Anora uning ikki qo‘lida ikki farzandi — bir qiz va bir o‘g‘il edi. ularni ko‘tarib, ko‘chada sekin yurardi. Tashqaridan qaraganda oddiygina ona va uning bolalari. Ammo uning ko‘zlarida hech kim ko‘rmaydigan boshqa bir hayot yashardi.
Uning turmush o‘rtog‘i juda g‘alati odam ekan. Go‘yo u bu ayolni sevib emas, shunchaki taqdirning majburiyati bilan yonida olib yurgandek. O‘zining mustaqil fikri yo‘q, har bir ishda qarindoshlarining gapiga qarardi.
Ular esa — ota-ona, amakilar, kelinoyilar, boshqa qarindoshlar — hammasi bir hovlida, bir uyda yashashardi.
Kelin esa qizlik paytida erkin, sho‘x qiz bo‘lgan. Ko‘chalarda bemalol sayr qilgan, o‘ynagan, o‘qigan, kulgan. Bir kuni go‘yo hech narsaga tayyorlanmasdan boshqa shaharga olib kelingandek, birdan begona uyda kelin bo‘lib qolgan.
Bu hayotga ko‘nikolmasdi.
Eriga nimadir desa, u indamasdi. Qarindoshlari biror gap qilsa, xotinining yonini olish o‘rniga uni yana o‘sha odamlarning oldiga tashlab qo‘yardi.
Shunda kelin bolalarini yetaklab ko‘chaga chiqardi.
Do‘konlargacha borardi. Uy atrofida aylanardi. Ba’zan bolalariga qarab kulardi. Ba’zan esa ular sezmagan paytda uzoqqa tikilib qolardi.
Uning xayolida boshqa bir dunyo bor edi.
Hech kim unga nima qilishni aytmaydigan, hech kim kulishini ham, yurishini ham nazorat qilmaydigan dunyo.
Ammo erining amakilari hamisha uni kuzatib turishardi. Kelin kulib, xursand ko‘rinsa — xomrayishardi. Go‘yo uning baxti ham ularga yoqmasdi.
Bir kuni ular ko‘chada ketayotganida, qayerdandir ABBA guruhining “Dancing Queen” qo‘shig‘i yangradi.
Kelin qo‘lidagi bolalarini mahkamroq quchdi.
Bu uning sevimli qo‘shiqlaridan biri edi.
Atrofdagilar hech narsani sezmasin degandek, u sekin qadam tashlay boshladi. Keyin qo‘llaridagi bolalari bilan juda mayin, deyarli bilinmas darajada qo‘shiq ritmiga mos tebranib qo‘ydi.
Bir lahzaga u kelin emasdi.Bir lahzaga u o‘sha eski qiz edi.
Erkin.
Yengil.
Baxtli.
Ammo narida erining amakilari turishardi. Ular yana asabiy, xomraygan nigoh bilan unga qarab turishardi.
Kelin esa qo‘shiqni ichida davom ettirdi. Hatto ovoz chiqarmay, lablarini qimirlatib qo‘ydi.
Ko‘zlariga yosh keldi.
Ammo yig‘lamadi.
Yutdi.
Yana yutdi.
Shunchalik ko‘p yig‘isini ichiga yutdiki, oxir-oqibat yig‘lashga ham holi qolmadi.
“Men qayerdan bu yerga tushib qoldim o‘zi?” — derdi u o‘ziga.
Har kuni.
Har soat.
Har daqiqa.
Har soniya.
U yaqinlariga ham ko‘p marta aytardi:
— Men ajrashaman. Bu odam bilan yashamayman. U umuman mas’uliyatli emas. Qarindoshlari hamma narsaga aralashadi. Alohida yashasak, balki hammasini eplarman. Uy-joyni ham, hayotni ham. Lekin baribir mendan ayb topishadi...
Bu gaplar hali bolalari tug‘ilmasidan oldingi gaplar edi.
Keyin bolalar tug‘ildi.
Kattasi — uch yoshlardagi qizaloq.
Kichigi — o‘g‘il.
Ammo hayot o‘zgarmadi.
Kelin yana o‘sha ko‘chalarda bolalarini yetaklab yurardi. Do‘konlarga kirardi. Uy atrofida aylanardi. Ba’zan bolalariga nimanidir ko‘rsatib, o‘zi ham kulardi.
Uning eri esa hamon uni qarindoshlariga topshirib qo‘ygandek yashardi.
Kelin ishlamoqchi bo‘lsa:
— Ishlama, — derdi.
Nega?
O‘zi ham bilmasdi.
Hayoti esa tobora g‘alati, begona va tushunarsiz bo‘lib borardi.
Shu yerda qiz birdan cho‘chib uyg‘onib ketdi.
Yuragi qattiq urardi.
Atrofga qaradi.
U o‘z uyida edi.Ota-onasi yonida.
U hali turmushga chiqmagan.
Unga mehribonlik bilan munosabatda bo‘lishardi. Erkin edi. O‘qirdi. Ishlardi. O‘z hayoti, o‘z rejalari bor edi.
Hech kim uning kulishini taqiqlamasdi.
Hech kim qayerga borishini nazorat qilmasdi.
Hech kim uni o‘zining hayotidan begonalashtirmasdi.
Qiz uzoq vaqt jim yotdi.
Tushidagi ayolning ikki qo‘lidagi bolalari ko‘z oldidan ketmasdi.
Uning xo'mraygan qarindoshlari.
Begona hovli.Begona shahar.
Va eng oxirida — “Dancing Queen” yangragan o‘sha ko‘cha.
Qiz shu payt tushundi:Ba’zan odam kelajakdan emas,o‘zini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi.
U o‘sha kuni turmushga chiqish haqida ilk bor chinakamiga qo‘rqib qoldi.Chunki u tushida shunchaki kelin bo‘lmagan edi.U tushida o‘z hayotidan ayrilib qolgan edi.
Izohlar
0