Chempionlikdan keyingi kunlar ham o‘sha bir xil, zerikarli va mexanik maromda davom etardi. Ertalab tong saharda turib mashg‘ulotga borish, kechqurun esa uyga qaytib, jimjitlikda yana o‘sha eski daftarga hikoyalar qoralash... Hayotimning asosiy mazmuni ana shu doiradan iborat bo‘lib qolgandi. Biroq bu sovuq dunyoga to‘satdan yangi bir rang — kichik bir qizaloqning beg‘ubor ovozi va tinimsiz savollari kirib keldi. Bu Sureyya edi.
Jalil og‘aning xonadonida uzoq vaqt yolg‘iz yashay olmadim, chunki Sureyya hafta oxirlari otasinikiga mehmon bo‘lib kelar, ba’zan esa onasinikiga borishni istamay bir necha kun biznikida qolardi. Dastlabki kunlarda u mendan hayiqar, hatto qo‘rqardi ham. Sababi, doim qovoq solib yurishim, gapirganda qisqa va sovuq javob qaytarishim, ko‘zlarimda esa tirik odamning emas, xarsangtoshning nigohi borligi uni cho‘chitardi. Uyda birga bo‘lgan vaqtlarimizda u oyoq uchida yurib, menga xalaqit bermaslikka harakat qilardi.
Bir kuni kechki payt stol ustiga daftarimni ochib, navbatdagi fojiali hikoyamni yoza boshlagandim. Yonimga Sureyya sekin kelib o‘tirdi va qo‘lidagi qora qalamni uzatib:
— Azraq aka... nega hech qachon kulmaysiz? Kitoblarda yozilishicha, har bir insonning kulgisi bo‘lishi kerak-ku, — dedi murg‘ak ovozda.
Qo‘limdagi ruchkani to‘xtatdim, lekin unga qaramadim. Lablarimni qisib, past ovozda:
— O‘sha kitoblardagilar boshqa olamda yashashadi. Mening dunyomda kulgi uchun joy qolmagan, Sureyya, — dedim.
Qizaloq javobimdan biroz cho‘chib tushdi-da, jimib qoldi. Lekin u taslim bo‘ladiganlardan emas edi. Ertasi kuni maktabdan keliboq xonamga kirdi-da, stol ustiga bir dasta dala gullarini qo‘ydi.
— Mana bu gullar maktab bog‘idan terdim. Bog‘bon bo‘lganingiz uchun sizga yoqsa kerak, deb o‘ylagandim. Ular so‘lib qolmasligi uchun har kuni suv quyib turish kerak, xuddi insonning ko‘ngliga o‘xshab... — dedi u sekin pichirlab.
Sureyraning o‘sha oddiy va samimiy so‘zlari miyamning qaysidir chuqur burchagida g‘alati aks-sado berdi. Qishda qotib qolgan yer ostidagi urug‘ kabi, qalbimning muzlagan qatlamida ilk bor nimadir qimirlagandek bo‘ldi. Unga qarab bir zum jim qoldim. Qizaloqning ko‘zlaridagi beg‘uborlik, otasining mehriga intilgan murg‘ak nigohi go‘yo mening o‘sha o‘lik dunyoyimga yorug‘lik olib kirmoqchi bo‘layotgan bir tutam nurdek tuyuldi.
Shundan keyin Sureyraning qat’iyati tufayli o‘rtamizdagi muzlar asta-sekin eriy boshladi. Kechqurunlari u dars tayyorlayotganda men unga matematika va rus tilidan yordam berardim. U esa menga o‘zi o‘qigan qiziqarli ertaklarini aytib berar, qo‘lida chizgan rasmlarini ko‘rsatardi. Uni kuzatib turib, ilk bor ichimda nafrat yoki qayg‘u emas, balki shirin bir iliqlik uyg‘ongandek bo‘ldi. Xarsangtosh deb nom olgan Azraqning qattiq qobig‘i ostida hali ham tirik yurak urayotganini o‘sha jajji qizaloq sekin-asta kashf qila boshlagandi.
Lekin bu osoyishta va iliq kunlar ham taqdirning navbatdagi sinovigacha davom etishi kerak edi. Bir kuni kechasi Jalil og‘aning telefoniga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Uning rangi oqarib, o‘rnidan turib ketganini ko‘rib, yuragimga yana o‘sha eski, sovuq xavotir oraladi...
Qo‘lim singan bo‘lsa-da, Jalil og‘aning qarshiliklariga qaramay mashg‘ulotlarda qatnashishni to‘xtatmadim. Maktabni ham oxirlab qolgan edi. Men sport akademiyasiga topshirmoqchi edim, shu sabab ham tinmasdan tayyorlanayotgandek edim. Kechani kecha demay, kunduzni kunduz demay tayyorlandim. Maktabni yaxshi baholar bilan bitirib, akademiyaga hujjatlarimni topshirdim. Ertasi kuni imtihon bo‘lishi kerak edi..
Imtihondan bir kun oldin sport markazida yolg‘iz o‘zim qolib, oxirgi marta qattiq shug‘ullandim. Akademiyaga kirish, hayotimda yangi sahna ochish uchun barcha imkoniyatlarimni ishga solgandim. Mashg‘ulotdan chiqib, shahar ko‘chalari bo‘ylab qorong‘i tushganda ortga qaytdim.
Yo‘lda kelayotib, xiyobon burchagidagi qorong‘i ko‘chada g‘alati shovqin-suronga ko‘zim tushdi. 5-6 tacha shubhali bezorilar yo‘lni to‘sib olib, o‘sha yerda ketayotgan birjuftlik — yigit va qizga tegajog‘lik qilishayotgandi. Ularning qo‘rqib ketgan ovozlari, yig‘isi eshitilib turgandi. Bir zum ikkilanib turdim. Aslida bunday narsalarga aralashmaslik, o‘z yo‘limda davom etishim kerak edi, lekin vicdonim yoki ichimdagi qaysidir o‘t yo‘l qo‘ymadi — etiborsiz o‘tib ketolmadim.
O‘rtaga qo‘shilib, bezorilarga to‘xtashlarini aytganimda, ular to‘satdan menga tashlanishdi va dahanaki janjal darhol shafqatsiz mushtlashuvga aylanib ketdi. O‘sha paytda bir qo‘lim hali to‘liq tuzalmagani, singan joyi o‘zini berib turgani sababli ularga zo‘rg‘a bas kelardim. Bir nechtasini ortga chekinishga majbur qilgan bo‘lsam-da, to‘satdan orqamdan kuchli zarba kelib tushdi.
Shoshib orqaga burilganimda, o‘sha men qutqarmoqchi bo‘lgan juftlikdagi yigitning o‘zi ekanligini ko‘rib qotib qoldim. Afsuski, bu ularning oldindan tuzatgan qopqoni edi — haligi bezorilar va o‘sha yigit hammasi bir-biri bilan til biriktirgan, meni aldab, narsalarimni o‘g‘irlash uchun ataylab shunaqa rol o‘ynagan ekanlar. O‘sha lahzada ikkinchi zarba qattiq qilib yuzimga kelib tushdi va ko‘z oldim qorayib, yerga qulab tushdim.
O‘zimga kelganimda atrof oppoq, burunimga dori va antiseptik hidlari urildi. Shifoxona palatasida yotgan ekanman, tepamda Jalil og‘a xavotirli va tushkun qiyofada o‘tirardilar. Ko‘zimni ochganimni ko‘rib, yuziga biroz jon kirgandek bo‘ldi.
— Jalil og‘a... nima bo‘ldi? — dedim ovozim bo‘g‘ilib chiqib.
Jalil og‘a boshini qimmatli bir og‘irlik bilan egib, qo‘llarimni ushladi:
— Azraq ukajon, sen hozir asabiylashma, hammasi yaxshi bo‘ladi, bu hayotning sinovlari-da barchasi...
— Yo‘q, ayting, o‘zi nima bo‘ldi? Kechagi bezorilar...
— Kechagi mushtlashuvda orqa miyangdan juda qattiq zarba olibsan, ukam. Shifokorlarning aytishicha... tanang shol bo‘lib qolgan. Lekin sen tashvishlanma, yaxshi bo‘lib ketasan, — dedi u ko‘ziga yosh olib.
Menda esa g‘alati holat bor edi — hech qanday isteriya, baqir-chaqir yoki asabiylashish yo‘q edi. Zotan, men hayotning ko‘p zarbalarini ko‘rgan, o‘zimni allaqachon ichdan o‘lik deb bilgan odam edim. Shifokorlar kelib vaziyatni tushuntirishdi: juda murakkab, xavfli operatsiya talab etilishini, biroq shunda ham oyoqqa turib ketishimga kafolat yo‘qligini, tananing pastki qismi butunlay harakatsiz qolganini aytishdi.
Shundoq ham hamma narsadan umidini uzgan odam uchun bu xabar ortiqcha zarba bo‘lmadi. Akademiyaga kirish ham endi orzu bo‘lib qoldi, endi na sport bilan shug‘ullana olaman, na oddiy yurishga qurbim yetadi. Mayli, bu ham peshona ekan, deb ichimga yutdim.
Ikki kun o‘tgach shifoxonadan uyga ruxsat berishdi. Jalil og‘a menga o‘z otamdek, hatto undan ham ortiq mehribonlik qildilar. Har kuni kelib ovqatlantirib qo‘yardilar, ust-boshimni alishtirardilar, yuvintirardilar. Birinchi kun tana harakatsiz yotish juda og‘ir, noqulay edi — go‘yoki oyoq-qo‘llarim butunlay kesib tashlangandek, o‘zimga tegishli emasdek sezilmasdi. Ammo inson taqdirga tez ko‘nikar ekan, bir hafta deganida bu yotishlarga ham, ojizligimga ham ko‘nikib qolgandim. Qalbim yana o‘sha chuqur, sovuq sukutga cho‘mib borayotgandi...
Bir kun Jalil og‘a yonimga masjid imomini olib keldilar. Imom men bilan so‘rashib:
— O‘g‘lim, Jalil ukam hammasini aytib berdi. Dardini bergan shifosini ham beradi. Siz faqat duo qiling, — deb Qur’on o‘qib berdilar.
Imomning ovozi meni tanamga yengillik berardi. Qur’ondagi har bir so‘z tanamga kuchdek kirardi. Hayronman, shu vaqtgacha nima qilgan bo‘lsam o‘zimni bunaqa yengil his qilmagandim. Islomning kuchi shu bo‘lsa kerak-da. Bir necha soat o‘tib imom ketdi. Kech kirdi. Shiftga qarab gapira boshladim:
— Ey Ollohim, nima ayb qilib qo‘ydimki, bunday sinov berding? Olloh suygan bandasiga sinov beradi deyishadi! Agar biror aybim bo‘lsa, o‘zing kechir. Shifoni o‘zingdan so‘rayman. Qo‘llarimni duoga ham ocholmayman. Omin!
Ko‘zim uyquga ketdi. Bir ovoz meni chaqirardi:
— Azraq degan yigitcha senmisan?
Yorug‘ nurdan ovozi kelayotgan insonning yuzi ko‘rinmasdi.
— Ha, menman Azraq. Siz kimsiz?
Ovoz:
— Meni qo‘yatur. Erta tongda Jalil bilan sport markazga borgin, ho‘pmi!
Tushunmadim:
— Amaki, axir men harakat qila olmaymanku!
— U Zot seni duolaringni eshitdi. Men esa ketishim kerak, ertaga yana qaytaman. Shunda savollaringga javob beraman.
Uyg‘onib ketdim. Tong yorishgandi. Jalil og‘a nonushta tayyorlayotgan edilar. Tanamda og‘riq bor edi, lekin harakat qila olardim! Jalil og‘a meni ko‘rib eslari chiqib ketdi. Biroq turib:
— Shunchalik qalbi pok inson ekansanki, Yaratgan duolaringni eshitibdi, Azraq ukam! — deb kulib qo‘yardilar.
Birinchi Jalil og‘a bilan sport markazga bordik. Keyin shifokorga borib ko‘rindim. Shifokor ham hayratda edi:
— Ollohning mo‘jizasi, tibbiyot hayratda. Ammo ko‘p urinmang, kerakli dorilarni ichib, dam olib turishingiz kerak.
Ha, mayli, deb uyga qaytdim. Yozayotgan hikoyamni kech bo‘lguncha davom ettirdim. Kerakli dorilarni ichib, kech kirgach, darhol uxlashga yotdim. Ko‘zim uyquga ketdi. Yana o‘sha nur va ovoz keldi:
— Azraqjon, kuning yaxshi o‘tdimi?
— Amaki, hammasi yaxshi, lekin ayting, nega men bunaqa g‘alati insonman? Hissiyotsiz, na xursand, na xafa. Hamma menga "Xarsangtosh" deb laqab qo‘yib olgan.
Kulimsirab:
— Ey sodda dil bolam. Shunday toshlar borki, insonlar uchun azizdur. Sen xavotir olma. O‘zing to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan yur. Islomni unutma. Duo qil. O‘zing istagan narsani qidir. Vaqti soati yetganda yana kelaman va o‘sha izlagan narsangni sen olasan. Lekin unutma, vaqti kelganda seni tanlashing kerak bo‘ladi. Kelishdikmi?
Jalil og‘a meni nonushtaga uyg‘otdilar. Nonushta qilib bo‘lgach, Jalil og‘aga bugun dam olishimni aytdim. Jalil og‘ani jo‘natib, o‘zim uyda yolg‘iz qoldim. Miyamda imom aytgan Qur’on oyatlari aylanardi. Javondan shu vaqt namozni o‘rgatuvchi kitob oldim. Albatta, namoz o‘qishlik yaxshi va joiz. O‘rganishni boshladim. Boshida tilim biroz kelishmadi, harakatlarda adashardim, lekin bir necha haftada to‘liq 5 mahal o‘qishni o‘rgandim.
Jalil og‘a bilan hech bo‘lmaganda bir kun 3 mahal masjidga chiqardik. Har bir ma’ruzani qoldirmay, diqqat bilan tinglardim, balki o‘zim izlagan narsa shu yerdadir, deb. Bu yerning bosh imomi — menga Qur’on o‘qib bergan Xayrullo Muhammad Ali domilla edilar. Kunlarning birida ma’ruza tugagach, yonlariga chaqirdilar: — Azraqjon bolam. Deyarli har kuni masjiddasan, 5 mahalni ham shu yerda o‘qiyapsan, charchab qolmayapsanmi? — Eh, nega unday deysiz. Xudoning uyiga kelishlik insonga charchoq bermaydi, balki bu unga bo‘lgan muhabbatimiz va itoatimizni bildiradi. Agar bular charchatsa, men oyog‘imda kuch qolmasa ham, hatto yura olmasam ham iloj qilib kelaman.
Xayrullo Ali javobimni eshitib kulib qo‘ydilar. Menga vaqtim bo‘lganda yonlariga kelib turishimni aytdilar. Har tong sport markazda peshinga qadar shug‘ullanardim, so‘ng masjidga Xayrullo Alining yonlariga borishni boshladim. Ular meni o‘zlariga shogird qilib oldilar. Ba’zi ma’ruzalarda meni so‘zlatardilar. Qur’on yod olishni boshladim. Tinmasdan harakat qilib 9 oy vaqt ketkazib tugatdim va to‘liq bo‘lmasa-da, yod oldim. Xayrullo Ali bu natijadan hayratda edilar. Bunga sovg‘a sifatida masjid yonidagi shaxsiy nonvoyxonalariga boshqaruvchi qilib tayinladilar.
Hammasi joyida ketyapti. Oddiy hayot va tashvishlar. Onamni va akamni izlashga bo‘lgan harakatlarim befoyda ketayotgandi. Bir necha oy ichida sport markazi nomidan chempionatlarga qatnashib, faxrli o‘rinlarni olib keldim. Jalil og‘a meni yordamchi murabbiy qilib tayinladilar. Yozayotgan hikoyamni nashriyotga taqdim etgandim, ular buni qabul qilishdi. Hikoyam kitob sifatida nashr qilindi: "Vaqt oddiydur qimmat soatda" deb nom berildi. Ko‘pgina kitobxonlarga manzur keldi. Ko‘pgina suhbatlarga chaqirishdi, lekin xohlamadim. Bu muvaffaqiyatdan Jalil og‘a xursand edilar. Nonvoyxonadagi ish ham qizg‘in edi, ba’zida o‘zim ham ishchilarga qarashib turardim.
Yoshim 21 ga kirdi. Haligacha onam va akalarimni izlayapman. Sevgi-muhabbatga xohish yo‘q. Jalil og‘a va Xayrullo Ali ko‘p bor og‘iz soldilar, men xohlamasdim. Yig‘ib tergan pulimga ko‘p qavatli binodan uy sotib oldim. Buni nishonlangani Jalil og‘a, Xayrullo Ali va bir nechta tanishlar kelishdi. Bularning ichida Jalil og‘aning qizi Sureyya ham bor edi.
Kecha yaxshi o‘tdi. Hamma ketdi. Xayrullo Ali va Jalil og‘a men bilan Sureyyani o‘rtaga olishdi. Jalil og‘a: — Azraq, endi bunday yurish bo‘lmaydi. Oila qurishing kerak. Sureyyani senda ko‘ngli bor. Agar qarshi bo‘lmasang, boshingizni qovushtirib qo‘ysak!
Sureyyani menda ko‘ngli borligini bilsamda, unchalik e’tibor qaratmasdim. Nimayam deyman, Jalil og‘a menga otamdek bo‘lib qolganlar, yo‘q deyolmayman. Shu bilan to‘y ham tezlashib ketdi. Xayrullo Ali to‘yni kichik qilib o‘tkazishni maslahat berdilar. Ularning so‘ziga ko‘nib, kichikroq qilib to‘yni o‘tkazdik.
To‘yning birinchi kechasi boshim aylanib, xushimni yo‘qotdim. Ko‘zimni ochsam shifoxonada edim. Jalil og‘a va Sureyya tepamda edilar. Ularning ko‘zlari juda g‘amga botgan, lekin soxta tabassum qilishardi. Jalil og‘a: — Ha, to‘yni deb biroz charchabsan, hech qisi yo‘q, — deb kulib qo‘ydilar. Lekin so‘zlar aldayotgandek edi. Uyga qaytdik. Birinchi kecha yaxshi o‘tmadi, najoil. Lekin ko‘nglim notinch edi. Peshinga yaqin ishni bahona qilib uydan chiqib, shifoxonaga bordim. Shifokor meni qo‘limga mening tashxis natijalarimni berdi. O‘qib chiqsam, "Azraqxon Nosir. Miya o‘simtasi, o‘rta bosqich" degan yozuv bor edi.
O‘zi sezgandim, mashg‘ulot vaqtida tez-tez boshim qattiq og‘rirdi, ko‘zim xiralashardi. Bularni ko‘p harakatdan deb o‘ylardim. Ana endi tamom. Shunchasi yetmagandek, yaqinda o‘lib ham ketaman. Shifokor dorilar yozib berdi. Bu dorilar meni bu hayotda zo‘rg‘a ushlab turardi.
Shifoxonadan chiqib, uyni Sureyyaning nomiga o‘tkazib qo‘ydim va bankda uning nomiga hisob raqam ochtirib, yig‘ib qo‘ygan barcha pullarimni hisob raqamga qo‘ydim. Uyga qaytdim. Sureyya tushlik tayyorlab qo‘ygandi. Mehmoniga Jalil og‘a kelgan ekan. Shifoxonaga borganimni, hammasidan xabarim borligini va Sureyyaning nomiga hisob raqam ochganimni, uyni uning nomiga o‘tkazganimni aytdim. Jalil og‘a meni ruhlantirish uchun yaxshi gaplardan gapirardilar. Lekin barchasi foydasiz. Men 7 yil oldin o‘lib bo‘lganman...
Sureyyaning ko‘zlari har safar menga tikilganda, undagi cheksiz qo‘rquv va dardni ko‘rib yuragim achishardi. Men uning ko‘zyoshlariga chidolmasdim. Bir kuni uni yupatmoqchi bo‘lib:
— Agar menga nimadir bo‘lsa, boshqa oila qurgin. Beva bo‘lib o‘tma, — deb qattiq uqtirdim.
Sureyya esa yuzini o‘girib, ovozi titragancha:
— Azraq, nega unday deysiz? Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, mana ko‘rasiz... — dedi-yu, biroq uning achchiq yoshga botgan ko‘zlari bu gap yolg‘on ekanini, ich-ichidanado bo‘layotganini fosh qilib turardi. Mening bu ahvolim uni sekin-asta ado qilayotgandi, lekin taqdirning shafqatsiz charxpalagiga qarshi tura olmasdik. Endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasdi.
Kunlar o‘tgani sari boshimdagi chidab bo‘lmas og‘riqlar tobora kuchaydi. Go‘yo boshimga minglab bolg‘a bilan urayotgandek edilar. Ko‘z oldim birdan qorong‘ulashib, dunyo charxpalakdek aylanib ketar, burnimdan tinimsiz oqigan qon taqdirning muqarrar hukmidan darak berardi. Shifokor kasallik so‘nggi bosqichga kirganini, har bir soniya g‘animat ekanini aytdi. Sureyya esa qayg‘udan butkul ado bo‘lib, so‘lg‘in guldek sinib borardi. Men esa... men allaqachon his-tuyg‘ulardan mahrum bo‘lganim uchunmi, bu dahshat oldida ham lal-u lol edim.
Kunlardan bir kun ishdan qaytsam, Sureyyaning yuzida oylar deganda ilk bor chinakam tabassum jilvalanib turardi. U yugurib kelib quchoqlab oldi-da:
— Azraqim, suyunchi bering! Siz ota bo‘lasiz! — dedi.
Uning bu quvonchi oldida o‘zimdagi sovuqlikni yengib, hech bo‘lmasa Sureyya uchun majburiy bir tabassum bilan javob qildim. Oradan ko‘p o‘tmay, Jalil og‘a bu xabarni eshitib quvonganidan ko‘zlariga yosh oldilar va yelkamga qo‘l qo‘yib:
— Azraq, o‘g‘lim, endi sen ham menga suyunchi ber, mening ham xushxabarim bor! Seni oyoqqa turg‘azadigan, bu darddan qutqaradigan maxsus shifokor topdim! — dedilar.
Bu so‘zlardan Sureyyaning boshi osmonga yetdi, uning yuzidagi umrvor nur qaytadan yonilgandek bo‘ldi. Menda esa... na bir quvonch, na bir tashvish bor edi; xuddi ko‘ksimda yurak emas, sovuq tosh urib turgandek edi. Operatsiya uchun juda katta mablag‘ kerak ekan. Jalil og‘a bor topgan-tutganini, hatto mashinasini ham sotib pulni keltirdilar. Ishxonadagi yigitlar, qadrdonlar — Xayrullo bilan Ali ham chetda turishmadi, o‘z ulushlarini qo‘shishdi. Istamasam ham, qalbimda bir og‘ir minnatdorchilik yuki bilan ularning yordamini qabul qildim. Lekin baribir bu pullar yetmasdi. Ilojsiz qoldik — boshpana bo‘lgan yolg‘iz uyni sotdik va yana Jalil og‘aning uyiga ko‘chib o‘tdik. Shu yoshimda boshqalarga yuk bo‘lishdan o‘zgaga yaramaganim yana o‘zimga malol keldi.
Shifokor ko‘rigidan so‘ng operatsiya ikki kundan keyin bo‘lishi aniqlandi. Shu kunlarda Jalil og‘a, men va Sureyya har kecha bir stol atrofida so‘nggi bor jam bo‘lgandek suhbatlashardik. Operatsiyaga bir kun qolganida, ko‘ksimni kemirgan qandaydir kuchli tuyg‘u meni otamning qabrini ziyorat qilishga boshladi. Ancha vaqt bo‘lgandi bormaganimga.
Qabristonga kirib borganimda, otamning qabri yonida yangi qazilgan yana bir qabr va uning ustida boshini quyi solib yig‘layotgan bir erkak kishini ko‘rdim. Yaqinlashib qaradim-u, qonim muzlab qoldi — bu mening katta akam Durajon edi! Avvaliga meni tanimadi, keyin esa sinchiklab qaragach, tanib qoldi-da, o‘zni to‘xtata olmay bag‘rimga o‘zini urib, boladek hiqillab yig‘lab yubordi:
— Azraq, ukajon, o‘zingmisan? Qayerlarda yurib eding, ukajon?! Meni kechir, onamizga yaxshi qarolmadim, ahmoqlik qildim... Onamizni berib qo‘ydik, ukajon!
O‘sha lahzada tanamdagi bor quvvat uzilib ketgandek bo‘ldi. Akamning so‘zlari qulog‘imga bolg‘adek urildi: "Azraq, endi o‘lsang ham bo‘laveradi. Otang o‘ldi, onang o‘ldi, ertaga operatsiyang! Xudo biladi, tirik chiqasanmi yo‘qmi..." Me’dasi yo‘q taqdir yana bir bor ustimdan kulgandi. Ma’lum bo‘lishicha, kichik akam Berdag‘ g‘isht zavodida qarzini uzaman deb ishlayotgan vaqtda og‘ir mashina uni bosib qolib halok bo‘lgan. Onam bu og‘ir judolikka, farzand dog‘iga chiday olmay, yuragi yorilib jon bergan ekanlar. Bir kunda ikki yaqiningning o‘lim xabarini eshitish... Bu insonni tiriklayin go‘rga tiqishdan o‘zga narsa emas ekan. Akam mayli, menga bir zum ham mehr bermagan, boshiga tushganni ko‘rgan. Lekin onam...
Bu dardni, bu o‘lmas og‘riqni yuragimda his qilmay qo‘yganimga ancha bo‘lgandi, hozir ham ichim bo‘sh edi. Mayli, joylari jannatdan bo‘lsin. Durajon akam oila qurgan ekanlar, endi bu og‘ir yurtni tashlab, boshqa davlatga ketishga hoy-havas qilib turgandi. Unga o‘zimning ahvolim, ertangi og‘ir operatsiyam haqida og‘iz ochib ham o‘tirmadim. Nima keragi bor edi? 3 yil oldin meni o‘z holimga tashlab ketgan, bir bor yo‘g‘imni so‘ramagan insonlarga endi doston aytishdan ne foyda? Akam oilasi bilan uzoq shaharga ko‘chib ketdi. Meni akam yo‘q edi, bo‘lmagan ham. Tamom.
Operatsiyadan oldingi kecha barcha analizlarni topshirib, palatada yolg‘iz qoldim. Ertalab tong yorishib ko‘zimni ochganimda, Sureyya boshimda o‘tirgan ekan; u shunchalik charchagandiki, qo‘limdan mahkam tutganicha o‘sha yerda uxlab qolgandi. Shu payt shifokor va Jalil og‘a kirib kelishdi, Sureyya uyg‘onib ketdi. Menga bir nechta achchiq dorilarni ichirishdi.
Operatsiya xonasiga olib ketishayotganda, Sureyya qo‘limga bitta xat tutqazdi va yig‘lamsirab tayinladi:
— Faqat vaqti kelganda ochasiz, xo‘pmi?
Xatni cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Operatsiya xonasining sovuq devorlari orasida yuzimga niqob tutishdi, o‘tkir hidli narkoz tarqaldi va borliq qorong‘ulikka g‘arq bo‘ldi...
Ko‘zimni ochganimda o‘zimni Jalil og‘aning uyida ko‘rdim. Hovlidan g‘arib, yurakni ezuvchi yig‘i-sig‘i ovozlari eshitilardi. Sarosimada tashqariga chiqdim. Hovlida oq matoga o‘ralgan ikkita jonsiz mayit yotardi. Ularning atrofida odamlar g‘ujg‘on o‘ynashgandi. Odamlar orasida esa... Jalil og‘aning sochlari shunchalik oqarib ketganki, hatto quyosh nurlarini ham yutib yuborgandek oppoq bo‘lib qolgandi.
Yuragim yomon narsani sezib, olomonni yorib Jalil og‘aning yoniga bordim:
— Jalil og‘a, nima bo‘ldi? Bular kimlarning mayitlari?!
U yuzimga qarashga ham qo‘rqib, menga ko‘z tashlamasdan chetga o‘tib ketdi. Ichimni tiriklayin kemirayotgan qo‘rquv bilan o‘sha mayitlarga yaqinlashdim. Ochishga qo‘llarim titradi, shijoatim yetmadi. To‘satdan kuchli shamol turib, ikkala mayitning ham yuzini to‘sib turgan matoni uchirib yubordi.
Birinchi mayit... bu Sureyya edi! Yuzlari tanib bo‘lmas darajada kuyib, qorayib ketgandi. Ikkinchi mayit esa juda murg‘ak, kenja go‘dak edi — uni taniy olmadim. Telbaday Sureyyaning jonsiz tanasiga o‘zimni urdim. Shu onda u go‘yo jonlangandek ko‘zini ochdi va muzdek qo‘li bilan bo‘ynimdan mahkam bo‘g‘ib pichirladi:
— Sizga hadya qilingan hayot kimlardan o‘g‘irlangandi, Azizim?..
Dahshatdan baqirib yuborib, qo‘lini siltab tashladim. Qattiq yumgan ko‘zimni ochib qarasam — hamma narsa g‘oyib bo‘lgan edi! Atrof cheksiz qora bo‘shliq, uzoqlardan esa xira bir nur ko‘rinardi. O‘sha uzoqlardan yana o‘sha tanish, sovuq ovoz yangradi:
— Azraq, vaqti kelyapti. Tanla!
— Azraq, o‘ziga kelyapti! — degan qichqiriq bilan tepamda kimdir yugurib qoldi.
Ko‘zimni ochdim. Shifoxonadaman. Tepamda Sureyya bilan Jalil og‘a xavotir bilan tikilib turishardi. Tanamda darmonsizlik bor edi. Sureyyaning qizargan ko‘zlariga qarab, xayriyat, hammasi shunchaki dahshatli tush ekanidan yengil nafas oldim.
— Jalil og‘a, bu qizingizning ko‘z yoshi hech qachon tugamaydimi, a? — deb zo‘rg‘a jilmaydim. — Ayting, yig‘lamasin, bolamiz ham unga o‘xshab yig‘loqi bo‘lib qolmasin tag‘in...
Sureyya ko‘zida yosh bilan yengil jilmayib qo‘ydi.
Shifokorlar yana ikki kun nazoratda bo‘lishim kerakligini aytishdi. Bu ikki kun ko‘z yumib ochguncha o‘tdi. Sureyya bir soniya ham yonimdan jilmadi, kechayu kunduz boshimda parvona bo‘ldi. Balki haqiqiy muhabbat mana shudir? Bu jinni qiz meni shu holda ham sevdi, hatto o‘zim o‘zimni yoqtirmagan bir paytda u menga mehr berdi. Qayerdadir o‘qiganim rost ekan:
— "Baxt kim bilan?" — deb so‘radilar. "Sen sevgan bilanmi yoki seni sevgan bilanmi?"
— "Baxt — qadringa yetgan bilan".
Nihoyat, uyga javob berishdi. Endi yashash kerak, oilani boqish kerak edi. Lekin miyamda haligi tush tinch qo‘ymasdi: bu shunchaki narkoz ta’siridagi gallyutsinatsiyami yoki kelajakdan berilgan ogohlantirishmi? Bilmasdim.
Sureyyaning oy-kuni yaqinlashib qolgandi. Bir kuni qishning qoq o‘rtasida, tun yarmidan og‘ganda — soat ikki yoki uchlar atrofida Sureyya meni uyg‘otdi. Qulupnay yegisi kelgan emush. Qishning ayozida uni qayerdan topaman? Lekin "Mayli", deb ko‘chaga otlandim. Shaharni ikki soatcha aylanib, zo‘rg‘a topib qaytayotganimda telefonim jiringladi. Jalil og‘aning ovozi eshitildi:
— Azraq, tezroq kel, Sureyyaning ko‘zi yoryapti, shifoxonaga ketyapmiz!
Oyoqlarimga qo‘shimcha kuch kirgandek yugurib ketdim. Yetib borganimda Sureyya allaqachon ko‘zi yorib bo‘lgandi. Jalil og‘a kutish yo‘lagida yugurib kelib bag‘riga bosdi:
— Eee Azraq, suyunchi ber! O‘g‘ilchali bo‘lding!
Ularni quchoqlab turganimda, to‘satdan ro‘paramda — o‘sha tanish nurli inson paydo bo‘ldi. U menga qarab jilmaydi-da:
— Yaqin qoldi. Tanla! — dedi-yu, ko‘z oldimda g‘oyib bo‘ldi.
Jalil og‘a meni Sureyyaning oldiga olib kirdi. Sureyyaning bag‘rida murg‘ak go‘dak yig‘lab yotardi. Jalil og‘a ehtiyotkorlik bilan uni olib menga uzatdi. Chaqaloq qo‘limga tushishi bilan yig‘lashdan to‘xtadi. Undan kelayotgan o‘sha jajji ifor... va to‘satdan yuragimning tub-tubida yetti yildan beri muzlab yotgan nimadir "qars" etib yorilib ketdi. Ko‘zimdan o‘z-o‘zidan yosh sizib chiqdi. Men ilk bor nimadir his qilayotgan edim — haqiqiy baxtni, hayotning ninasiday o‘tkir quvonchini!
Bor ovozim bilan hovliga sig‘inmagan bir nido bo‘lib baqirdim:
— Jalil og‘a, Sureyya! Men his qilyapman! Hammasini: baxtni ham, quvonchni ham, qayg‘uni ham his qilyapman! Eshitayapsizlarmi, men tirikman!
Sureyya quvonchdan yig‘lab yubordi. Chaqaloqni joyiga yotqizib, Sureyyaning yoniga keldim va uni mahkam quchoqladim. Ha, bu o‘sha — insonni yondiradigan haqiqiy muhabbat edi.
Tong yorishgach, biroz toza havo olgani shifoxona hovlisiga chiqdim. Darvoza yonida yana o‘sha nurli inson turgandi.
— Kelibsiz... Demak, vaqti soati yetdi, — dedim og‘ir xo‘rsinib.
U boshini chayqab, mayin jilmaydi:
— Yo‘q, Azraq bolam. Seni tabriklagani keldim. Farzand muborak bo‘lsin.
— Rahmat... Lekin bilasizmi, men hozir hammasini his qilyapman. Baxtliman, yig‘layapman, kulyapman...
U dastlab jilmaydi, lekin so‘ngra uning chehrasidagi tabassum so‘nib, ovozi muzdek va keskinlashdi:
— Ammo unutma, Azraq. Bu dunyoda hech narsa badalsiz berilmaydi. Senga qaytarilgan bu hayot, bugun qalbingni to‘ldirib turgan bu tuyg‘ular – shunchaki tekin hadya emas. Tushingda ko‘rganlaring oddiy tush emas, kelajakning pichirlashidir. Yaqin kunlarda sening oldingda eng qiyin va eng mudhish tanlov turadi. Vaqt yaqinlashyapti... O‘shanda chinakamiga tanlashingga to‘g‘ri keladi.
U shu so‘zlarni aytib, havodagi tutundek g‘oyib bo‘ldi. Men hovlida muzlagan haykaldek qotib qoldim. Boyagina butun vujudimni chulg‘ab olgan cheksiz baxt bir zumda o‘rnini vahimali, sovuq qo‘rquvga bo‘shatib berdi. Nahotki baxtimning umri shunchalik qisqa bo‘lsa? Vahima ichida yugurib ichkariga kirdim — Sureyya o‘g‘limizni bag‘riga bosgancha xotirjam uxlab yotardi. Quloqlarim ostida esa haligi so‘zlar tinmay jaranglardi: "Oz qoldi. Tanla."
Shu lahzada shifoxonaning simlaridan chiqquvchi chaqnash va qisqa tutashuv butun binoni larzaga keltirdi. Bir soniya ichida hamma yoqni qora tutun va quturgan alanga qamrab oldi. Nima bo‘layotganini anglashga ulgurmasimdan, xonadan Sureyyaning dahshatli, jon achchig‘idagi faryodi eshitildi.
Eshikni zarb bilan tepib ochganimda, ko‘z oldimda haqiqiy do‘zax manzarasi namoyon bo‘ldi. Alanga och bo‘ridek o‘g‘lim yotgan beshikka va Sureyyaning kiyimlariga yopishgandi. Olov shunchalik shiddatli ediki, xonadagi butun kislorod bir lahzada yonib bitdi, nafas olib bo‘lmasdi. Miya va yuragimda o‘sha nurli insonning so‘zlari oxirgi marta momaqaldiroqdek portladi: “Vaqti keldi, Tanla!”
— Meni ol! Ularni emas, meni yondir! — deb bor ovozim bilan bo‘g‘zim yirtilib ketquvchi faryod qildim.
O‘zimni go‘yo erigan cho‘g‘ daryosiga otgandek olov qa’riga tashladim. Kiyimlarim, sochlarim bir soniyada lovillab yonib ketdi. Terimning pufakchalari shishib, tarsillab yorilayotganini, go‘shtim suyaklarimdan ajralib, eriyotgan mumdek oqayotganini har bir asab tolasi, har bir huayayri bilan, aql bovar qilmas daxshat ichida his qildim. Ko‘zlarim kosasidan chiqqudek bo‘lsa-da, bor kuchimni to‘plab, tirnoqlarim bilan go‘dakni va alanga ichida qovurilayotgan Sureyyani sudrab, eshik tashqarisiga — Jalil og‘aning oyog‘i ostiga irg‘itdim. Ularni qutqargandim... lekin endi navbat o‘zimga kelgandi.
Shu lahzada binoning kislorod ballonlari portlab, shiftni tutib turgan og‘ir beton to‘sinlar qarsillab ustimga quladi va chiqish yo‘lini butunlay to‘sib qo‘ydi. Tanamdan quruq shox-shabbadek qarsillagan ovoz chiqdi — umurtqam va qovurg‘alarim chil-chil sindi. Men beton ostida qisilib qoldim. Alanga esa to‘xtamasdi; u to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘pkamga yopishdi. Har safar nafas olishga uringanimda, ichimga havo emas, o‘n ming graduslik olovli yutug‘ kirdi va ichki a’zolarimni tiriklayin kuydirib, ko‘mirga aylantira boshladi.
So‘nggi kuchim bilan qo‘limni cho‘ntagimga tiqib, Sureyyaning xatini oldim. Uni o‘qishga ko‘zimning kuchi yetmasdi, xat ham olovda asta-sekin yonib borardi. Shu payt quloq ostimda Sureyyaning mayin, yig‘lamsiragan ovozi xatni o‘qiyotgandek yangradi: "Sevgilim Azraq, bu xatni o‘qiyapsizmi, demak vaqti kelibdi. Men sizni meni sevmasangiz ham sevdim. Sizni o‘zgartirishga, siz uchun hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilgan holda harakat qildim. Siz doim beparvo edingiz... Lekin men faxr bilan ayta olaman, sizni sevganimdan afsuslanmayman. Koshki edi..."
Xat shu lahzada butkul kulga aylandi. Ko‘zlarimning shox pardasi erib, borliq butkul qorong‘ulashishidan oldin tashqaridagi onalarfaryodini va o‘g‘limning tirik qolgan ovozini eshitdim. Tepamda yana o‘sha nurli inson paydo bo‘ldi:
— To‘g‘ri tanlov, Azraq.
Uning qiyofasidagi oxirgi nur ham so‘nib, o‘rnini qalin zulmat egalladi. So‘nggi bor so‘radim:
— Kimsiz o‘zi?
Sovuq va hukmron ovoz jarangladi:
— O‘lim, Azraq. Men sen uchun keldim. Qo‘lingni ber.
Sureyya, farzandim va Jalil og‘a — hammasi tirik, sog‘-omon edilar. Shuni ko‘rib ko‘nglim to‘q bo‘ldi-da, hech ikkilanmasdan qo‘limni cho‘zdim. Shu lahzada ruhim og‘ir tanamdan uzilib, yuqoriga ko‘tarila boshladi. Azraq yetti yil deganda hayotni, baxtni va sevgini his qildi... va his qilgan o‘sha pokiza tuyg‘ulari evaziga tarixdagi eng ayanchli, eng qiynoqli va eng mudhish o‘lim bilan kulga aylandi.
Ismim — Azraq Nosir. Yoshim 21 da. Otasidan erta ayrilgan, onasini topolmay oxiri qabristondan topgan hissiyasiz yigitcha. Sevmasdan oila qurgan, endi bari yaxshilandi degan paytda taqdirning o‘yini bilan yashashdan to‘xtagan bir omadsiz. Hatto o‘g‘limga o‘z qo‘lim bilan birorta ism ham qo‘ya olmadim, Sureyyaning muhabbatiga to‘yib yashay olmadim. Yoshim 21 da bo‘lsa-da, 14 yoshimdan keyin aslida bir kun ham yashaganim yo‘q. Hammasi boshqacha yakun topishini xohlagan edim: yaxshi ham emas, yomon ham emas, shunchaki boshqacha... Koshki edi...
Nolima hayotdan, qiynaldim dema,
O‘yinchoq qiladi gohida taqdir.
Kelajakning ha deb g‘amini yema,
Kim bo‘lsang ham baribir, o‘lim haqdir.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0