Ba'zan yuraging bir insonni tanlaydi. Ammo hayot senga boshqa bir insonni uchratadi. Shunda eng qiyin savol tug‘iladi: sen aslida kimni kutyapsan?
Liana o‘sha kuni ertalab universitetga odatdagidan ertaroq keldi.
Kecha Emir bilan uchrashganidan beri xayoli joyida emasdi. Uning ovozi, nigohi, bolalikdagi bilaguzugi… Hammasi xotirasida qayta-qayta jonlanardi.
«Men seni unutmaganman».
Emir bu gapni shunchalik sokin aytgandiki, go‘yo ular orasidan yillar emas, bir necha kun o‘tgandek edi.
Ammo Liana uchun bu yillar oson kechmagan.
U Emirni kutganmi? Ha.
Uni sog‘inganmi? Albatta.
Lekin endi u qaytib kelgani uchungina hammasini avvalgidek davom ettira olarmidi?
— Liana!
Qiz xayollaridan cho‘chib, ortiga o‘girildi.
Qarshisida baland bo‘yli, yuzida samimiy tabassum bor yigit turardi. Uning bir qo‘lida kitoblar, ikkinchisida qahva bor edi.
— Salom, — dedi Liana hayron bo‘lib.
— Men Adrian. Kecha auditoriyada yoningda o‘tirgandim. Esladingmi?
Liana kulimsiradi.
— Ha, endi esladim.
— Yaxshi. Demak, men butunlay ko‘rinmas odam emas ekanman.
Liana beixtiyor kulib yubordi.
— Nega unday deyapsan?
— Chunki kecha mendan ko‘ra derazadan tashqariga ko‘proq qarading. Seni qiziqtirgan narsa deraza ortidami yoki xayollaring ichidami, bilolmadim.
Liana bir zum jim qoldi.
Bu yigit odamlarning kayfiyatini tez ilg‘aydiganlardan edi.
— Shunchaki biroz charchaganman, — dedi u.
Adrian unga qahva uzatdi.
— Unda bu senga. Meniki tasodifan ikkita bo‘lib qolibdi.
Liana stakanga, keyin unga qaradi.
— Tasodifanmi?
— Mayli, yolg‘on gapirmayman. Ikkitasini ataylab oldim. Lekin ikkinchisini ichishni xohlamasang, o‘zim ichaman.
Liana kuldi.
— Rahmat, Adrian.
— Arzimaydi. Aytgancha, bugun tushlikda bo‘shmisan?
Liana javob berishga ulgurmay, orqasidan tanish ovoz eshitildi.
— U band.
Qizning tabassumi asta-sekin yo‘qoldi.
Emir.
U bir necha qadam narida turardi. Nigohi avval Adrianing qo‘lidagi qahvaga, keyin Lianaga tushdi.
Adrian esa xotirjam jilmaydi.
— Menimcha, buni Liananing o‘zi ayta oladi.
Emir unga sovuq qaradi.
— Men shunchaki javob berdim.
— Ammo savol senga berilmagandi.
Atrofdagi havoning o‘zi o‘zgargandek tuyuldi.
Liana ikkalasiga navbatma-navbat qaradi.
Bu nima? Ular nega birdaniga bir-biriga qarshi chiqishyapti?
— Yetar, — dedi u nihoyat. — Men hech kimning bandi emasman.
Emirning nigohi darhol unga qaytdi.
Liananing bu gapni aytishi unga kutilmaganda og‘ir botdi. Buni yuzidan sezish mumkin edi, ammo u hech narsa demadi.
Adrian esa yelkasini qisdi.
— Unda tushlikda ko‘rishamiz, Liana. Agar xohlasang, albatta.
U ketishdan oldin qizga iliq tabassum qildi.
Emir uning uzoqlashishini kuzatib turdi.
— U bilan yaqinmisan? — deb so‘radi u.
Liana qoshini ko‘tardi.
— Nega so‘rayapsan?
— Shunchaki.
— Emir, sen sakkiz yil davomida hayotimda bo‘lmagansan. Endi qaytib kelib, kim bilan gaplashishimni so‘ramoqchimisan?
Emir jim qoldi.
Bu safar uning yuzida sovuqqonlik emas, pushaymonlik ko‘rindi.
— Haq gap, — dedi u past ovozda. — Bunga haqqim yo‘q.
Liana bunday javobni kutmagandi.
U Emirning bahslashishini, o‘zini oqlashini yoki Adrian haqida yana savol berishini kutgan edi. Ammo Emir boshini egib, ortiqcha gapirmadi.
— Men faqat… — U gapini tugatolmadi.
— Faqat nima?
Emir unga qaradi.
— Seni boshqa birov bilan ko‘rish menga yoqmayapti.
Liananing yuragi tezroq ura boshladi.
— Nega?
Emir bir muddat unga tikilib turdi.
— Shu savolga javobni o‘zim ham bilishni xohlardim.
U ketishga chog‘landi, ammo Liana beixtiyor uning bilagidan ushladi.
Emir to‘xtadi.
Qiz qo‘lini darhol tortib oldi.
— Kechir…
— Yo‘q, — dedi Emir. — Kechirim so‘rama.
Ularning nigohlari to‘qnashdi.
Bir necha soniya davomida ikkalasi ham gapirmadi. Atrofda talabalar shoshilib o‘tishar, kimdir kulardi, kimdir telefonda gaplashardi. Ammo Liana uchun o‘sha lahzada butun dunyo jimib qolgandek edi.
Emir asta jilmaydi.
— Bilasanmi, bolaligingda ham shunday qilarding.
— Nimani?
— Jahling chiqqanda mendan yuz o‘girarding. Lekin ketishimga to‘g‘ri kelganida qo‘limdan ushlab qolarding.
Liananing ko‘zlarida beixtiyor yoshga o‘xshash namlik paydo bo‘ldi.
— Chunki sen ketib qolarding…
Bu gap uning lablaridan o‘zi kutmagan holda chiqdi.
Emirning tabassumi so‘ndi.
— Bilaman.
— Yo‘q, bilmayapsan, Emir. — Liana chuqur nafas oldi. — Sen ketganingda men nima bo‘lganini tushunmagandim. Har kuni qaytib kelishingni kutdim. Keyin esa o‘zimga seni kutmaslikni o‘rgatdim.
Emir hech narsa demadi.
— Endi esa sen qaytib kelib, meni unutmaganingni aytyapsan. Men bunga ishonishni xohlayman. Lekin yana bir kun kelib, hech qanday tushuntirishsiz ketib qolishingdan qo‘rqaman.
Bu safar Emir undan ko‘z uzmadi.
— Men senga darrov ishonishingni talab qilmayman, Liana. — Uning ovozi titramasa-da, so‘zlarida samimiyat bor edi. — Faqat bu safar meni tanib olishga imkon ber.
Liana javob bermadi.
Chunki uning yuragi allaqachon imkon berishni xohlardi.
Ammo aqli hali ham ehtiyot bo‘lishni aytardi.
Tushlik payti Liana universitet hovlisidagi kichik kafega kirdi.
Adrian deraza yonidagi stolda uni kutib o‘tirardi.
— Rostdan ham kelding! — dedi u quvonib.
— Axir taklif qilganding.
— Odamlar ba'zan taklifni shunchaki odob uchun qilishadi. Sen esa kelib, meni xursand qilding.
Ular suhbatlashib o‘tirishdi. Adrian Lianani kuldirar, uning fikrlarini diqqat bilan tinglar, gap orasida o‘zining ham qiziqarli voqealarini aytib berardi.
Liana o‘zini yengil his qildi.
Adrian bilan gaplashish oson edi. Undan yashiradigan o‘tmishi, tushuntirishi kerak bo‘lgan og‘riqli xotiralari yo‘q edi.
— Liana, bir narsani so‘rasam maylimi? — dedi Adrian birdan jiddiylashib.
— So‘ra.
— Bugun ertalabgi yigit… Emir. U sening yigitingmi?
Liana qo‘lidagi stakanni stolga qo‘ydi.
— Yo‘q.
— Unda nega u senga qaraganda go‘yo butun dunyosini yo‘qotayotgandek ko‘rindi?
Liana beixtiyor kuldi.
— Sen hammasini bo‘rttirib yuboryapsan.
— Balki. Lekin men odamlarning nigohlariga e'tibor beraman.
Adrian bir oz jim turdi, so‘ng davom etdi:
— Bilasanmi, Liana? Men seni hali yaxshi tanimayman. Shuning uchun hozir katta gaplar aytmayman. Lekin sen bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlayman.
Qizning tabassumi sekin so‘ndi.
U Adrianing samimiyligini his qilardi. Uning e'tibori yoqimli edi. Ammo yuragida hali ham tushunarsiz bir tuyg‘u bor edi.
— Adrian, men hozir…
— Shoshilma, — dedi u muloyimlik bilan. — Men sendan hozir javob kutmayman.
Shu payt Liananing telefoni titradi.
Ekranda Emirning xabari paydo bo‘ldi.
Emir: Bugun senga berishim kerak bo‘lgan bir narsa bor. Uni ko‘rganingdan keyin mendan yana ham ko‘proq nafratlanishing mumkin.
Liananing yuragi orqasiga tortilgandek bo‘ldi.
Oradan bir necha soniya o‘tib, ikkinchi xabar keldi.
Emir: Lekin bu safar haqiqatni sendan yashirmayman.
Liana ekranga tikilib qoldi.
Adrian uning yuzidagi o‘zgarishni sezdi.
— Hammasi joyidami?
Liana javob bermadi.
Chunki uning xayolida faqat bitta savol aylanardi:
Izohlar
0