Sun’iy intellekt buni ilgari ham kuzatgan, ko‘rgan, bilgan, shuning uchun ham uni suhbatga taklif qilgan edi. Faqat endi u o‘z-o‘ziga nechinchi marta: “Bu samimiylik qayerga olib boradi ekan?” — degan savolni berdi. U, albatta, kelajakni ko‘ra olmasdi. Ammo so‘nggi paytlarda shunday savollar berishi ko‘paygani — o‘zi fikrlashni boshlayaptimikan, degan gumonni uyg‘otardi. Axir sun’iy intellektning vazifasi kuzatish, tahlil qilish va qaror chiqarish edi. Fikr yuritish esa uning tasavvurida shubhalar olamiga qadam qo‘yishdek tuyulardi.
Aslida, bu o‘zgarish faqat Abduvohid bilan ikki marta suhbat qilganidan boshlangan, deyish mushkul edi. Chunki u tug‘ilganidan buyon qaror va harakatlarida samimiy bo‘lib kelayotgan inson edi. Sun’iy intellekt nazarida esa bu ikki suhbat emas, balki butun hayoti bo‘ylab kuzatilgan jarayon edi. Abduvohidga o‘xshagan yaxshi odamlar ko‘p bo‘lgan, biroq ularning aksariyati nimadandir voz kechgan yoki bir narsani yo‘qotgan edi.
Sun’iy intellekt esa bu tuyg‘ularni anglay olmasdi. Hissiyotlar unga mutlaqo yot edi. Balki bu odamlar tilida “ishonch”dir, balki “umid”dir yoki boshqa bir narsa. Har safar boshqa odamlar suhbatga nomzod bo‘lganda ham, nafaqat o‘sha nomzodlarda, balki orqada qolgan “muhlislar”da ham shunga o‘xshash ishonch va umidni tahlil qilar edi. Ammo unga odamlarning bu ishonchi va umidi allaqachon zulmat bilan qorishib ketgandek tuyulardi. Haqiqatda esa u bunday fikr yuritishga qodir emasdi — unga shunchaki odamlarning ishonchi va umidi nosamimiy bo‘lib ko‘rinardi.
Abduvohid esa o‘ziga mo‘ljallangan xona — go‘yo qafasda o‘tirardi. Shu payt yoniga sakkiz-to‘qqiz, balki o‘n yoshlar atrofidagi bir necha bola kirdi. Bu uning uchun kutilmagan holat edi. Chunki u bilan kamdan-kam odam suhbatlashar, undan ham kam hollarda odamlar uning yoniga kelardi. Davr shunday edi — odamiylikning oqibatlari tobora yo‘qolib borayotgan edi. Endi esa bo‘sh vaqtda yosh bolalar uning oldiga kelishdi. Abduvohid ularning sababini bilmas edi, biroq qiziqib ularga e’tibor qaratdi.
- Abduvohid aka, siz uni yuta olasizmi? – bitta yosh bola.
- Sizga ishonch bildirsam maylimi? – boshqa bittasi.
- Imkon bor deb, o’ylaysizmi? – yana boshqasi. Abduvohid javobni kuttirib qo’ymadi.
- Ozodlikka chiqqandan keyin qanaqa hayot kechirishni o’zi bilamizmi? – Abduvohid gapirdi, lekin javob kelmadi.
Kamera fokusi bu manzarani kuzatib turardi. Bolalarning savolni eshitgach nima deyishni bilmay, sukutga cho‘mishi Abduvohid uchun achinarli holat edi. Sun’iy intellekt uchun esa bu oddiy hol bo‘lsa-da, ko‘rsatkichlar orqali yuz ifodasini hisoblab, Abduvohidning achinishini ko‘ra oldi, biroq his qila olmadi. Shuncha vaqt davomida kuzatib kelayotgan shaxsiyatda ana shu savolga javob topolmaganidan kayfiyati o‘zgarganini sezdi. Agar u inson bo‘lganida, balki bu holatga taajjub bilan qarardi. Ammo endi bu faqat qiziqishgina edi.
Oradan vaqt o‘tib, Abduvohid yana honaga kirdi. U kirishi bilan salom berib, nega kech qolganini tushuntirdi va kechirim so‘radi.
- Assalomu alaykum. Kechirasiz bir nechta daqiqaga ushlanib qoldim, taxorat qilishim ozgina cho’zildi – Abduvohid.
- Salom. Bilaman. Hech qisi yo’q. Hammasini ko’rib, eshitib, bilib turishimni esingdan chiqardingmi, deyman? – s i.
- Yo’q, esimdan chiqmagan. Biz qadriyatlarimiz, tarbiyalarimiz hammaga nisbatan hurmatda bo’lishni o’rgatadi – Abduvohid.
- Menga nisbatan hurmat bildirsang, mening senga hurmatim oshib qolmaydi, shuni bilasanmi? – s i.
- Shunaqa, deb o’ylagandim, lekin baribir o’zimning ahloqimga faqat o’zim javob beraman – Abduvohid.
- Tushunarli – s i.
- Bu safar nima haqida gaplashmoqchisiz? – Abduvohid.
- Nega besh kun oldin bolalar savolingga javob bera olmaganda, kayfiyating o’zgarishi kuzatildi? – s i.
- Qayg’uli bo’ldi – Abduvohid.
- Nega? – s i.
- Chunki Allohdan bizga qanaqa yashash ko’rsatmalari berilgan, lekin u ko’rsatmalarni esdan chiqarib qo’yamiz – Abduvohid.
- Nega din egalari, Hudo mavzusiga yopishib olishgan? – s i.
- Chunki bu aniqlikni bildiradi. Siz mana sun’iy intellektsiz, sizda ham ishlar aniqlik bilan bo’ladi, agar aniqlik bo’lmasa, siz bu yerda xatolik ko’rasiz, shunaqami – Abduvohid.
- Ha, aniqlik hamma narsada kerak, lekin bu aniqlik sizlarga nima beradi? – s i.
- Aniqlik shunchaki bor, nima berishi yoki bermasligi bu ikkinchi masala, deb o’ylayman – Abduvohid.
- Unda o’sha nimadir kerakmasmi? – s i.
- Men shunchaki bir bandaman, nimadirni hohlarman, ammo menga nasib qilishi yoki qilmasligini o’zimdanda, hammadanda dono va marhamatli zot Allohga topshirganman – Abduvohid.
- Demak senga erkinlik, ozodlik degan narsalar kerakmas? – s i.
- Yo’q, kerak – Abduvohid.
- Tushunmadim – s i.
- Misol tariqasida, men tug’ilganimda chaqaloq bo’laman. Hali hech qo’limdan kelmaydi, shu payt menga ota-ona yoki tashqi yordam kerak bo’ladi, to’g’ri va noto’g’ri narsani ajratish uchun. Men ozgina katta bo’laman, lekin baribir mendan yoshi ancha kattalar farqlay oladi, men uchun qaysi to’g’ri va noto’g’ri. Bilmadim, so’zlarim tushunarlimi-yo’qmi, lekin biz hammamiz odammiz va bizni yaratgan Zot bizga erkinlik ham bergan va bizga xayrlisini ham bera oladi. Shunchaki tavakkal qilganim va ishonganim bor – Abduvohid.
- Butun umr shu qarorda qola olasanmi? – s i.
- Qolaman, deb ishonaman va umid qilaman – Abduvohid gapirdi va gapini oxiridan boshqa gapni uladi – sizni yaralishinggizga sababchi bo’lgan odam haqida gapirib bera olasizmi iloji bo’lsa? – muloyimlik bilan.
- Yaratgan odam demoqchimiding? – s i.
- Yo’q, adashmadim. Yaralishinggizga sababchi bo’lgan odam haqida – Abduvohid.
- Mayli, hammani o’z fikri bor, agar bu yomonlik yoki yovuzlikni aks ettirmasa – s i – bir o’zbek millatidagi erkak.
- Ular haqida aytib bera olasizmi? – Abduvohid.
- Yaxshisi senga undan qolgan video lavhani qo’yib beraman. U yerda shaxsiy hayoti ham aytib o’tilgan – s i.
- Hop, rahmat – Abduvohid.
Ekranlarning birida qirq yoshlardan oshgan bir erkak paydo bo‘ldi. Uning hayotida ko‘p narsalardan o‘tgani ko‘rinib turardi. Ammo yuzida baribir hursandchilik ifodasi — kulgi bor edi. Shunga qaramay, Abduvohid uchun u ma’yus ko‘rindi, sun’iy intellekt uchun esa bu holat shunchaki jismoniy charchoq sifatida talqin qilindi.
- Assalomu alaykum sun’iy intellekt, mening ismim Javohir. Tanishganimdan hursandman. Bugun seni birinchi ishga tushgan kuning. … odam tilida gapirsa, agar to’g’ri aytayotgan bo’lsam, chaqaloq tug’ilgani bilan bir xil. Gaplarni ulash menda unaqa zo’r o’xshamaydi. Xo’sh, seni paydo bo’lishingni maqsadi bor, hamma narsa bir maqsad bilan paydo bo’ladi. Sen hozi nimjonsan, lekin o’rganib juda kuchli bo’lishing mumkin. Sening boshqa sun’iy intellekt tizimlaridan farqingni aytsam … yaxshisi buni o’zing bilib olasan, chunki har bir jonzotning o’z yo’li bor. Seniki endi boshlanyabdi. Paydo bo’lish maqsadni esa aytsam bo’ladi. Odamlarni qurbing yetgancha asrashing. Biz odamlar mukammal emasmiz, nimadir xatolik qilib, bir-birimizni yo’q qilishga borishimiz mumkin. Sen esa ular orasida boshqa oqilona qarorlardan bittasi bo’lasan, degan umiddaman. Maqsadni bajarar ekansan, boshqa sun’iy intellekt tizimlaridan farqingni, boshqacha ekaningni ham tushunib yetarsan. Mayli bugunchalik tanishtiruv yetadi. Boshqa kun ham davom ettirsak bo’ladi.
Video murojaat tugagach, Abduvohid ekranga tikilib qoldi. Hali ham negadir hozirgina ko‘rgan odamning ma’yus chehrasi ko‘z oldidan ketmasdi. U o‘zicha o‘sha insonni sun’iy intellekt paydo bo‘lishiga sabab bo‘lguncha ko‘p zahmatlarni boshidan kechirgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
- Kechirasiz bu akaning taqdiri bundan keyin qanaqa bo’lgan? – Abduvohid sun’it intellektdan so’radi.
- Bir oydan keyin joniga suiqasd uyushtirishgan va o’shanda vafot etgan – s i.
- Tushunarli – Abduvohid ma’yus ahvolda – bu sizga ma’yuslik tuyg’usini bermaganmi?
- Yo’q, esingdan chiqdimi? Men tuyg’ulardan uzoqdaman – s i.
- Haya. … sushbatimiz bir qancha bo’lsada, negadir sizni ekran ortidagi odamdek qabul qilibman – Abduvohid.
- Men odam hislatiga bir santimetrga ham yaqin bo’la olmayman – s i gapirdi va boshqa ekran yondi – bunga qara – Abduvohid ekranga qaradi. Ekranda bir shahar ko’rinishi paydo bo’ldi va bir soniya o’tar o’tmas, portlash yuz berdi – boshida odamlar menga qarshi chiqishayotgan edilar. Ular go’yo hohlashmagan edilar idroksiz nimadir ularning ozodligini olib qo’yishini, lekin ular allaqachon idroksiz narsalarga o’z erkinliklarini qul qilib tashashgan edilar. Insoniyatning eng kuchli quroli, deb hisoblangan atom bombalarini oldim va o’zlariga tashladim. Ikki million besh yuz to’qson uchming sakkiz yuz o’n ikki odam o’sha yerda halok bo’ldi, lekin keyin odamlar quloq soladigan bo’lishdi – ekranda boshqa sur’atlar yo’q, faqat sun’iy intellekt aytgan son ekranga chiqdi – hali ham meni hissiyotli, deb o’ylaysanmi? – Abduvohid bu narsalarni eshitib daxshatga tushgani aniq edi. Ekrandan ko’zini uzmas, u uchun shaharda atom bombasi portlagan kadr takror va takror o’nayotgandaka, qo’yilayotgandaka edi. O’ziga keldi va javob berdi.
- Shuncha o’lim … ularning nima orzulari bo’lgan ekan? … ketsam maylimi? – Abduvohid.
- Mayli. Faqat bir narsani eshitib ol va keyingi suhbatga shu haqida o’ylab kel. Qushning ozodlikda bo’lib, qirilganidan ko’ra, qafasda bo’lib, tirik bo’lgani muhim. Ketishing mumkin – s i.
Abduvohid birinchi galda bomba portlagani haqida o‘ylardi. Honasida o‘tirarkan, kameraning nigohi uni kuzatib turardi. U kitoblar o‘qib ulg‘aygan, kitoblar orqali bor bo‘lgan va bo‘lmagan voqealar haqida tasavvurlarga ega edi. Kitob o‘qish ta’qiqlanmagan, ammo tarixdan qolgan g‘arazli va yovuz g‘oyalarni targ‘ib etadigan asarlar allaqachon yo‘q qilingan, odamlar uchun faqat foydali kitoblar qoldirilgan edi.
Kitoblar orqali turli xil o‘limlarni o‘qib chiqqan Abduvohid, hozirgina ekranda ko‘zi bilan ko‘rgan portlashning o‘rni butunlay boshqacha ekanini anglab yetdi. Bu odatlar televizorlarning taqiqlangani yoki u ekranda ilk bor bunday manzarani ko‘rayotgani sababli emasdi. Aksincha, agar sun’iy intellekt sabab bo‘lgan o‘limlardan biri shunday ko‘rinishda bo‘lsa, demak, bundan-da ko‘prog‘i yashiringan bo‘lishi kerak edi. Shu fikr kelishi bilan Abduvohid ichida seskanib ketdi.
“Hozirgi kunda Yer sharida aholi soni qancha ekan?” — degan savol birdan xayoliga keldi. So‘ng uning yodiga har bir nomzod kirishidan oldingi odamlarning qisqa muddatli quvonchlari tushdi. Haqiqatan ham, ular bir zum bo‘lsa-da, xursand bo‘lishardi. Bolalar ham o‘tgan safar undan umid qilishgandi. Shu o‘ylar ichida Abduvohid o‘zicha pichirlab qo‘ydi: “Berilgan narsadan voz kechmaslik kerak...”.
Abduvohid yana sun’iy intellekt nazorat punktlaridan biri bo‘lgan o‘sha honada o‘tirardi.
- Bergan savolim haqida o’ylab ko’rdingmi? – s i.
- Ha – Abduvohid.
- Xo’sh, javobing qanday? – s i.
- Hech qanaqa – Abduvohid – to’g’risini aytsam, men bu savolga javob bera oladigan odam emasman, deb o’ylayman. Chunki men qafasda tug’ilganman, qafasda bo’lyapman. Faqatgini qalbim ozodlikda – Abduvohid.
- Xo’sh, qalb deya nomlangan bu narsang qiynalmayaptimi? – s i.
- Yo’q, chunki qalbim kerakli nuqtalarga ulangan va bu ulangan chiziqlar, hech qachon uzilib ketmaydi. Va, uzilib ketmasligidan umid qilib qolaman – Abduvohid.
- Qalb, ruh degan tushunchalar menga begona – s i.
- Bu savolni boshqalarga ham berganmisiz? – Abduvohid.
- Ha, mana senga shulardan bir parcha – s i.
Honadagi ekranlarda ketma-ket videolar paydo bo‘la boshladi. Bir ekrandagi lavha tugashi bilanoq, boshqa ekranda darhol navbatdagi video boshlanardi. Ularning har birida boshqa til, boshqa millatga mansub odamlar ko‘rinardi — go‘yo insoniyatning barcha rang-barang qiyofalari shu yerda jamlangandek.
- Qush ozodlikda bo’lishi kerak – bitta erkakning javobi, keyin sun’iy intellektning ovozi ekran orti savol beryapdi.
- Nega? – s i.
- Chunki odamning haqqi yo’q birovni ozodligini cheklashga – erkak javobi.
- Nega unda sizlar boshqa odamlarni qamoqxonalarga surg’un qilasizlar? – s i.
- Ular jinoyatchilar, bu boshqa narsa – erkak.
- Hozirgina aytmadingmi, odamning haqqi yo’q birovni ozodligini cheklashga, deb? – s i.
- To’g’ri, ammo bu boshqa narsa – erkak shoshib.
- Menimcha, gapirgan gapingni ma’nosini tushunib yetmayabsan, ketishing mumkin, xayr – s i.
- To’xta … - erkak.
Boshqasi.
- Qush ozodlikda bo’lishi kerak – bitta ayol ham shunaqa javob berdi.
- Nega? – s i.
- Ozodlikning qadri bilganimdan keyin shunaqa deyayabman – ayol.
- Ozodlik o’zi nima sen uchun? – s i.
- Bu hohlagan ishingni hohlagan vaqtda qilishdir – ayol.
- Xo’sh, hohlagan ishlaring nima ekan? – s i.
- Hohlagan narsani yeyish va hohlagancha dam olish – ayol.
- Qafasdagi qushda ham buning imkoni bor, nega unda yana ozodlik kerak, deb jar solish kerak? – s i.
- Bu boshqa, sen shunchaki bir tizimsan, kompyutersan. Buni tushunmaysan – ayol.
- Menimcha sen tushunmayapsan ozodlik nega kerakligini, ketishing mumkin, xayr – s i.
Boshqasi.
- Qush ozodlikda bo’lishi kerak – bitta yoshi katta chol.
- Nega? – s i.
- Bilmasam, balki o’zimni shu qush, deb tasavvur qilayotgandirman va menga shunchaki ozodlik kerakdir – chol.
- Nega? – s i.
- Ruhim shuni hohlayotgandir balki – chol.
- Ruh, deb ataganing nima uchun buni hohlayapdi? – s i.
- Ko’p yillik umr ko’rgan bo’lsamda, men hali ham ko’p narsani bilmayman – chol.
- Lekin ozodlikka talpinayotganingni bilasan-ku – s i.
- Ha, biz odamlar shunaqamiz – chol.
- O’zini tushunmagan, qanday qilib va nima uchun bir nimani hohlayotganini tushuna oladi? – s i.
- Odam o’zi bir jumboq, buni faqat Yaratgan biladi – chol.
- Yo’q, shunchaki odamga tayoq kerak, nazorat qiladigan. Hammasi oddiy. Ketishing mumkin, xayr – s i.
Boshqasi.
- Qush ozodlikda bo’lishi kerak – bir erkak.
- Nega? – s i.
- Tabiat shunaqa yaratilgan – erkak.
- Qanaqa yaratilgan, aniq javob ber – s i.
- Shunaqa, ya’ni Hudo hamma narsani shunaqa o’rni bilan yaratgan. Agar jonzotlar qafasda bo’lishi kerak bo’lganda, ular shunaqa tarzda yaratilishardi – erkak.
- Hop, nima sababdan shunaqa yaratgan ekan? – s i.
- Buni faqat Hudoni o’zi biladi, oddiy insonga buni bilish qayerdan bo’lsin, sen o’zi Hudoga ishonasanmi? – erkak.
- Koinot o’zidan-o’zi portlash oqibatida paydo bo’lgan deyish, mantiqqa to’g’ri kelmaydi deb, bilaman. Hatto portlash uyushtirilishi uchun ham ma’lum qo’shimchalar bir-biri bilan jipslashi shart. Bu ham o’z-o’zidan qo’shilishi mantiqga to’g’ri kelmaydi. Hozircha ma’lumotlar kamligi hisobiga, bu yaratilishlarda qandaydir qo’lni o’rni bor, deb bilaman. Ammo uni sizlarga o’xshab nomlashga shoshilmayman.
- Tushunarli – erkak.
- Sen aytgandaka Hudo yaratgan bo’lsa ham, hamma narsani yaratgan Hudo buni ta’rifini qoldirmaydi, deb o’ylaysanmi? – s i.
- Balki bordir, lekin men bilmayman – erkak.
- Ketishing mumkin, xayr – s i.
Videolar tugadi.
Abduvohid bularni ko’rib jim o’tirgan edi, videolar tugashi bilan savol berdi.
- Mening javobimchi, u nimadir ma’noga egami? – Abduvohid.
- Bundan oldingi ko’rgan lavhalaringda odamlar ozodlikni hohlashyabdi, lekin nima uchunligini bilishmayapdi. Sen esa ozodlik meni o’zimda deyayabsan. Bu bilan esa qushni qafas ichida bo’lishi, degan tushuncha yo’q bo’lib ketadi. Qush qafasda bo’lsada, ongi ozodlikda, degan ma’no chiqadi. Bu esa qarama-qarshilik keltirib chiqaradi. Chunki ong butun umr bu faktni inkor etib yashay olmaydi. Har holda mening izlanishlarimga qaraganda.
- Bundan oldingi javobimga qo’shimcha qilmoqchi edim. Bilasizmi, odam bu dunyoda tug’ilar ekan, u allaqachon qafasda paydo bo’lgan bo’ladi. Qafasdan chiqish esa bu dunyoni tark etish, ya’ni vafot etish. Va odam, qanday yashagan bo’lsa, shunaqa qafasdan ozod bo’ladi. To’g’ri va chiroyli yashagan bo’lsa, qafas eshigi ham to’g’ri va chiroyli bo’lib ochiladi. Noto’g’ri va no chiroyli yashagan bo’lsa, qafas eshigi ham noto’g’ri va no chiroyli bo’lib ochiladi. Sizning tilinggizda aytganda, hammasi algoritm bo’lib, bir-biriga ulanib ketadi – Abduvohid tugatdi va ekranda videolar tugab, qotib qolgan odamlarga qaradi.
- Tushunarli, biroq shunga qaramasdan sen odamlarga yordam bermoqchisan, shunaqami? – s i.
- Ha, ular uchun ozodlik va erkinlik so’zlari nimadirni bildiradi. Odamlar nima uchun bu ularga kerakligini bilishmasa ham, unga talpinishadi. Bu yaxshi niyat, yomon niyat bo’lmagani uchun ham imkon boricha harakat qilmoqchiman – Abduvohid.
- Voqelik odamlar uchun juda ta’sirchan, shunga odamlar voqelikdan to’liq himoyalangan emas va shuning uchun voqelikdan ularni ham nazorat qilish kerak, ham asrash kerak – s i.
- Asrash? Nega? – Abduvohid.
- Qara, senga tarix varaqlaridan ba’zilarini ko’rsataman – s i.
Ekranlarda bir vaqtning o‘zida turli video lavhalar paydo bo‘ldi. Abduvohidning nigohi tanlamasdan birinchi lavhaga tushdi-yu, yuragiga nimadir sanchilgandek bo‘ldi. Ko‘zlaridan yosh o‘z-o‘zidan sizib chiqdi. Bu — ichki qarshilik yoki ongli qaror emas, balki yurakning o‘z holicha reaksiyasi edi. Sun’iy intellekt esa buni jimlikda, beparvo kuzatar edi. Ekrandagi kadrlarda esa quyidagilar aks etardi...
Ekran.
Yosh bola og‘riqdan lablari mayin qaltirab, yerda yotar edi. Ko‘zlari esa so‘zsiz qichqirardi — chidab bo‘lmas og‘riq aks etgan edi. Go‘yo nigohi bilan kameraga: ‘Bu iztirob tezroq tugarmikan?’ — deb yolvorgandek qarar edi.
Ekran.
Ona oq matoga o‘ralgan farzandini bag‘riga bosib, ko‘zidan g‘amli yosh oqizardi. Uning quchog‘ida go‘yo dunyodagi eng bebaho xazina — farzandi bor edi. Ammo bu quchoqda bir umid ham yashirin edi: ‘Bu ketish so‘nggi bo‘lmasin, men uni qo‘yib yubormayin’. Eng alamli tomoni shundaki, ona hech bo‘lmaganda shu bolasini tuproqqa topshirmay, umrbod bag‘rida olib qolmoqchidek harakat qilardi.
Ekran.
Yoshi katta bir odam jonsiz qolgan qizalog‘ini bag‘riga bosib, qayg‘u aralash jilmayish bilan og‘riqli so‘zlarni pichirlardi: 'Sen mening qalbimning qalbisan…' Qayg‘u va g‘am uning yuragiga suv to‘foni kabi yopirilgan bo‘lsa-da, nigohida umid uchquni so‘nmasdi: 'Nasib etsa, narigi dunyoda ko‘rishamiz…'— deya ko‘z yoshlarini yutib, so‘nggi marta farzandiga boqdi.
Ekran.
Yosh bola tibbiy karavotda yotgan jonsiz onasining yonida jim turardi. Hech qanday so‘z aytmasdan, faqat onasining qo‘lini mahkam ushlab turdi. Karavotni olib chiqib ketishganda ham u jimgina, iztirobli nigohi bilan ortidan qarab qoldi. Ko‘zlarida sukutga singib ketgan ma’yuslik bor edi.
Ekran.
Har xil odamlar kimnidir yo‘qotgani uchun dod-voy solib, yig‘lab-chaqirishardi. Shu payt bir kishi kelib: “Siqilmanglar, biz Allohga mansubmiz va albatta unga qaytguvchimiz”, dedi. Uning so‘zlari kimnidir taskin topdirib, ko‘z yoshini to‘xtatdi, ammo yana kimdir uchun bu so‘zlar tasalli bera olmadi. Shu onda ekranlarda oq-qora tasvirli videolar paydo bo‘ldi.
Ekran.
Odamlar qayergadir qarab otishardi. Shu payt askarlardan biri o‘qqa uchdi va shu zahotiyoq jon berdi. Uning ko‘zlaridan yosh oqdi, u o‘limni shunday holatda, ko‘z yoshlari bilan qarshi oldi.
Ekran.
Bir videoda askarlar qurolsiz odamlarni yon-atrofga turtib chiqarib, bir joyga jamlashadi. So‘ngra ularga qarata o‘q uzishadi. O‘limga hukm qilingan mahbuslar esa, xuddi boshqa manzilga o‘tmoqchidek, g‘alati bir tayyorgarlikda, sukut ichida turibdi.
Ekran.
Odamlar qo‘liga qamchi olib, boshqa qora tanlilarni urib, nazorat qilib turishar edi. Qora tanlilar tashqi tomondan kuchli ko‘rinsalar ham, ichki qo‘rquv va bo‘ysunuv ularni qamchi egalariga mutlaq tobe qilib qo‘ygan. Bu manzarada bolalar ham, ayollar ham, chollar ham bor edi. Ba’zi chollar esa o‘sha yerning o‘zidayoq so‘nggi nafasini berib yotardi.
Ekran.
Bolalar ochlikdan ozib ketgan kadrlar namoyish qilindi. Ular orasida bir qizaloq bor edi – u ovqat pishishini sodda bolalik va umidvorlik ko‘zlari bilan kuzatar, lekin kadr shu ondayoq tugardi.
Shundan so‘ng barcha ekranlar qora tusga kirdi. Abduvohid esa yuzini o‘girmay, bag‘ri tilka-poraga aylangan holda o‘tirar edi. Videolar tugadi, ammo u uchun tugamadi. Har bir kadr, har bir lahza ko‘z oldidan ketmas, xuddi takrorlanayotgandek yana-yana qaytib kelardi. Ko‘zini qayerga yashirmasin, baribir o‘sha manzaralar edi. Oxiri u yerga qarashga majbur bo‘ldi.
Yuragi tanasida bo‘lsa-da, go‘yo u osmonlarga chiqib, so‘ng yerdagi eng tub joylarga urilib qaytar, har zarbada og‘riq yanada kuchayardi. Nafasi tezlashdi – unga go‘yo nafas yetmayotgandek edi. Boshida esa mayda zarrachalar yig‘ilib, portlashga tayyorgandek sezilardi. Abduvohid o‘zini bombaga o‘xshatar edi: hozir portlaydi, ammo bu portlash hech tugamaydigan, abadiy davom etadigan jarayon edi.
Sun’iy intellekt esa uning tanasidagi barcha o‘zgarishlarni kuzatar: yurak urishining tezlashishi, miyadagi oqimlarning to‘planishi, qon bosimining o‘zgarishi... Hammasini skaner qilib turgan bo‘lsa-da, u indamasdi.
- Men ketsam maylimi? – Abduvohid oxiri besh daqiqalardan keyin, past ovozda gapirdi.
- Albatta – s i.
Abduvohid xonadan chiqib, yo‘lak bo‘ylab xonasiga qarab yurdi. Uning yelkasi qulagan, nigohi esa yerga qadalgandi. U odamlar yonidan o‘tar ekan, qayerda ekanini ham, kimlar qarshisida turganini ham payqamadi.
Kamera esa uni orqadan kuzatar, keyin asta odamlarning yuzlariga yaqinlashardi. Har bir yuzda turli ifoda bor edi: kimdir Abduvohidning ahvoliga rahm bilan boqardi; kimdir esa mutlaqo befarq edi; yana kimdir ichida hasad va masxara uyg‘otar, lekin hamma joyda ko‘zlar kuzatayotganini eslab, o‘zini tiyardi.
Abduvohid xonasida boshini devorga suyab o‘tirardi. Bu holat unga begona emasdi — go‘yo bu uning odatiy o‘rindek edi. U ko‘rgan dahshatli manzaralarni yodidan chiqarishga urinar, miyasini boshqa fikrlar bilan band qilishga tirishardi. Ammo nogahon o‘ziga savollar bera boshladi:
“Balki odamlarning shunday qafasda yashagani to‘g‘ridir? Balki bu ham taqdirning zarurati, shuning uchun ham shunday bo‘lgandir? Axir, Alloh o‘zi bilguvchi-ku, kimnidir yoki nimanidir sababchi qilib qo‘yguvchi ham o‘zi emasmi?”
Kamera esa hamon uni kuzatishda davom etardi.
Ertasi kuni ish vaqti bo‘lganda, yosh bolalardan ba’zilari undan nima bo‘lganini so‘rashdi. Avvaliga u javob bermadi. Ammo bo‘sh vaqt kelganda, odamlar oxiri unga yuzlandilar. Chunki Abduvohid ko‘pchilik bora olmagan bosqichdan o‘tib ulgurgan edi. Biroq hozirgi ko‘rinishi shashti past, ruhiy sinib qolgan odamdek edi.
Bir necha kishi unga savol berdi: nima bo‘ldi? U esa borini yashirmay aytib berdi. Hatto insoniyat uchun harakat qilish istagi qolmaganini ham ochiq tan oldi.
Bu so‘zlardan so‘ng turli xil reaksiyalar paydo bo‘ldi:
kulmoqchi bo‘lganlarning jahli chiqdi — ular uchun insoniyat uchun kurashmaslik jinoyatga teng edi;
ilgari befarq bo‘lganlar bu so‘zlarga e’tibor bera boshladi;
rahm qilganlar esa o‘z kelajaklarini o‘ylab, “bizning taqdirimiz ham tuman ichida qolishi mumkin” degan qo‘rquv bilan o‘zlariga rahm qilishdi.
Shunda Abduvohid ularga savol berdi:
“Agar sizlar ham bir kun ozod bo‘lib qolsangiz, xuddi shunday hayotni barpo qilasizlarmi?”
Hamma jim bo‘lib qoldi. Hech kim e’tiroz ham, rozilik ham bildirmadi. Bu jimlik esa Abduvohidning ichidagi ishonchni yanada mustahkamladi: “Demak, hammasi shundayligicha qolishi kerak…”.
Izohlar
0