O’lim bilan bitim
Muallif:Azizbek Itolmasov
Erta tong... Bahorning mayin shabadasi deraza pardalarini asta tebratib, xonaga o‘zgacha sokinlik olib kirgandi. Quyosh nurlari xonamizning eski gilamiga tushib, yorqin iz qoldirgan edi. Bugun meni hech nima xafa qila olmaydi, ko‘nglimda qandaydir g‘aroyib yengillik va quvonch bor edi. Xohlagancha sho’xlik qilaman, istaganimcha o’ynayman, chunki bugun men uchun olamdagi eng baxtli kun. Nega deysizmi? Sizga ham qiziqmi?
Ismim Azraqxon Nosir, qisqa qilib Azraq deb chaqirsangiz bo’laveradi. Bugun tug’ilgan kunim. Qoq o‘n to’rt yoshga to’laman! Haa, endi murg‘ak bolalikdan chiqib, katta bola bo’lib qoldim. Ayniqsa, o‘n to‘rt yosh – inson o‘zini ulg‘aygandek his qiladigan, hayotga o‘zgacha ko‘z bilan qaray boshlaydigan ajoyib bir davr ekanligini o‘sha kuni o‘zgacha tuyg‘u bilan anglagandim.
Oilamiz haqida aytadigan bo’lsam, tan olish kerak, bizning xonadon biroz g‘ayrioddiy edi. Otam — Mehmed Ali, shahardagi katta va gavjum korxonalardan birida tungi qorovul bo’lib ishlar edilar. U kishi juda og‘ir-bosiq, mehribon va oilasi deb yonib yashaydigan inson edilar. Onam Sofiya Bekjan esa uy bekasi, bizning qora qozonimizni qaynattirib, uyimizga fayz kiritib turadigan, mehri daryo ayol edilar. Bizning xonadonda yana ikkita aka bor edi-ki, ularning ishlari faqat ko‘cha changatish, tayinsiz yurishdan iborat edi. Katta akam Durajonning yoshi o‘ttizdan o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz uylanmagan, o‘z dunyosida yashaydigan injiqroq kishi edi. Kichik akam Berdag‘ esa deyarli uyda ko‘rinmasdi, doim do‘stlari bilan ko‘chada sargardon yurardi. Shunday bo‘lsa-da, oilamiz o‘ziga xos tarzda yashar, har holda har qanday qiyinchilikda bir-birimizga suyanardik.
Oila o‘rtasidagi eng go‘zal an’analardan biri bu — otamning kechki payt uyga qaytishlari edi. Otam qaysi mavsum bo‘lishidan qat’i nazar, har kuni kechki soat to‘qqizda uyga bir dasta yangi gul bilan kirib kelardilar. Ostonadan hatlab o‘tiboq: — Uyimning bekasi Sofiyam, Mehmeding keldi! — deb qattiq kulib yuborardilar.
Bu oddiy holat necha yillardan buyon har kuni takrorlansa-da, onamning yuzidagi tabassumni va har safar quvonchdan ko‘zlariga yosh kelishini ko‘rib, oilamizning qanchalik baxtli ekaniga havas qilardim. Bugun ham o‘sha an’ana takrorlanishini, hatto 14 yoshim sharafiga otam menga kutilmagan biror sovg‘a olib kelishini o‘ylab, kech kirishini intizorlik bilan kutdim.
Kechqurun qarindoshlar, qo‘shnilar kelib-ketishdi. Tabriklar, tilaklar yog‘ildi. Soat mil mili kechki to‘qqizdan o‘tdi. Odatda shu vaqtda eshik ochilib, otamning tanish ovozi eshitilishi kerak edi. Ammo uy jimjit... Negadir otamdan darak yo‘q edi. Onamning yuzidagi tabassum asta-sekin xavotirga o‘zgara boshladi. Soat o‘n birga yaqinlashganda telefon jiringladi. Shosha-pisha destakni oldim. U yoqda otamning vaximali, bo‘g‘iq va qo‘rquv aralash ovozi eshitildi: — Azraq... bolam... Korxonaga o‘t ketdi. Men... men shu yerdaman... — deb go‘shakni qo‘yib qo‘ydilar.
Bu so‘zlar quloqlarim ostida momaqaldiroqdek jarangladi. Onam esa xavotirdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek qon bosimlari birdan ko‘tarilib ketdi. Uni divanga yotqizib, dori ichirib, zo‘rg‘a o‘ziga keltirdim. Ertalabgacha ikkimizning ham ko‘zimizga uyqu kelmadi, yuragimiz hovuchda tongni kutdik.
Ertalab tonggi soat yettida shifoxonadan qo‘ng‘iroq qilishdi. Otamni o‘sha yerga olib borishganini aytishdi. Yuragim muzlab, onam bilan zudlik bilan shifoxonaga yetib bordik. Akalarim kecha tongda chiqib ketishgandi, ulardan hamon darak yo‘q edi. Shifoxona koridorida otamning yaqin do‘sti, shifokor Karim aka tashvishli qiyofada nari-beri yurardi. Bizni ko‘rib, qadami sekinlashdi va yuziga og‘ir qayg‘u muhrlandi.
Karim akaning aytishicha, kechasi korxonada yong‘in chiqqan vaqtida hech kim qolmagan ekan. Ammo otamning menga atab olgan tug‘ilgan kun sovg‘alari va onamga olib kelgan o‘sha sevimli gullari yonib ketayotgan binoning ichki xonasida qolib ketgan ekan. Otam faqat o‘sha gullar va sovg‘alarni qutqarish, oilasining quvonchini yarim yo‘lda qoldirmaslik uchun olov ichiga qayta kirgan va shu payt dahshatli portlash sodir bo‘lgan...
Otamda tananing og‘ir darajada kuyishi kuzatilgan, yashab ketishiga bir foiz ham umid qolmagandi. Onam ikkimiz yig‘lab-siqilib jon holatda otam yotgan reanimatsiya xonasiga kirdik. U yerda yotgan insonni hatto otam deb tanishning iloji yo‘q edi — butun vujudi kuib, qora kuyikka aylangan, o‘pkasi kuyib ketgani uchun zo‘rg‘a, xirillab nafas olayotgan edi. Onam bir so‘z ham aytolmay, yerga o‘tirib qoldi va yuzini kaftlari bilan to‘sib, ovoz chiqarib yig‘lay boshladi.
Men esa o‘sha soniyalarda o‘zimni dunyodagi eng tuban, eng gunohkor insonadek his qildim. «Agar men o‘sha sovg‘ani kutmaganimda, agar tug‘ilgan kunimni bunaqa dabdabali qilishni istamaganimda, otam ichkariga kirmasdi... Hammasiga men aybdorman, otam mening dabdurustdan qilgan xohishim deb shu ko‘fga tushdi!» degan o‘ylar miyamni charxpalakdek aylanib, yuragimni teshib yuborayotgandi.
Shu payt otamning kuyib, ko‘mirga aylangan qo‘llaridan biri sekin siljidi va menga tomon intildi. U oxirgi kuchini to‘plab, juda zaif, ammo yurakni parcha-parcha qiluvchi ovozda pichirladi: — Azraq... bolajonim... tug‘ilgan kuning bilan...
Bu uning oxirgi so‘zi bo‘ldi. Shu so‘z bilan birga otamning qo‘li pastga osilib tushdi va monitor chizig‘i bir tekisda "piiiip" deb qotib qoldi. Otam jon bergandi.
Men qotib qoldim, ko‘z yoshim ham chiqmay qoldi, go‘yo tomirlarimdagi qon muzlab qolgandek edi. Onam esa dod solib, otamning jonsiz vujudini bag‘riga bosgancha qichqirib yig‘lardi. Karim aka yugurib kelib, yelkamdan oldi va meni zo‘rg‘a tashqariga olib chiqdi... O‘sha kun hayotimning butunlay boshqa, qora va sovuq sahifasini ochib bergandi.
Otamning jasadi uyga olib kelinib, dafn marosimlari o‘tkazildi. Mahallamizdagi qarindosh-urug‘lar to‘planib, barchasi o‘z ta’ziyasini bildirdi, achinib gaplashishdi. Ammo bu olovli motam ichida eng dahshatlisi onamning holati edi. U yig‘lashdan bir soniya bo‘lsin to‘xtamas, har daqiqada otamning ko‘ylagini, uning suratini bag‘riga bosib: — Mehmedim meni... Azraq ikkimizni shu ikki betayinga tashlab ketdingmi? Endi biz kimga suyanamiz, kim Mehmedim?! — deb o‘ksib-o‘ksib faryod solardi.
Onamning bu achchiq yig‘ilari, yurakni o‘rtovchi nolalari atrofidagilarni ezib yuborayotgan bir paytda, men... men hech narsani his qilmasdim. Go‘yo ko‘ksimdagi yuragim go‘sht parchasi emas, qalin muz qatlamiga aylangandi. Onam jon holatda baqirib yig‘lagan paytda, birdan tomoqlaridan iliq qon keldi va ovozlari butunlay chiqmay qoldi. Shifokorlar yugurib kelib dori ichirishdi. Hamma tashvishda, hamma dahshatda edi. Men esa ularga qarab turgandim-u, ichimda na achinish, na qo‘rquv, na mehr bor edi. Dunyo o‘z ranglarini yo‘qotib, oppoq va qora rangga bo‘yalib qolgandek tuyulardi.
Otamni tobutda so‘nggi manzilga olib ketayotganlarida, qalbimda bir zumga isyon uyg‘ongandek bo‘ldi-yu, lekin u darhol so‘nib qoldi. Chidlay olmay yugurib kelib, olomonning yo‘lini to‘sdim: — Iltimos, otam emas, meni olinglar! Otam uchun jonim fido... — deb baqirdim.
Lekin bularning barchasi shunchaki tananing mexanik harakati edi. Katta akam Durajon kelib yuzimga qattiq musht tushirdi va yerga qulab tushdim. O‘sha zarbadan yuzim yorilib, qon oqdi, lekin men og‘riqni umuman sezmadim. Tanadagi jismoniy og‘riq ham, ruhdagi azob ham menga yetib kelmasdi. Barcha hissiyotlarim tomir-tomiri bilan sug‘urib olingandek edi. Karim aka yig‘lab kelib meni turg‘azdi, tildan qolgan, ko‘zlari ma’nosiz bo‘lib qolgan onamning oldiga olib kelib qo‘ydi.
Onam menga qarab tinimsiz ko‘z yosh to‘kardi. Uning ko‘zlaridagi dardni ko‘rib, miyamning qaysidir burchida «bu onam, u azob chekyapti» degan fikr o‘tdi. Lekin yuragimdan unga nisbatan na rahm, na mehr, na qayg‘u uqindi. Men o‘z otasini yo‘qotib, onasi ado bo‘layotgan boladek emas, shunchaki bu tomoshani chetdan ko‘rib turgan begona odamdek sovuq edim. Ichimda mutlaq bo‘shliqlik — ulkan, tubsiz sukunat hukmron edi.
Otamning vafotidan atigi bir hafta o‘tar-o‘tmas, akalarim uyimizni sotib yuborishdi. Onamni qarovsiz, tildan qolgan holda qariyalar uyiga topshirishdi. Meni esa nonvoy Shamil akaning oldiga yordamchi qilib tashlab ketishdi. Shamil aka yaxshi inson edi, menga boshpana berdi. Men esa kun bo‘yi nonvoyxonada tinimsiz ishladim: un qorishtirdim, olovga o‘tin qadadim. Odamlar menga achinib qarashar, hol-ahvol so‘rashar edi. Men esa ularga quruq, ma’nosiz nigoh bilan tikilib qo‘ya qolardim. Lablarimga tabassum ham, yuzimga g‘am ham yaqinlashmasdi.
Kunora qariyalar uyiga onamni ko‘rgani borib turardim. Onam meni ko‘rib yana yig‘lardi. Uning har bir ko‘z yoshi go‘yo meni ich-ichimdan kemirayotgandek tuyulardi-da, lekin menda unga taskin berishga, quchoqlashga yoki hech bo‘lmaganda bir og‘iz iliq so‘z aytishga quvvat ham, istak ham yo‘q edi. Hissiyotsizlik meni butunlay o‘rab olgandi.
Kunlardan bir kuni shoshilib qariyalar uyiga bordim. Lekin onam yashaydigan xonaga kirib, yuragim yana-da muzlab qoldi — onaning o‘rni bo‘sh, o‘sha yerda yashovchi boshqa keksalar onam yo‘qligini, uni akalari kelib noma’lum tomonga olib ketishganini aytishdi. Onamning yo‘qolgani, qayerga olib ketilgani haqida menda na ma’lumot, na biror xavotir bor edi. Go‘yo bu dunyoda onam hech qachon yashamasmangandek, bu yo‘qotish ham menda biror o‘zgarish yasagani yo‘q edi. Jimgina, hech qanday hissiyotsiz ortimga qaytdim.
Oradan oylar o‘tdi. Bir kuni kechasi charchoqdan adashib, nonvoyxonadagi pechning gazini o‘chirishni ununtiribman. Gaz sizib chiqib, portlash sodir bo‘ldi. Shamil aka jon holatda o‘zini olov ichiga urib, meni tashqariga itarib yubordi-da, o‘zi ichkarida yonib ketdi. Tong otib, qutqaruvchilar Shamil akaning kuygan jasadini olib chiqishayotganda, barcha yig‘layotgan, faryod solayotgan edi. Men esa o‘sha yerda qo‘llarim kuygan, ust-boshim kirlangan holda qotib turgandim. Kimdir kelib yelkamni silkitdi, kimdir yig‘ladi. Men esa hech narsani his qilmadim. Naf qalbimda qayg‘u bor edi, naf ko‘zlarimda yosh.
Hech qayerga sig‘may, hamma narsadan voz kechgan holda, otamning eski do‘sti Salim amakining oldiga — maktab qorovulxonasiga qarab yo‘l oldim...
Salim amakining qorovulxonasiga qadam qo‘ygan o‘sha kecha hayotimdagi eng og‘ir, eng sovuq tunlardan biri bo‘ldi. Salim amaki mening ko‘zlarimdagi bo‘shliqni, yurak urishimdagi o‘sha o‘lik sukunatni darhol sezdi. U hech qanday ortiqcha savol bermadi, tergov qilmadi. Faqatgina otamning xotirasi hurmati, uning yoshligini eslab, xonasining bir chetidan — derazasi qora tun va sovuq shamolga qaragan kichkina burchakdan joy berdi. Salim amakining o‘z oilasi, yaqinlari yo‘q edi; u maktab hovlisidagi ana shu tor, namxush, devorlarining bo‘yoqlari ko‘chib ketgan qorovulxonada yolg‘izlikda umr o‘tkazardi. Maktab direktori bilan gaplashib, meni rasman bog‘bonga yordamchi qilib ishga joylashtirdi.
Ertasidan boshlab yangi, bir xomakaki va zerikarli hayot boshlandi. Tong saharda, quyosh nurlari hali maktab binolarining tomiga tegmasdanoq o‘rnimdan turar edim. Qo‘limga katta supurgi olib, minglab o‘quvchilar keladigan maktab hovlisini bir boshdan supurib chiqardim. Keyin gulzorlarga borib, egatlab suv oqizardim, qurigan barglarni yig‘ardim, daraxtlarning ortiqcha novdalarini kesib, tartibga keltirardim. Kunduzi maktab koridorlaridan o‘quvchilarning shovqin-suroni, qichqiriqlari, dars vaqtida esa sinf xonalaridan o‘qituvchilarning ovozi eshitilib turardi. Lekin bu hayotning shovqini ham, bolalarning quvonchi ham menda mutlaqo hech qanday taassurot uyg‘otmasdi. Men shunchaki mexanik ravishda harakatlanadigan, dili muzlab qolgan tirik jonsiz bir maxluqdek edim. O‘quvchilar va hatto o‘qituvchilar ham menga qaraganda ko‘zlari porlamaydigan, lablari doim qisilgan, hech qachon kulmaydigan yoki jahl qilmaydigan bu o‘smirni ko‘rib jimgina chetlab o‘tishardi. Ularning nigohlaridagi qo‘rquv yoki achinish menga butunlay farqsiz edi. Qalbimdagi muz qatlami borgan sari qalinlashib, dunyo bilan bog‘laydigan barcha ko‘priklarni kuydirib yuborgandi.
Kech kirib, so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinib, o‘quvchilar uylariga tarqalganidan keyin maktab darvozalari qulflanardi. Men esa Salim amakining oldiga — qorovulxonaga qaytardim. Salim amaki burchakdagi eski televizorni yoqib, ovozini pastlatib o‘tirgan paytda, men stol ustiga kichkina chiroq qo‘yib, oldimga oq qog‘ozlar va bitta qora sharikli ruchka olar edim. Avvaliga bu shunchaki vaqt o‘tkazish, miyamni kemirayotgan tinimsiz, og‘ir o‘ylarni biroz chalg‘itish, boshimdagi og‘riqni bosish uchun o‘ylab topilgan oddiy mashg‘ulot edi. Lekin kunlar o‘tib, oylar almashgani sari bu odat butunlay boshqa — ichki ehtiyojga, qochib qututib bo‘lmaydigan majburiyatga aylandi.
Qog‘ozga qoralayotgan hikoyalarim shunchaki fantastika yoki to‘qima ertaklar emas edi. Har bir satr, har bir jumla mening o‘z hayotimning, o‘zim bosib o‘tgan azobli yo‘llarining aks-sadosi edi. Yozayotgan qahramonlarimning taqdiri o‘zimga o‘xshardi: otasining fojiali o‘limiga o‘zini sababchi deb bilib, umrini azobda o‘tkazayotgan bola; onasining tildan qolgan ko‘z yoshlarini ko‘rib yuragi toshga aylangan o‘smir; eng yaqin bo‘vuchisi, unga boshpana bergan ustozini olov qa’rida yo‘qotib, hech narsani his qilmay qo‘ygan yigit... Qalamni oq qog‘ozga bosib, so‘zlarni tergan paytlarimda, go‘yo tomir-tomirimda muzlab qolgan qon biroz harakatga kelgandek, yuragimning tub-tubida so‘nib borayotgan nimanidir jonlantirgandek tuyulardi.
Kunduzi bog‘da ishlayotgan vaqtlarimda ham, qaysidir qari chinor tagida ketmon suyanchig‘ida o‘tirib qolganimda to‘satdan miyamga o‘tkir bir fikr, fojiali bir sahna kelib qolsa, ishni to‘xtatib, darhol cho‘ntagimdan eskirgan daftarimni chiqarar va shoshilib yozib qo‘yardim. Go‘yo bu hikoyalar mening ikkinchi hayotimga, ovozim yetmagan joyda gapiradigan tilimga aylangandi.
Shu tariqa Salim amakining qorovulxonasida, dunyodan uzilib, yolg‘izlik va qog‘ozlar qurshovida naq ikki yil o‘tib ketdi. Bu ikki yil mobaynida tashqi olamda nimalar bo‘layotgani, akalarim qayerda sargardon yurgani, hatto onamning tirik yoki allaqachon bu yorug‘ olamni tark etgani ham meni aslo qiziqtirmasdi. Men uchun faqat kunduzgi jimjit maktab bog‘i, supuriladigan yo‘laklar va kechasi cheksiz qog‘ozlar qorasi bor edi. Qalbim barcha eshiklarini mahkam yopib, hech kimni kiritmaslikka qasamyod qilgandek edi.
Biroq taqdir bu sokin, g‘amgin va o‘lik sukunatni ham uzoq saqlab turish niyatida emas edi. Hayotimning oqish-qorachig‘ini butunlay o‘zgartirib yuboradigan o‘sha voqeaga ham oz qolgandi. Bir kuni kechki payt maktab bog‘idagi oxirgi yumushlarni yakunlab, darvozadan chiqmoqchi bo‘lib turganimda, qorovulxona devoriga yopishtirilgan yangi, yorqin rangdagi e’lon — afishaga ko‘zim tushdi. Afishada maktabning eski sport zalida kikboks bo‘yicha kechki mashg‘ulotlar boshlanayotgani, murabbiy kelishi va yoshlarni sportga chorlash haqida yozilgandi. Undagi qalin qora harflar va jangovar siluetlar nimanidir eslatgandek bo‘ldi. O‘g‘il bola boshim bilan, o‘z tanamga biror foydasi tegishini o‘ylab, bu safar hammasiga qo‘l siltamasdan, kechki soat yettida maktab sport zaliga tomon qadam tashladim...
Kechki soat yetti bo‘lishiga qaramay, maktabning eski sport zalidan eshitilayotgan g‘uj-g‘uj ovozlar, taxta polning g‘ijirlashi va temir qoplarga urilayotgan zarbalarning bo‘g‘iq sadosi koridorgacha sezilib turardi. Eshikni sekin ochib ichkariga qadam qo‘ydim. Zaldagi dim havo, ter hidi va yigitlarning tinimsiz nafas olishlari bir zumda burun qanotlarimga urildi. Zalning o‘rtasida bir nechta o‘smirlar juftlashib mushtlashishmoqda, chetroqda esa baquvvat, qovoqlari solingan, ko‘zlari o‘tkir bir odam ularga qarab baqirib ko‘rsatmalar berayotgandi.
Nigohlarim o‘sha odamga tushishi bilan uni darhol tanidim. Bu — o‘sha yillari biz ishlagan nonvoyxonaga doim qatnab, issiq non olib ketadigan, mahallada mardligi va qattiqqo‘lligi bilan tanilgan Jalil og‘a edi. U ham bir zumda meni tanib, qoshlarini chimirdi. Ko‘zlaridagi hayrat va achinish aralash nigohni sezdim, chunki oxirgi marta u meni Shamil akaning fojiasidan keyin, butunlay o‘zgargan, sovuq va tushkun holda ko‘rgandi.
Jalil og‘a shogirdlariga mashqni davom ettirishni buyurib, oldimga keldi va yelkamdan mahkam tutib so‘radi: — Azraq? Rostdan ham bu senmisan, bola? Qayerlarda yuribsan, ahvoling nima bu? — Yaxshiman, Jalil og‘a. Maktabda qorovulxonada yashayapman, bog‘da ishlayapman, — deb qisqa va sovuq javob qaytardim.
Jalil og‘a chuqur xo‘rsinib, boshini chayqadi: — Ey, taqdiring senga ko‘p qiyinchiliklar berdi. Lekin o‘g‘il bola bo‘lib bunday yashay olmaysan. Yaxshi kirmabsan, agar xohlasang, bugundan boshlab shu yerda shug‘ullana boshla. O‘zingga foydasi tegadi, ichingdagi zaharli o‘ylarni chiqarib tashlaysan.
O‘sha kundan boshlab hayotimga ikkinchi nafas kirgandek bo‘ldi. Kunduzi maktab bog‘ida ketmon chopib, kechqurunlari sport zalida Jalil og‘aning qattiqqo‘l nazorati ostida ter to‘ka boshladim. Dastlabki kunlar juda og‘ir kechdi. Tanadagi eski jarohatlar, charchoq va yurakdagi sovuqlik sport zalidagi tinimsiz zarbalar ostida sinishni boshladi. Lekin menda boshqa bolalardek og‘riqdan nolib yig‘lash yoki charchadim deb to‘xtash degan tushuncha yo‘q edi. Men har bir zarbani hech qanday hissiyotsiz, xuddi temirga urilayotgandek qabul qilardim.
Jalil og‘a va zal otrasidagi yigitlar tezda buni payqashdi. Qancha qattiq urishmasin, qanday og‘ir sharoitda mashq qilmasin, yuzimda bir tomchi og‘riq yoki qo‘rquv belgisi ko‘rinmasdi. Raqiblarimning mushtlari tanamga tekkanda toshga urilgandek qaytib ketardi. Shuning uchun ham bir necha oydan keyin zalimizdagi barcha yigitlar va hatto boshqa murabbiylar ham menga "Xarsangtosh Azraq" deb laqab qo‘yib olishdi. Ha, ular haq edilar — qalbim ham, jismim ham xarsangtoshdek qotib qolgandi.
Oradan yarim yil o‘tib, o‘z vaznimdagi eng kuchli sportchilar qatoriga qo‘shildim va shaharda o‘tkaziladigan yirik chempionatga yo‘llanma oldim. Bu vaqt ichida Jalil og‘a menga ustozdan ham ortiq mehr berdi. Bir kuni kechqurun mashg‘ulot tugagach, u yonimga kelib jiddiy ohangda dedi: — Azraq, endi bu yerda, maktab qorovulxonasida yashashing to‘g‘ri kelmaydi. Narsalaringni yig‘ib kel, bundan buyon menikida yashaysan. Seni shu chempionatning g‘olibi qilaman!
Jalil og‘aning bu taklifiga qarshi chiqa olmadim, chunki u menga otamning yo‘qligini biroz bo‘lsa-da unutdirgan yagona inson edi. O‘sha kechayoq narsalarimni yig‘ishtirib, Jalil og‘aning uyiga ko‘chib o‘tdim. Uning uyida yolg‘iz yashashini, xotini bilan ajrashganini, Sureyya ismli o‘n yoshlar chamasidagi qizi onasi bilan yashagani va ba’zida otasini ko‘rgani kelib turishini bildim.
Yangi uy, yangi muhit va yanada shafqatsiz sport rejimi boshlandi. Ertadan shahardagi markaziy sport zaliga borib, chempionatga tayyorgarlikni kuchaytirdik. Tanadagi har bir mushak po‘latdek taranglashib, har bir zarbam yanada aniq va kuchli bo‘lib borardi. Lekin ichimdagi u o‘lik sukunat, dunyoga bo‘lgan mutlaq befarqlik o‘zgarmagandi. Men faqat oldinga intilayotgan, faqat mexanik ravishda vazifasini bajarayotgan mashinaga o‘xshardim. Chempionatning boshlanishiga esa sanoqli kunlar qolgandi...
Chempionat boshlanadigan kun shahar sport saroyi tong sahardan olomonga to‘ldi. Zal ichidagi shovqin, muxlislarning hayqiriqlari, karnay-surnay sadolari va ring chetida isinish harakatlarini qilayotgan sportchilarning shiddati muhitni g‘oyat og‘ir va qizg‘in tusga deg‘azgandi. Men esa bu shovqin-suronlardan butunlay uzoqda, alohida xonada, ko‘zlarimni yerga tikib o‘tirardim. Ichimda na hayajon, na qo‘rquv va na g‘alaba qozonishga bo‘lgan o‘t bor edi. Jalil og‘a yonimga kelib, yelkamga qo‘lini qo‘ydi va qat’iy ohangda dedi: — Azraq, bugun sen uchun sinov kuni. Ringga chiqasan-u, faqat oldinga intilasan. O‘zingni ko‘rsat, o‘sha xarsangtoshdek qattiq turib ber!
Boshim bilan ma’qullagandek ishora qildim. Oradan ko‘p o‘tmay, hakamning karnaydagi ovozi yangradi va meni ringga taklif qilishdi. Qadam tashlab yorug‘ projektorlar nuri ostidagi ringga ko‘tarildim. Qarama-qarshi burchakda turgan raqibim tajribali, badjahl va ko‘zlari g‘azabga to‘la yigit edi. Uning qanday qilib menga dushman ko‘zlari bilan qarashini sezdim, lekin menda unga nisbatan na nafrat, na hurmat uyg‘ondi.
Gong ovozi yangrashi bilan raqibim shiddat bilan tashlandi. Uning birin-ketin yo‘llagan qattiq mushtlari yuzimga, qovurg‘alarimga kelib urildi. Zaldagilar nafaslarini ichiga yutib kuzatishardi. Men esa bir qadam ham ortga chekinmadim. Raqibimning mushtlari xuddi qattiq qoyaga urilgandek o‘ziga og‘riq qaytarardi. Yuzimda bir tomchi og‘riq yoki qo‘rquv ifodasi yo‘qligini ko‘rgan raqibim asta-sekin sarosimaga tush boshladi. Uning charchaganidan foydalanib, o‘tkir va aniq zarba bilan uni polga qulatdim. Hakam sanay boshladi: «Bir, ikki, uch... o‘n!»
G‘alaba e’lon qilindi. Zalda qarsaklar yangradi, lekin menga bu ham mutlaqo qiziq emas edi. Bir qo’limni sindirib ham olgandim.Ringdan tushayotganimda, Jalil og‘a g‘urur bilan yelkamga qo‘qib qo‘ydi: — Ofarin, Xarsangtosh! Sen haqiqiy chempion bo‘lasan!
O‘sha kuni turnirda ketma-ket barcha raqiblarimni yengib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritdim. Kechki payt uyga qaytganimizda, Jalil og‘aning xonadonida bayramona muhit hukmron edi. Eshikdan kirishimiz bilan o‘n yoshlar chamasidagi qizaloq — Jalil og‘aning qizi Sureyya yugurib kelib otasini quchoqlab oldi. Uning ko‘zlari chaqnab turardi. Keyin nigohi yonida turgan menga tushdi. Sureyraning quvnoq yuzi bir zumda jiddiylashib, qo‘lidagi kichkina kitobini mahkamroq ushladi. U mening sovuq, hech narsani ifodalamaydigan ko‘zlarimga tikilib qoldi.
Jalil og‘a qizini tanishtirdi: — Azraq, bu mening qizim Sureyya. Ba’zida onasinikidan biznikiga mehmon bo‘lib kelib turadi. Sureyya, bu esa — akang Azraq, bundan buyon shu uyda birga yashaymiz.
Sureyya menga ehtiyotkorona qarab, sekin boshi bilan salom berdi. Men ham unga javoban quruq bosh irg‘itib qo‘ydim. O‘sha paytda hech birimiz bu qizaloqning kelajakda mening muzlagan yuragimga qanday ta’sir qilishini, hayotimdagi mutlaqo o‘zgacha burilish yasashini tasavvur ham qilolmasdik. Chempionlik kamari stol ustida yaltirab yotardi, lekin mening ichimdagi bo‘shliq va sukunat o‘sha-o‘sha o‘zgarmagancha qolgandi...
Izohlar
0