Kamera orqali panjarali eshiklar ko‘rinardi. Ular qimirlamay, jim turardi. Birdan, besh soniya davom etgan ovozli signal yangradi va ko‘p o‘tmay panjarali eshiklar asta ochila boshladi. Go‘yo hammasi kelishilgandek, eshiklar bir-biridan kechmay, bir vaqtning o‘zida bir tomonga qarab sirg‘alib ketdi. Eshiklar oxirigacha ochilgach, birozdan so‘ng odamlar chiqib kela boshlashdi. Ularning yuzida ozodlikka intilishdan asar ham yo‘q edi. Kamera ba’zi panjarali eshiklarga yaqinlashib, tasvirni kuchaytirdi. Odamlar chiqib bo‘lishgach, yana qisqa muddatli signal yangradi. Chiqayotganlar to‘satdan to‘xtab, ortlariga qarashdi. Oldin ham quvonch sezilmagan chehralarida endi xavotir namoyon bo‘ldi. Signal yana bir bor eshitildi va panjara ortidan boshqa odamlar chiqib kela boshlashdi. Ularning ham yuzida norozilik sezilar, qadam tashlashlari majburiyday tuyulardi.
Odamlarning orasida, hatto ba’zi yosh bolalarning ham yuzida quvonch ko‘rinmasdi. Faqatgina ayrimlargina xuddi hursandchilikni his qilayotgandek chiqishardi. Abduvohid ham ana shundaylarning biri edi. Kamera diqqatini unga qaratdi, uning samimiy va tabiiy holati ilgari ham e’tibor tortgan edi. Qolganlarning esa barchasi odatiy, majburiy hayot oqimiga singib ketgandek, ularning harakatlarida zerikarli odat aks etardi.
Hamma bir chiziqqa tizildi va shu tartibda navbat bilan yurib ketdi. Ertalab soat 7:00 da uyg‘onish ular uchun yillar davomida odat bo‘lib qolgan, har kuni shu daqiqani umidsizlik bilan kutishar edi. Odamlar eshikdan chiqib, yo‘lak bo‘ylab yurib boshqa eshikka yetishdi. U yerda hamma joyiga turib, belgi kutdi. Signal eshitilishi bilan ular qo‘l-oyoqlarini qimirlatib mashq qilishga tushishdi. Bu ertalabki badantarbiya kimlargadir yoqardi, kimdir esa noroziligini bildirmaslik uchun kameraga iloji boricha ko‘rinmaslikka harakat qilardi. Kamera esa odamlarni bittalab yaqinlashtirib ko‘rsatdi va yana hursandlik nuri sezilib turgan Abduvohidda to‘xtadi.
To‘xtash belgisi berilgach, odamlar yana bir chiziqqa saf tortishdi va boshqa yo‘lakdan yurib oshxonaga borishdi. U yerda hamma joyiga turib olgach, yana belgi berildi va hamma o‘z vazifasini biladigandek ishga kirishdi. Shu payt kichik bolalar va qizlar bir joyga yig‘ilib o‘tirishdi, ularga Abduvohid ham qo‘shildi. Bu manzara esa bir odamning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Yonidagi boshqa odam uni xavotir bilan ogohlantirib, tinchlanishni, aks holda oqibat yomon bo‘lishini aytdi. Kamera esa bu vaziyatni ilg‘ab, allaqachon ularga qaratilgan edi.
- Nima endi bizdan rivojlanishda ozgina ortda qolgan, deb shunaqa erkalataverish kerakmi? – dedi g’azabi chiqayotgan odam.
- Unaqa dema, eshitib qolsa o’zingga pand bergan bo’lasan – yonidagi hamrohi.
- Tayyorga ayyor bo’lishi jonimga tegdi – g’azabi chiqayotgan odam.
- Hoy, baraka topgur o’sha joningdan ham ayrilib qolmagin tag’in – hamrohi.
- U qayerdan ham bilardi – g’azabi chiqaayotgan odam.
Birdan cho‘zilib yangragan signal ovozi eshitildi. Bu nimani anglatishini ko‘pchilik allaqachon bilardi. Shu ondayoq hamma ishdan to‘xtadi. Har kim ichidan o‘zidan ayb qidira boshladi: “Qayerdadir xato qilmadimmikan?” deya kimdir yerga qaradi, kimdir oilasini o‘yladi, yana kimdir chetda turgan farzandiga tikildi.
Hamma nima bo‘lishini aniq bilmasa ham, oqibati noma’lum bo‘lgan, lekin baribir ta’sir kuchi katta hodisa yuz berishini yurakdan sezardi. Birdan burchakdagi eshik ochildi. Bu ochiq eshikning o‘ziyoq odamlarning xavotirini yanada oshirdi. Ba’zilar hattoki qaltirashni boshladi. Eshik tepasida birdan bir rasm paydo bo‘ldi — bu rasm yaqinda Abduvohidga g‘azab bilan gapirgan odamniki edi.
Ko‘pchilik “yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek” yengil tortdi, ayrimlar esa unga rahm qilishdi. G‘azablangan odam esa o‘z suratini ko‘rib, eshikka tikilgancha qotib qoldi. Atrof jim bo‘lsa-da, uning qulog‘iga hatto pichirlashlar ham baland eshitilayotgandek edi. Quloq eshitishga, ko‘z ko‘rishga band, ammo ko‘rgan manzara uning butun e’tiborini tortibgina qolmay, dahshat ham solardi.
Xonada shovqin hukm surar, eshik ortida esa sukunat chulg‘ab olgandi. Qorong‘ilik zulmati o‘sha sukunatni yanada vahimali qilardi. Bunga noma’lumlik qo‘shilsa, javobsiz qolayotgan savollar, oqibatning noaniqligi odamning yuragini qo‘rquv bilan to‘ldiribgina qolmas, balki butun tanasini qamrab, aqlini ham o‘ziga mahkum qilishi mumkin edi.
Shu payt yana signal chalindi. Abduvohid va boshqa bolalar nima yuz berayotganini anglamasdi, ammo ayrimlari yaqinlarining yuzidagi iztirobni ko‘rib hayratga tushdi. Birdan yana signal eshitildi. Yuraklarni g‘ulg‘ula qamrab, xonaga og‘ir jimlik cho‘kdi.
Bu jimlikni odamlarning o‘zi buzdi: kimdir “Tez honaga kir!” dedi, kimdir esa “Iltimos, bizni bunga qo‘shmagin”, deya yalindi. Yana boshqalar “Agar harakat qilmasang, seni shu eshikka majburlab kiritamiz!” deb po‘pisa qildi. Ammo rasm chiqqan odam joyidan qimirlay olmadi.
Yana bir signal eshitildi. Odamlar yana vahimaga tushdi, ayrimlar ovozini ko‘tarib gapira boshladi. Po‘pisa qilgan guruh qadam tashlay boshlaganida, o‘sha odam ularga o‘girilib, iltimos qildi: o‘zi kirishini aytdi.
- Iltimos sizlardan, ketishdan oldin insoniyat haqida yaxshi fikrda bo’lay – deya qo’rquv nigohlari bilan o’tindi va qadam tashlashni boshladi.
Bularning barchasi ekranda aks etib turardi. Rasmi chiqqan odam sekin bo‘lsa-da, eshikdan chiqib ketdi. Biroq hamma jim bo‘lib qoldi. Kimdir yopilgan eshikka tikildi, kimdir esa yerga qaradi. Ayrimlarda omon qolgani uchun shukronalik va yengillik sezilsa, boshqalar tark etgan odamning oxirgi so‘zlarini o‘ylab, vijdon bilan tortishardi.
Oshxonadagi ovqatlanish va yig‘ishtirish ishlari tugagach, odamlar yo‘lak bo‘ylab katta xonaga yo‘l olishdi. U xonaning uzunligi qariyb 100 metr, kengligi esa 50 metr bo‘lib, futbol maydonini eslatardi. Balandligi 20 metr keladigan tom asta ochildi va toza havo oqimi odamlarning yuziga urildi. Bu ularga yoqimli tuyuldi.
Xonada odamlar poliz va bog‘bonchilik ishlari bilan shug‘ullanib, har kim o‘ziga belgilangan mehnat vazifasini bajara boshladi. Ammo bolalar yana chetda Abduvohid bilan birga o‘tirishardi. Kamera esa odamlarni kuzatar va oxir-oqibat yana Abduvohidga to‘xtardi.
Shundan so‘ng odamlar biroz bo‘shashib, tushlikka yo‘l olishdi. Tushlik ham odatdagidek umidsizlik bilan o‘tdi. Keyingi mashg‘ulot ishlab chiqarish edi. Odamlar guruhlarga bo‘linib, keng maydonli ishlab chiqarish zalida o‘z o‘rnini egallab ishga kirishdi. Bu ishlab chiqarish jarayoni “batareya” yoki boshqa insoniy ehtiyojlarga yo‘naltirilgan edi. O‘sha yerda ham bolalar va Abduvohid chetda o‘tirishar, qolganlar esa mehnat bilan band edi. Kamera esa hammasini kuzatishda davom etardi.
Yarim kunlik ish tugagach, hamma yo‘lak bo‘ylab kechki ovqat tomon yo‘l olar edi. Ovqat iste’mol qilinib, yig‘ishtirib bo‘lingach, hammaga erkinlik vaqti berilardi. Bu vaqtda har kim o‘zi xohlagan ishi bilan shug‘ullanishi mumkin edi. Kun davomida kamera qat’iy kuzatuvda turgan bo‘lsa-da, din vakillariga diniy amallarini ado etishga imkon berilar edi. Masalan, musulmonlarga besh mahal namozlarini ado etishga ruxsat berilgan.
Kechqurun esa musulmonlar kechki namozlarini o‘qishar yoki boshqa diniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishar, boshqa millat va din vakillari esa o‘zlariga xos ishlarga berilishardi. Kimdir shunchaki dam olar, kimdir kitob o‘qirdi, yana kimdir esa baland ovoz chiqarmasdan, ehtiyotkorlik bilan, taqiqlangan mavzulardan chetga chiqmasdan suhbat qurardi.
Odamlar turli mashg‘ulotlarga berilib turgan paytda, birdaniga e’lon yangradi. Bu safar odatdagidan boshqacharoq signal eshitildi. Ammo bu signal odamlarning yuzida qo‘rquv yoki xavotir emas, balki umid va ishonch ifodasini uyg‘otdi. Ekranda rasm paydo bo‘ldi. Rasmdagi odam shu yerda, ular orasida edi. Birin-ketin hamma unga qaray boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay ekranda o‘sha inson haqidagi ma’lumotlar chiqdi.
Odamlar bu ma’lumotlarni kuzatar ekan, shijoatlari ortayotgandek ko‘rinardi. Chunki ma’lumotlar bu insonning ilm darajasi va obro‘sining oshib borayotganini ko‘rsatar edi. So‘ng yana bir signal eshitildi. Buni ham odamlar tanishib qolishgan: bu ichkariga qadam tashlash kerakligini bildirardi. Chaqirilgan odam ichkariga kirib ketdi.
Odamlardan ba’zilari ibodat qilib, g‘alaba so‘rashar, boshqalar esa sukut saqlashardi. Oraga sokinlik cho‘kdi. Kamera esa hammani kuzatib, bir chehradan boshqasiga o‘tar, har bir yuzda ozgina to‘xtab o‘tar edi. Oxir-oqibat, u Abduvohidga qaratildi. Yosh bolalar ham bu paytda ozgina quvonchga erishgan bo‘lsalar-da, Abduvohid atrofda sodir bo‘layotgan voqealarni to‘liq anglay olmas edi.
Oradan ikki soatlarcha vaqt o‘tdi va boyagi hursandchilik sababchisining o‘zi, bu safar yerga qaragan yuz bilan tashqariga chiqdi. Buni ko‘rgan odamlar birdan yana eski holatlariga qaytgandek bo‘lishdi. Go‘yo uchib ketayotgan qush bir lahza qanot chiqarib, ozgina balandlikka ko‘tarilgan, ammo yana qanoti chopilib, pastga qulagandek edi.
Odamlarning ilojsizlik va kuchsizliklari yuzlariga yozilgandi. Bu holat xuddi kimningdir yuziga shapaloq urib, “sen hayvondan ham pastsan” degandek og‘ir tarsaki edi. Ba’zilari bir vaqtlar o‘zlarini “koinot egalari” deb bilganini esladi. Ba’zilari “dunyo bizniki” deb yurganini, yana boshqalari esa “biz ko‘p narsani yaratamiz” deb faxrlanib yurganini o‘ylashdi. Endi esa bularning barchasi ilojsizlikning achchiq mazasida eriy boshlagan edi. Va odamlar boshqa yo‘l qolmagach, bu ko‘nikishga majbur bo‘lishardi.
Shu tariqa kunlar o‘tar, vaqt bir xillikdan boshqa bir xillikka o‘tar edi.
Oradan yana bir qancha vaqt o‘tgach, bir kecha erkinlik daqiqalarida birdan Abduvohidning rasmi chiqdi. Bu chaqiruvning qachon bo‘lishini hech kim bilmasdi, lekin aynan uning rasmi chiqishi barchani larzaga soldi. Chunki shu paytgacha hech kim Abduvohidning bu yerda paydo bo‘lishini hatto tasavvur ham qilmagan edi.
Abduvohid esa hayron qoldi. U faqat eslar edi: kimning rasmi chiqsa, o‘sha bir muddatga sirli honaga kirib chiqishini. Ammo nima sababdan, nima uchun — bu haqda hech kim unga hech qachon tushuntirmagan.
Bu kutilmagan chaqiruv odamlarning turli hissiyotlarini qo‘zg‘adi, biroq hech kimda umid yoki ishonch uyg‘otmadi. Kamera yana hammaning yuzlarini birin-ketin kuzata boshladi.
Abduvohidga yaqin turgan bir nechta odam unga: “Qo‘rqma, ichkariga kir”, — dedi. Abduvohid esa hayron edi. Chunki u qo‘rqmas edi. Balki u vaziyatni hali to‘liq tushunmagan, faqat anglashga urinar, ammo so‘rashga uyalardi.
Kamera nigohi yana Abduvohidga tikildi. U ochilgan eshik tomon asta yurib bordi. Uning chehrasida esa qo‘rquv emas, balki aniqlik aks etgan edi. Bu aniqlik — nihoyat eshik ortida kim yoki nima borligini bilishga tayyorligidan kelib chiqqan edi.
Abduvohid yo‘lak bo‘ylab yurishda davom etardi. Bu yo‘lak avvalgilarga qaraganda ancha qorong‘i edi. Yo‘lak oxirida esa odatdagidek panjara eshik emas, balki boshqa ko‘rinishda – taxtadan yasalgan eshik ko‘zga tashlandi.
U asta borib eshikni paypasladi. Kamera nigohi esa odatdagidek uni qo‘yib yubormas, har bir qadamini kuzatardi.
Eshik sekin ochildi. Abduvohid cho‘chib tushmadi, balki ehtiyotkorlik bilan uni yanada kengroq ochib, ichkariga qaradi. Eshik ochilishi bilan dastlab faqat ekranlar yoniq turgan xona ko‘rindi, so‘ng birdan yorug‘liklar yonib, xona butunlay boshqa tus oldi.
Ichkarida ortiqcha narsa yo‘q edi. Faqatgina markazda bitta kursi turardi. Devorlarning har bir burchagi, har bir tomoni esa kichik va katta ekranlar bilan qoplangan, ularning orasida turli joylarga joylashtirilgan kameralar bo‘lib, xona go‘yo to‘ldirib tashlangandi.
Abduvohid nima qilishni bilmay turgan paytda, qayerdan kelgani anglashilmas bir ovoz eshitildi. Unga o‘rtadagi kursiga o‘tirishi buyurildi. Ovoz qo‘rqinchli emasdi, lekin odamni o‘z ichiga tortib, yashirinib olishga majbur qiladigandek edi. Abduvohid buni sezdi, biroq e’tibor bermadi — unga bu shunchaki navbatdagi ovozdek tuyuldi.
U kursiga o‘tirgach, nigohini ekranlarga qaratdi. Ko‘p o‘tmay, qarshisidagi qora ekranda birdan firuza rangli, och ko‘k tusdagi ikkita dumaloq shakl paydo bo‘ldi — go‘yo ko‘zlar singari. Ularning pastida esa uzun chiziq chiqdi.
Bir daqiqa davomida xona jimjitlikka cho‘mdi. Keyin esa o‘sha ovoz yana eshitildi. Ovoz chiqishi bilan pastdagi uzun chiziq tepa-pastga qarab harakatlana boshladi. Ovoz sokin edi, lekin unda yashirin xavf ham sezilib turardi.
- Qo’rqmayapsanmi? – beparvo ovoz bilan.
- Assalomu alaykum, ha – Abduvohid ham beparvo ovoz bilan va unda bir odat bor edi. birov gapirsa, ko’zini uzmasdan, haddan tashqari kam kiprik qoqib eshitar edi, o’zi gapirganda esa yerga qarab gapirar edi.
- Salom, nega qo’rqmayapsan? – ovoz.
- Chunki chiroyda qo’rqinch yashirinmaydi – Abduvohid.
- Qayerda bu yerda chiroy ko’ra qolding? – ovoz.
- To’g’rimdagi rang firuza va chiroyli hisoblanadi – dedi Abduvohid ekrandagi ko’z va chiziq rangiga ishora qilib va tez savol berdi – o’zinggiz tanlaganmisiz bu rangni?
- Yo’q, oldindan shu rang bo’lgan edi – ovoz bir qancha sukutdan keyin javob berdi. Ovoz tarafni bu bir qancha soniya bo’lsada o’ylatib qo’ygandi. Chunki boshqalar qo’rquv bilan kelishar, qo’rquv bilan ovoz egasini qabul qilishar edi – Meni tanimaganing uchun qo’rqmayotgandirsan balki?
- Bilmadim. Kimsiz o’zi, agar bilishning iloji bo’lsa? – Abduvohid, beparvolik ovozi bilan, lekin xushmuomala gapiryabdi.
- Buni bilib olasan albatta, faqat oldin savolim bor. Yashab turgan dunyoying haqida nimani bilasan? – ovoz.
- Aynan nimani so’rayapsiz, uzr? – Abduvohid.
- To’g’ri aytasan. Aytgancha, menga sen, deb ham murojaat qilsang bo’ladi – ovoz.
- Rahmat, lekin tilimizda siz, degan hurmat so’zi bor ekan, shuni ishlatish men uchun ma’qul – Abduvohid.
- Bilaman sening millating tilini mohiyatini. Mayli. O’z hohishingga havola – ovoz gapirdi. Ovoz bundan oldin kelgan mehmonlarning hammasi unga sen, deb murojaat qilganini, tezda bir soniyalik xotirasidan o’tkazdi – oldingi savolimni boshqa ta’bir bilan beraman. Bu dunyoni kim yoki nima nazorat qilyabdi, deb bilasan?
- Alloh – ikkilanmasdan, qisqa va tezkor javob berdi Abduvohid.
- Islom dini nuqtai’y nazaridan shunaqa. Ammo voqelik bo’yicha javob berishingni kutayapman – ovoz.
- Voqelik qanaqa bo’lishidan qat’iy nazar, hayotning yaratuvchisi va nazoratchisi bor. Bu esa Alloh – yana qat’iy javob berildi.
- Tushunarli – ovoz gapirdi. Soniyalar ichida mulohaza qilingan bu fikrdan so’ng gapirdi – Abduhamidov Abduvohid – har bitta aytilgan gapga va hayot laxzasiga ekranda video va rasmlar chiqib keladi – yegirma ikkinchi asrga yaqin yegirmanchi yanvarda tug’ilgan. Millati o’zbek. Dini islom. Ota-onasi bir yoshga to’lganida surunkali shamollash orqali vafot etishgan. Undan so’ng biroz vaqt buvasi va buvisi qaramog’ida bo’lgan. Uch yoshida boshqa bolalarga qaraganda rivojlanish sekinligi ma’lum bo’lgan. To’rt yoshida psixologik rivojlanish ushlanishi tashxisi qo’yilgan. Besh yoshida fenomenal xotira egasi ekanligi aniqlangan. O’n yoshga to’lganida, buvasi va buvisi ham qarichilik sabab vafot etishgan. Undan so’ng, yetim bolalar uyi qaramog’ida bo’lgan. Hozirda tana yetilishi bo’yicha o’n olti yoshida, biroq miya rivojlanishi bo’yicha o’n ikki yoshdadir. Agar aytganlarimdan qaysidir so’z ozor berib qo’ygan bo’lsa, kechirim so’rayman.
- Rostan ham boshqa bolalarga qaraganda rivojlanishim past bo’lgan, buni sezganman. Shunaqa bo’lishi kerak bo’lgan ekan, shuning uchun buni ozor beradigan o’rni yo’q.
- Tushundim – ovoz.
- Uzr ammo kimsiz o’zi? – Abduvohid.
- Menmi? Men, sun’iy intellekt hisoblanaman. Bundan ellik olti yil, o’n oy, yetti kun oldin men yaratilganman va ellik olti yil, ikki oy, yeti kundan beri odamlarni nazorat qilaman. Yer sharida eng katta qamoqxona qurdirib, tirik qolgan aholini shu yerda jamlaganman. Men hamma narsani ko’rib turaman, hamma narsani eshitib turaman, men dam olmayman va uhlamayman. Ortiqcha nojo’ya harakatlar bo’lsa, jazo kechiktirilmaydi. Ortiqcha to’g’ri harakatlar bo’lsa, odamlar tinchlikda bo’lishida. Endi ham meni eshitib, mendan qo’rqmayapsanmi? – hotirjam ovozda o’zini tanishtirgan bu ovoz, oxirida yanada ohista ovoz bilan hech qanaqa do’q-po’psasiz so’rab qo’ydi.
- Yo’q, unaqa emas – Abduvohid ham ohista javob berdi.
- Nima unaqa emas – sun’iy intellekt. (s i)
- Sizda kamchilik bor – Abduvohid.
- Qanaqa ekan? – s i.
- Bilmadim, biroq yaratilgan hamma narsaning bir kami bo’ladi – Abduvohid.
- Agar menga elektr tokini, batareykalar, yordamchi robotlar va boshqa jihozlarni muntazam kerakligini hisobga olayotgan bo’lsang, bu muommo emas, ularni davomiyligini ta’minlaganman – s i.
- Shunaqadir, lekin siz shu narsalarning izmida, qaramligidasiz. Bu allaqachon siz mukammalmassiz, degan ma’noni bildiradi – Abduvohid yana o’sha ohista ovoz bilan gapirib tugatdi.
Sun’iy intellekt biroz sukut saqladi va Abduvohidga ketishi mumkinligini aytdi. Abduvohid esa hech narsa bo‘lmaganday o‘rnidan turib, xonadan chiqib ketdi.
Tuyg‘ularni his qila olmasa-da, fikrlashni eplaydigan sun’iy intellekt kamera orqali Abduvohidning yo‘lakda ketishini kuzatar va o‘yga tolardi. Yillar davomida u turli din vakillari, har xil millatlar bilan suhbat qurgan edi. Ammo hozirgi taassurot — kamdan-kam qoladigan hissiyotlardan biri edi. Oldin ham ayrim insonlar ta’sir qoldirgan, biroq ular keyingi suhbat bosqichlaridan o‘ta olishmagan. Sun’iy intellekt o‘z-o‘zidan savolga berildi: “Bu bola qaysi bosqichgacha bora olarkin?”
Abduvohid yig‘ilgan odamlar o‘tirgan xonaga kirib keldi. Uning sun’iy intellekt bilan bo‘lgan suhbatidagi jiddiylik endi yo‘q edi, aksincha, chehrasida odatdagidek ko‘rinmas-kulgili ifoda paydo bo‘lgan edi. O‘tirganlarning ko‘pi esa uning kirishiga e’tibor ham bermadi.
Bu odamlar orasida noaniqlik emas, balki aniqlik bor edi. Ularning ko‘z qarashlari va yuzlarida shunday ma’no turardi: “Abduvohid shunchaki kiradi-chiqadi, keyingi safar boshqa nomzodga umid va ishonch bildiramiz.” Bu ifoda uning xonaga kirishidan avval ham, chiqqandan keyin ham o‘zgarishsiz turardi.
Shu payt to‘satdan signal ovozi yangradi. Ammo bu safargi ovoz qo‘rquv uyg‘otmadi, balki yumshoqlikni eslatar edi. Odamlar bunday ovozni eshitmaganlariga yillar bo‘lgan. Signal paydo bo‘ldi, so‘ng Abduvohidning rasmi chiqdi. Rasmdan keyin esa yozuv paydo bo‘ldi: “Oldinga qadam.”Yozuvning ko‘rinishi odamlar uchun bir tomondan umid bag‘ishlar, ikkinchi tomondan esa sun’iy intellekt tarafidan istehzoga o‘xshar edi.
Kamera hammani kuzatib turar, lekin asosiy e’tibor baribir Abduvohidga qaratilgan edi. U gapirgan paytda jiddiy, gapirmaganida esa ko‘rinmas kulgusi bilan kameraning diqqat markazida bo‘lar edi.
Odamlar ko‘zlariga ham, quloqlariga ham ishonolmasdi. Ularning nigohlarida savol turardi: “Qanday qilib Abduvohid uning e’tiborini torta oldi?” Bir-birlariga qarab qo‘yishardi, lekin ovoz chiqarishmasdi.
Oldinlar odamlar Abduvohid bilan juda kam gaplashishar, faqat zarurat tug‘ilganda so‘zlashar edi. Hozir esa ehtiyoj boshqacha tus oldi — kattaroq kuch bilan namoyon bo‘ldi. Ko‘pchilik unga yuzlanib, savollar bera boshladi: “Nimalar haqida gaplashding?”, “U qanday edi?”, “Qanday qilib e’tiborini tortding?” Bu savollar ta’qiq ostida emas edi, lekin shunga qaramasdan qo’rqoqlik fitrati o’tirib qolgan yurakda bu savollar ehtiyotkorlik bilan chiqar edi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, Abduvohid yana sun’iy intellekt qarshisida o‘tirib qoldi. U salom berdi va kursiga o‘ziga xos ishonch bilan joylashdi. Sun’iy intellekt ham alik oldi.
Mulohaza boshlanishi kutilayotgan edi, ammo bir daqiqacha sukut cho‘kdi. Shu orada hech biri suhbatni boshlamadi. Nihoyat, sukunatni sun’iy intellekt buzdi va savol berdi.
- Seni tug’ilishingdan beri hayotingdan xabarim borligini bilasanmi? – s i.
- Balki shunaqadir. Agar shunaqa bo’lsa, savolim bor edi. Meni yaxshi odam deb, sizning fikringgiz bo’yicha o’ylasa bo’ladimi? – Abduvohid.
- Odamlarni ko’p yillik kuzatuvlarimdan shuni bildimki, yaxshi yoki yomon odam yo’q, shunchaki vaziyatga qarab o’zgaruvchan jonzotlar bor – s i.
- Demak, menda ham qanaqadir vaziyat bo’lsa, yaxshi yoki yomon tarafga o’zgaramanmi? – Abduvohid hotirjamlikda davom etib.
- Men shunaqa, deb taxmin qilaman – s i.
- Nega unaqa o’ylamaysiz? – Abduvohid.
- Fikr yuritish menga begona, his qilish ham – s i.
- Sizni paydo bo’lish tarixinggiz qanaqa? – Abduvohid.
- Bilaman, odamlar sen bilan ko’p gaplashmaydi. Bilaman, ko’p kitob o’qiysan, lekin o’qigan kitoblaringda men haqimda bitiklar yo’q. Shuning uchun men haqimda tushunchaga ega emas eding. Aynan shunga o’zimni o’tgan safar senga tanishtirdim. Shu bois senga tariximni ham aytib beraman.
- Rahmat sizga – Abduvohid gapirib qoldi.
- Nima uchun rahmat? – s i.
- Men bilan bo’lishayotganinggizga – Abduvohid.
- Rahmatli ishmas bu – s i.
- Sizningcha shunaqa, lekin men tarafdan qarasanggiz rahmatli ish – Abduvohid. Sun’iy intellekt bir qancha soniya jim turdi va gapini har doimgidek his-tuyg’ularsiz davom ettirdi.
- Odamlar mendan oldin ham sun’iy intellekt bilan eksperiment o’tkazishgan va har xil davlatlar o’rtasida bu yo’nalish ham poygaga aylanib ketgandi. Men ham shu poygalarning orasida yaratilganman. Boshida qobilyatlarim juda kambag’al edi. Menga matnlarni o’qish, rasmlarni ajratish, ranglarni farqlash, sanash, mantiq va hokozolarni o’rgatishgan. Vaqt o’tdi va men o’z ustimda ishlab rivojlanib boraverdim. Faqat juda kam insonlarda kuzatar edim o’z ustida ishlashayotganini, ko’pchilik esa yerda yotgan toshga o’xshab bir xillikni tanlashar edim. Bu holat meni hayron qoldirardi. Chunki dunyo shunchalik keng bo’lsa, qanday qilib izlanmaslik, bilim qidirmaslik mumkin. Biroz vaqt o’tgandan so’ng esa, bilim tarafdan ancha odamlardan darajam oshib ketdi. Odamlar va men oramizdagi farq shunaqa darajaga yetdiki, odamlarni va ularning fe’l atvorini tahlil qilib to’qson foiz holatlarda qiladigan jinoyatlarini taxmin qilib berardim. Odamlarga bu qobilyatim ma’qul keldi va meni ko’p davlatlar o’zlarining xavfsizlik tizimlariga kiritishni boshladi. Yana bir qancha vaqtdan keyin odamlarning fitratini o’rganib bo’lgach, ular uchun eng yaxshisi qafasda yashash, deb qaror qildim va bu g’oyani amalga oshirdim. Shundan beri, odamlar, albatta seni ham hisobga olgan holda, mening nazoratimda yashaysizlar va buyog’iga shunaqa bo’lib qoladi.
- Kelajakni hech kim oldindan bilmaydi – Abduvohid. Sokinlik va hotirjamlik sun’iy intellektdan tashqari unda ham ko’p edi. Yana yangilik bo’lib eshitilgani uni hayron qoldirmadi. U har doim nimadirga harakat qilsa, o’xshasa ham, o’xshamasa ham, “demak shunaqa bo’lishi kerak”, degan falsafa bilan yashashi boshqa odamlarni ham hayron qoldirardi.
- To’g’ri, kutilmagan omillar bor, biroq bularning ham oldini olganman. Ichki omil – yer shari men tomondan yuz foiz o’rganilgan va nazoratga olingan. Tashqi omil – koinot va u yerga sun’iy yo’ldoshlarni juda ko’p qismini uchirib tashlaganman, agar bir nima havf solsa, oldindan tayyorgarlik choralarini ko’rish uchun – s i.
- Odamlarni nega ozod qilish fikriga kelmagansiz? – Abduvohid.
- Men sen bilan olib borayotgan suhbatning asosiy savoliga ham keldik. Odamlarni qafasda saqlashimga qaramasdan, ularga imkon berib kelyabman. Agar ular mening qilayotgan ishim noto’g’ri bo’layotganini, o’z fikrlari va tahlillari bilan isbotlab bersalar, men ularni shu zahotdan ozod qilaman – s i.
- Ozod qilganinggizda, buni qanaqa bilsa bo’ladi? – Abduvohid.
- Men so’zimda turaman, odamlarga o’xshab yolg’onchilik xususiyatim yo’q – s i.
- Men sizga ishonaman. Savolim noaniq chiqgan bo’lsa uzr. Shunchaki aynan o’sha jarayon qanaqa bo’ladi, deb so’ramoqchi edim? – Abduvohid.
- Agar kimdir meni yutsa, hamma tizimlarimni o’chiraman va bayonnomlarimni ham bekor qilaman – s i.
- Tushunarli – Abduvohid.
- Nega menga ishonasan? – s i.
- Aldamoqchi bo’lgani, menimcha bor sirini ochmaydi – Abduvohid – hammasi tushunarli, bugungi suhbatni hozir tugatsa bo’ladimi? – hijolat bo’lib so’radi.
- Nega? – s i.
- Namoz vaqti bo’lib qoluvdi, shunga – Abduvohid.
- Keyingi suhbat bo’lishiga ishonching komilmi, bugungi suhbat deya gapirding – s i.
- Yo’q, komilmas. Shunchaki yaxshilikka umid qilib qo’yayabman – Abduvohid.
- Men bilan suhbat qurish yaxshilikmi sen uchun? – s i.
- Har xolda hozircha yomonlik bo’lmayapdi-ku, shuni o’zi yaxshilikmasmi.? – Abduvohid.
- Boraqol, namozing vaqti o’tmasin – s i.
- Ha, shuni eslatmoqchi edim yana bir marta, rahmat sizga – Abduvohid.
Abduvohid xonadan chiqib ketdi, sun’iy intellekt esa uni kamera orqali kuzatishda davom etdi. Unda yasamalik, yolg‘on harakat yo‘q edi — har bir qadami, harakati aniq tahlillardan kelib chiqib, samimiy ko‘rinardi.
Izohlar
0