🖤 NAFRATDAN MUHABBATGACHA
London. 2-sentabr. Soat 08:15.
Ertalabki quyosh deraza pardalari orasidan xonaga tushardi.
Elena budilnik ovozidan ko‘zlarini ochdi. Telefonini qo‘liga olib, soatga qaradi.
— Hali vaqt bor ekan…
U yana ko‘zlarini yumdi.
Oradan uch daqiqa o‘tib, birdan o‘rnidan turdi.
— VOY, DARS!
Yigirma daqiqadan so‘ng Elena tayyor bo‘lib, xonadan chiqdi. Bugun birinchi kundagidek kechikmaslikka ahd qilgandi.
Soat 09:00. Universitet.
Elena universitet binosiga kirib, yo‘lak bo‘ylab ketayotganida dugonasidan qo‘ng‘iroq keldi.
— Alo?
— Elena, qayerdasan?
— Universitetdaman. Hozir auditoriyaga ketyapman.
— Kafeteriyaga tushmaysanmi? Men shu yerdaman.
— Yo‘q, darsim bor. Tanaffusda ko‘rishamiz.
Elena telefonni sumkasiga solib, zinadan ko‘tarildi.
Shu payt qarshisidan bir guruh talabalar tushib kelishardi. U ularga yo‘l berish uchun chetga o‘tdi.
Ammo zinaning yuqori qismida kimdir shoshilib kelib, yelkasiga urilib ketdi.
— Ehtiyot bo‘lsang bo‘lmaydimi?! — dedi Elena.
— O‘zing yo‘lning o‘rtasida turmasang-chi.
Elena boshini ko‘tardi.
Adrian.
— Yana sen?!
— Afsuski.
— Universitetda boshqa zinasi yo‘qmi?
— Bor. Istasang, o‘shandan foydalan.
— Maslahat uchun rahmat. Keyingi safar seni ko‘rmaslik uchun albatta eslab qolaman.
Adrian unga ortiqcha e’tibor bermay, pastga tushishda davom etdi.
Elena esa ortidan qarab:
— O‘zi bir g‘alati odam ekan! — deb qo‘ydi.
Soat 11:00. Kafeteriya.
Elena dugonasi bilan stol atrofida o‘tirardi.
— Xo‘sh, universitet qanday ketyapti? — deb so‘radi dugonasi.
— Yaxshi. Faqat bitta odamning o‘zi yetti bosh og‘rig‘iga teng.
— Kim?
— Kecha aytganim. O‘zini dunyoning xo‘jayinidek tutadigan yigit.
— Ismi nima edi?
— Adrian.
— Balki shunchaki xarakteri shunaqadir?
— Menga farqi yo‘q. Men bilan gaplashmasa ham bo‘ladi.
Ular suhbatlashib o‘tirishganida, kafeteriyaga Adrian va uning do‘stlari kirib kelishdi.
Adrian atrofga qarab, bo‘sh stolni topdi. Ularning stoli Elena o’tirgan joydan unchalik uzoq emasdi.
— Bu yerga o‘tiramiz, — dedi do‘sti.
Adrian stulni tortib o‘tirdi.
Elena esa unga bir qarab qo‘ydi-da, dugonasiga yuzlandi.
— Ko‘rdingmi? Tinchlik yo‘q.
Dugonasi kulib yubordi.
— Sen ham uni tinch qo‘ymaysan-ku.
— Men nima qildim? U o‘zi hamma joyda paydo bo‘lyapti.
Shu payt Adrian ularning suhbatini eshitib qoldi.
— Ovozlaringni biroz pasaytirsanglar ham bo‘ladi, — dedi u.
Elena unga qaradi.
— Nega? Quloqlaring og‘riyaptimi?
— Shunchaki odamlar tinchgina ovqatlanishni xohlashadi.
— Unda quloqchin taqib ol.
Adrian javob bermadi.
Do‘sti esa kulgisini yashirish uchun suv ichishga tushdi.
Soat 13:20. Universitet hovlisi.
Darslar orasida Elena tashqariga chiqdi. U telefonida dugonasiga surat yuborib, skameykaga o‘tirdi.
Bir necha daqiqadan keyin yonidan Adrian o‘tib ketayotganini ko‘rdi.
U telefonidan bosh ko‘tarmadi.
Adrian ham unga qaramadi.
Ammo Elena yonidagi sumkasini joylashtirayotganda, uning ichidan kichkina daftar tushib ketdi.
Adrian daftarni ko‘rib, to‘xtadi.
— Hey, bu seniki!
Elena boshini ko‘tardi.
— Ha, rahmat.
Adrian daftarni skameyka ustiga qo‘ydi.
— Keyingi safar narsalaringga qarab yur.
Elena daftarni oldi.
— Senga rahmat aytdim-ku. Yana nima kerak?
— Hech narsa.
— Unda yo‘lingda davom et.
Adrian unga bir qarab qo‘ydi.
— Juda yoqimsiz xaraktering bor ekan.
Elena jilmaydi.
— Sen ham undan qolishmaysan.
Adrian hech narsa demay ketdi.
Elena esa daftarini sumkasiga solib, telefoniga qaytdi.
Soat 16:10.
Darslar tugagach, Elena universitetdan chiqdi. Bugun uyga borib dam olishni rejalashtirgandi.
U taksi kutib turganida, telefoniga onasidan xabar keldi.
«Darslaring qanday o‘tyapti, qizim?»
Elena jilmayib javob yozdi:
«Yaxshi, hammasi joyida. Universitet ham yoqyapti.»
U telefonini o‘chirib, yo‘lga qaradi.
Shu payt qora avtomobil uning yonidan o‘tib, svetofor oldida to‘xtadi.
Mashina oynasi ochildi.
— Hey, sen!
Elena boshini burdi.
Adrian.
— Nima?!
— Yo‘l chetida tur. Mashinalar o‘tyapti.
Elena atrofga qaradi. U haqiqatan ham yo‘lga biroz yaqinroq turgan ekan.
— Buni o‘zim ham bilaman.
— Unda ehtiyot bo‘l.
— Sen esa mashinangni hayda.
Adrian boshini chayqab, oynani yopdi.
Mashina harakatlandi.
Elena uning ortidan qarab, boshini sarak-sarak qildi.
— O‘zini kim deb o‘ylaydi-ya…
Uning kuni nihoyat tugagandi.
Ammo Adrian bilan yana qayerda to‘qnash kelishini hech kim bilmasdi.
Hozircha ikkalasining ham bir-biriga aytadigan yagona gapi bor edi:
«Iloji bo‘lsa, boshqa uchrashmaylik».
2-bob tugadi.
Davomi bor…
Izohlar
0