘lab.
— Balki. Turkiyaga uchayotgan samolyot bo‘lsa kerak.
Aeroport mahallaga yaqin bo‘lgani sababli samolyot hali ancha pastda uchib borardi.

Aliya bor ovozi bilan baqirdi:
— ALIIII! XAYRLASHMADINKU!
Zuhra unga qaradi.
— Balki eshitgandir…
Aliya esa samolyot ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunicha osmonga tikilib turdi.
O‘sha kecha u birinchi marta bolalikdagi eng yaqin do‘stining yo‘qligini his qildi.
Ali esa Turkiyaga ketayotgan samolyotda edi.
Uning Aliyaga aytolmagan gapi va qaytib kelish haqidagi va’dasi bor edi.
Ammo Aliya bu va’dadan hali bexabar edi.
Izohlar
0