Ertasi kuni Kaito maktabga odatdagidek keldi.
U darslarda avvalgidek jim o'tirdi, o'qituvchilarning savollariga qisqa javob berdi va tanaffus paytida sinfdoshlarining suhbatlariga qo'shilmadi. Tashqaridan qaraganda, hech narsa o'zgarmagandi.
Ammo kun davomida u bir necha bor soatga qaradi.
Darslar qachon tugaydi?
Kutubxonaga qachon boradi?
Va eng muhimi, Tsumugi bugun ham kelarmikan?
Kaito o'ziga bu savollarni berayotganini tan olishni istamasdi. Axir, kecha ular shunchaki kitoblar haqida suhbatlashishgandi. Bir marta yaxshi suhbatlashganing uchun kimnidir yana ko'rishni kutish shart emasdi.
Hech bo'lmaganda, u shunday deb o'ylardi.
Oxirgi dars tugashi bilan Kaito daftarlarini sumkasiga joyladi. Sinfdoshlari shovqin-suron bilan sinfdan chiqib ketishdi. Kimdir futbol o'ynashga shoshildi, yana kimdir do'stlari bilan do'konga borishni rejalashtirardi.
Kaito esa odatdagidek kutubxona tomon yo'l oldi.
U eshikni ochib, ichkariga kirdi.
Kutubxona tinch edi.
Deraza yonidagi stolda bir nechta o'quvchi o'tirardi. Kutubxonachi javonlarga kitoblarni joylashtirayotgan edi.
Kaito nigohi bilan xonani aylanib chiqdi.
Tsumugi yo'q edi.
U negadir yengilgina hafsalasi pir bo'lganini sezdi. Buni o'ziga bildirmaslikka urinib, kechagi joyiga o'tirdi va kitobini ochdi.
Oradan bir necha daqiqa o'tdi.
Keyin eshik ochildi.
— Kechikmadimmi?
Kaito boshini ko'tardi.
Tsumugi eshik oldida turardi. Sochlari biroz to'zg'igan, yelkasidagi sumkasi esa sirg'alib tushay deb turardi. U shoshilib kelgani ko'rinib turardi.
— Yo'q, — dedi Kaito.
Tsumugi uning qarshisidagi stulga o'tirdi.
— Yaxshi. Men bugun kelolmay qolsam kerak, deb o'ylagandim.
— Nega?
— O'qituvchim meni ushlab qoldi. Sinf uchun tayyorlashimiz kerak bo'lgan ish bor ekan. Keyin esa daftarimni topolmay qoldim.
U sumkasini ochib, ichidan daftar chiqardi.
— Oxiri mana, topdim.
Kaito kitobiga qaradi.
— Tabriklayman.
Tsumugi bir necha soniya unga tikilib turdi.
— Sen hozir meni masxara qildingmi?
— Yo'q unday qilmadim.
— Aldama, sen hozir kinoya qilib aytding.
Kaito javob bermadi.
Tsumugi kulib yubordi.
— Bilardim! Sen aslida hazillasha olishingni. Shunchaki buni hammaga ko'rsatging kelmaydi.
— Balki.
— Yana shu javob!
U kulgancha daftarini ochdi.
Kaito esa beixtiyor jilmaydi.
U hali bunga o'rganmagan edi. Kimdir bilan shunchaki o'tirib, hech narsadan xavotir olmasdan suhbatlashish unga odatiy tuyulmasdi.
Ammo Tsumugi bilan negadir hammasi osonroq edi.
Uning yonida sukut saqlash ham noqulay emasdi.
Ba'zan esa aynan sukutning o'zi suhbatning bir qismiga aylanardi.
Shu kundan boshlab Tsumugi kutubxonaga tez-tez kela boshladi.
Ba'zan ular kitoblar haqida gaplashishardi. Ba'zan Tsumugi maktabda yuz bergan kulgili voqealarni aytib berardi. Ayrim kunlari esa ikkalasi deyarli gaplashmasdan, yonma-yon o'tirib kitob o'qishardi.
Kaito asta-sekin bir narsani anglay boshladi.
Tsumugi uning jimligini yoqtirmaslik deb qabul qilmasdi.
Agar u savolga javob bermasa, qiz undan xafa bo'lmasdi. Agar uzoq vaqt sukut saqlasa, Tsumugi suhbatni majburan davom ettirishga urinmasdi.
U shunchaki yonida bo'lardi.
Kaito uchun bu o'zgacha his edi.
U ilgari odamlar bilan yaqinlashish deganda doimo nimadir deyish, kulish yoki o'zini boshqalarga qiziqarli qilib ko'rsatish kerak, deb o'ylardi.
Tsumugi esa buning uchun har doim ham so'zlar kerak emasligini isbotlayotgandi.
Oradan bir hafta o'tdi.
Bir kuni darslar tugagach, Kaito daftarini sinfda unutib qoldirganini esladi. U sumkasini yelkasiga osib, bo'shab qolgan yo'lak bo'ylab ortiga qaytdi.
Sinf eshigini ochmoqchi bo'lganida, ichkaridan qog'oz shitirlashi eshitildi.
Kaito to'xtadi.
Xonada kimdir bor edi.
U eshikni sekin ochdi.
Deraza yonidagi partada Tsumugi o'tirardi.
Uning oldida turli rangdagi qog'ozlar yoyilib yotardi. Ayrimlari tekis, ayrimlari esa bir necha marta buklangan edi. Stol chetida allaqachon tayyorlangan bir nechta kichkina qush shaklidagi buyumlar turardi.
Tsumugi shu qadar berilib ishlayotgandiki, Kaito kirganini darrov payqamadi.
U oq qog'ozning bir chetini ehtiyotkorlik bilan bukladi, barmoqlari bilan buklamani tekisladi, so'ng qog'ozni aylantirib, keyingi bosqichga o'tdi.
Kaito bir necha soniya kuzatib turdi.
— Nima qilyapsan?
Tsumugi boshini ko'tardi.
Uning yuzida avval hayrat, keyin esa odatdagi tabassum paydo bo'ldi.
— Kaito! Seni ko'rmay qolibman.
— Ko'rinib turibdi.
— Ha, yana hazil qilyapsan.
U qo'lidagi qog'ozni ko'rsatdi.
— Origami yasayapman.
Kaito stolga yaqinlashdi.
— Buni ham ko'rib turibman.
— Unda nega so'rading?
— Balki boshqa narsa yasayotgandirsan, deb o'yladim.
Tsumugi kulib yubordi.
— Sen bilan gaplashish tobora qiziq bo'lib boryapti.
Kaito stol ustidagi rangli origamilarga qaradi.
— Bularning hammasini o'zing yasadingmi?
— Ha.
— Nima uchun buncha ko'p?
Tsumugining tabassumi biroz yo'qoldi.
U qo'lidagi turnani kaftida aylantirib ko'rdi. Uning qanotlari hali to'liq ochilmagan, qog'ozning ayrim buklamalari esa juda ehtiyotkorlik bilan tekislangan edi.
— Kaito, senga bir narsani aytsam maylimi?
Uning ovozidagi o'zgarish Kaitoning e'tiborini tortdi.
— Albatta aytishing mumkin.
Tsumugi qog'ozni stolga qo'ydi.
Bir necha soniya davomida u nima deyishni o'ylayotgandek jim qoldi. Keyin ko'zlarini ko'tarib, Kaitoga qaradi.
— Senga ishonsam bo'ladimi?
Kaito bu savolni kutmagandi.
U Tsumugiga diqqat bilan tikildi.
Qizning yuzida avvalgidek tabassum bor edi, ammo bu safar uning ortida qandaydir xavotir yashiringanini sezish qiyin emasdi.
Kaito shoshilmadi.
— Ha, — dedi u nihoyat. — Ishonsang bo'ladi.
Tsumugi chuqur nafas oldi.
— Men kasalman.
Kaito joyida qotib qoldi.
Qiz nigohini deraza tomon burdi.
— Bir necha oydan beri davolanayapman. Shifokorlar meni tekshirishyapti, turli muolajalar qilishyapti. Ba'zan o'zimni yaxshi his qilaman, ba'zan esa...
U gapini tugatmadi.
Kaito uning yuziga qarab turardi.
— Davolanayotgan bo'lsang, tuzalib ketishing mumkin-ku, — dedi u sekin.
Tsumugi unga qayta qaradi.
Uning lablarida achchiq tabassum paydo bo'ldi.
— Men ham shuni xohlayman.
Bir zum sukut cho'kdi.
— Lekin shifokorlar kasalligim juda jiddiy ekanini aytishdi. Menga qancha vaqt qolganini aniq bilishmaydi, ammo...
Uning ovozi titradi.
— Vaqtim ko'p emasligini aytishdi.
Kaito qo'lidagi daftarni o'zi sezmay siqib qo'ydi
U nima deyishni bilmadi.
Bir necha daqiqa oldin ular odatdagidek hazillashib turishgandi. U Tsumugidan yana qandaydir kulgili gap eshitishni kutgandi.
Ammo endi xonadagi hamma narsa o'zgargandek edi.
Derazadan tushayotgan quyosh nuri ham, partalar ustidagi qog'ozlar ham, yo'lakdan eshitilayotgan ovozlar ham birdan begonadek tuyuldi.
Kaito biror narsa deyishga urindi.
Lekin hech qanday so'z topolmadi.
Tsumugi esa uning sukutini ko'rib, yengilgina jilmaydi.
— Qo'rqib ketdingmi?
— Yo'q.
— Unda nega hech narsa demayapsan?
Kaito ko'zlarini pastga tushirdi.
— Nima deyishni bilmayapman.
Tsumugi bir muddat unga qarab turdi.
Keyin bosh irg'adi.
— Men ham avvaliga shunday holatga tushgandim.
U stol ustidagi turnalardan birini oldi.
— Lekin keyin bir narsani eshitdim.
— Nimani?
— Yaponiyada mingta qog'oz turna yasash haqida qadimiy bir afsona bor.
Kaito unga qaradi.
Tsumugi turnani kaftiga qo'ydi.
— Aytishlaricha, kim mingta origami turna yasasa, uning eng katta tilagi amalga oshishi mumkin ekan.
U bir oz sukut saqladi.
— Men sog'ayishni xohlayman, Kaito.
Bu safar uning ovozi juda past edi.
— Shuning uchun turnalar yasayapman.
Kaito stol ustiga qaradi.
Yuzlab rangli qog'ozlar. Ayrimlari tayyor, ayrimlari hali buklanmagan. Har birining o'z o'rni bor edi.
U birdan bu qog'ozlar Tsumugi uchun qanchalik muhim ekanini tushundi.
Bu shunchaki vaqt o'tkazish emasdi.
Bu uning umidi edi.
— Nechtasi tayyor bo'ldi? — so'radi Kaito.
Tsumugi ko'zlarini artib, tabassum qildi.
— Uch yuz o'n ikkita.
Kaito bir lahza hech narsa demadi.
Keyin sumkasini ochib, ichidan oppoq qog'oz chiqardi.
U partaga o'tirdi.
Tsumugi hayrat bilan unga qaradi.
— Nima qilyapsan?
Kaito qog'ozning bir chetini bukladi.
— Yordam beryapman.
Tsumugi indamay qoldi.
Kaito qog'ozni yana bukladi. Keyin uni aylantirib, keyingi buklamani hosil qildi. U origami yasashni yaxshi bilmasdi, shuning uchun dastlab qog'ozning bir cheti boshqasiga to'g'ri kelmadi.
Tsumugi uning qo'liga qarab turdi.
Keyin kulib yubordi.
— Yo'q, yo'q! Unday emas.
U Kaito tomon egilib, qog'ozni qanday buklash kerakligini ko'rsatdi.
— Mana, avval buni tekisla. Keyin burchagini bu tomonga olib kelasan.
Kaito uning aytganlarini takrorladi.
Bir necha daqiqadan so'ng, nihoyat, kichkina oq turna tayyor bo'ldi.
U biroz qiyshiqroq edi.
Bir qanoti boshqasidan balandroq, bo'yni esa kutilganidan sal uzunroq chiqdi.
Kaito unga qaradi.
— Yomon emas shundaymi.
Tsumugi turnani qo'liga oldi va uni har tomondan ko'zdan kechirdi.
— Bu juda xunuk chiqdi.
Kaito unga qaradi.
— Avval o'zing shunaqa yasab ko'r qani.
Tsumugi kulib yubordi.
— Hazillashdim! Bu mening eng sevimli turnam bo'ladi.
U turnani ehtiyotkorlik bilan boshqa qog'ozlar yoniga qo'ydi.
Keyin Kaitoga qaradi.
— Rostdan ham yordam berasanmi?
Kaito bosh irg'adi.
— Mingtagacha.
Tsumugining ko'zlari yoshlanib ketdi.
Ammo bu safar u ko'z yoshlarini yashirishga urinmadi.
— Unda kelishdik, — dedi u. — Mingtagacha to'xtamaymiz.
Kaito qo'lini uzatdi.
— Va'da beraman.
Tsumugi uning qo'lini ushladi.
— Va'da.
Ularning qo'llari bir necha soniya bir-birini mahkam tutib turdi.
Deraza ortida bahor shamoli esardi. Sakura daraxtidan uzilgan bir nechta yaproq deraza tokchasiga tushdi
Tsumugi yana qog'ozlarni tartibga keltira boshladi.
Kaito esa uning yonida o'tirib, navbatdagi turnani yasashga kirishdi.
Ular uzoq vaqt ishlashdi.
Ba'zan Tsumugi Kaitoning qog'ozni noto'g'ri buklaganini ko'rib kulardi. Ba'zan Kaito uning turnalari sonini adashtirib yuborganini aytib, qizni ataylab jig'iga teggandek bo'lardi.
Har safar tanish kulgi yana qaytib kelardi.
O'sha kuni ular uch yuz o'n uchinchi turnani yasashdi.
Keyin uch yuz o'n to'rtinchisini.
Nazoratchi ularni uylariga ketish uchun chaqirganida, deraza ortidagi osmon allaqachon to'q sariq rangga kirgan edi.
Tsumugi turnalarni qutiga joyladi.
Kaito sumkasini yelkasiga osdi.
Eshik oldida ular bir zum to'xtashdi.
— Kaito?
— Ha?
Tsumugi unga qaradi.
— Bugun kelganingdan xursandman.
Kaito bir oz o'ylanib qoldi.
So'ng odatdagidan yumshoqroq ovozda javob berdi:
— Men ham.
Ular maktabdan birga chiqishdi.
Yo'lning boshida Tsumugi o'z uyiga ketadigan tomonga burildi. Ketishidan oldin ortiga o'girilib, qo'l silkitdi.
— Ertaga ko'rishamiz!
Kaito bosh irg'adi.
— Ertagacha.
Qiz uzoqlashib ketdi.
Kaito esa yo'lida davom etdi.
Uning xayolida hali ham bitta narsa aylanardi.
Mingta turna.
U afsonalarga ishonmasdi. Qog'ozdan yasalgan mingta qush insonning taqdirini o'zgartira olishiga ham ishonmasdi.
Ammo o'sha kuni u birinchi marta ishonishni xohladi.
Chunki endi bu afsona shunchaki qadimiy hikoya emasdi.
U Tsumugining umidi edi.
Va Kaito, garchi buni hali o'zi ham to'liq anglamagan bo'lsa-da, o'sha umidni asrashni istardi.
Ular mingta turna yasashardi.
Har birini bittadan.
Bir kun kelib oxirgisini ham tugatishardi.
Va o'shanda Tsumugi sog'ayib ketardi.
Kaito bunga ishongisi kelardi.
Hozircha unga shu ishonchning o'zi kifoya edi.
Izohlar
0