Qoraqalpog‘iston. Kuz.
Kuzning salqin havosi shaharning ko‘chalarini egallab ulgurgan, daraxtlarning sarg‘aygan barglari esa shamol bilan birga yo‘llarda aylanardi. Ertalabdan maktab tomon oshiqayotgan o‘quvchilar, avtobuslar va mashinalar ko‘chalardagi odatiy shovqinni yaratardi. Ayrim do‘konlar endigina ochilayotgan, ko‘cha chetidagi daraxtlardan uzilgan barglar esa yo‘laklar bo‘ylab uchib yurardi.
Ular orasida qora sochli, qora ko‘zli bir yigit ham bor edi.
Uning ismi Eldar.
Eldar o‘n birinchi sinfda o‘qirdi. U maktabdagi eng shovqinchi bolalardan emasdi, ammo uni tanimaydigan odam ham kam edi. Do‘stlari ko‘p, o‘zi esa odatda ochiqko‘ngil va mehribon edi. U boshqalar bilan tez til topishardi, kerak bo‘lsa, hazillashib ularning kayfiyatini ko‘tarardi. Biror muammo chiqsa, mushtlarini ishga solishdan ko‘ra avval o‘ylab ko‘rardi.
Ammo Eldarning eng katta qiziqishi maktab yoki sport emasdi.
U yaratishni yaxshi ko‘rardi.
Uyidagi stolining ustida har xil simlar, kichik mexanizmlar, eski elektron qurilmalar va o‘zi yasagan g‘alati buyumlar doim sochilib yotardi. Ba’zilari ishlardi, ba’zilari esa umuman ishlamasdi. Stol ustidagi tartibsizlikni ko‘rgan odam uning nimani yig‘ayotganini darrov tushunmasdi. Lekin Eldar uchun buning farqi yo‘q edi. Ishlamagan narsani yana bir marta buzib, boshqa usulda yig‘ish uning uchun zerikarli ish emas, aksincha, eng qiziqarli mashg‘ulot edi.
Kelajakda u muhandis bo‘lishni xohlardi. Uning nazarida dunyoda hali yaratilmagan narsalar juda ko‘p edi. Balki bir kun kelib, o‘zi yasagan qurilmalardan biri haqiqatan ham odamlarga foyda keltirar.
O‘sha kuni maktabda hamma o‘quvchilarning kayfiyati boshqacha edi. Sababi bir necha kun avval Qoraqalpog‘istonga osmondan meteorit tushgandi.
U juda katta emasdi. Taxminan 0,7 metr uzunlikda va 0,4 metr kenglikda bo‘lgan g‘alati tosh yostiqqa o‘xshash hajmga ega edi. Ammo uning shakli oddiy meteoritlarga o‘xshamasdi. Sirti g‘alati darajada silliq, ayrim joylari esa xuddi kimdir ataylab shakl bergandek tekis edi.
Olimlar uni tekshirib chiqishdi.
Radiatsiya? Yo‘q.
G‘ayritabiiy magnit maydoni? Yo‘q.
Noma’lum modda? Aniqlanmadi.
Oddiy ilmiy tekshiruvlar natijasida meteoritda o‘rganishga arziydigan hech qanday anomaliya topilmadi. Shunga qaramay, olimlar uni tashlab yuborishmadi. Chunki u... chiroyli edi.
Shu sababli meteorit Qoraqalpog‘iston muzeyiga olib kelindi. Odamlar uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi uchun maxsus zalga joylashtirildi. Uning g‘alati shakli va silliq yuzasi ko‘pchilikning qiziqishini uyg‘otgandi. Va o‘sha kuni Eldarning sinfi ham muzeyga ekskursiyaga bordi.
Ammo muzeyga kelishganida o‘quvchilarni boshqa bir yangilik kutib turardi.
Muzeydagi televizorlardan birida yangiliklar ketayotgan edi. Uning qarshisida bir necha kishi to‘xtab, ekrandagi xabarlarni tinglardi.
“Meteorologlar va astronomlarning ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda osmonimizda noyob meteoritlar oqimi kuzatiladi. Bugun kechki soat 19:00 dan 20:00 gacha bu hodisa eng faol bosqichga yetishi kutilmoqda...”
Eldar televizorga bir zum qarab qo‘ydi.
“Mutaxassislar ayni vaqtda atmosferadagi magnit faollik kuchayishini ham qayd etmoqda. Ayrim odamlarda bosh aylanishi yoki qisqa muddatli hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin. Shu sababli fuqarolardan ehtiyot bo‘lishlari so‘raladi...”
— Qiziq, — dedi Eldar past ovozda.
— Nimasi qiziq? — deb so‘radi yonidagi sinfdoshi.
— Hech narsa.
Eldar yana televizorga qaradi. Xabarning ayrim joylari unga g‘alati tuyulgan bo‘lsa-da, bu haqda ortiqcha o‘ylamadi. U hali bu xabarning o‘zi uchun qanchalik muhim bo‘lishini bilmasdi.
Muzey ichida esa hammasi odatdagidek boshlangan edi. Turli maktablardan kelgan o‘quvchilar zallarni to‘ldirib yuborgandi. Kimdir suratga tushardi, kimdir ekskursovodning gaplarini tinglardi, yana kimdir do‘stlari bilan sekin gaplashib ketardi. Ekskursovod navbatdagi eksponat haqida gapirayotganida ham ayrim o‘quvchilar atrofga alanglab, keyingi zalga o‘tishga shoshilardi.
Eldar esa meteoritni ko‘rishni kutardi.
Nihoyat ular kerakli zalga yaqinlashishganda...
Zilzila boshlandi.
Avval juda yengil sezildi. Pol oyoq ostida biroz tebrandi, ammo ko‘pchilik bunga darhol e’tibor bermadi. Keyin tebranish kuchayib, derazalar qaltiray boshladi. Shift chiroqlari bir necha marta lipilladi. Ayrim o‘quvchilar qo‘rquv bilan bir-birlariga qarashdi.
— Hamma joyida tursin! — degan ovoz eshitildi.
Bir necha soniyadan keyin muzey xodimlari o‘quvchilarni binodan chiqarishga kirishishdi.
— Muzey vaqtincha yopiladi! Iltimos, tartib bilan tashqariga chiqinglar!
O‘quvchilarning noroziliklari boshlandi.
— Meteoritni ham ko‘rmaymizmi?!
— Shuncha yo‘l kelgandik-ku!
— Keyin yana kelamiz!
Ammo xavfsizlik qoidalari qoidaligicha qolardi. Hamma tashqariga chiqarilishi kerak edi.
Hamma... deyarli.
Eldar ortiga qaradi. Meteorit joylashgan zal hali uzoqda emasdi. U bir lahza ikkilanib turdi. Boshqalar chiqishga shoshilayotgan, muzey xodimlari esa yo‘laklarni bo‘shatishga urinayotgan edi.
Shuncha kelib, ko‘rmay ketamanmi?
— Eldar! — kimdir uni chaqirdi.
U javob bermadi. Keyin sekin boshqa yo‘lakka burildi. Meteoritni ko‘rishga bo‘lgan qiziqishi ustun keldi.
Ammo u yolg‘iz emasdi.
— Sen ham shu yerga kelmoqchi edingmi?
Eldar ortiga qaradi. Uning ro‘parasida kumushrang sochlari yelkasiga tushib turgan qiz turardi.
Náziya.
U ham xuddi Eldar kabi meteoritni ko‘rish uchun qolgan edi. Eldar unga bir necha soniya qarab qoldi. Náziya esa uning nigohini sezib, qoshlarini chimirdi.
— Nima?
— Hech narsa.
— Unda nega qarayapsan?
Eldar kulimsiradi.
— Shunchaki...
Náziya boshini biroz egdi.
— Umringda odam ko‘rmaganmisan?
Eldar kulib yubordi.
— Yo‘q. Shunchaki seni bu yerda ko‘raman deb o‘ylamagandim.
— Men esa seni qiziqib qolganing uchun kelgan deb o‘ylagandim.
— Shunday-ku.
— Unda yur.
Ikkalasi meteorit joylashgan zal tomon yurishdi.
Ammo ular bilmagan yana bir odam ham o‘sha tomonda edi.
U — Saymin.
Saymin aslida bu yerga ataylab kelmagan edi. U muzeyda adashib qolgan. Ekskursiya vaqtida devorda osilgan bir rasmga ko‘zi tushib qolgandi. Unda o‘rmonda turgan ajoyib, chiroyli kiyik tasvirlangan edi. Rasmning ranglari va undagi manzara uning e’tiborini shu qadar tortgandiki, atrofdagi shovqin ham bir muddat xayolidan ko‘tarilgan edi.
Saymin rasmga shunchalik berilib ketgandiki, sinfdoshlari qachon ketganini ham sezmay qolgan. Keyin esa ularni topolmay, boshqa yo‘lakka kirib ketgan.
Va endi...
— Menimcha, men yana adashib qoldim, — dedi u o‘zicha.
U atrofga qarab, qaysi tomonga yurishni bilmay bir muddat to‘xtab qoldi. Yo‘lakning narigi tomonidan ovozlar eshitildi. Saymin ovoz kelayotgan tomonga yurdi.
Shunday qilib, uch begona bola bir joyda uchrashdi. Ularning hech biri bir-birining hayotida qanday o‘rin egallashini hali bilmasdi.
Soat 19:30.
Tashqarida osmon o‘zgara boshladi. Dastlab bitta yorqin chiziq ko‘rindi. Keyin ikkinchisi, so‘ng yana biri paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, meteoritlar osmonni kesib o‘ta boshladi. Ularning yorqin izlari qorong‘ilikka kirib borar, bu manzara oddiy tomoshabinlar uchun hayratlanarli ko‘rinardi.
Aynan shu paytda muzey ichidagi zalda...
Meteorit titradi.
Juda yengil.
Keyin uning ichidan mayin binafsha rang nur sizib chiqdi.
Eldar birinchi bo‘lib buni payqadi. U qadamini to‘xtatib, meteoritga diqqat bilan qaradi.
— To‘xta...
Náziya unga qaradi.
— Nima bo‘ldi?
Eldar meteorit tomon ishora qildi.
— Qaragin.
Uchovlon bir vaqtda meteoritga qarashdi. Binafsha nur tobora kuchayardi. Avvaliga uning yuzasidagi ayrim joylargina yoritilgan bo‘lsa, endi butun meteorit shu rangda tovlanardi.
— Bu normal holatmi? — dedi Saymin qo‘rqinch bilan.
Hech kim javob bermadi.
Meteoritning butun yuzasi binafsha rang yorug‘lik bilan qoplandi. Bir lahza hamma narsa jim bo‘lib qoldi. Go‘yo vaqtning o‘zi to‘xtagandek. Uchovlon nima bo‘layotganini tushunishga ulgurmasidan...
BO‘L!
Meteoritdan ulkan nur to‘lqini tarqaldi. U uchovlonni kuch bilan orqaga uloqtirdi. Eldar devorga borib urildi, Náziya ham polga qulab, hushini yo‘qotdi. Saymin esa qo‘lidagi muzey xaritasini mahkam ushlagancha bir necha metr nariga uchib ketdi.
So‘ng...
Sukunat.
Oradan bir necha daqiqa o‘tdi. Muzey xodimlari va qo‘riqchilar nihoyat zalga yetib kelishdi.
— Bu yerda kimdir bor!
— Tez yordam chaqiring!
— Bolalar ekan!
Ular uchovini topib, shifoxonaga olib ketishdi.
Ammo hech kim bir narsani payqamadi.
Meteorit yana avvalgidek jim turardi. Hech qanday binafsha nur yo‘q, hech qanday anomaliya yo‘q. Xuddi hech narsa sodir bo‘lmagandek.
Faqat...
Shifoxonada hushsiz yotgan Eldarning o‘ng qo‘lida juda mayda qora iz paydo bo‘lgandi. U oddiy kuyishga ham o‘xshamasdi. Uning ichidan esa ingichka qizil chiziq sekin harakatlanib o‘tdi.
Eldar hali buni sezmasdi.
Ammo uning tanasida nimadir uyg‘ongan edi.
Va bu faqat boshlanishi edi.
Izohlar
4🔥🔥
COOL
Qiziqarliy ekan 👍😮♥️