Qishloq sokin edi. Oqshom ohista cho'kib borar, yomg'ir esa ekinlar ustiga shoshilmay, mayin yog'ardi — go'youzoq kutilgan mehmon eshikni taqillatishga qo'rqib, sekin kirib kelayotgandek. Ermisning dalalari oylar davomida suvga zor bo'lgan edi. Yorilib ketgan tuproq endi ilk tomchilarni ochko'zlik bilan ichar, qurib qolgan o'tlar asta-sekin yana yashil tusga kirar, yer yillar so'ng birinchi marta chuqur nafas olayotgandek edi. Havoda ho'l tuproqning achchiq-shirin hidi suzardi. Uzoqdan, daraxtlar orasidan, oxirgi qushlarning mayin sayrashi eshitilar, ular inlariga shoshilardi.Shu payt o'rmon chetidagi tumandan sariq chiroq nuri ko'rindi.Avval — bitta xira nuqta, tuman ichida suzib kelayotgan shamchiroqdek. Keyin uning ostida bola paydo bo'ldi. U taxminan o'n yoshlarda edi: sariq sochlari yomg'irdan peshonasiga yopishgan, moviy ko'zlari charchoqdan qizargan, terisi esa sovuqdan oppoq. Bir qo'lida chiroq, ikkinchi qo'li bilan orqasidagi yukni mahkam ushlab turardi. Bu yuk — o'zi tengi boshqa bola edi: oq sochli, boshi sariq sochli bolaning yelkasiga osilgan, oyoqlari yerni sudrab borardi. Uning nafasi sariq sochli bolaning bo'yniga tegib turardi — qaltiroq, uzuq-uzuq, shu qadar yengilki, har lahzada to'xtab qolishi mumkindek. Yelkalari og'rib, tizzalari titrab turgan bola so'nggi yuz qadamni ham to'xtamay bosib o'tdi. Somon tomli kichkina uyning eshigini tizzasi bilan itardi, ichkariga kirib, yukini karavotga ehtiyotkorlik bilan — xuddi sinib ketadigan narsadek — yotqizdi. Uy sovuq va zax edi. Bola pechka oldiga cho'kdi. Qo'llari shu qadar qaltirardiki, chaqmoqtoshni uch marta urib ham uchqun chiqara olmadi. To'rtinchisida o'tin chirsillab, olov tutashdi. U asta kuchaydi, uy isiy boshladi, devorlarda soyalar raqsga tushdi. Olov chiqirlab yonardi — bu tovush jimlikdan ko'ra issiqroq edi. Tashqarida esa yomg'ir momaqaldiroqqa qo'shilib, tobora qo'rqinchli tus olardi. Somon tom ustida tomchilar nog'oradek gumburlar, shamol eshik tirqishidan ingrab o'tardi. Sariq sochli bola karavot yoniga o'tirdi. Qo'llari hali ham titrar edi. U mehmoniga tikilib qoldi: yuzi nozik, deyarli shafof, kipriklari ho'l — va nazarida bu bola nafas olishdan ham charchagandek tuyulardi. Nihoyat, oq sochli bola asta ko'zlarini ochdi. Uning ko'zlari g'alati edi. O'ng ko'zi qondek qizil bo'lib, qorachig'ida vertikal chiziq bor edi — ignadek ingichka, ammo o'tkir. Chap ko'zi esa dengiz kabi moviy, tubsiz edi. Olov nuri ularga ikki xil tushar, go'yo bir yuzda ikki olam turgandek. Bola bir lahza Arminga qaradi, so'ng atrofga — uyga, olovga, notanish devorlarga. Quloq uchlari, burni va yonoqlari birdan lov etib qizarib ketdi. U shosha-pisha boshini yostiq ostiga tiqdi — go'yo shu yo'l bilan butun dunyodan berkinib olish mumkindek. Sariq sochli bola jilmaydi. Jilmayishida yengillik bor edi.
— Qo'rqma, — dedi u shivirlab, baland gapirsa bu mehmon yana yo'qolib qoladigandek.
— Mening ismim Armin. Men yomon bola emasman. Bu mening uyim. Seni o'rmondan topdim… hushsiz yotgan eding.
Bir zum sukut. Faqat olov chirsilladi.
Keyin yostiq ostidan asta bosh chiqdi. Uyalgan ko'zlar — biri qizil, biri moviy — Arminga qaradi.
— Ne… Arletni qutqarganingiz uchun rahmat, ne.
— Demak, isming Arlet ekan— , Armin ismni xuddi tatib ko'rgandek takrorladi— Chiroyli ism. Rahmatga hojat yo'q. Faqat… — u bir zum ikkilandi, — ko'zlaring juda g'alati. Sen o'zi kimsan?
Savol Arletni sovuq suvdek urdi. Yuzidagi qizillik so'ndi, o'rnini mayus bir rang egalladi.
Ko'zlari pastga tushdi, barmoqlari ko'rpa chetini mahkam siqdi.
— Ne… Arletning yaqinlari yo'q. Arlet yolg'iz. Arletning uyi ham yo'q, ne…
Armin jim qoldi. Olov chirsillab yonardi, tashqarida yomg'ir tobora kuchayardi.
“Uni olib qolgim kelyapti… Ammo uni tanimayman. Ko'zlari ham g'alati. Lekin juda zararsiz
ko'rinadi… va yomon bolaga o'xshamaydi.”
U ikki marta og'iz ochib, yana yumdi. Nihoyat jur'at topdi.
— Hoy, Arlet— … gapi xuddi o'zidan ham ruxsat so'rayotgandek chiqdi— Xohlasang, men bilan qolishing mumkin. Birga yashasak. Qanday deysan?
Arlet o'yga toldi.
“Ne… bu bola yaxshiga o'xshayapti, ne. Ammo… u ham aldayotgan bo'lsachi? Xuddi oldingidek…”
U Arminning ko'zlariga qaradi. Moviy, to'g'ri, ochiq ko'zlar edi. Ularda hiyla ham, yolg'on ham ko'rinmasdi — faqat charchoq va qandaydir qaysar mehr.
“Yo'q… u aldamayapti. Demak… Bashoratdagi bola shu… Armin!”
Arletning lablarida sekin tabassum paydo bo'ldi.
— Ne… Arlet rozi, ne.
Quyosh ufqdan asta bosh ko'tardi. Kechagi yomg'irdan keyin Ermis ko'chalari loyga botgan, tomlardan hamon tomchilar sirg'alib tushar, hovlilarda ho'l kiyimlar shamolda hilpirardi. Ammo hech kim shikoyat qilmadi. Qurg'oqchilik nihoyat ortda qolgan edi. Odamlar eshik oldida to'xtab, osmonga bir qarab qo'yar, so'ng indamay jilmayib ishiga ketardi. Havo yangi non hidiga o'xshardi — toza, iliq, yumshoq. Armin uy yonidagi katta daraxt tagida, yashil maysalar ustida mizg'ib yotardi. Barglar orasidan sizib tushgan quyosh nurlari uning yuzida titrab o'ynar, qushlar tinmay sayrar, shamol esa sochlarini ohista tebratardi. Kecha tunni uyqusiz o'tkazgan bola endi birinchi marta xotirjam nafas olardi. Uy ichida esa Arlet yolg'iz o'tirardi. Derazadan tushgan nur stol ustidagi changni oltin zarralarga aylantirgan edi. Stolda eski kitob yotardi — muqovasi qo'ng'ir, qirralari titilgan, sahifalari sarg'aygan. Armin kecha uni javondan olib, “Antos qit'asi tarixi” deb aytgan edi. Arlet kitobni ochib, bir necha sahifaga ko'z yugurtirdi — xaritalar, nomlar, sanalar. Keyin uni asta yopib qo'ydi.
— Ne… Armin o'sha Tanlangan bola— deb o'yladi u ovoz chiqarmay — Ammo Arlet buni Arminga qanday aytadi, ne?
Xayolida gap qurdi:
“Ne, sen Tanlangan bolasan. Elyanordagi urushni to'xtatasan. Ammo Kamilott qiroli seni o'ldirish uchun farmon berdi…”
Yo'q. Bu ahmoqlik. Shunday gapdan so'ng bola yo eshikka yuguradi, yo kuladi. Yana o'zi haqida ham aytishi kerak. O'tmishini ham. Ammo qanday? Qaysi so'z bilan?
— Neeee… unda qanday aytadi, ne…
Arlet og'ir xo'rsinib o'rnidan turdi. Tomog'i qurigan edi; suv ichish uchun eshik yonidagi bochka oldiga bordi. Ammo suv yuzasiga ko'zi tushgan zahoti qotib qoldi. U yerda o'z aksini ko'rdi.Ammo bu avvalgi aks emas edi. Uning boshida — qora toj turardi: uchli, qoramtir, go'yo tunning o'zidan quyilgandek. Arletning ko'zlari kattalashdi. Qizil ko'zidagi vertikal chiziq torayib, igna kabi ingichka bo'lib qoldi. Barmoqlari qaltiray boshladi. Aksning yuzida asta-sekin — ko'zlari ostida, lablarining chetida — g'azab va nafrat uyg'onardi. Bu yuz unga tanish edi. Dahshatli darajada tanish.Shu payt eshik g'ijirlab ochildi. Armin xonaga kirdi. Arlet qo'lini suvga botirdi — aks ming bo'lakka bo'linib ketdi. U o'ziga keldi, ammo yuzidagi hayrat hali to'liq o'chmagan edi.
Armin eshik oldida to'xtab, unga xavotir bilan tikildi.
— Arlet, ahvoling yaxshimi? Rangi o'chib ketibsan. Nimadandir qo'rqqanga o'xshaysan.
U mayin jilmayib, Arletning yelkasiga qo'l qo'ydi. Arlet tezda jilmayishga urindi — jilmayish biroz qiyshiq chiqdi. Kaftiga suv olib, ichdi.
— Ne… hammasi joyida, ne.
Armin bir lahza unga qarab turdi — go'yo yana savol bermoqchi bo'ldi-yu, bermadi. Stulga o'tirib, stolga tirsaklarini qo'ydi.
— Bugun bozorga boramiz — dedi u — Ammo avval… shu kitobni birga o'qisak-chi? Kecha to'liq o'qib ulgurmadim. Senga bu yer haqida gapirib bersam deb o'ylagandim.
Arlet bir zum unga, bir zum kitobga qaradi.
— Ne… mayli.
Armin kitobni ochdi. Sahifalar shitirladi, eski qog'oz hidi ko'tarildi. U bir qo'li bilan barmog'ini qatorlar bo'ylab yuritdi.
— Mana, — dedi u. — “Antos qit'asida besh yirik kuch mavjud.” Ko'ryapsanmi?
— Ne… ko'ryapman.
— Birinchisi — Gundas— . Armin barmog'ini xaritaning shimoliy tog'lariga qo'ydi — U yerda
gnomlar yashaydi. Ustalar, hunarmandlar. Ularning metallurgiya bilimi hech kimnikiga o'xshamaydi. Otam aytardi: “Gnomlar temirga gapirar, temir ularni tinglaydi”, deb.
Arlet xaritaga tikildi — mayda tog' rasmlari, ingichka siyoh chiziqlari bilan bo'lingan hududlar.
— Ikkinchisi — Lyusenburg. Elflar— Armin barmog'ini g'arbga siljitdi— Ular tabiatga juda yaqin. O'rmonlari ming yillik, daryolari shishadek tiniq. Faqat boshqalar bilan kam aralashadi.
— Ne… yaxshi ish qilishadi, ne, — dedi Arlet ohista.
— Ehtimol. — Armin jilmaydi. — Uchinchisi — Emillion. Betaraf savdogarlar markazi.
Qit'aning yuragi desa ham bo'ladi: hamma yo'l o'sha yerdan o'tadi, hamma savdo o'sha yerda bog'lanadi. U to'xtadi. Ohangi o'zgardi — pasaydi.
— To'rtinchisi… Kamilott.
Bu so'zni aytayotganda kitobni qattiqroq siqdi: barmoqlari oqarib ketdi. Arlet buni sezdi.
— Ne… u yerda nima bor?
— Iblislar— . Armin sahifani aylantirdi— . Qurol yasaydilar. Tinimsiz, to'xtovsiz. Urush bo'lsa — savdolari oshadi. Tinchlik bo'lsa — kutadilar — Bir lahza jim qoldi.
— Beshinchisi esa Elyanor. Biz yashayotgan qirollik.
Arlet boshini ko'tardi.
— Ne… urush bo'layotgan joymi?
— Ha— . Armin kitobni yopdi. Ko'zlari xayolga toldi— . Sobiq qirol vafot etgan. Uning ikki o'g'li taxt uchun bir-biriga qarshi chiqdi. Kichigi — Elen, haqiqiy voris. Kattasi — Grant, taxtni kuch bilan olmoqchi. Qirollik ikkiga bo'lindi: shimol Grantda, janub Elenda.
— Ne… va urush hali ham davom etyaptimi?
— Ha.
Armin derazaga qaradi. Ko'chada bolalar o'ynar, kulgilari eshitilib turardi. Ulardan birining oyog'ida eski, ustma-ust yamalgan poyabzal bor edi.
— Bozorning chetida bir ayol o'tiradi, — dedi Armin sekin. — Bolalari bilan. Sabzavot sotadi. Bugun ko'rasan.
— Ne… nega u haqda gapiryapsan, ne?
— Uning eri shimolda halok bo'lgan. — Armin tizzasiga tirsak qo'yib, yuzini kaftlariga oldi. —
Bunday oilalar minglab. Butun Elyanor bo'ylab. Va urush tugamaydi… chunki Kamilott buni istamaydi. Emillion ham. Hatto Cherkov ham — ular ham o'z o'yinlarini o'ynashmoqda.
— Ne… Cherkovmi?
— Ha— . Armin boshini ko'tardi; ko'zlarida g'amgin nur bor edi— . Elyanor butunlay tartibsizlikka tushsa, ular davlatni o'z qo'llariga olmoqchi. Muqaddas urush boshlab… — U gapini yarim qoldirdi. — Qo'yaver. Bu haqda keyinroq gaplashamiz.
Xona jim bo'lib qoldi. Faqat tashqaridan bolalarning xira kulgisi kelib turardi. Arlet kitobga, keyin Arminga qaradi.Garchi Arlet Qit'a haqida Armindan ko'p narsani bilsada o'zini bilmaganga solib o'tirdi.
“Bashoratdagi bola. U buni bilmaydi. Ammo hamma uning izidan kelayapti…”
— Ne… Armin. Bu kitobda yana bir narsa bormi?
Armin unga qaradi.
— Bashorat haqidami? — dedi u sekin.
Arlet qotib qoldi.
Armin jilmaydi — ammo bu safar jilmayishida g'am bor edi.
— O'qiganman. “Sovuq urush ichidan bir bola chiqadi. U hayot va tinchlik olib keladi.” — U kitobni bir chetga surdi. — Bu bolani kimlar izlayotganini ham bilaman. Ammo… men bunga ishonmayman. Men faqat shu qishloqda, shu uyda yashashni bilaman.
Arlet unga uzoq tikildi.
“U biladi. Ammo qo'rqmayapti. Yoki… qo'rqishni bilmayaptimi?”
— BOZOR —
Bozor gavjum edi. Rastalar orasida shovqin to'lib-toshgan: chaqiriqlar, tarozi toshlarining jarangi, qovurilayotgan yog'ning chirsillashi. Havoda zira, issiq non va nam tuproq hidi aralashib ketgan. Urush tufayli yetim qolgan bolalar rastalar orasida yugurib yurar, elf savdogarlari turli o'simlik va giyohlarni taklif qilar, gnomlar esa kichik-kichik g'ayrioddiy narsalarni sotardi — ba'zilari yiltirar, ba'zilari g'ingshirdi, ba'zilari shunchaki chiroyli edi. Armin va Arlet rastalar orasida sekin yurishardi. Birdan Armin tirsagi bilan Arletni turtdi.
— O'sha ayol, — dedi u pichirlab.
Arlet qaradi. Bozorning chetida, pastak yog'och quti ortida yosh ayol o'tirardi. Yonida ikki bola — biri hali yurishni endi o'rgangan. Quti ustida sabzi va piyozlar oz-ozdan terib qo'yilgan. Ayolning qo'llari ishdan dag'allashgan, ko'zlari esa hech kimga qaramay, uzoqqa tikilgan edi. Kichkina bolaning oyog'ida yamalgan poyabzal. Ular indamay o'tib ketishdi. Arlet uch qadamdan keyin ham orqasiga qarab qo'ydi. Birozdan so'ng u to'xtadi.
— Ne, hoy Armin… Arletga mana bu yoqib qoldi, ne.
U bir gnomning do'koniga tikilib turardi.Kichkina yog'och kompas. Qoraga bo'yalgan, ustida mayda naqshlar — yulduzlarmi, harflarmi, aniqlab bo'lmasdi. O'qi esa oddiy emasdi: ikki uchi bor edi — biri shimolni ko'rsatar, ikkinchisi esa… aylana boshladi. To'xtadi. Yana aylandi. Keyin sekin, ikkilanmay
Arletga to'g'rilandi.
Arlet ko'zlarini qisdi.
"Qiziq ne..."
Armin savdogarga yuzlandi.
— Janob, bu kompas qancha turadi?.
Gnomning ko'zlari yirik, qo'llari kichkina, mo'ylovi esa o'nta barmoqdan uzun edi. U dono jilmaydi.
— Bu oddiy kompas emas, yigit. Uni qadimgi usta yasagan. Shimolni emas — yo'lini yo'qotgan odamni ko'rsatadi. Qo'lingga olsang, senga eng kerakli tomonga ishora qiladi. — U bir oz to'xtadi. — Narxi — to'rt oltin tanga.
Armin hamyonini ushlab ko'rdi. Uch tanga bor edi. Ikki oyga yetishi kerak bo'lgan pul — uydagi unga, o'tinga, yomg'irdan keyin tomga qo'yiladigan yamoqqa ketishi kerak edi.
U Arletga qaradi: kompasga tikilgan qizil-moviy ko'zlar, ochilib qolgan lablar. Bola uni so'ramadi ham.
“Arlet uchun…”
— Olamiz— , dedi Armin. U cho'ntagiga qo'l tiqdi, so'ng boshini ko'tardi — Ammo to'rttasi yo'q. Uchtasi bor. Kelishamizmi?
Gnomning mo'ylovi titrab ketdi. U bir Arminga, bir Arletga qaradi — keyin piq etib kulib yubordi.
— Uch tanga. Kel, bola.
Armin tangalarni uzatdi. Kompasni olib, Arletning oldiga keldi.
— Mana. Bu sen uchun.
Arlet hayratdan ko'zlarini katta ochdi.
— Ne… Armin, nega bunday qilyapsan, ne? Bu qimmat edi-ku.
— Qimmat bolsa ham— , dedi Armin va uning kozlariga togri qaradi— , bu sen uchun. Sen yaqinlarim yo'q deding. Balki senga hech kim hech qachon sovg'a bermagandir. Men birinchi bo'lishni xohladim.
U kompasni Arletning kaftiga qo'ydi.
— Arlet… endi biz bir oilamiz. Agar yo'ldan adashsang — bu seni menga olib keladi.
Arletning qizil ko'zidagi vertikal chiziq kengaydi. Ko'zlariga yosh qalqdi. Qo'llari qaltiray boshladi.
U hech narsa demadi. Shunchaki kompasga tikildi.Kompasning o'qi aylandi. Sekin. So'ng to'xtadi.Arminga ishora qilib qoldi.
— Uy —
Qozonda ovqat qaynardi. Tashqarida quyosh botib borar, qushlar inlariga qaytar, osmon qizg'ish rangga kirardi. Bulutlar asta-sekin qorayib, kechga borib yana yomg'ir yog'ishidan darak berardi. Uyda sho'rva va yangi non hidi suzardi. Armin va Arlet stol qarshisida o'tirishardi. Arlet negadir bugun jiddiyroq edi: kompasni bir lahza ham qo'ldan qo'ymas, qoshig'i esa sho'rvada sekin aylanar, o'zi esa boshqa joyda edi. Armin qo'llarini bir-biriga ishqaladi — biroz uyalayotgandek.
— Hoy, Arlet… sendan bir narsa so'rasam maylimi?
— Ha, ne, — dedi Arlet, savol nazari bilan unga tikilib.
Armin chuqur nafas oldi.
— Sen yolg'iz bo'lgansan. Ko'p. Yolg'izlikning ham yaxshi va yomon tomonlari bormi?
Arlet bir zum sukut saqladi. Devorga qaradi — go'yo javob o'sha yerda yozib qo'yilgandek.
— Yolg'izlikning yaxshi tomoni shuki… seni tashlab ketishi mumkin bo'lgan odamning o'zi bo'lmaydi, — dedi u ohista, beparvo ohangda. — Agar sen qochayotgan narsa ichingda bo'lsa — aynan shu seni yolg'iz qilgan bo'lsa — qayerga qochasan? U baribir sen bilan bo'ladi. Hamma joy bir xil, ne.
Armin o'yga toldi. Bir oz sukutdan keyin dedi:
— Ammo mening hayotimda bir mo'jiza bo'lgan…
— Ne? Mo'jiza? — Arlet keskin gapini bo'ldi.Uning lablarida kinoyali, mayin tabassum paydo bo'ldi. Pechka olovi hamon chirsillardi, ammo xonaga negadir sovuq kirgandek bo'ldi.
— Ne, Armin… shimolda bir ona o'g'lini ko'mdi. Aynan shu kuni Kamilottda bir qurolsoz uyiga qaytib, bolalariga ilk bor to'yguncha non berdi — chunki yana bitta buyurtma kelgan edi. —
Arlet stol chetini barmog'i bilan bir marta chertdi. — Ikkovi ham o'sha kechasi osmonga qarab duo qildi. Biri farzandi uchun yig'ladi. Biri non uchun shukr qildi. Ne, qaysi biri yolg'on gapirdi?
U jim qoldi.
— Hech biri. Eng yomoni shu, ne. Kimningdir falokati boshqa birovning mo'jizasi bo'lishi mumkin. Tushunmaysan, Armin, chunki tushunishni xohlaysan ne.
Arminning ko'zlarida o'ylov paydo bo'ldi. Nihoyat, u qat'iy ohangda so'radi:
— Unda aytchi… nega nafratlanamiz? Nega insonlar nafratni tanlaydi?
Arletning qizil ko'zidagi vertikal chiziq ignadek toraydi. U Arminning ko'zlariga qadaldi.
— Sen boshqa yo'lni… yanada ulug'vor yo'lni tanlashing kerakligini his qilgansan. Taqdir seni boshqa narsalar uchun yaratganini sezgansan. Ammo ularga qanday erishishni bilmagansan. Va aynan o'sha iztirob ichida… atrofingdagi hamma narsadan nafratlana boshlagansan, ne.
Armin stolni qattiq ushladi. Qo'llari qaltiradi.
— Yo'q! Nafrat — tanlov. Biz boshqacha yo'l tanlashimiz mumkin.
Arlet jim qoldi. Keyin kinoyali kulib yubordi — quruq, past kulgi.
— Tanlov? Urush ichida tug'ilgan bolada qanday tanlov bo'ladi, ne…
Armin qotib qoldi.
Xayoliga bozordagi ayol keldi. Yamalgan poyabzal. Sabzi terib o'tirgan dag'al qo'llar.
Ko'zlaridagi charchoq. U hech narsa deya olmadi — ko'zlariga yosh qalqdi. Umidi uzoq yo'ldan keyin ilk bor qoqilib ketgandek edi. Buni ko'rgan Arletning yuzi bir zumda o'zgardi. Yovuzlik niqobdek tushib ketdi — ostidan qo'rqib qolgan bola chiqdi.
— Ne, Armin… Arletni kechir. Arlet bunday demoqchi emas edi. Shunchaki… Arlet juda ko'p rad etilgan. Xiyonat ko'rgan. Yolg'onlarga uchragan. Ko'p azob chekkan. Ammo baribir alamini sendan olishi kerak emas edi, ne… Iltimos, kechira olsang — kechir.
Armin xayron qoldi — bu javobni mutlaqo kutmagan edi. Bir lahza so'z topa olmay turdi. Keyin ohista, yumshoq dedi:
— Arlet… endi seni hech kim tashlab ketmaydi. Hech kim xiyonat qilmaydi. Biz endi do'stmiz.
Biroz to'xtab, qo'shib qo'ydi:
— Bu uyda sen uchun ham joy bor.
Arlet bosh silkib qo'ydi.Ammo ichidan xotirjam tortdi. Yillar bo'yi ko'tarib kelgan ko'rinmas yuk bir lahzaga yengillashgandek bo'ldi. Tashqarida yana ohista yomg'ir boshlandi — bu safar na momaqaldiroq, na shamol bilan. Stolda kompas yotardi. Uning o'qi harakatsiz edi — ikki tomonga ham ishora qilmay, shunchaki o'rtada turardi.
Go'yo aytmoqchi bo'lgandek: “Siz allaqachon kerakli joydasizlar".
Izohlar
0