Vaqt juda tez o‘tardi. Kechagina maktabga birinchi qadamini qo‘ygan kichkina qiz endi uchinchi, to‘rtinchi sinflarga o‘ta boshlagan edi.
Uning hayotida yangi qiziqishlar, yangi tanishlar va yangi voqealar paydo bo‘layotgan edi. Har kuni maktabga borish, dugonalari bilan suhbatlashish, darslarda qatnashish uning kundalik hayotining bir qismiga aylangandi.
U o‘sha paytlarda juda tortinchoq qiz edi. Hamma bilan birdaniga gaplashib ketolmas, yangi insonlar bilan tanishishga ham biroz uyalardi. Ammo asta-sekin sinfidagi bolalarni taniy boshladi. Har birining o‘ziga xos xarakteri, qiziqishlari bor edi.
Uning bolalikdan beri birga yurgan, qo‘shnisi bo‘lgan eng yaqin dugonasi ham bor edi. Qiz unga juda ishonardi. Chunki ular kichkinaligidan birga ulg‘ayishgan, ko‘p sirlarini bir-birlariga aytishgan edi.
Ammo bir kuni qiz o‘zi kutmagan narsaga duch keldi.
U eng yaqin dugonasi o‘zining sirlarini boshqa bolalarga aytib yurganini bilib qoldi.
Bu uning uchun juda g‘alati va og‘riqli holat edi. Chunki u ilgari bunday narsani boshidan kechirmagan edi. U ishongan insoni uning ishonchini oqlamaganini tushunib yetdi.
Qiz juda xafa bo‘ldi. Lekin u bu haqda ko‘p gapirmadi. Dugonasi bilan avvalgidek do‘st bo‘lib yurishda davom etdi. Tashqaridan hammasi joyidadek ko‘rinsa-da, uning qalbida nimadir o‘zgargan edi.
Shu voqeadan keyin u ich-ichidan bir narsani o‘ylay boshladi:
«Balki, haqiqiy do‘st degan narsa yo‘qdir? Balki, hech kimga to‘liq ishonmaslik kerakdir?»
Bu savollarga uning hali javobi yo‘q edi.
Uchinchi-to‘rtinchi sinflarda uning hayotida yana bir qiz paydo bo‘ldi. Bu qiz ham sinfdagi bilimdon, yaxshi o‘qiydigan o‘quvchilardan biri edi.
O‘sha paytlarda qiz akasi bilan buvisining uyida yashardi. Ota-onasi esa boshqa joyda, o‘z ishlari bilan band edi.
Yangi dugonasining uyi ham buvisining uyiga juda yaqin joylashgan edi. Shu sababli ular tez-tez uchrashishardi.
Ular birga o‘ynashar, ovqat tayyorlashga yordam berishar, kulishar va turli qiziqarli mashg‘ulotlar bilan vaqt o‘tkazishardi. Maktabga ham ko‘pincha birga borishardi.
Kunlar o‘tgan sari ularning do‘stligi mustahkamlanib bordi.
Bu safar qiz dugonasiga yana ishonishni boshlagan edi. U bilan o‘zini erkin his qilardi. Uning yonida tortinmas, xohlagan narsasini gapira olardi.
Ular bir-birlarining kundalik hayotiga shu qadar ko‘nikib qolishgandiki, bir kun ko‘rishmasalar ham nimadir yetishmayotgandek tuyulardi.
Ammo hayot har doim ham biz xohlagandek davom etavermaydi.
Bir kuni uning dugonasi uchun juda og‘ir kun keldi. Dugonasining onasi vafot etdi.
Bu xabar qiz uchun ham juda og‘ir edi. U nima deyishni, qanday tasalli berishni bilmasdi. Chunki u bunday yo‘qotishni hali tushunishga ham yosh edi.
U dugonasining holatini ko‘rib, onaning mehri inson hayotida qanchalik muhim ekanini asta-sekin anglay boshladi.
Dugonasi esa avvalgidek emasdi. Uning hayotida katta bo‘shliq paydo bo‘lgan edi. Unga endi onasining mehr-muhabbati, iliq so‘zlari va bag‘ri kerak edi.
Vaqt o‘tishi bilan ularning munosabatlari ham o‘zgara boshladi. Dugonasi boshqa qizlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazadigan bo‘ldi. Yangi do‘stlar orttirdi.
Qiz esa nima bo‘layotganini tushunishga harakat qilardi. U avvalgidek birga kulishlarini, o‘ynashlarini va maktabga birga borishlarini xohlardi.
Lekin bolalikdagi do‘stlik ham ba'zan sekin-asta uzoqlashib borarkan.
Oradan vaqt o‘tib, qiz buvisining uyidan ota-onasining yoniga qaytadigan bo‘ldi.
Endi uning hayotida yana bir o‘zgarish yuz berishi kerak edi.
Uning yaqin dugonasi bilan yashaydigan joylari bir-biridan ancha uzoqlashdi. Avvallari istagan paytda ko‘rishishlari mumkin edi. Endi esa buning uchun ancha yo‘l bosish kerak bo‘lardi.
Ular asta-sekin kamroq uchrashadigan bo‘lishdi. Avvalgi kundalik suhbatlar, birga maktabga borishlar va uzoq davom etadigan o‘yinlar ortda qoldi.
Uning yana bir dugonasi ham bor edi. Ammo bu do‘stlik ham vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib ketdi.
Qiz hali kichkina edi. U do‘stlikning nega tugashini, nega kechagina eng yaqin bo‘lgan insonlar bugun begonalashib qolishini tushunmasdi.
U faqat bir narsani his qilardi: bolaligidagi eng yaqin insonlaridan ayrilib borayotgan edi.
Balki, o‘sha paytlarda u birinchi marta do‘stlikning hamisha abadiy bo‘lmasligini tushungandir.
U hali hayotida ko‘p insonlarni uchratishi, ko‘p narsalarni o‘rganishi kerak edi.
Ammo bolalikdagi o‘sha do‘stliklar uning xotirasida bir umrga qoladigan izlarni qoldirdi.
Chunki ba'zi insonlar hayotimizga abadiy qolish uchun emas, bizga nimanidir o‘rgatish uchun kelishadi...
Va u hali oldinda uni qanday o‘zgarishlar kutayotganini bilmasdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0