Sariqbel qishlog‘i Samarqandning chekka bir nuqtasida, adirlari dengiz to‘lqinlaridek bir-birining ustiga minib ketgan, paxtazorlari esa ufqqa qadar cho‘zilgan kengliklarda joylashgan. Bu yerda vaqt xuddi quyoshning botishidek imillab o‘tar, shamol esa shuvoqlar orasida qishloqning asriy sirlarini pichirlab yurgandek bo`lardi...
Sariqbelning adirlari bahorda lolaqizg‘aldoqqa burkansa, kuzga borib sarg‘ish va charchagan tusga kiradi. Qishloqning eng chekkasidagi Mirzo muallimning hovlisi esa qishloqning qolgan qismidan hamisha o‘zgacha fayzi — rayhonlar hidi va devorlardan oshib taraladigan sehrli musiqa sadosi bilan ajralib turardi. Sariqbelda Mirzo muallimni tanimaydigan odam yo‘q. U qishloq maktabida necha yillardan buyon ona tili va adabiyot fanidan dars berib, bolalarga so‘z qadrini, Navoiy g‘azallaridagi ishq va sadoqatni o‘rgatib keladi. Uning rafiqasi Nazokat opa esa qishloq ayollari orasida qo‘li gul tikuvchi sifatida mashhur bo`lib, u tikkan ko‘ylaklar qishloq ayol-qizlarining chiroyiga chiroy qo‘shar edi.
Biroq bu fayzli xonadonning o`z dardi, yillar davomida kemirib kelgan bir kemtikligi bor edi. Sariqbelning chang ko`chalari, adir yaylovlarida yillar o`tardi-yu, Mirzo muallimning hovlisida bola kulgisi eshitilmasdi. O`n yil — bu Mirzo va Nazokat uchun shunchaki vaqt emas, balki har tong umid bilan uyg`onib, har kecha chaqaloq ovozini orzu qilib mahzunlik bilan uxlash degani edi. Nazokat opa qo`shnilarning ko`ylagini tikayotganda, ignasiga ip o`tkazayotib, beixtiyor javob ustiga orzu umidlar bilan olib qoʻyilgan beshikka qarab, Mirzo muallim esa maktabdan qaytgach, o‘quvchilarining shovqin-suronidan keyin uydagi sukunatdan ezilardi.
Nihoyat Xudo ularning nolasini eshitib ularga bir qiz ato etdi. Chaqaloqning dunyoga kelishi Sariqbelning quruq tuprog‘iga yomg‘ir yoqqandek bo‘ldi. Qizaloqning birinchi yig‘isi Mirzo muallimning quloqlariga dunyodagi eng go‘zal ohangdek eshitildi. Unga Iroda deb ism qo‘yishdi — bu ularning sabri va Xudoning irodasi bilan kelgan ne’mat edi. Irodani ilk bor beshikka belashgandan soʻng Nazokat opaning tikuv mashinasi ilk bor quvonch nafasini his etdi. Iroda ota-onasining borlig‘i, dunyoga boqadigan ko‘zlari bo‘lib o‘sa boshladi. U shunchalik ardoqda ediki, hatto shamol uning sochlarini qattiqroq silashdan qo‘rqardi.
Iroda yetti yoshga to‘lib, maktabga chiqqan kuni Mirzo muallim uchun hayotining eng baxtli kunlaridan biri bo‘ldi. O‘zi dars beradigan maktabga qizining qo‘lidan tutib borar ekan, muallimning qaddi har doimgidan tikroq edi. Iroda ota-onasining ardog‘ida, go‘yo shisha ichidagi guldek asrab-avaylab o‘stirildi. U maktabda ham o‘zining zukkoligi va odobi bilan hammaning nazariga tushdi. Bo‘sh vaqtlarida onasining yoniga o‘tirib olib, matolarning bichilishini kuzatishni yoqtirardi. Nazokat opa matoga igna sanchib, qoʻshnilarga ko‘ylak tikib berar ekan, Iroda uning qo‘llariga mahliyo bo‘lib o‘tirar, lekin xayoli hamisha uzoqlarda — o‘zi hali bilmaydigan buyuk ohanglar olamida kezardi.
Irodadagi ilohiy ne’mat u hali 10 yoshligida, bahor kunlarining birida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda onasi Nazorat opa hovli burchagidagi tandirxonada non yopayoygan, otasi Mirzo muallim esa ayvonda o‘quvchilarining daftarlarini tekshirib o‘tirardi. Iroda hovli oʻrtasidagi olma daraxtiga otasi yasab bergan argʻimchoqda oʻtirgan koʻyi o‘zicha nimalardir deb g‘o‘ng‘irlab qo‘shiq hirgoyi qila boshladi. U shunchaki bolalarcha xirgoyi qilmas, onasi har gal koʻylak tikayotganda aytadigan eski bir xalq qo‘shig‘ini xuddi naydek tiniq va baland ovozda kuylar edi. Mirzo muallim qo‘lidagi qizil ruchkani beixtiyor xontaxta ustiga qoʻydi. Nazokat opa esa yengsasi bilan olovda qizarib ketgan yuz koʻzini artdi. Chig‘anoqdek mitti qizchadan chiqayotgan ovoz butun hovlini, hatto qo‘shni devorlarni ham zirillatardi. Mirzo muallim o‘sha kundan keyin oromini yo‘qotdi. U qizining bu isteʼdodini shunchaki xazon bo‘lishiga yo‘l qo‘yolmasdi. Bir necha oy davomida u o‘z maoshidan orttirib, ustiga Nazokat opaning ko‘ylaklaridan tushgan pullarni qo‘shib, katta bir niyatini amalga oshirdi.
O‘sha yili kuzning ilk kunlarida Mirzo muallim Samarqand shahridan qo‘ltig‘ida qora matoli g‘ilof bilan qaytib keldi. Iroda o‘shanda endigina o‘n birga to‘lgan edi.
Kel qizim, yonimga o‘tir, — dedi muallim xursan ovozda. Nazokat opa ham oʻchoq boshidan qo‘llarini artib chiqib keldi. Mirzo muallim g‘ilofni ohista ochdi. Ichidan o‘rik yog‘ochidan yasalgan, dastasiga sadaf qadalgan tor chiqdi. Tor quyosh nurida yaltirab turardi. Mana, Iroda, — dedi otasi qizining hayratdan porlab turgan ko‘zlariga qarab. Bu sening sirdoshing bo‘ladi. Bu torning ichida sening kelajaging, sening ovozing yashiringan. Uni asra, qizim. Bu senga omonat.
Iroda nozik barmoqlari bilan torning simlarini chertganda osmonda bir qush sayragandek bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab Irodaning hayoti dars va dutor mashqlari orasida o‘ta boshladi. U maktab tadbirlarining ko‘rkiga aylandi, ovozi qishloqda mashhur boʻldi...
Izohlar
0