Vaqt o‘tib, Sariqbelga yana oltin kuz tashrif buyurdi. Bu fasl qishloq ahli uchun ham baraka, ham og‘ir mehnat pallasi edi. Adirlar sarg‘aygan, paxtazorlar esa oppoq bo‘lib ochilib, ufqqa qadar oq dengizni eslatardi. Iroda o‘n yetti bahorni ortda qoldirib, ayni kamolga yetgan, orzulari esa pishib yetilgan paxta ko‘saklaridek liq to‘la edi. Endi u o‘sha mitti chig‘anoq emas, balki qaddi-qomati kelishgan, nigohlari mag‘rur, ammo hamon o‘sha beg‘uborlikni saqlab qolgan sohibjamol qizga aylangandi.
Iroda uchun bu yil boshqacha keldi. Uning xayoli butunlay Toshkentda — San’at va madaniyat oliygohida edi. U otasi o‘rgatgan Navoiy va Bobur g‘azallari va ruboiylarini qadrdon toriga qo‘shib shunday ijro etardiki, go‘yo bu kuylar uning qalbini Sariqbeldan olib chiqib, uzoq-uzoqlarga uchirib ketayotgandek bo‘lardi.
U paxta terimidan charchab qaytsa-da, torini qo‘liga olgan zahoti barcha horg‘inligini unutardi. Uning maqsadi aniq: poytaxtga borish, imtihon topshirish va o‘sha uzoq kutilgan San’at va madaniyat institutining talabasi bo‘lish. Ota! derdi u kechki choy ustida, terimdan qadoq bo‘lgan barmoqlarini ohista uqalab. — Nasib qilsa, o‘qishga kirsam, sizni va onamni albatta Toshkentga olib boraman. Katta sahnada qo‘shiq aytganimda, sizlar eng oldi qatorda o‘tirib tinglaysizlar. Mirzo muallim qizining orzularidan sarmast bo‘lib jilmayar, lekin koʻnglini bir chetida qandaydir bir hadik bor edi. Nazokat opa esa qizining kelajakda kiyadigan sahna liboslarini allaqachon xayolan bichib qo‘ygan edi.
Kuzning iliq oqshomlaridan birida Irodaning eng yaqin dugonasi Nilufarning qiz bazmi bo‘lib o‘tdi. To‘y arafasidagi shovqin-suron, qizlarning kulgisi Sariqbelning sokin tuniga fayz kiritar edi. Oʻzim oʻrgilay Iroda, toringni bir chalib ber, — deb turib oldi dugonalari. Sen kuylab bermasang, bazm qizimaydi. Iroda rad etolmadi. U torini bag‘riga bosib, simlarini cherta boshladi. Uning shirali ovozi avval qizlar davrasida, soʻng hovli ichida aylandi, undan keyin devorlardan oshib, butun atrofga yoyildi.
Nilufarning uyi qishloqning eng nufuzli odami — Jabbor raisning koshonadek uyi bilan yonma-yon edi. Ayni shu daqiqalarda Jabbor rais uyining orqa tomoniga oppoq "Jiguli" kelib toʻxtadi. Raisning taltaygan o‘g‘li Shuhrat do‘sti Orif bilan moshinadan tushib, tamaki tutata boshladi.
Shu payt devor ortidan kelayotgan yoqimli, yurakni o‘rtovchi bir ovoz Shuhratning qulog‘iga chalindi. U tamakisini labi chekkasiga qistirib devor tirqishidan Nilufarning hovlisiga nazar soldi va tor chalib, butun borlig‘i bilan qo‘shiqqa berilib ketgan Irodani ko‘rdi. Qizlar davrasida yuzidagi nur va chiroyi bilan ajralib turgan Iroda Shuhratning ichidagi qandaydir yovvoyi bir hisni uyg‘otib yubordi.
Jabbor raisning yagona o‘g‘li bo‘lgan, pul va kuch hamma narsani hal qiladi deb o‘ylaydigan Shuhrat uchun bu chiroy va yoqimli ovoz kutilmagan bir chaqiriqdek tuyuldi. -Kim bu? — so‘radi u sherigidan, ko‘zini Irodadan uzmay. Orif devorga suyanib kulimsiradi: -Tanimadingmi? Mirzo muallimning qizi Iroda-ku. Shuhrat Irodani oldin bir necha marta koʻrgan lekin unchalik etibor bermagan ekan. Lekin u bizga oʻxshagan qishloqilarga qayrilib ham boqmasa kerak. Oʻzicha juda magʻrur qiz, yaqinda Toshkentga oʻqishga hujjat topshirmoqchi emish deb eshitdim dedi ikkinchi tamakini tutatib choʻkkalab oʻtirib olgan Orif.
Shuhrat tamaki qoldig‘ini yerga tashlab, etik uchi bilan eza boshladi. Uning labida sovuq bir tabassum paydo bo‘ldi. Uning lug‘atida "yo‘q" degan so‘z mavjud emas edi. U shu paytgacha nimani xohlagan bo‘lsa, otasining obroʻsi va puli bilan erishgan edi. U uchun hamma narsa xoh u yer bo‘lsin, xoh u suv bo‘lsin, xoh u inson taqdiri bo‘lsin — sotib olinadigan yoki kuch bilan egallanadigan narsa edi.
Demak, Mirzo muallimning qizi degin? pichirladi Shuhrat "Jiguli"sining kapotiga suyanib. Ko‘ramiz... — dedi u moshina kalitini barmog‘ida aylantirib. Oʻsha tor meni amrimda chalinadi hali. Sariqbelda men xohlagan narsa meniki bo‘lmay qolganini eslolmayman.
Devor ortida esa Iroda "Munojot"ni kuylay boshlagan edi. U o‘z ovozi bilan dahshatli fojiani chorlayotganini bilmas edi.
O‘sha tunda Sariqbel uzra esgan shamol endi asriy sirlarni emas, balki yaqinlashib kelayotgan qora bir to‘fonning xabarini g‘uvullab aytayotgandek edi.
Shuhrat aytgan so‘zining ustidan chiqadiganlardan edi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, Mirzo muallimning hovlisi oldida oq volga kelib to‘xtadi. Jabbor raisning xotini — tillalarga burkangan, qishloq ayollariga past nazar bilan qaraydigan ayol boshchiligida sovchilar keldi. Mirzo muallim va Nazokat opa sarosimaga tushib qolishdi. Ular raisning o‘g‘li qandayligini, Shuhratning yomon nom chiqarganini bilishardi. Eng asosiysi, Irodaning o‘qish va san’at haqidagi orzulari bu eshikka mos kelmasdi.
— Rais buva bilan quda bo‘lish biz uchun sharaf-kuya! dedi Mirzo muallim bazo‘r so‘z topib, lekin qizimiz hali yosh. Niyati o‘qish, san’at yo‘lidan ketmoqchi. Biz unga va’da berganmiz. Sovchilarning qovog‘i uyuldi. o‘rnidan turayotib ulardan biri: "Muallim, raisga yo‘q degan odam bu qishloqda hali tug‘ilmagan", deb piching qildi. Bu shunchaki gap emas, balki ochiqchasiga tahdid edi.
Paxta mavsumi yakunlanib borayotgan, kunlar ancha qisqarib qolgan paytlar edi. Iroda paxta dalasiga ham qadrdon torini o‘zi bilan olib chiqardi. Tushlik payti hamma terimchilar choy ichib dam olganda, Iroda torini qoʻliga olardi. Uning ovozi paxtazorlar uzra taralganda, charchagan terimchilarning ogʻir mehnati bir zumga unutilgandek bo‘lar, odamlar uning san’atiga mahliyo bo‘lib, dunyoni unutishardi. U dalaning o‘rtasida xuddi bir farishtadek nur sochib turardi.
Biroq o‘sha mash’um kun bu nur so‘ndi.
Iroda o‘sha kuni dalada biroz kech qolib ketdi. Dugonalari allaqachon ketishgan, u esa o‘zining oxirgi etagini to‘ldirib, taroziga topshirguncha quyosh botib atrof ancha qorongʻulashib qolgan edi. Iroda bir yelkasiga bo‘sh etagini tashlab, ikkinchisiga torini ilib olib uyiga qaytar ekan, ichida yangi o‘rgangan qoʻshigʻini oʻylab borardi. Bu kuy uning ruhiga orom berar, Toshkentdagi orzulari tomon undagandek tuyulardi. To‘satdan, yo‘l chetidagi tutzor orasidan chiroqlari o‘chirilgan oppoq "Jiguli" g‘irillab chiqib keldi va uning yo‘lini keskin to‘sdi. Irodaning yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib urib ketdi. Mashinadan Shuhrat tushib kelishdi. Uning ko‘zlarida insoniylikka xos boʻlmagan bir olov yonardi.
— Ha, mag‘rur go‘zal? Sovchilarni qaytarib, o‘zingcha meni mensimadingmi? dedi Shuhrat sovuq jilmayib. Uning ovozi qorongʻuda yanada dahshatli eshitilardi. Endi koʻrasan, raisning o‘g‘liga yo‘q deyish qanday bo‘lishini!
— Yo‘limni bo‘shating, Shuhrat aka! Irodaning ovozi titrasa-da, nigohini tik tutishga harakat qildi. Otam bilib qolsa... Xudo haqqi...
— Otang endi hech narsani hal qilolmaydi dedi Shuhrat. Ko‘zlarida insoniylikdan asar ham yo‘q edi. Xudoying ham senga yordam bera olmaydi endi!
U Irodaga tashlandi. Iroda butun vujudi bilan qarshilik ko‘rsatdi. U Shuhratning yuziga chang soldi, tepdi, bor kuchi bilan itarishga urindi. Uning quloqlariga o‘zining dahshatli qichqiriqlari eshitilardi, lekin bu faryodlar zulmatda so‘ngan yulduz misoli yoʻqolib ketardi. Irodaning sochlari to‘zg‘ib, dalaning changiga qorishib ketdi. Uning qichqiriqlari tobora ingichkalashib, so‘ng sukutga aylandi. Ko‘z oldida yulduzlar charxpalak bo‘lib aylangandek boʻlar, Faqat quloqlarida so‘nggi dahshatli ohang: torni yerga urib sindirilgan ovozi qoldi. Iroda qancha vaqt u yerda yotganini bilmaydi. Hushiga kelganida, atrof qop-qorong‘u, vujudida chidab bo‘lmas og‘riq va qalbida bitmas-tuganmas azob bor edi. U yerda yotgan siniq torini koʻrdi. Uning pokligi singari, o‘sha Tor ham parcha-parcha bo‘lib yotardi.
Soat 3:30. Iroda o‘rnidan zo‘rg‘a turdi. Ko‘ylagi yirtilgan, sochlari to‘zg‘igan, yuz-ko‘zi chang va ko‘z yoshiga belangan holda, siniq tor parchalarini qaltiragan qo‘llariga olib qishloq tomonga yurdi. Uning qadamlari jasaddek og‘ir, nigohlari so‘ngan edi.
Irodani biror dugonasinikida yotib qolgan deb oʻylagan Mirzo muallim va Nazokat opa darvoza taraqlab ochilganidan uygʻonib ketishdi. Chiroq nurida qizining bu ahvolini ko‘rgan onaning bo‘g‘zidan faryod otilib chiqdi. Iroda esa hech narsa demasdi. U sekin yurib borib, ayvonda qotib qolgan otasining poyiga o‘sha siniq torni qo‘ydi.
— Ota... — dedi u ovozi titrab, bo‘g‘ziga tiqilgan alamli o‘kinch bilan. Ko‘zlaridan yosh emas, qon oqayotgandek edi. Omonatingizni asrolmadim... Kechiring...
Muallim siniq torga, so‘ng qizining abgor ahvoliga qarab, nima bo‘lganini bir lahzada angladi. Shu daqiqada dunyo Mirzo muallim uchun to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Nazokat opa qizini bag‘riga bosib, uvvos solib yig‘lardi. Muallimning esa qaddi bir soniyada bukildi. Ular o‘n yil kutib, xudodan so‘rab olgan guli endi toptalgan, eng aziz omonatlari ham tor, ham nomus chil-chil bo‘lgan edi.
Mirzo muallimning fayzli hovlisiga sharmandalik yuki cho‘kdi. Qishloq — kichkina joy, gap-so‘z ayniqsa shumxabar tez tarqaladi. Jabbor rais esa "Muallim, endi qizingni bizdan boshqa hech kim olmaydi, nomi chiqdi, to‘yni qilamiz", deb shart qo‘ydi. Mirzo muallim shu uch kun ichida o‘n yilga qaridi. O‘sha mag‘rur ona tili muallimidan asar ham qolmadi. Nazokat opa esa ko‘z yoshidan ko‘r bo‘lay dedi. Iroda bo‘lsa... u endi gapirmasdi. Faqat xonasining burchagida o‘tirib, karavot ustidagi toriga qarab yig‘lardi.
Orzulari, katta sahna va oliygoh — hammasi o‘sha mudhish tunda sarobga aylangan edi. Noilojlikdan to‘y boshlandi. Iroda o‘zi nafratlangan, guldek umrini xazon qilgan insonning uyiga oq libosda, ammo jonsiz bir jasad kabi kelin bo‘lib bordi. U o‘zi bilan faqat bir narsani — otasi sovg‘a qilgan siniq torini olib ketdi. Ammo endi u tor tuzalsa ham hech qachon undan avvalgi baxtli kuy chiqmasdi...
Iroda shu qadar jonsiz, shu qadar ruhan o‘lgan ediki, hatto oq libosi ham uning qalbini qoplagan motamni yashira olmasdi. U Shuhratning dabdabali uyiga kelin bo‘lib emas, balki qurbonlikka olib kelingan oppoq qush misoli qadam qo‘ydi. Iroda uchun bu uy jannat emas, haqiqiy jahannam edi. Bu yerda hatto nafas olish ham u uchun og‘riqli edi. Har bir burchakda Irodaning o‘ldirilgan orzulari: talabalik yillari, katta sahna... barchasi qora sharpadek unga termulib turgandek edi. Bu uyda u na sevikli yor, na hurmatli kelin; shunchaki Shuhratning g‘olibligini isbotlovchi bir "o‘lja" edi. Shuhrat u bilan faqat o‘zini to‘ydirish uchun, o‘ch olish uchun birga bo‘lardi. U uchun Iroda uy bekasi emas, balki shunchaki bir xizmatkor edi...
Izohlar
0