Iyulning dim havosi xonaga ochiq derazadan o‘ralab kirar, stol ustidagi stol chirog‘i ostida o‘nlab matematika to‘plamlari va chizilgan varaqlar sochilib yotardi. Biz qarama-qarshi o‘tirib, navbatdagi murakkab tenglamani yechishga urinardik. Faqat qalamning qog‘oz ustidagi shitirlashi va devordagi soatning bir maromdagi "tik-tak"i eshitilardi. — Qara, — dedi u to‘satdan qalamini to‘xtatib. — Agar bu funksiya cheksizlikka intilsa, bizning natijamiz ham kutilmagan bo‘ladi. Matematika hech qachon aldamaydi, u faqat haqiqatni aytadi. Men unga qaradim. Uning nigohida o‘ziga bo‘lgan ishonch shunchalik kuchli ediki, men hayotimdagi barcha savollarning javobi uning qo‘lidagi o‘sha qalam uchida deb o‘ylardim. Biz abituriyent edik. Dunyo biz uchun faqat ikki qismdan iborat edi: test savollari va bizning birga bo‘lajak talabalik yillarimiz. — Biz albatta kiramiz, — dedim men shivirlab. — Birga o‘qiymiz, bir binoda, bir xil auditoriyalarda. Bizning kelajagimiz xuddi mana bu shishadek tiniq... Stol chetida turgan kichik shisha shar — u menga tug‘ilgan kunimda sovg‘a qilgan, ichida baxtli shahar maketi bo‘lgan o‘sha o‘yinchoq — chiroq nurida yaltirab turardi. O‘shanda bu shaffof shishaning bir marta yerga tushsa, ming bo‘lakka bo‘linishi haqida o‘ylamasdik. Biz uchun hamma narsa logarifmik o‘sish kabi yuqoriga qarab ketayotgan edi. U qo‘limni sekin qisib qo‘ydi: — Matematikada xato qilish haqqimiz yo‘q. Birgina adashgan son butun misolni barbod qiladi. Shuning uchun ham men seni ehtiyot qilaman. Men jilmaydim. O‘sha lahzada men uchun eng katta qo‘rquv — kvadrat ildiz ostidan manfiy son chiqishi edi. Men eng og‘ir "xato" hali oldinda ekanini, avgust oyi bizni ikki xil dunyoga bo‘lib tashlashini tasavvur ham qilolmasdim... Dars tugadi. Hamma o‘quvchilar birin-ketin xonadan chiqayotgan edi. To‘satdan u menga qarab: — To‘xta, — dedi. — Seni geometriya daftaring menda qolib ketibdi. Ushla olaqol, uni sumkangga solib qo‘y. Uyga borsang ochib qara. Men birdan o‘yga toldim. "Daftarning ichida nima bo‘lishi mumkin?" deb chamasi besh-olti daqiqa o‘yladim. Kimningdir: "Xonadan chiqinglar, eshikni yopishim kerak", degan ovozi eshitildi. Men xonadan shoshilib chiqdim. U menga qarab: — Buncha uzoq qolib ketdingiz? dedi. Men unga tabassum qildim-da: — Kitobimni axtargan edim, — dedim. — Uni topdingizmi? — Ha, kitob javonida ekan. — Unda yaxshi. Ertalabki issiq, dim havo yo‘q edi. Anchagina salqin tushgandi. Hamma joy qop-qorong‘u. U: — Shu yerda to‘xtab turing, hozir kelaman, — dedi. Do‘kondan men yoqtiradigan mevali muzqaymoq olib keldi. — Siz qayerdan bilasiz? — deb so‘radim. — Men sizning nima yoqtirishingizni, nima yoqtirmasligingizni, siz haqingizda hamma hammasini bilaman, — dedi. — Lolagulim, bilasizmi? Sizning ko‘proq ko‘zlaringizni yaxshi ko‘raman. Sizning ko‘zlaringizda men siz bilan hayotimni, kelajagimni ko‘raman. — Qo‘ysangiz-chi, meni uyaltiryapsiz. U mening qo‘llarimdan ushladi. — Hoy, nima qilyapsiz? Kimdir ko‘rib qolsa-chi! — Hech kim ko‘rmaydi. Asta qo‘limni tortdim. — Mana, yetib keldik. Endi ketaversangiz ham bo‘ladi. — Oldin siz uyingizga kiring, keyin ketaman. Men unga qo‘limni silkitdim. U ketdi. Uyga kirdim. Kirishim bilan daftarimni ochdim. U yerda xat bor ekan. Uni ochdim: "Ko‘nglimda sen bo‘lsang, olam go‘zaldir, Muhabbatim senga yulduzdan ham por. Ey sevgi, bu yurak sen bilan yashnar, Sen — mening baxtim, umrim, istagimdir". Xatni o‘qib bo‘lib, yuzim qizarib ketdi. — Qizim, qizalog‘im, qo‘llaringni yuvib kel, kechki ovqat tayyor. Dasturxon boshiga o‘tirdim. — Bugun o‘qishing qanday bo‘ldi? Ko‘rinishingdan xursandga o‘xshaysan? — Oyi, bugun juda ham qiyin mavzu o‘tdik. Hammasini ishladim. Juda ham charchadim. Kirib dam ola qolay. — Hali ovqatingni oxirigacha yemading-ku? — Qornim to‘ydi. Yaxshi dam oling, oyijon va dadajon. — Ko‘ryapsizmi? Qizingiz o‘zboshimcha bo‘lib ketgan. — Qo‘yaver, darsdan charchab kelgan. Kirib dam olsin. Uxlashga yotgan edim-u, negadir xayolimdan bugungi voqealar hech ketmasdi. Ko‘p bor urinib ko‘rgan bo‘lsam-da, baribir uxlay olmadim. Oxiri o‘rnimdan turib, yuz-qo‘limni yuvib keldim. Dars stolimga o‘tirib, matematika test kitobini yechishga kirishdim. Shu bilan tongga qadar dars qilibman, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolibman. Telefonim jiringladi: "Kelayapsanmi? Bugun ertalab darsimiz bor edi. Tez kiyinib chiq, kechiksak o‘qituvchidan gap eshitamiz. Besh daqiqa kutib tursalar kerak”. Ustoz kutib turmaydi bilasanku. — Buncha shoshiltirmasang? Senga nima bo‘ldi? — dedi dugonam. — Kecha xonani qulflayman desam, xayol surib o‘tiribsan. Axir kalit mendaligini bilmasmiding? — Voy, esim qursin! — Men seni ko‘changning boshida kutib turaman. Biz shoshilib yetib bordik. Borsak, xona ochiq ekan. O‘qituvchimiz "Kiringlar", dedi. Endi o‘tiraman deganimda: "Siz o‘tirmaysiz, darsni tik turib tinglaysiz", deb qoldi. Men tik turgancha daftarimni qo‘limga olib, formulalar haqida yozayotgan edim. O‘qituvchi menga qarab: "Kecha o‘tilgan darslarning vazifalarini olib, narigi xonaga o‘ting", dedi. Narsalarimni olayotgan paytim ko‘zim unga tushib ketdi. U o‘tirib bugungi mavzu ustida ishlar edi. Misolning ichiga shunchalar kirib ketganidan, hatto mening kirganimni ham sezmadi. Men qo‘shni xonaga o‘tdim. O‘qituvchim uy vazifalarini so‘rab, yuzimga qaradi: — Nega ko‘zlaringiz qizargan? Kechgacha dars qildingizmi? — Kecha uxlamadim, misollarni tugatishga harakat qildim, ammo beshtasi qolib ketdi. — Unday bo‘lsa, bugun shu yerda bir o‘zingiz o‘tirib ishlaysiz. Hech qayerga chiqmaysiz. Men o‘zim kelib, siz yecholmagan misollarni ko‘rib beraman. Qo‘shni xonada hamma o‘quvchilar doskada tahlil qilib ishlashardi, men esa katta xonada yolg‘iz edim. Chiqmagan misollarimni doskada ko‘ra boshladim, ammo ko‘pining javobi chiqmadi. Kimdan so‘rashni ham bilmasdim — xonada mendan va parta-stullardan boshqa hech kim yo‘q edi. Tushlik payti bo‘ldi. O‘qituvchim menga yana ikkita matematika kitobi olib keldi. O‘zimniki bilan uchtaga yetdi. — Siz hammadan ko‘proq o‘qishingiz kerak. Shuning uchun bu kitoblarni ham ishlashingiz shart, — dedi-da, xonadan chiqib ketdi. Bu kitoblarni qaysi vaqtda tugatish haqida o‘ylay boshladim. Tushlik qilishga ham chiqmay, kitobni ochib ishlayverdim. Shu payt yonimga o‘rtog‘im kirib keldi: — Hoy, sen qiz, aqldan ozganmisan? — Nega unday deysan? — Ertalab nonushta qilmay shoshilib kelding, endi tushlik ham qilmaysanmi? Senga nima bo’layapti o’zi? Men sensiz ovqatlana olmayman, och qolib ketdim. Yuraqol, hech bo‘lmasa oshxonadan limonli choy bilan shirinlik yeb kelamiz. — Mayli, ko‘ndirding. Tushlik tugagach, yana xonaga qaytdim va kechgacha misol ishladim. Kun davomida 150 ta misol yechibman. Bir vaqtning o‘zida uchta kitob ustida ishlash juda og‘irlik qilib, charchab qoldim. "Dars tugadi-yu, nihoyat!" degancha dugonam kirib keldi. "Seni juda sog‘inib ketdim-e!" deb meni quchoqladi. Men unga qarab jilmayib qo‘ydim. Birga tashqariga chiqdik. — Bilasanmi, bugun sen biz bilan o‘tirmaganing uchun u kelib sendan xavotir olib so‘radi: "Nega u bu yerda yolg‘iz o‘tiribdi?" deb. Men unga endi doim shu yerda o‘tirishingni aytdim. Ko‘rdingmi, u sendan xavotir oldi. Dugonamga biz gaplashayotganimiz aytmagandim.Lekin u barbir sezardi.Shunchaki qiziqib so’ragan bo’lsa kerak.O’z yaqin dugonangdan yoshirib nima ham qilarding.Mayli, ertagacha, men ketishim kerak, — dedi-yu xayrlashib ketdi. Shu payt ortimdan ovoz keldi: — Buncha tez yurmasangiz? Sizga yetib ololmayapman. — Siz ketmaganmidingiz? — Yo‘q, men sizni yolg‘iz tashlab ketmayman-ku. — Ha, yaxshi, — deb qo‘ydim. — Nega xafasiz? Bugun yolg‘iz zerikmadingizmi? — Yo‘q, lekin juda charchadim. — Charchashingiz tabiiy, ertalabdan beri misol ishlaysiz-a? — Aniqrog‘i, kechadan beri desangiz ham bo‘ladi. — Hoy, nega uxlamadingiz? Axir dam olish kerak-ku. Lolagulim, siz menga sog‘-salomat keraksiz. Iltimos, o‘zingizni asrang. Unchalik chuqur o‘qishingiz shart emas. — Bilaman, gaplaringiz to‘g‘ri, ammo o‘qishga kirishim kerak. Shuning uchun hozircha iltimosingizni bajara olmayman, meni kechiring. — Mayli, faqat bitta shartim bor. — Qanaqa ekan? — O‘qituvchimizdan sizga darslarni o‘zim o‘rgatishimga ruxsat so‘rayman. Nima deysiz? — Mening ham bitta shartim bor. — Xo‘sh, ayting-chi? — Dars paytida ortiqcha gaplashmaymiz. Faqat darsga oid suhbatlar bo‘ladi. U rozi bo‘ldi. Ko‘cha bo‘ylab ketayotganimizda birdan oldimizdan it chiqib qoldi. Men qo‘rqib ketdim. — Lolagulim, bu tomonga o‘ting. Agar qo‘rqayotganingizni sezib qolsa, u sizni quvalaydi. Agar qo‘rquvingizni yashirsangiz, u ortingizdan kelmaydi. — Bilmadim, buni eplay olarmikanman... — deb kula boshladim. Men u bilan qaytishni juda yaxshi ko‘rardim. U men bilan suhbatlashib, kayfiyatimni ko‘tarishga harakat qilardi. Uning yonida o‘zimni yolg‘iz emasdek his qilardim. O ‘ylashimcha, dunyoda undan kelishgan va aqlli yigit bo‘lmasa kerak. U juda mehribon edi. Men bilan suhbatlashgandek, boshqa hech kim bilan bunday gaplashmasdi. Men unga juda qattiq ishonardim. U menga qaradi-da: — Haliyam o‘sha itlarni o‘ylab qo‘rqyapsizmi? — dedi. — Yo‘g‘e, ularni emas, boshqa narsalar haqida o ‘ylayapman,deb uni aldadim. — Nimalar haqida ekan? — Ko‘p narsalar. Masalan, boshqa davlatda o‘qish haqida. — Biz albatta boshqa davlatga borib o‘qiymiz. Oldin men ketaman, bir-ikki yildan keyin to‘yimizni qilib, sizni ham o‘zim bilan olib ketaman. Hali ko‘rasiz, lolagulim, sizni baxtli qilish uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. — Men sizga ishonaman. Sizning qo‘lingizdan keladi. Va’da beraman, sizni kutaman. Eng asosiysi, hozir yaxshi o‘qishimiz kerak. — Biz buni uddalaymiz. Omadimiz bor, topshirishimizga hali bir yil bor. — Ha, shunaqa. Bilasizmi, men sizdan ham ko‘proq omadliman. — Yo‘q, nega ekan? — Chunki yonimda meni qo‘llab-quvvatlaydigan lolagulim bor. Siz boshqachasiz, kuchlisiz. Hayotimga rang olib kirgan qadrli insonimsiz. Men siz haqingizda juda ko‘p o‘ylayman. Qani edi vaqt tezroq o‘tsa-yu, siz bilan birga bo‘lsam. — Hali birga bo‘lamiz ham, hatto siz mendan zerikib ketasiz, — deb kula boshladim. — Nega kulasiz? Sizga qalbimni ochsam-u, sizning qilayotgan ishingizni qarang. — Hazillashdim-ku. Rostdan ham zerikib qolasiz: o‘qigan kitoblarimni gapirib berib boshingizni og‘ritib yuboraman yoki darslarimni tushunmayapman, deb turaveraman. — Kun bo‘yi yonimda o‘tirib kitob haqida gapirib bersangiz ham, ko‘zlaringizga qarab eshitib o‘tiraveraman. Oldin menga hech kim bunday qiziqish bildirmas edi. Biz bir-birimizga shunchalar yaqin edikki, fikrlashimiz ham, yoqtirgan ovqatlarimiz ham bir xil edi. Go‘yo ikki ruh bir-biriga bog‘langandek... Biz bir-birimizga "Sizni sevaman" deb ayta olmasdik. Tanishuvimiz ham boshqacha bo‘lgan. — Tanishib qolganimiz esingizdami? — Ha, eslayman, bu kunni unutib bo‘ladimi? Birinchi kuni darsga kirib borganimda hamma o‘quvchilarni tanirdim, ammo siz oldin biz bilan o‘qimagan edingiz. Siz o‘sha kuni hamma bilan salomlashgandingiz, keyin o‘qituvchimiz tanishtirib qo‘ygan dilar. Sizni hammadan oldin, yozda kelib o‘qigan, degan edilar. Men esa noyabrda borgan edim. Nega o‘sha paytda o‘qishdan ketib qolgansiz? Shu haqida hech aytmagansiz? Shunchaki charchaganman darslardan deb jilmaydim. Siz shunchaki charchadim deb o’qishni tashlab ketadigan qizlardan emassiz.To’g’risini aytavering."Men buni unga aytishga qo‘rqar edim. O‘sha paytda xasta edim... Yurak ishemik kasalligim bor edi. Unga bu haqida aytishdan juda cho‘chir edim. Xayolimda: «Hozir aytsam, u meni tashlab ketadi», deb o‘ylardim. — Nega jim bo‘lib qoldingiz? Biror nima bo‘ldimi? — deb qo‘llarimdan tutdi. — Qo‘llaringiz nega bunchalik sovuq? — Men o‘sha paytda shunchaki o‘qishni tashlab ketmaganman, men kasalman . Yuragimda muammo bor edi, hozir ham bor, — deb yig‘lab yubordim. U bir oz vaqt jim bo‘lib qoldi. — Shuning uchunmi? Shuning uchun o‘qituvchimiz: «Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? O‘zingizni asrang», — deb so‘rar ekan-da? — dedi past ovozda. Qo‘llarimdan mahkam ushladi. — Lolagulim, bilasizmi, bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Men sizni sog‘lom bo‘lganingiz uchun emas, borligingiz uchun yaxshi ko‘raman. Endi sizga ikki baravar e’tiborliroq bo‘laman. Vaqtida davolanib turasiz, shunda tezroq sog‘ayib ketasiz. Sizning yuragingiz men bilan birga urishi kerak! Uning bu gaplari qalbimga nur sochgandek bo‘ldi. Men unga ishonardim. Uning yonida o‘zimni sog‘lom va baxtli his qilardim. O‘sha kuni tushundimki, chinakam muhabbat nafaqat hayotga rang berar, balki yashash uchun kuch ham bag‘ishlar ekan. Biz uzoq vaqt xayollar og‘ushida xayrlasha olmay turdik. Go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek edi..." Telefon jiringladi. U goʻshakni koʻtarib gaplashdi-da, menga qaradi: — Men hozir ketishim kerak, muhim ishim chiqib qoldi. Lekin uyingizgacha hali ancha yoʻl bor, nima qilsam ekan? — Xavotirlanmang, men yaxshiman. Oʻzimni ancha yaxshi his qilyapman, — dedim uni tinchlantirib. — Endi ketaversangiz ham boʻladi, ozgina yoʻl qoldi. — Ehtiyot boʻling, — dedi u gʻamxoʻrlik bilan. — Xoʻp, siz ham yaxshi yetib oling. Uyga borsam, xabar yozib qoʻyaman. — Unda ertagacha, — dedi u va yoʻlida davom etdi. U ketar ekan, men hali ham hayollar ogʻushida edim: "U meni chindan ham sevar ekan, xastaligimni bilsa-da, meni tark etmadi. U — mening malhamim". Men ham ichimda unga va’da berdim: yaxshi-yomon kunlarida doimo yonida boʻlaman. Uyga yetib kelishim bilan unga xabar yozdim. Kiyimlarimni almashtirib, oshxonaga oʻtdim. U yerda hech kim yoʻq, hamma allaqachon ovqatlanib boʻlgan edi. Kechki ovqatdan soʻng xonamga kirdim. Telefonimni ochib qarasam, u yozibdi. “Bugun shanba, ertaga dars yoʻq ekan. Sizni sogʻinaman, keling, ertaga koʻrishamiz. Sizni bir joyga olib boraman". "Mayli", deb javob qaytardim va bir-birimizga xayrli tun tilab, uyquga ketdik.
Izohlar
0