KIRISH
Tabiiyki, dunyo hammamizning oldimizga to‘siq va sinovlarni qo‘yadi, biz esa ularni yengishga harakat qilamiz. Ularni yengib, «Ajoyib!» deyishga ulgurmasimizdan yana bir sinov qarshimizdan chiqadi. Qanchalik urinmaylik, ba’zan uni yenga olmaymiz. Demak, bu shunchaki sinov yoki jumboq emas, balki bizning qismatimizdir.
Sizga bir gap aytsam: bu dunyo bir vaqtning o‘zida juda go‘zal ham, juda jirkanch ham bo‘la oladi.
Bu olamda yomon odamlar yo‘q. Shunchaki, ular ham bu dunyoning, «Nega?» degan savolning qurbonlari, xolos.
I BOB
Maktab bitiruvchisi hikoyasi
Bugun ertalabdan ko‘chamiz boshidagi avtobus bekatidan avtobusga o‘tirib, yo‘lga otlandim. Bu avtobus menga azaldan tanish. Chamasi, unga minib yurganimga o‘n yil bo‘ldi. Ha, roppa-rosa o‘n yil! Birinchi marta bundan o‘n yil avval shu avtobusga chiqqan edim. Uning har bir burchagi men uchun aziz: o‘rindiqlari-yu, hatto o‘ziga xos hidi ham.
Avtobus oynasiga boshimni suyagancha, mayus ketar edim. Moviy, tiniq osmonga mahliyo bo‘lib, xayol surardim. Osmon shu qadar tiniq ediki, unda o‘tkinchi bulutlardan boshqa hech vaqo yo‘q edi.
O‘zimga o‘zim: «Atigi yigirma to‘qqiz kun qoldi, shunda hammasi tugaydi», — dedim.
Qachonlardir maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan, bo‘yi bir metrdan sal oshiq bo‘lgan bola endi bitiruvchi...
Qaniydi, yana bir bor sevimli Nafisa ustozimning darsida o‘tirsam! O‘sha ustozimdan hech bo‘lmasa bitta uy vazifasi olsam-u, uni bir umr bajarishga rozi bo‘lardim. Uni atigi bir marta ko‘rsam ham mayli edi.
Shu zaylda avtobus o‘z yo‘li bo‘ylab chamasi uch marta aylandi. Men esa bir zum xayollardan chalg‘ib, ko‘zimni tanish bekatga tikdim.
Axir, bu Navoiy bekat-ku! Yoshligim o‘tgan joy!
Avtobusdan qanday tushganimni ham bilmayman. Bekatdan to‘g‘ri ko‘cha ichiga o‘zimni urdim. Bu mening eski maktabim-ku!
U juda, juda o‘zgarib ketibdi. O‘sha temir darvoza, ammo rangi o‘zgargan, aniqrog‘i, qayta bo‘yalgan. Maktab devorlari esa butunlay boshqacha. Avvallari ular bunchalik rang-barang emasdi. Lekin hozir rangli bo‘lsa ham, negadir mayus ko‘rinardi. Go‘yo: «Do‘stim, qara, menga nima qilishdi», — deyayotgandek.
Yana o‘zimga o‘zim gapira boshladim:
Nega?
Nega hayot shunaqa?
Nega? Axir, menda bolalik bo‘lganmidi?
Nega endi faqat meni shu savollar tinch qo‘ymaydi?
Nima uchun maktab ichi bo‘sh? To‘g‘ri, bugun yakshanba, lekin nahotki bitiruvchilar maktabni sog‘inishmasa?
Axir, men shu yerdaman-ku! Uch yil avval bu joyni tark etgan bo‘lsam ham, xotiralarga qamalib bo‘lsa-da, qaytib keldim-ku! Nega odamlar shunaqa? Beg‘am, betashvish...
Balki ular ham men kabi qaytib kelishga jur’at topa olmayotgandir-a?
Shu zaylda butun maktabni aylanib chiqdim. Hamma xonalar qulflangan edi. Eski sinfimni ko‘rgim kelardi.
Shu niyat bilan ikkinchi qavatga ko‘tarildim.
Ha, bu zinapoyalar har qachongidan ham jimjit edi. Devorlarga o‘quvchilar yozib qoldirgan so‘zlar o‘chirib tashlangan. Men ham qachonlardir, chamasi to‘rt yil avval... yo‘q, sal kam besh yil ekan, shu devorga «Z + D = S» deb yozgan edim. Ha, endi o‘sha yozuvdan asar ham yo‘q.
Shunday dedim-u, uchinchi qavatdagi eski sinfxonam tomon yo‘l oldim. Sinfxonaga yaqinlashar ekanman, uning eshigi qiya ochiq turganiga ko‘zim tushdi.
Lekin qanaqasiga?
Menimcha, bu yerda farrosh bordir.
Lekin pol artilmagandi. Shu payt xayolimdan bir fikr o‘tdi.
Nahotki... Nahotki...
Dedim-u, yana jim bo‘ldim. Yuragimning dukullab urayotganini his qilardim. Peshonamdan bir zumda sovuq ter oqa boshladi.
«Ha, nima bo‘lsa bo‘ldi», — dedim-da, o‘zimni ichkariga urdim.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u o‘sha-o‘sha edi. Derazaga tikilgancha, mayus turardi. Garchi oradan uch yil o‘tgan bo‘lsa-da, uni eslamagan kunim yo‘q edi. Va mana endi uni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turibman...
Eh, dunyo...
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0