2-Qism
O‘zimga dalil izlay boshladim. Balki kaltaklangan erkakning o‘zi shunday jazoga loyiqdir? Balki ular orasida men bilmaydigan qandaydir sabab bordir?
Ammo bu o‘ylarim meni tinchlantirmadi. Faqat qo‘rquvimni biroz chetga surishga xizmat qildi.
— Xonim, yetib keldik.
— Aha... Men kartada to‘layman. Mana, karta.
— Xo‘p, xonim.
Haydovchiga haqini to‘lab, o‘zim yashaydigan ko‘p qavatli bino oldiga tushdim. Beixtiyor chuqur xo‘rsindim. Uyga yetib kelganimga qaramay, hali ham o‘zimni xavfsiz his qilolmasdim.
Liftga chiqib, boshimni devorga suyadim.
Ikkisi ham uxlab qolgan bo‘lishsin, iltimos, Tangrim...
Uyga kirishim bilan bu iltijoyimning amalga oshmaganini angladim.
Ostonaga tutashgan zalning o‘rtasida Emily va Sebastian bir-biridan bo‘sa olishardi. Emily yengil tungi ko‘ylakda, Sebastian esa ichki kiyimda edi. Meni ko‘rishganida ham xijolat tortishmadi. Men esa ko‘zlarimni qaysi tomonga qaratishni bilmay qoldim.
Ko‘ksimning allaqayeri g‘ijimlab og‘ridi. Ularning munosabatlari qanchalik chuqur ekanini ko‘rib turgan bo‘lsam-da, hamon Sebastian’ni rashk qilardim. Bu tuyg‘uni o‘zimdan haydashga qancha urinsam ham, u har safar qaytib kelardi.
— Ava, kechki o‘n ikkida qayerdan kelyapsan? — deb so‘radi Emily.
— Liliyanikida edim, — dedim.
Bu uyda menga ortiq havo yetmayotgandek edi. Baxtimga, ketish uchun bahonam ham tayyor edi.
— Ha, Emily, men Liliyanikiga ko‘chib o‘tyapman. Seni ogohlantirish va ba’zi narsalarimni olgani keldim. Qolganini ertaga yoki indinga olib ketaman.
Aytayotganlarimga o‘zim ham to‘liq ishonmasdim. Bu qarorimni oldindan rejalashtirmagandim. Shunchaki hozir shu uydan chiqib ketishim kerak edi. G‘ururim men uchun gapirayotgandi.
— Men-chi? Bir o‘zim qolamanmi? — dedi Emily.
— Ha, Ava, ketmay qo‘ya qol. Har kelganimda seni ko‘rib turardim axir. Singlimdeksan... — Sebastian ham suhbatga qo‘shildi.
Singil...
Uning bu so‘zi ichimda achchiq kulgiga o‘xshash bir tuyg‘u uyg‘otdi.
Kimni aldamoqchisan? Singling bo‘lsam, nega bir necha soat oldin meni o‘pmoqchi bo‘lding?
Yuziga aytolmagan gaplarimni nigohim bilan ifodalashga urindim. Ichimga oralagan g‘azab bilan ularning yonidan o‘tib, xonamga kirdim. Ertaga o‘qishga kiyadigan kiyimlarimni, telefon quvvatlagichimni va naqd pullarimni oldim.
Xonadan chiqqanimda, Emily ustiga to‘r yopinchig‘ini tashlagan, Sebastian esa shimini kiyib olgandi.
— Men ketdim.
— Ha, Ava, meni shoshirding. Yangilikni bo‘lisha olmadim. Sebastian mening qo‘limni so‘radi...
Emily qarshimda qo‘llaridagi brilliant ko‘zli uzukni namoyish qildi. Bir zum nima deyishni bilmay qoldim.
— Tabriklayman, — dedim yig‘idan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib.
Emily meni bag‘riga bosdi. U baxtdan yettinchi osmonda edi. Uning quvonchini buzishni istamasdim. Bu yangilikni eshitganda xursand bo‘lishim kerakligini ham bilardim. Axir u mening dugonam edi. Men esa uning baxtini chin dildan tilashim kerak edi. Lekin qarshimda turgan uzuk men uchun faqat bitta narsani anglatardi: Sebastian endi rasman Emily’ga tegishli bo‘lishni tanlagan edi.
Menga tikilib turgan Sebastian ko‘zlarini aybdorona yerga qadadi. Men ham istamasam-da, Emily’ni quchdim. So‘ng pastda mashina kutayotganini bahona qilib, tezlik bilan chiqib ketdim. Emily hatto tuzuk xayrlashishga ham ulgurmay qoldi. Liftga kirishim bilan o‘zimni tutolmadim. Uvos solib yig‘lay boshladim.
Bir kun kelib shunday bo‘lishi aniq edi. Ular bir kun oila qurishardi. Men buni boshidan bilardim. Shunga qaramay, ichimning bir chetida ularning munosabatlari tugashiga umid qilgan edim. Nahotki shunchalar yomonman? Emily bilan Sebastian ajralishini kutganmidim? Uning ko‘z yoshlari evaziga baxtli bo‘lishni istaganmidim?
Bu savollarga javob berishni xohlamadim. Chunki javoblarim o‘zimga yoqmasligini bilardim.
Liliya yashaydigan ko‘p qavatli uyga yetib kelganimda, unga oldindan xabar yubordim. Lift to‘qqizinchi qavatga ko‘tarildi. Eshik ochilishi bilan Liliya lift qarshisida bir yigit bilan turganini ko‘rdim. Chamamda, mening kelganimni eshitib, yigitni kuzatishga shoshilgandi. Meni ko‘rib, biroz xijolat tortdi.
— Salom, Ava. Yaxshi keldingmi?
— Salom.
-Ava tanish yigitim Kiristian Beker. Kiris desang bo‘ladi!
Men Kiris bilan ko‘rishdim javoban u ham men bilan ko‘rishdi. Keyin biz bilan xayrlashib liftga chiqdida ketdi.
-O‘zing tuzukmisan? Dedi Lili qizargan ko‘zlarimga qarab.
Uni quchib yig‘ladim: -Emiliyga uzuk taqibdi. Ular oila qurishadi. Lili yelkamdan qoqib qo‘ydi.
- Bezovta qilganim uchun uzr... dedim birozdan keyin o‘zimni tutib.
— Yo‘g‘e, qo‘ysang-chi. Kiris xizmat safariga ketyapti. Samolyoti kechgi ikkida uchadi. Liliyga kelsak o‘zingni ayblama! Sebastian’ning boshida ikkimiz ham Emily’ning akasi deb bilardik. Keyin u yaramasning o‘zi senga juda ko‘p nayrangli ishvalar qildi. Senda aslo ayb yo‘q. Qani, ichkariga yur.
Liliya meni ortiq savolga tutmadi. Bu uchun undan minnatdor edim. Hozir bo‘lgan voqealarni boshidan tushuntirishga kuchim yetmasdi. Tunning qolgan qismini Liliyaga hasrat qilib yig‘ladim. U meni ovutishga urinib, dalda bo‘ladigan millionlab gaplarni aytdi. Ba’zan uning so‘zlariga javob qaytardim, ba’zan esa faqat tingladim. U meni ayblamadi. Sebastian’ni ham oqlamadi. Faqat yonimda qoldi.
Tongda universitetga ketdim.
Mening iltimosim bilan Liliya eski kvartiramizga borib, yuklarimni olib keldi. Telefon orqali nimalarni olish kerakligini birma-bir tushuntirdim. Men qaytib kelgunimcha narsalarimni xonamga tartiblab joylab qo‘yibdi.
Uni bag‘rimga bosdim.
— Senga aytganmidim, mening farishtam ekanligingni?
— Aytmasang ham bilaman. Bu yerga qara, farishtang senga yana bir narsa olib qo‘ydi.
Liliya yotoq ustidagi paketlarga ishora qildi.
— Nima ekan?
— Tadam...
U xarid sumkasining ichidan qora rangli ko‘ylakni oldi. Libos mayda, yaltirab turuvchi toshlar bilan bezatilgan, yoqa qismi ikkita ingichka ipchadan iborat edi. Chiroyli bo‘lishiga qaramay, men uchun juda ochiq ko‘rinardi.
— Vavv! Lekin buni kiyaman, deb o‘ylamayman. Pulingni bekor sarflabsan. Juda qimmat bo‘lsa kerak.
— Juda qimmat. Lekin buni sening pulingga oldim. Otang sovg‘a qilgan qora karta sumkachang ichida chang bosib yotgan ekan. Hali narigi paketda tufli ham bor.
— Ha, u kartami?..
Savdo majmualari va restoranlarga ko‘p bormaganim sababli, deyarli ishlatmasdim. Men ko‘chada ovqatlanishni, har xil kiyinishni yoki har hafta yangi narsalar xarid qilishni yaxshi ko‘radigan qizlardan emasdim. Shuning uchun otam bergan kartam sumkamda ko‘pdan beri tegilmay yotardi.
Liliya esa buni eshitib, boshini chayqadi.
— Ha, Ava, senga yangi tanishuvlar kerak. Bu chiptani olish uchun barcha tanishlarimni ishga soldim. Cheklangan joyga ega bo‘lgan restorandan chipta xarid qildim.
— Yana qanday chipta? — dedim norozilik bilan xo‘rsinib.
— Bu shaharning ko‘zga ko‘ringan odamlari boradigan restoran chiptasi. Bugun kechga bazm uyushtirilgan. Oyiga bir marta shunday bazmlar bo‘lib turadi. U yerda biror nomdor, o‘qimishli, kelishgan, Sebastian’dan yaxshiroq yigit bilan tanishasan.
— Kerak emas...
— Kerak, Ava. Undan umidingni uz.
U ko‘ylakni yotoqqa qo‘yib, menga jiddiy qaradi.
— Sen uyni tashlab chiqishing bilan Sebastian tongda yuklarini to‘plab, Emily’nikiga ko‘chib o‘tibdi. Ular bir oiladek yashashyapti.
— Oila?..
Bu so‘z qulog‘imga boshqalaridan balandroq eshitildi.
— Shunaqa. Sebastian degan pastkash hatto ijara pulining yarmini ham to‘lamasmish. Emily sevib qoldim, deb u ablahni boqadi endi...
Liliya yana nimalardir dedi, lekin men uning keyingi gaplarini yaxshi eshitmadim. Xayolimda faqat bitta so‘z aylanardi.
Oila.
Emily va Sebastian birga yashashardi. Endi ularning oldida hech qanday to‘siq yo‘q edi. Liliya aytganidek, ular allaqachon bir oiladek hayot kechirishga kirishgan bo‘lishlari mumkin. Ichimdagi bir ovoz esa boshqa narsani taklif qildi.
Sen ham kimdir bilan uchrash. Nima, faqat ularning baxtli bo‘lishini kuzatib yashaysanmi?
Bu fikrga darhol javob topolmadim. Sebastian bilan hech qanday hissiy munosabatim bo‘lmagan bo‘lsa-da, undan xafa edim. Hatto xayolimning bir burchagida qachondir u bilan birga bo‘lishim mumkinligi haqidagi bema’ni umid saqlanib qolganini ham inkor etolmasdim.
— O‘zingga chipta oldingmi? — deb so‘radim. — Birga borardik.
Liliya menga qarab jilmaydi.
— Demak, borasan-a?
— Ha. Sen haqsan. Menga yangi tanishlar zarar qilmaydi.
— Xursandman! Birga borardim-u, bugun kechga kursdoshlar bilan yig‘in bor. Kiristian ham baribir ruxsat bermaydi. Yangi yigit topib olishimdan cho‘chiydi.
U kulib qo‘ydi.
— Qani, unda tayyorlanamiz. Bor, yuvinib chiq. Seni o‘zim yasantirib qo‘yaman.
Kechki sakkizgacha umrimizda ilk bor boradigan bazmimga tayyorgarlik ko‘rdik. Liliya sochlarimni tartibga keltirdi, libosimni kiyishimga yordam berdi, tuflilarimni ham tayyorlab qo‘ydi.
Eshik oldida plashimni kiyganimda, u birdan dodlab yubordi:
— Obbo, Ava! Nega plashning tagidan kostyum ham ilib olding? Plashning o‘zi yetarli!
— Nima? Seningcha, u yerda yarim yalang‘och shu ko‘ylakda yuramanmi? Hecham!
— Tentak! U yerda hamma shunday kiyinadi. Bu moda-ku. Va’da ber, borgach ayollar ochiq kiyimda bo‘lsa, sen ham kostyumingni yechasan.
— Va’da beraman... Lekin meni vahima bosyapti. Hali bu tuflida qanday yuraman?
— Amalla. Bukchayib olma. Yelkangni bo‘sh qo‘y, viqor bilan yur.
Liliya kulib, yelkamni to‘g‘riladi. Men esa o‘zimni uning ko‘rsatmalariga amal qilishga majbur qilardim. Yangi odamlar bilan tanishishim kerak edi. Buning yomon joyi yo‘q.
Shunday bo‘lsa-da, ichimdagi bir ovoz bu bazmga borish xato ekanini takrorlayverardi. Bazm o‘tayotgan hashamatli restoranga yetib kelganimda, bu qarorimdan yana shubhalana boshladim.
Chiptamni ko‘rsatishim bilan xodimlar plashimni yechishimga ishora qilishdi. Men e’tiroz bildirmay yechdim. Ammo kostyumimga ham qo‘l cho‘zishganida, darhol uning yoqasini hovuchlab, bosh chayqadim.
— Buni yechmayman.
Xodim bir zum menga qarab turdi, keyin boshqa e’tiroz bildirmadi. Kelishgangina ofitsiant yigit ichkariga yo‘l ko‘rsatdi. Restoran xuddi yulduzlar to‘kilib tushgandek yorqin va jozibali edi. Men odatdagi restoranlardek stol-stullar, bezatilgan dasturxonlar va alohida ovqatlanish joylarini tasavvur qilgandim. Ammo bu yerda deyarli hamma narsa boshqacha edi.
Har yerda ichimlik qo‘yish uchun mo‘ljallangan kichik, doira shaklidagi baland stollar bor edi. Ularning atrofida odamlar to‘planib, suhbatlashishardi. Ofitsiantlar qo‘llarida qimmatbaho sharoblar bilan mehmonlar orasida yurishardi. Yon tomonda katta shved stoli, uning ustida turli gazaklar chiroyli qilib terilgan. Zalning to‘rida esa bar joylashgan bo‘lib, baland kursilarning deyarli hammasi band edi.
Men esa ayoz urgandek o‘ranib olgandim. Kostyumimni yechgan taqdirimda ham, ehtimol, eng yopiq kiyingan qiz bo‘lib qolardim. Ayollarning ayrimlari uzun oqshom liboslarida, ayrimlari esa ancha ochiq kiyimlarda edi. Birining ko‘ylagi orqa tomondan beligacha ochiq, boshqasining libosida sonigacha kesik bor. Yana bir ayolning ko‘ylagi ko‘krak qismini deyarli butunlay ochib qo‘ygandi.
Erkaklar esa ancha kamtarona — kostyum-shimda yoki qimmatbaho gullik ko‘ylaklarda yurishardi.
Men bu muhitga mutlaqo begona edim. Dastlab bir nechta odam bilan suhbatlashishga urinib ko‘rdim. Ammo gaplashgan bankir yigitning fe’li menga yoqmadi. U o‘zini haddan tashqari muhim tutar, suhbat davomida o‘z yutuqlarini sanashdan charchamasdi. Men esa imkon topishim bilan uning yonidan uzoqlashdim. Keyin sevimli aktyorim Wesley Hart’ni uchratdim. U bilan selfiga tushdim. U juda xushmuomala edi. Hatto hali yolg‘izligini, mendek chiroyli qizga muhtojligini aytib, vizitkasini ham berdi. Bu gaplar meni kuldirib yubordi.
San’atkor bo‘lmaganida, balki sevishib qolardik. Afsus, men juda rashkchiman. Bunday munosabatlarimiz uzoqqa bormasdi. O‘zimni aldamay qo‘ya qolay: Sebastian hamon qalbim markazida edi. Boshqa erkaklar bilan tanishishim mumkin, ular bilan kulishim, suhbatlashishim ham mumkin. Lekin xayolimning bir chetida baribir Sebastian turardi.
Biroz vaqt o‘tgach, qornim ochganini his qildim. Gazaklar qo‘yilgan stol tomon bordim. Hali taomlarga qo‘l cho‘zishga ulgurmay, zalning ko‘zdan pana burchagida turgan juftlikka ko‘zim tushdi.
Smокing kiygan yigit o‘zidan ancha katta ayol bilan o‘pishib turardi. Yigitning qo‘llari ayolning belida, ayol esa uni yoqasidan tutgan edi. Avvaliga bunga e’tibor bermay o‘tib ketmoqchi bo‘ldim. Biroq yigitning qiyofasi tanish tuyuldi. Bir necha soniya sinchiklab qaradim.
Bu Sebastian edi.
Buni anglaganim zahoti qo‘limdagi likopchani ham unutdim. Kechagina Emily’ning barmog‘iga uzuk taqqan yigit bugun boshqa ayol bilan o‘pishib turardi. Ayolning yoshi unga ancha katta ko‘rinardi. Hatto onasi tengi desa ham bo‘lardi.
Bu manzarani ko‘rish menga yoqimsiz ta’sir qildi. Men Sebastian’ni yoqimtoy, xushmuomala, boshqalarga mehribon yigit sifatida bilardim. Ammo hozir qarshimda turgan odam o‘sha tanish obrazga umuman o‘xshamasdi. U o‘zini hech kimga hisob berishga majbur emasdek tutardi.
Kecha Emily’ga uzuk taqdi. Bugun esa bu ayol bilan...
U ayoldan ajralib, zal markaziga qarab yurdi. Ayol ham uning ortidan ergashdi. Ikkalasi gazaklar qo‘yilgan stol tomon burilishdi. Men ular bilan to‘qnash kelmaslik uchun u yerdan ketishga shoshildim. Biroq ko‘zim Sebastian’da bo‘lgani sabab yo‘limdagi ofitsiantni ko‘rmay qoldim.
Unga urildim.
Ofitsiantning qo‘lidagi sharob to‘kilib, kiyimlariga sachradi. Idishlarning qarsillagan ovozi zal e’tiborini biz tomonga burdi. Bir zumda atrofdagilarning nigohlari menga qadaldi.
Jumladan, Sebastian’ning ham.
U meni ko‘rishi bilan yonidagi ayolning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Keyin ayolni qoldirib, men tomon yurib keldi. Men ketishni ham, qolishni ham bilmay turardim.
— Ava, — dedi u hayratini yashirmay.
— Salom...
— Salom. Yur, chekkaroqqa o‘tamiz. Bu yerni tozalab olishsin.
U kostyumim yengidan sekin tortdi. Men ham ortidan ergashdim. Zalning biroz chetroq joyiga o‘tganimizdan keyin u menga sinchiklab qaradi.
— Juda ochilib ketibsan. Bu yerga qanday kelib qolding? Biror yigit taklif qildimi?
— A... Yo‘q. Chiptasini xarid qildim, o‘zim keldim.
— Qanaqasiga? Bu chipta qancha turishini bilasanmi?
— Otamning qora kartasi bor. Menga sovg‘a qilgan. Shu bilan xarid qildim.
Sebastian qoshlarini ko‘tardi.
— Qanday? American Express Centurion Card’mi?
— Ha, shu.
U menga boshqacha qaray boshladi. Nigohi yuzimdan kiyimimga, so‘ng yana yuzimga ko‘chdi.
— To‘g‘risi, seni otang bunday katta odam ekanligini tasavvur qilmagan ekanman. Bu ko‘rinishing, bu hashamat va bu jozibangni ko‘rib, xato tasavvurga ega ekanligimni tushunib yetdim.
Sebastian’ning nigohi sinchkov edi. Lablarida biroz qiya, ayyorona kulgu paydo bo‘ldi.
— Yo‘q... Otamning qora kartasi bo‘lishiga qaramay, juda qudratli odam emas. Port Havenda uch yoki to‘rt kemasi bor, xolos.
— Uch-to‘rt kemasi kattagina shekilli. Qiziga qora karta sovg‘a qilar darajada...
U bir oz jim turdi.
— Ava, biror narsa ichishni istaysanmi?
— Apelsin sharbati bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi.
— O‘tkirroq nimadir demoqchiman.
— Men ichkilik umuman ichmayman.
— Bir daqiqa.
Sebastian mendan uzoqlashdi. Boyadan buyon bizdan ko‘z uzmayotgan ayolning yoniga borib, yana nimanidir shivirladi. Ayol mamnun chehra bilan bazm zalidan chiqib ketdi.
Bu ayol kim? Sebastian unga nima dedi?
Savollarim ko‘paydi. Ularning birortasini berishga esa hali jur’at qilolmasdim.
Ko‘p o‘tmay, Sebastian qo‘lida viski va apelsin sharbati bilan qaytib keldi.
— Ma, ol.
— Sebastian, u ayol kim?
U bir zum menga qaradi. Men ularning o‘pishganini ko‘rganimni bilmasdi. Shuning uchun javobi tayyor edi.
— Bo‘lim boshlig‘imiz. Hamkorlar bilan yig‘ilish bor edi, shunga kelgan edik. Chiptani ham ishxona hadya qildi.
Nahot shunchalar sodda ko‘rinsam?
Ahmoq ham bu yerda yig‘ilish o‘tkazish imkonsizligini biladi. Restoran, musiqa, bazm va mehmonlar orasida qanday ish uchrashuvi bo‘lishi mumkin?
Nahotki Liliya haq bo‘lsa? Sebastian chindan ham boyvuchcha ayollar ovchisimi?
Agar shunday bo‘lsa, ehtimol, u hozirgina o‘sha ayolning boshini aylantirib yurgandir. Meni ko‘rgach, vaziyatni qandaydir yo‘l bilan izohlashga majbur bo‘lgandir. Qalbimning bir qismi chiroyli kulgiga ega, yoqimtoy Sebastian’ni hali ham sevardi. Boshqa qismi esa bashang kiyinib, sochlarini yaltiratib taragan, o‘zini hammadan ustun tutadigan bu yigitdan nafratlanardi.
U aslida qaysi biri? Men tanigan Sebastianmi yoki hozir qarshimda turganimi?
— Ava... — dedi u g‘alati ohangda.
— Ha?
U viskisidan bir ho‘plam oldi-da, menga qaradi.
— Emily bilan ajralishyapmiz?
— Nima? Nega? Axir kechagina bir-biringizga uzuk taqdingiz... Ha, Sebastian, uzuging qani?
Uning qo‘liga qaradim. Barmog‘ida uzuk yo‘q edi. Sebastian javob berishdan oldin biroz jim qoldi.
— Men u yerga seni ko‘rgani borardim. Lekin «sevaman» deyishga kuchim yetmasdi. Emily bilan munosabatlarni sen tufayli uzmay yurgandim. Sen u yerdan ketgach, menga bu munosabatlarning qizig‘i qolmadi. Men seni istayman.
Uning gaplari qulog‘imga kirgan zahoti ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi. Men bu izhorni qancha kutgandim! Bir kun kelib, u menga ham shunday gaplarni aytishini tasavvur qilgan paytlarim bo‘lgan. Ammo hozir bu so‘zlarni eshitganimda, xursand bo‘lish o‘rniga ko‘nglim aynigandek bo‘ldi.
Otamning yaxshigina jamg‘armasi bor deb o‘ylab, sevgi izhor qilyaptimi?
Sebastian’ning avvalgi harakatlari yodimga tushdi. U kvartiramizga kelganida, menga xushmuomalalik qilardi. Men esa buni uning tabiati deb o‘ylardim. Endi esa o‘sha xushmuomalalikning ortida boshqa maqsad bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi xayolimdan ketmasdi.
— Bas qil, Sebastian... Esingni yig‘.
Bu yerda ortiq turolmasdim. Ketish uchun chog‘landim, ammo u qo‘limni tutib qoldi.
— Bilaman-ku, sen ham menga befarq emassan.
Qo‘limni siltab tortib oldim. Shuncha odam bo‘lmaganida, yuziga tarsaki tortib yuborardim. Ko‘z o‘ngimda u avvalgi Sebastian emas, o‘z manfaatini ko‘zlaydigan, hislarimdan foydalanishga tayyor bir odamga aylangandi.
U otamning puli uchun menga xushomad qila boshladimi? Men shunaqa insonni sevib qoldimmi?
Qayerga borishni bilmay, bar tomon yo‘naldim. Baland poshnali tuflida undan qochishga urinib, deyarli yugurib borardim. Ortimdan ismimni takrorlagan Sebastian’ning ovozi eshitildi.
Bar peshtaxtasiga yetib kelganimda, ichiga zaytun solingan viski ko‘zimga tushdi. Ichim yonib borardi. Qadahni qo‘limga oldim-da, ta’mi qanday bo‘lishini ham o‘ylamay, bir ko‘tarishda ichdim. Spirtning achchiq ta’mi tomog‘imdan o‘tdi. Ko‘zlarimni qisib, bo‘sh qadahga qaradim.
Shu payt tanish ovoz eshitildi:
— Hoy, kecha quchog‘imda uxlab, bugun viskimni ichib qo‘yyapsanmi?
Ovoz kelgan tomonga qaradim. Kelishgan yuzini va o‘ziga xos jozibasini atrofga taratgancha, kechagi jinoyatchi yigit menga tikilib turardi.
Izohlar
5endi? Bu?yigit? kim
Bu qaysidir mashhur asar tarjimasimi
Yoʻq, yozuvchini oʻzi yozgan buni eng yoqtirgan hikoyalarimdan 🥹
Exx mani bu hikoyani ichiga qaytarvosiz 🥹
Qaytib keling unda kutaman 🥳