ORTIMIZDA QOLDIRGAN SOYALAR
1-QISM
NEGA AKSAR HIKOYALAR DOIMO G‘AMGIN VOQEALAR BILAN BOSHLANADI?
Balki eng jozibali va romantik voqealarning muqaddimasi aynan g‘amgin, qayg‘uli sahnalarda yashiringandir.
Keling, bir tasavvur qilib ko‘raylik: hayotdan qiynalgan, kambag‘al bir qiz bo‘ladi. Kunlarning birida u ajoyib tasodif tufayli ko‘rkam va aqlli shahzodani uchratadi. Shahzoda uni sevib qoladi. Qizning hayoti bir zumda o‘zgaradi va hikoya ikkisining baxtli umr kechirishi bilan yakunlanadi...
Men ham shunday hikoyalardan birining qahramoni bo‘lishim mumkinmidi?
Yo‘q. Men oddiy hayot kechiradigan oddiy qizman. Oliy o‘quv yurti talabasi. Hayotimda shahzodalar, mo‘jizaviy uchrashuvlar yoki ertaklardagidek tasodiflar uchun joy yo‘q, deb o‘ylardim.
Sohil yaqinidagi kichik shaharchada tug‘ilganman. Bolaligim dengiz shamoli yuzimni silagan, oyoqlarim ostidagi qum qizib ketguncha yugurgan kunlar bilan o‘tgan. O‘sha paytlarda hayotning naqadar sodda ekanini anglamagan ekanman. Men uchun baxt — ertalab uyg‘onish, otamning kemalari portdan qaytganini ko‘rish, so‘ng sohilda uzoq sayr qilish edi.
Otamning uch-to‘rtta kichik kemasi bor. U dengiz yo‘llari orqali chet davlatlardan turli mahsulotlarni olib kelish bilan shug‘ullanadi. Biz hech qachon boylik ichida yashamaganmiz, lekin moddiy qiyinchilikni ham bilmaganmiz. Milliarder bo‘lmasak-da, o‘ziga to‘q oiladanmiz.
Universitetga o‘z kuchim bilan kirganman. Bu men uchun muhim edi. Otamning puli ko‘p narsani osonlashtirishi mumkin, ammo o‘qishga kirishimni uning yordami bilan bog‘lashlarini istamasdim. Shunga qaramay, New Yorkda bemalol yashashim, ijara va kundalik xarajatlarimni o‘ylab bosim sezmasligim uchun otamning mablag‘i katta ko‘mak bo‘lardi.
Hozir besh xonali kvartirada uch qiz yashaymiz. Uchalamiz ham tengdoshmiz. Bir-birimizga ko‘nikib, kundalik odatlarimizni bilib ulgurganmiz. Qizlardan biri — Liliya Menov. U mening eng yaqin dugonam. Ba’zan o‘zimdan ham ko‘proq meni tushunadigandek tuyuladi.
Ikkinchi qiz — Emily Carter.
Bizni u bilan bir kvartirada yashashdan ham murakkabroq rishtalar bog‘laydi. Chunki men uning yigiti Sebastian Cole’ni sevib qolganman.
Ha, aynan shunday. O‘zim ham bilib turib, boshqaning sevgilisiga ko‘ngil qo‘yganman.
Sebastian bizdan ikki yosh katta, asli New Yorklik yigit. Bodomsimon ko‘zlari, qalin qora qoshlari, biroz do‘rdoq lablari va sutdek oppoq terisi bor. Chehrasi muloyim, nigohi esa odamni o‘ziga tortadigan darajada yoqimli. U bilan ilk bor gaplashgan qizning xayolida yana bir bor uchrashish istagi paydo bo‘lishi ajablanarli emasdi. Sebastian buni yaxshi biladigandek, odamlarga o‘zini erkin tutardi.
Men uni ilk bor ko‘rganimda kuchli shamollash sabab isitmalab yotgandim.
O‘sha kuni kvartirada mendan boshqa hech kim yo‘q edi. Emily qayergadir ketgan, Liliya esa universitetda bo‘lishi kerak edi. Men xona o‘rtasidagi divanda badanlarim titragancha yotardim. Boshim og‘irlashib, ko‘zlarimni ochishning o‘zi ham mashaqqatga aylangandi.
Shu payt eshik ochildi.
Kimdir kirganini eshitdim, ammo boshimni ko‘tarishga holim yo‘q edi. U kalit bilan kirganmidi yoki eshik kodini bilarmidi — o‘sha paytda buning ahamiyati bo‘lmadi. Faqat kimdir yonimga kelib to‘xtaganini sezdim.
Ko‘zlarimni zo‘rg‘a ochganimda, qarshimda baland bo‘yli bir yigit turardi.
— Hoy, qiz, tuzukmisan? Emily qayerda?
Ovozini eshitishim bilan ko‘zlarim yana ochildi. U menga engashgan, peshonamga qo‘lini tekkizgandi.
— Isitmang baland-ku...
Men nimadir deb javob qaytarmoqchi bo‘ldim, lekin tomog‘im qurib, ovozim zo‘rg‘a chiqdi. U esa ortiq savol bermadi. Meni ehtiyotkorlik bilan ko‘tarib, tez yordam bo‘limiga olib bordi.
O‘sha kunning qolgan qismini xuddi tush ko‘rgandek eslayman. Kasalxonadagi yorqin chiroqlar, shifokorlarning ovozi, qo‘limga ulangan tomchi va yonimdan ketmagan o‘sha yigit...
Tana haroratim tushib, ahvolim yaxshilanguncha yonimda qoldi. Keyin uyimga olib kelib qo‘ydi. Men unga rahmat aytishga ham uyalgan, ham holsiz edim. U esa buni katta ish deb hisoblamagandek, odatdagidek tabassum qilgandi.
Shundan keyin Sebastian bilan yaxshi tanish bo‘lib qoldik. U meni Emily’ning dugonasi sifatida qabul qilardi. Men uchun esa hammasi o‘sha kuni o‘zgargandi.
Qalbim egasini topgandi.
Sebastian ismini eshitishim bilan ichimda nimadir uyg‘onardi. Uning kelishini kutardim. Telefonimga xabar kelganida, beixtiyor uning ismini izlar, eshik qo‘ng‘irog‘i chalinganda esa birinchi bo‘lib yuragim umidga to‘lardi. Ba’zan uning oddiygina salomlashuvi ham butun kunimni yaxshi o‘tkazishimga yetardi.
Bu hisning eng yomon tomoni shundaki, Sebastian meni emas, Emily’ni sevardi.
Ularni birga ko‘rish qalbimga tig‘dek botardi. Ularning yonma-yon o‘tirishi, bir-biriga qarab kulishi, oddiygina suhbat orasida ham bir-birini tushunishi — bularning bari men uchun og‘riqli manzaraga aylangandi. Men esa o‘zimni hech narsa bo‘lmagandek tutishga majbur edim.
Aytishingiz mumkin: bu mantiqsizlik-ku! Kim bilib turib, sevgan insoni bor odamni sevib qoladi? Buning ustiga, u xonadosh dugonasining yigiti bo‘lsa?
Men ham o‘zimga shu savolni ko‘p berganman.
Lekin bizni hatto do‘st deb ham bo‘lmasdi. Men uning hayotidagi shunchaki tanish qizlardan biri edim, xolos. U esa mening xayolimdan chiqmaydigan yagona odamga aylanib ulgurgandi.
Sebastian’ni sevib qolganimda, u Emily’ning akasi deb yurardim. Keyin esa tan olish qiyin bo‘lgan haqiqat yuzaga chiqdi. O‘shanda hislarimdan voz kechishim kerak edi. Hech bo‘lmasa, o‘zimni shunga ishontirishim lozim edi.
Ammo inson ba’zan o‘ziga zarar yetkazayotgan narsadan ham voz kecholmas ekan.
Sebastian vaqti-vaqti bilan kvartiramizga kelardi. Ba’zan bizga ovqat tayyorlab berar, ba’zan Emily bilan oshxonada bir-biriga ishva qilgancha nimanidir pishirishardi. Men esa chetroqda turib, ularni jim kuzatardim.
Ularning bir-biriga munosabatida men hech qachon o‘zimga nasib etmaydigan bir yaqinlik bor edi.
Emily’ning o‘rnida men bo‘lishni istardim. Sebastian sochlarimni yuzimdan olib qo‘yishini, qoshiqdagi ovqatni uzatib, «Tuzini ko‘rib ber», deyishini, qo‘limga ehtiyot bo‘lishimni bot-bot takrorlashini xohlardim. U Emily’ga qarab kulganida, men ham beixtiyor jilmayardim. Keyin esa bu tabassumimning sababi o‘zimga ayon bo‘lgach, yuzimdagi ifoda so‘nardi.
Bir kuni ularning oshxonadagi navbatdagi erkalashlarini kuzatib turganimda, yelkamga ikki qo‘l qo‘yildi.
— Ava... Ava, yur, mening xonamga.
Liliya edi.
Uning ortidan xonasiga kirganimda, eshikni yopishi bilan gap boshladi.
— Hoy, Ava Brawn, es-hushingni yig‘ib ol!
Men javob bermadim. U esa qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirib, menga tikildi.
— Bu turishingda ular barini bilib olishadi.
— Sezishmaydi...
— Bilmay qolishadi, deb o‘ylaysanmi? Bir kuni yuzingdan hammasini o‘qib olishadi. Keyin o‘zing uyatli ahvolga tushasan. Iltimos, Ava, bunday qilma. U yigit bunga arzimaydi.
— Nega arzimaydi? — dedim sekin.
Liliya ko‘zlarini qisdi. Mening yana uni himoya qilishga tayyorlanayotganimni tushungandi.
— U sening hislaringni bilib turib, senga iloji boricha yaxshi muomalada bo‘ladi. Bilasanmi, nega?
— Bilmayman.
Yuzimga g‘amginlik yoyilganini o‘zim ham sezdim. Liliya esa bir zum jim qoldi. Balki gaplarini qanday aytishni o‘ylagandir. So‘ng ovozini pasaytirib, lekin har bir so‘ziga urg‘u berib gapirdi:
— U har gal sening ilojsiz, intizor boqishlaringni ko‘rib, o‘zini sherdek his qiladi. Yo‘q, sherdek ham emas... Do‘kondagi eng so‘nggi urfdagi kiyim kabi. Hamma havas bilan qaraydi, lekin uni faqat bir kishi sotib olishi mumkin. U sening bu holingdan g‘ururlanadi. «Men zo‘rman, hamma qizlar izimda», deb o‘ylaydi. Agar ozgina bo‘lsa ham insofi bo‘lganida, o‘zini sendan nari olardi yoki umidlanib qolmasliging kerakligini aytardi. Ab lah u!
— Sebastian yaxshi yigit, — dedim darhol.
Bu gapni Liliyaga emas, ko‘proq o‘zimga aytgandek bo‘ldim. Uning yuzida achinishga o‘xshash ifoda paydo bo‘ldi.
— Men seni undan nafratlanishga majburlamayapman, Ava. Faqat o‘zingni qiynashni bas qilishingni istayman.
Men javob bermadim. Chunki Sebastian’ni oqlash uchun aytadigan gaplarim ko‘p edi, lekin ularning birortasi ham Liliyaning ko‘z o‘ngida vaziyatni o‘zgartirmasligini bilardim.
Kunlar shu zaylda o‘tib borardi. Men o‘zimga tegishli bo‘lmagan insonga egalik qilishni istardim. Qalbimni chorasiz rashk olovi nimtalab tashlardi. Ba’zan Sebastian’ni ko‘rishni istamasdim, ammo u kelmay qolsa, butun kunim buzilardi. Uning yonida bo‘lish azob edi, undan uzoqda qolish esa undan ham battar.
Liliyaning gaplari meni mutlaqo chorasiz ahvolga solib qo‘ygandi. U mendan tanlov qilishimni istardi: do‘stligimizmi yoki javobsiz sevgim?
Bir kuni u yonimga kelib, jiddiy ohangda gap boshladi:
— Ava, men yangi uy topdim. Sen ham o‘qishingga yaqinroq joyga ko‘chib o‘t. Birga yashaymiz. Ijara puliga yordaming tegardi. Sen esa bu azobdan qutularding. Sebastian bilan uchrashmasang, uni asta-sekin unutasan.
Bu gapni eshitishim bilan ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi. Liliya ketmoqchi edi.
Men uni yo‘qotishni istamasdim. U mening dardimni biladigan, aytishga uyalgan gaplarimni ham tushunadigan yagona inson edi. Sebastian haqida unga aytmasam, yana kimga aytardim?
— Nega ketmoqchisan? — dedim.
Savolimda xafagarchilikdan ko‘ra qo‘rquv ko‘proq edi. U ketgach, men kim bilan dardlashardim?
— Emily va Sebastian oshirib yuborishyapti. Men bunga bardosh qilolmayman. Ora-sira kelgani mayli, lekin so‘nggi haftada uch bor shu yerda yotib qoldi. Bu yer Emily’ning xususiy uyi emas. Bizni ham biroz bo‘lsa-da hurmat qilishi kerak.
— Ular yomon ish qilishmagandir... — dedim ularni oqlashga urinib.
Ichimda rashkka o‘ralib kelgan yoqimsiz tuyg‘uni tinchlantirish uchun boshqa sabab izlayotgandim. Balki ular shunchaki kech qolishgandir. Balki Sebastian’ning kiyimi boshqa sabab bilan yechilgandir. Balki Liliya noto‘g‘ri tushungandir.
Liliya esa ko‘zlarini katta ochdi.
— Nima? Bir xonada uxlab, hech narsa qilishmaydimi? O‘zim kecha tunda suv ichgani chiqqanimda Sebastian’ning yarim yalang‘och yurganini ko‘rdim. Bu dahshat! Ustidan ko‘rpa tortib, o‘zimni berkitib uxladim. Men bunday vahimada yashamayman.
— Balki ustiga biror narsa to‘kib yuborgandir. Tunda xonalaridan hech qanday ovoz kelmadi...
— Ovoz kelmadi... Ava, o‘zingni aldashni bas qil!
Uning ovozi keskinlashdi.
— Senga juda rahmim kelyapti. O‘zingni ado qilyapsan. Ovoz kelmaydi, albatta. Biz borligimiz uchun! Bo‘lmaganimizda, uyni nola tutgan bo‘lardi. Sen o‘zing bilasan. Men bugun tunda ko‘chib o‘taman. Sen qachon borsang ham eshigim senga ochiq. Bundan xursand bo‘laman. Sen bilan birga turish menga yoqadi.
Liliya gapini tugatib, meni bag‘riga bosdi.
Men ham uni quchdim. Ikkimizning ko‘zimizga yosh keldi. U mendan ayrilayotganidan o‘ksisa, men esa u ketgach, bu uyda yolg‘iz qolishimni o‘ylardim. Yana bir narsani — Sebastian va Emily tunda nima qilishini tasavvur qilishimni — istamasdim.
Liliya biz uchun yangi uy topgan, hatto ko‘chishimga ham yordam berishga tayyor edi. Men esa hali ham shu yerda qolishni o‘ylardim. Chunki bu yerdan ketmasligimning asl sababi juda oddiy va juda achinarli edi: Sebastian’ni ortiq ko‘rolmay qolishdan qo‘rqardim.
Liliya ko‘chib ketganiga ikki kun bo‘ldi.
Bugun tunda yana Sebastian keldi. Emily dugonalari bilan uchrashgani ketgani sababli hali qaytmagandi.
Ostonada Sebastian’ni ko‘rganimda, yuragimning urishi o‘zgardi. Buni yashirish uchun sochlarimni quloqlarim orqasiga oldim. Xuddi u mening hayajonimni sezmay qoladigandek. Sebastian esa yuzimdagi qizarishni payqadi. Tabassum qilib, burnimdan chertib qo‘ydi.
Bu kichik harakatning o‘zi meni yana o‘sha eski xayollarga qaytardi. U qarshimda turardi. Eng muhimi, uyda ikkimiz yolg‘iz edik. Shu fikrning o‘zi meni shunchalik hayajonga solardiki, bir zum nima deyishni ham bilmay qoldim.
— Qani, Sebastian, ichkariga kir, — dedim nihoyat.
— Emily kech kelishini aytgandi. Sening yoqimli suhbatingdan bahramand bo‘lay, deb ertaroq kelaverdim.
Uning bu gapini eshitib, ichimda quvonch ko‘tarildi. Demak, suhbatim unga yoqardi. Balki u ham men bilan vaqt o‘tkazishni istayotgandir? Bu fikrning qanchalik asossiz ekanini bilsam-da, undan voz kechishni xohlamadim. Qaniydi, uni bir marta bo‘lsa ham bag‘rimga bosa olsam...
— Sen divanda o‘tirib tur. Men qahva damlab kelaman.
— Ha, Ava, menga muzli bo‘lsin. Qaynog‘ini yoqtirmayman, bilasan-ku.
U divanga o‘tirishga chog‘lanar ekan, menga odatdagidek erkin, hatto biroz amirona ohangda murojaat qildi. Men esa uning oddiy iltimosini ham bajonidil qabul qiladigan holatda edim.
Shoshgancha oshxonaga yo‘l oldim. Qahva mashinasini ishga tushirib, stakanni tayyorladim. Qahva tayyor bo‘lguncha sochlarimni tartibga keltirdim. Oshxonada qolib ketgan Emily’ning lab bo‘yog‘ini ko‘rib, bir zum ikkilanib turdim. Keyin uni lablarimga surtdim. O‘zimga qarab, oynadagi aksimni kuzatdim. Aslida hech qanday pardozsiz ham kelishgan chehram borligini bilardim. Shunga qaramay, bugun Sebastian oldida yanada chiroyli ko‘rinishni istardim. Buning uchun o‘zimni ayblashga ham ulgurmadim.
Qo‘limda qahva bilan zalga chiqqanimda, Sebastian divanda o‘tirardi. Plashini yechib, havorang jemperda telefoniga tikilgancha nimanidir ko‘rib turardi. Qahvani stolga qo‘yganimdan so‘ng boshini ko‘tardi. Yuzida beixtiyor tabassum paydo bo‘ldi.
— O‘zi juda go‘zalsan. Bir zumda yanada go‘zalroq bo‘lishni qanday uddalaysan? Hayratdaman.
Uning xushomadi qulog‘imga yoqimli eshitildi. Yuzim qizib ketganini yashirish uchun qo‘llarimni bir-biriga tutashtirdim.
— Xushomad uchun rahmat...
— Ava, kel, yonimda o‘tir.
Sebastian kafti bilan divanning yonidagi joyni yengil urib, meni taklif qildi. Men ham uning yoniga o‘tirdim. U menga bir oz tikilib turdi-da, suhbatni davom ettirdi:
— Sen juda chiroylisan. Yoqtirgan yigiting bormi?
— A... Haligi, mening yigitim yo‘q, — dedim.
Bu javobim bilan o‘zimni qandaydir katta aybdan oqlagandek bo‘ldim. Aslida esa aytmoqchi bo‘lgan gapim butunlay boshqa edi.
Yigitim yo‘q. Chunki men seni yoqtiraman.
— Juda qiziq, — dedi u. — Boshqalarning ko‘zi ko‘rmi? Yo‘q, unday bo‘lishi mumkin emas. Sen rad etyapsanmi? Nega?
Savolining jiddiy ohangi meni dovdiratib qo‘ydi. Unga nima deb javob berishim kerak edi? Boshqa yigitlar bilan uchrashishni istamasligimning sababini ayta olmasdim. Chunki bu sabab qarshimda o‘tirardi. Sebastian barmoqlarini yuzimga olib bordi. Kafti bilan yonoqlarimni tutdi.
— Nega jimsan, Ava? Yigitlar bunday labdan bo‘sa olishni orzu qilishadi axir...
U tobora menga yaqinlashardi. Nigohini ko‘zlarimdan uzmadi. Barmoqlari yuzim bo‘ylab siljidi.
Men qimirlamadim.
O‘sha lahzada xayolimda faqat bitta fikr bor edi: u ham meni yoqtiradimi? Yoki bu uning odatdagi xushomadlaridan birimi?
Lekin javobni kutishga ulgurmadim. Eshik kodining terila boshlagan ovozi eshitildi. Emily qaytgandi. Sebastian darhol o‘rnidan turdi.
Men esa divanda qotib qoldim. Ichimda nimadir sovuq iz qoldirib o‘tgandek bo‘ldi.
U Emily ko‘rib qolmasin, deb o‘zini tortdimi? Men bilan ermak qilmoqchi bo‘ldimi?
Lablarimdagi Emily’ning lab bo‘yog‘ini qo‘lim bilan artib tashladim. Nega uyalayotganimni o‘zim ham tushunmasdim. Dugonam yo‘qligida uning yigiti bilan noz-karashma qilishga uringanimdanmi? Yoki Sebastian meni o‘pmoqchi bo‘lganiga ishonib, bir lahzaga bo‘lsa-da umid qilganimdanmi?
La’nat bo‘lsin menga...
Emily kiriboq Sebastian bilan o‘pishib ko‘rishdi.
— Men yo‘g‘imda zerikib qolmadingmi? Qizlar darrov turishga yo‘l berishmadi... — dedi u Sebastian’ning belidan quchgancha.
— Yo‘q. Ava endi qahva keltirgandi. Suhbat mavzusi ochilishi bilan kelib qolding.
Emily menga qarab jilmaydi.
— Rahmat, Ava. Sebastian’ni zeriktirib qo‘ymaganing uchun.
Men unga qarab, zo‘rg‘a tabassum qildim. Shu birgina gap meni o‘zimni ermak uchun foydalaniladigan tulkidek his qilishga majbur qildi. Ular uchun men shunchaki vaqt o‘tkazishga yaraydigan odam edim. Sebastian esa bir necha daqiqa oldin menga aytgan gaplarini hech narsa bo‘lmagandek unutgandi.
— Arzimaydi. Sizlar bemalol. Men xonamda bo‘laman.
Boshqa ularning yonida turolmasdim.
Xonamga kirib, eshikni yopdim. Soat kechki yetti edi. Divanda o‘tirib, yuzimni yostiqqa bosgancha yig‘ladim. Bir soatcha vaqt o‘tganini ham sezmadim.
Liliya haq edi.
Bu tun ularning ovozi mening xonamgacha yetib kela boshladi. Ular kelishi bilan bir-biriga bo‘lgan yaqinligini yashirishga urinmasdi. Men esa yostiqni qulog‘imga bosib, ularning ovozini eshitmaslikka harakat qildim. Ammo quloqlarimni berkitishim yuragimdagi og‘riqni tinchlantirmasdi.
Men ularning orasida yo‘q edim. Ular uchun bu uyda yashaydigan yana bir qiz, xolos. Liliya ketgach, o‘zlarini tiyishga ham ehtiyoj sezmay qolishgandi. Ko‘ksimdagi og‘riqni biror narsa bilan bosishni istardim. Lekin bunday narsaning yo‘qligini bilardim.
Soat to‘qqizda uydan chiqdim.
Qololmasdim. Rashk yurak-bag‘rimni tinimsiz timtalardi. Qayerga borishni bilmasdim, shunchaki uydan uzoqlashishim kerak edi.
Oxiri kinoga tushishga qaror qildim.
Eng kam tomoshabin keladigan seansga chipta olib, zalga kirdim. To‘g‘ri qilgan ekanman. Bu yerda mendan boshqa hech kim yo‘q edi. Qorong‘i zal, bo‘sh o‘rindiqlar va katta ekranning yorug‘ligi — ayni paytda menga kerak bo‘lgan narsalar shu edi.
Menga og‘ir bo‘lgan damlarda yolg‘iz qolib, ko‘z yosh to‘kishgina meni biroz tinchlantirardi. Boshqalar oldida o‘zimni tutishim kerak edi. Bu yerda esa hech kim mendan yaxshi ko‘rinishni talab qilmasdi. Ekranda qizil rangli inglizcha yozuvlar paydo bo‘lishi bilan yig‘lay boshladim. Film nima haqida ekanini ham anglashga urinmadim. Ko‘z yoshlarimni artib, ekranga tikilib o‘tiraverdim.
Kinoning o‘ninchi daqiqasida zalga yigirmaga yaqin yigit shoshilib kirib keldi.
Ulardan o‘ntasi qurollangan edi.
Bir zumda ko‘z yoshlarim ham to‘xtadi. Hozirgina o‘zimni yolg‘iz va xavfsiz his qilgan joyim birdan begona odamlar bilan to‘lib ketgandi. Ularning yuzlaridagi ifoda, shoshqin harakatlari va qo‘llaridagi qurollar bu oddiy tomoshabinlar emasligini anglatardi.
Ulardan biri mening qarshimga kelib, qolganlarga buyurdi:
— Shu lan’ati chiroqni yoqinglar!
Zal birdan yorishdi.
Ko‘zlarim yorug‘likka ko‘nikguncha bir necha marta pirpiratdim. Qarshimda bo‘yi baland, sportchilarnikidek kelishgan qomatga ega yigit turardi. Uni bezoridan ko‘ra tabiatning benuqson bezagiga qiyoslash osonroq edi. Qoramtir, jilvakor sochlari, sochiga uyg‘un bo‘lgan qora qoshlari, moviy rang ko‘zlari, uzun va ingichka burni, biroz bo‘rtib chiqqan lablari, nozik va ixcham yuz shakli bor edi.
U qo‘lidagi to‘pponchani cho‘ntagiga joylarkan, menga qaradi.
— Hoy, qiz... Bu yerda o‘rta yoshdagi erkakni ko‘rmadingmi?
— Yo‘q... — dedim.
Ovoz chiqarganimni o‘zim ham zo‘rg‘a angladim. Vujudimga qo‘rquv titrog‘i yoyilib, barmoqlarimni qimirlatishga ham botinolmay qoldim.
— Yaxshi... Qizcha, yig‘laganingga qaraganda, kino juda zo‘r shekilli! Kino qachon boshlandi?
— O‘n besh daqiqacha oldin...
U yuzimga sinchiklab qaradi.
— Hech qaysi kinoning o‘n beshinchi daqiqasida yig‘lashmaydi. Sen, qiz, juda shubhalisan! Gordon degan yaramas otang emasmi?
— Yo‘q. Mening otam Port Havenda yashaydi...
— Aha... Shunday bo‘lsa-da, men shu yerda qolaman.
U ortiga, sheriklariga o‘girildi.
— Sizlar u iflosni topib menga keltiring. Ha, tutib olishingiz bilan meni vaqtimni behuda sarflagani uchun qo‘li bilan oyog‘ini sindiring. Ortiq qocholmay qolsin.
— Xo‘p, janob!
Yigirmaga yaqin erkakning ovozi zalni to‘ldirdi. Men endi o‘rnimdan turib, chiqib ketmoqchi edim. Ammo to‘da rahbari bo‘lgan yigit kostyumimdan tortib yubordi. Kutilmagan harakatdan muvozanatimni yo‘qotib, joyimga qayta o‘tirib qoldim.
— Biz birga kino ko‘ramiz, — dedi u kesatib va yonimdagi o‘rindiqni egalladi.
Chiqib ketayotgan sheriklariga qarab, labini qiya qildi:
— Chiroqni o‘chiringlar. U beor bu yerga kelganida bizni juftlik deb o‘ylaydi va men uni kutilmaganda tutaman.
Chiroqlar o‘chdi.
Yonimdagi yigitning borligi o‘zimni yanada noqulay his qilishimga sabab bo‘ldi. Quroli bor edi. Uning kimligini, nimalarga qodirligini bilmasdim. Men esa hech qanday aloqam bo‘lmagan bir voqeaning o‘rtasida qolib ketgandim.
— Kino nima haqida? — deb so‘radi u kostyumini to‘g‘rilab.
— Hali endi boshlandi. E’tibor bermadim...
U menga juda yaqin o‘tirardi. Kursining g‘ijirlashi asabiga tegmasin, deb qimirlamaslikka harakat qildim. Hatto qo‘llarimni ham tizzam ustida qimirlatmay ushlab turardim. Shunda u quchog‘imda turgan popkornni oldi. Men unga qaradim. U esa bemalol tamaddi qilgancha, ekrandan ko‘z uzmasdi. Go‘yo bir necha qurollangan odam bilan kelib, qochoq erkakni qidirayotgani emas, oddiygina film tomosha qilish uchun kelgani kabi.
Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, u kino qahramonlarini haqorat qila boshladi:
— Ahmoq bo‘lmasa, yolg‘iz o‘zi ham kema sayohatiga chiqadimi? Hayotda bunday bo‘lmaydi. Buni qanday odam suratga olgan o‘zi? Shu bemazagarchilikni hali kino deb yurishibdimi? Ifloslar odamlarning cho‘ntagiga hali shu masxarabozlik bilan qo‘l solishyaptimi?
Shundan keyingina film orolda adashib qolgan erkak haqida ekanini tushundim. Ammo qo‘rquv va undan avvalgi alamlarim sabab ekranda nimalar sodir bo‘layotganini anglay olmayotgandim.
— Hoy, qiz, sening kino borasida diding o‘lik ekan... Nega menga unday qaraysan?
Men yigitga qaradim. Aslida, unga qarashdan maqsadim kinoni muhokama qilish emasdi. Shunchaki uning kayfiyati o‘zgarib, menga zarar yetkazmasligini istardim.
— Bundan qattiq afsuslanish shartmas. To‘g‘irlasa bo‘ladi buni, — dedi u.
Uning gapidan didimdagi nuqsonni tuzatish mumkinligini nazarda tutayotganini angladim.
— Aha...
Nigohimni undan olib qochdim. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Boshimni asta ko‘targanimda, chiroqlar yonib turganini ko‘rdim. Men uxlab qolgan ekanman.
Yigit menga tikilib turardi. Kino zalining yo‘lagida esa boyagi yigirma yigit o‘rta yoshli bir erkakni ikki qo‘lidan tutgancha ushlab turishardi. Erkakning yuzi jarohatlangan, kiyimlari ham tartibsiz edi. Vahima yana qaytdi. Qichqirmoqchi bo‘lib og‘zimni ochganimni yigit sezdi shekilli, kaftini og‘zimga qo‘ydi.
— Tish... U uyg‘ondi. Endi ketsak bo‘ladi, — dedi sheriklariga.
So‘ng menga qarab qo‘shib qo‘ydi:
— Hoy, qiz, juda qattiq uxlar ekansan.
Qo‘lini og‘zimdan oldi.
Men darhol uzr so‘ray boshladim. Uning mendan g‘azablanishidan qo‘rqardim. Ayniqsa, o‘limiga rozi bo‘lgandek turgan jarohatlangan erkakni ko‘rib, nima deyishni bilmay qolgandim.
— Meni kechiring... Yelkangizni og‘ritib yubordim.
— Yelkam? — U ajablanib menga qaradi.
Keyin o‘z tizzasiga ishora qildi.
— Hali sizni...
Uning gapidan keyingina vaziyatni angladim. Bo‘yi mendan ancha baland edi. Boshim yelkasiga ham yetmasdi. Demak, uxlab qolganimda uning quchog‘iga suyanib qolganman.
— Hali sizni...
— Juda bemalol joylashib olganding. Popkorn uchun rahmat bahonasida indamadim. Qani, yigitlar, endi ketdik.
U o‘rnidan turdi. Sheriklari ham jarohatlangan erkakni olib, zalni tark etishdi. Ular ketgach, tarang vaziyat yumshagandek tuyuldi. Men chuqur nafas oldim. Ammo miyam endigina ishlay boshlagandi.
Men boyagi jarohatlangan erkak bilan bog‘liq voqeaning guvohi edim. Bu odamlar kimligini bilmasdim. Ularning oldida nima bo‘lganini aytishim ham, aytmasligim ham xavf tug‘dirishi mumkin edi.
Bu yerda qolishning ma’nosi yo‘q. O‘rnimdan turib, kinoteatrdan yugurib chiqdim. Tashqariga chiqqach, atrofga alang-jalang qaradim. Yaqinimga kelib to‘xtagan taksiga shoshilib o‘tirdim.
— Salom. New York markazidagi 125 West 44th Street manziliga, iltimos. Tezroq haydang!
— Yaxshi, xonim.
Mashina harakatlanishi bilan orqa oynadan ko‘z uzmadim. Har bir burilishda, har bir svetoforda ortimizdan kimdir kelayotgan-kelmayotganini tekshirdim. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilganimdan keyingina biroz yengil tortdim.
Bu yigit qurollangan bo‘lishiga qaramay, balki u darajada yomon emasdir... Balki politsiyachidir?
Bu fikrimning o‘zidan kulgim kelay dedi. Yo‘q, u politsiyachi emasdi. Odamlarga buyruq berishi, bir kishini kaltaklashni oddiy ishdek gapirishi va sheriklarining unga bo‘ysunishi buning aksini ko‘rsatardi. U to‘da boshi ekanligi aniq. Lekin otamda ham turli qurollar bor. Demak, qurol taqqan hamma ham xavfli bo‘lavermaydi.
Izohlar
4Ava asabni buzyabdi
Zor bu butunlay boshqa daraja qoil
Vay bu tanish 😭 Exx buni hikoya qilibsizda nihoyat. Judayam ajoyib, ularni yengi ismlar bilan qayta oʻqiman aniq! Hayotimda oʻchmas iz qoldirgan hikoyaku bu 😭😭
Ilgri bu hikoyani öqiganmisiz qizqmi?