1-BOB
Anruin tundagina oʻzining haqiqiy qiyofasini ochardi.
Kunduzi quyosh nurida deyarli koʻmirdek qorayib, atrofga vahima sochadigan qirollik saroyi, tunda oy nuri ostida goʻyo tirik mavjudotdek oqara boshlardi. Qora bazaltdan qurilgan ulkan minoralarning rangi oʻzgargani sayin, shahar koʻchalari sukunatga choʻmar, odamlar uylariga yashirinib, deraza tabaqalarini zanjirlashardi. Zulukdek qora gʻisht toʻshalgan koʻchalarda faqatgina temir sovutli qirollik qoʻriqchilarining ogʻir qadam tovushlari eshitilardi.
Chunki tun ularniki edi. Yirtqichlarniki. Vampirlarniki.
Malika Freya saroyning eng baland minorasi oynasidan pastga, zim-ziyo koʻchalarga qarab turardi. Uning oppoq yuziga mahzunlik cho‘kkan, yosh qalqigan ko‘zlarida oyning aksi ko'rinardi. Yuragida esa nafrat alangalanardi. Onasini hayotdan olib ketgan, bu go'zal qirollikni qo'rquv zindoniga aylantirgan maxluqlarga nisbatan cheksiz, shafqatsiz nafrat.
Otasining aytishicha, vampirlar shunchaki yirtqich emas edi; ular insoniyatning eng ashaddiy dushmanlari, dunyo tartibini buzuvchi la'natlanganlar edi. Qirol har kuni xalqini shu balodan asrash uchun qonli urush olib borardi. Freya otasi bilan faxrlanardi. U otasini bu dunyodagi yagona najotkor deb bilardi.
— Nega uxlamayapsiz, malikam, — orqadan eshitilgan vazmin va tanish ovoz Freyani xayoldan ayirdi.
Eshik ostonasida qirollikning eng sara ovchisi, oʻzining qatʼiyati va shafqatsizligi bilan tanilgan Theon turardi. Uning yelkasidagi qora kamoni va belidagi kumush suvi yugurtirilgan pichoqlari tungi yorugʻlikda sovuq yaltirardi.
— Xayollaring taqib qilaversa, uxlash qiyin Theon, — Freya ortiga oʻgirilib, stol ustida turgan kumush qadaxga qoʻl uzatdi. Uning ichida otasi maxsus tabiblar yordamida tayyorlatgan, qizil rangli to'q quyuq damlama bor edi.
Freya shisha idishdagi dorini icharkan, yuzini biroz burishtirdi. Dorining taʼmi juda gʻalati — shoʻr va temir taʼmini eslatardi.
— Ertaga erta tongda yo'lga chiqamiz, — dedi Theon xonaga bir qadam kirib. — Qirol hazratlari sizni Sherwood o'rmoni ortidagi vodiyga, xavfsiz hududga kuzatib qo'yishimni buyurdilar. Shahar atrofida vampirlarning faolligi oshgan.
— Men qochishni istamayman, — Freya qadaxni stolga qo'yarkan, titroq qo‘llarini yashirishga urindi. — Mening o'rnim otamning yonida, shu qirollikda.
— Qirol buyrug'i muhokama qilinmaydi, malikam, — Theonning ovozi sovuq va qat'iy eshitildi, uning nigohida hech qanday his-tuyg'u sezilmasdi. U o'z burchini jonidan ham ustun ko'radigan jangchi edi. Uning vazifasi — malikani sog‘-salomat yetkazish.
Ayni shu daqiqalarda, saroyning eng ostida — qalin tosh devorlar ortidagi maxfiy Parlament zalida esa boshqa manzara hukmron edi.
Qalin eman daraxtidan yasalgan ulkan stol atrofida shamlar yonib turardi. Mamlakatning eng nufuzli yetti oilasi yetakchilari qirolning atrofida jam bo'lishgandi. Stol ustida shahar xaritasi va ustiga qizil siyoh bilan belgilar qo'yilgan qog'ozlar sochilib yotardi.
— Sharqiy darvoza yaqinidagi hujum kutilganidan ham ko'proq vahima uyg'otdi, oliy hazratlari, — dedi parlament a'zolaridan biri, ko'zlarini qisib. — Xalq sarosimada. Ular sizdan ko'proq askar va himoya so'rashmoqda. Soliqlarni oshirish va yangi qonunlarni joriy etish uchun ayni muddao.
Qirol taxtda o'tirarkan, uning yuzida na qo'rquv va na pushaymonlik alomati bor edi. Uning ko'zlari tunda, ayni shu sham yorug'ida g'alati, deyarli sezilmas qizg'ish tus olgandi. Qirol stol ustidagi sharob qadaxini qo'liga oldi. Undagi suyuqlik sharob emas, balki eng toza inson qoni edi.
— Yaxshi, — dedi qirol past, ammo vahimali ovozda. — Xalq qo'rquvni his qilishi kerak. Qo'rquv bor joyda itoat bo'ladi. Biz pastkash, boshqarib bo'lmas vampirlarni tozalashda davom etamiz. Faqat oliy nasl yashashga haqli. Va eng muhimi...
Qirol bir muddat jim qoldi, uning ko'z oldiga qizi Freya keldi. Yuragida og‘riq turdi. U qizini chindan sevardi. Ammo Freyaning qonida uyg'onayotgan o'sha dahshatli kuch — yarim inson, yarim vampir gibridining kuchi butun dunyo tartibini, hatto qirollikni ham kulga aylantirishi mumkin bo'lgan yadro edi. Tizim qurbonliklarni talab qilardi. Agar qizining tabiati butunlay uyg'onsa, uni nafaqat parlament, balki butun qirollik yo'q qilishga kirishardi.
— Ertaga Theon uni o'rmon orqali olib o'tadi, — dedi qirol ovozini sovuqlashtirib. — O'rmonda uning tabiati birinchi sinovdan o'tadi.
2-BOB
Anruin qal’a-shahrining qalin tosh devorlaridan uzoqda, saltanatning janubiy chegaralarini yuvib turuvchi Sho‘r dengiz qirg‘og‘ida hayot butunlay boshqacha ritmda urardi. Bu yerda saroyning sovuq dabdabasi ham, ko‘chalarni qoplagan vahimali sukunat ham yo‘q edi. Dengiz shabadasi shahar changini va qo‘rquv isini haydar, to‘lqinlarning qirg‘oqqa urilishi erkinlikdan darak berardi.
Bandargohning chekka qismida, tunda ham chiroqlari o‘chmaydigan eski taverna yonida ulkan Qora kema langar tashlab turardi. Uning bortiga yirik harflar bilan "Leviatan" deb yozilgandi. Bu kema dengiz kimsasizligi va bo‘ronlarda toblangan, qonunlarga bo‘ysunmaydigan qaroqchilar sardori — Rivenniki edi.
Riven kemaning kapitan ko‘prigida turib, uzoq ufqqa, oydan oqarayotgan tog‘ tizmalariga qarab tamaki chekardi. Uning shamolda to‘zg‘igan sochlari va yuzidagi chiziqlar ko‘p ko‘rguliklardan dalolat berib turardi. U Theonning eng yaqin va balki yagona ishonchli do‘sti edi. Qal’a ichidagi jangchi va dengizdagi qaroqchi — ularni nima bog‘lab turganini hech kim tushunmasdi, ammo bu do‘stlik yillar sinovidan o‘tgan edi.
Kema kabinasidan taralayotgan mayin va mungli kuy tovushi Rivenning yuzidagi qat’iy ifodani biroz yumshatdi. Anna pianino chalayotgan edi.
Riven tamakisini dengizga uloqtirib, pastga, singlisining xonasiga tushdi. Anna akasining qadam tovushlarini eshitib, chalishdan to‘xtadi va unga qarab jilmydi. U go‘yo bu shafqatsiz, qonxo‘r dunyoga tegishli emasdek nozik, musiqaga bor vujudi bilan bog‘langan qiz edi.
— Yana o‘sha mungli kuymi, — dedi Riven singlisining yelkasiga qo‘lini qo‘yib. — Dengiz tinch, xavotirlanishga hojat yo‘q.
— Dengiz tinch bo‘lsa ham, mening ko‘nglim xotirjam emas, aka, — Anna barmoqlarini klavishlar ustida yengil yugurtirdi. Uning ovozida shunchaki qo‘rquv emas, balki kimgadir bo‘lgan yashirin sog‘inch va xavotir bor edi. — Theon... u ko‘pdan beri kelmadi. Saroyda biror gap bo‘ldimi?
Riven chuqur xo‘rsindi. U Theonning qanday og‘ir vazifani yelkasiga olganini, qirolning amrlarini so‘zsiz bajaradigan shafqatsiz qurolga aylanganini yaxshi bilardi. Theon va Annaning o‘rtasidagi o‘sha yashirin, ammo chuqur rishtalardan habari bor edi. Ammo bu rishta Theonday odam uchun ham, Anna uchun ham xavfli edi.
— Theon — qirollik ovchisi, Anna. — dedi Riven ovozini vazminlashtirib. — Hozir shahar atrofida vampirlarning hujumi ko‘paygan. U o‘z ishini qilyapti.
Anna javob bermadi, ammo ko‘zlarini yerga qaratdi. U Theonning tashqi tomondan sovuq va shafqatsizligini bilsa-da, uning ichidagi o‘sha charchagan, burch kishanlariga band qilingan insonni ko‘ra olgandi.
Ayni shu daqiqalarda bandargoh chetidagi qorong‘i xiyobonda sharpa ko‘rindi. Uzun qora plash yopingan, yelkasiga ulkan kamonini osgan Theon shoshilmasdan kemaga yaqinlashib kelardi. U tong otmasdan malika Freyani o‘rmon orqali olib ketishi kerak edi, biroq yo‘lga chiqishdan oldin bu yerga — hayotidagi yagona tinchlik manbaiga kelmay iloji yo‘q edi.
U kemaning taxta ko‘prigidan ko‘tarilarkan, qadamlari odatdagidek qat’iy va tovushsiz edi. Riven uning kelganini sezib, singlisiga qarab qo‘ydi-da, palubaga chiqdi.
— Oxirgi marta qachon ko‘rishganimizni eslay olmayman, do‘stim, — dedi Riven Theonning yelkasiga urib. — Oxirgi marta qchon yuvinganding, yoki ustingga qon hidi o‘rnashib qolganmi.
— Vaqtim oz, Riven, — Theon ko‘zlarini kabina oynasiga, sham yorug‘ida pianino yonida o‘tirgan Annaning soyasiga qaratdi, ammo nigohi darhol sovuqlashdi. U his-tuyg‘ularga berilishga haqli emas edi. — Ertaga tongda malikani Sherwood o‘rmoni orqali vodiyga olib o‘taman. O‘rmon hozir juda notinch. Agar biror korhol bo‘lsa... Leviatanni tayyorlab tur.
Riven vaziyatni jiddiyligini his qildi. Theon hech qachon shunchaki yordam so‘ramasdi.
— Kema har doim shay, Theon. Buni bilasan, — dedi Riven sigaretasini yoqib. — Lekin sen o‘zingni ehtiyot qil. Qirolning o‘yinlari kundan-kun xavfli tus olyapti.
Theon javob bermadi. U kabina eshigi tomon bir necha qadam tashladi. Anna uning kelganini sezib, eshikni ochdi. Ularning nigohlari to‘qnashdi — biri burch va sovuqqonlik zindonidagi askar, ikkinchisi esa uning hayotidagi yagona musiqiy chiziq bo‘lgan nafis qiz.
— Theon... — pichirladi Anna.
3-BOB
Tong hali otmagan, ammo Anruin osmoni allaqachon quyuq kulrang tusga kira boshlagan edi. Qirollik saroyining qora bazalt devorlari tunda oqargan bo‘lsa, endi tong nuri ostida yana sekin-asta ko‘mirdek qorayib, o‘zining vahimali qiyofasiga qaytardi.
Malika Freya otasining xonasi ostonasida turardi. Xonada shamlarning deyarli tugab bitgan piltalari zo‘rg‘a yonib turar, havoda qandaydir g‘alati, o‘tkir va achchiq hid anqirdi.
Qirol ulkan stoli ortida, qorong‘ilik soyasida o‘tirardi. Uning yuzi charchagan va g‘amgin ko‘rinsa-da, ko‘zlarining tubida hech kim anglay olmaydigan, sovuq va qat’iy bir reja yashiringan edi.
— Men ketishga tayyorman, ota, — dedi Freya ovozidagi g‘amni yashirishga urinib. U baribir shaharni tashlab ketishni mag‘lubiyat deb hisoblar, ammo otasining so‘zi u uchun qonun edi.
Qirol og‘ir qadamlar bilan qizining yoniga keldi. U muzdek qo‘llari bilan Freyaning yuzlaridan silarkan, uning yuragida haqiqiy, samimiy bir og‘riq uyg‘ondi.
Jonidan aziz qiziga nohaqlik qilayotganini bilib battar azoblandi. Ammo tizim va taxt qoidalari shafqatsiz edi: Freyaning qonidagi gibridlik kuchi — butun dunyoni parchalab tashlashga qodir. Uni saqlab qolishning iloji yo‘q edi, garchi bu otalik yuragini tilka-pora qilsa ham.
— Mening shirin qizim, — pichirladi qirol, uning ovozida yashirin fojia sezilardi. — O‘zingni ehtiyot qil.Theon ham seni asraydi.
Qirol stol ustida turgan, oltin naqshli kichik shisha idishni Freya tomonga uzatdi. Uning ichida o‘sha to‘q qizil, sho‘r va temir ta’mli damlamaning so‘nggi dozasi bor edi.
— Buni yo‘lga chiqishingdan oldin ichib ol, Freya. Dorilarni kanda qilma. Ular sening ojiz vujudingni quvvatlantiradi.
Freya shisha idishni oldi-da, ikkilanmay dorini oxirgi tomchisigacha ichdi. Yuzini burishtirib, qadaxni qaytarib qo‘yarkan, otasining ko‘zlariga tik qaradi:
— Men tezda qaytaman, ota. Yoningizda turib, o‘sha iflos vampirlarni yo‘q qilishga yordam beraman.
Qirolning lablarida achchiq va sezilmas bir tabassum yugurdi. Uning ko‘zlarida maxluqning nigohi emas, balki masum va beg‘ubor ko‘zlarni koʻrdi. Bu g‘alati ziddiyat edi.
— Yo‘ling bexatar bo‘lsin, malikam, — dedi qirol va ortiga o‘girilib, yana qorong‘ilik qa’riga chekindi. Bu vidolashuv aslida ortga qaytish yo‘li yo‘q bo‘lgan hukmning boshlanishi edi.
Saroy darvozasi oldida, otlarning jilovini ushlagancha Theon kutar edi. Freya darvozadan chiqib kelishi bilan, Theon unga qisqa ta’zim qildi.
— Yo‘lga chiqamiz, malikam. Vaqtimiz ziq, — dedi Theon sovuqqonlik bilan.
Otlarning tuyoq tovushlari Anruinning qora g‘ishtli ko‘chalarida aks sado berib, ularni shahar devorlaridan tashqariga, qadimiy va vahimali daraxtlar quchog‘iga yetakladi.
4-BOB
Cheksiz o‘rmon go‘yo ularni tiriklayin yutib yuborishni istayotgandek, qalin daraxt shoxlari bilan osmon yuzini to‘sib qo‘ygandi. Anruindan uzoqlashgan sari havoning tabiati o‘zgardi — endi u yerda saroyning bazalt isi emas, balki nam tuproq, chiriyotgan barglar va qadimiy joduning og‘ir nafasi hukmron edi.
Theon otda oldinda borar, har bir tovush va harakatga sergaklik bilan quloq tutardi. Malika esa ot ustida jim, o‘z xayollari bilan band bo‘lib kelardi.
Biroq vaqt o‘tgani sayin, Freyaning vujudida g‘alati bir o‘zgarish boshlandi. Otasi bergan dorining ta’siri tugab borayotgan edi. Uning tomirlarida go‘yo olov oqayotgandek, ich-ichidan dahshatli bir tashnalik va yonish hissi ko‘tarila boshladi. Nafas olishi og‘irlashib, bosh aylanishi kuchaydi.
To‘satdan Theon otining jilovini tortib, to‘xtadi. Uning qo‘li darhol belidagi kumush suvi yugurtirilgan pichoqqa ketdi.
Yo‘lning chetida, qari emanning ildizlari orasida yirik bir kiyik ag‘darilib yotardi. Uni yirtqichlar g‘ajimagandi — hayvonning bo‘ynida ikkita chuqur va qonli teshik bor edi. Kiyikning oppoq junlari toza, hali ivib ulgurmagan issiq qon bilan bo‘yalgan edi. Havoga o‘tkir, shirin va o‘ziga tortuvchi qon isi tarqaldi.
Oddiy inson uchun daxshatli bo‘lgan bu manzara va hid Freyaning shundoq ham yonayotgan ongiga urildi. Shu soniyada uning miyasida nimadir portlagandek bo‘ldi.
— Vampirlar, — deb pichirladi Theon, atrofni ko‘zdan kechirib. — Hujum yaqin orada bo‘lgan. Malikam, ortga...
Theon gapini tugatolmadi. U ortiga o‘girilib, dahshatdan qotib qoldi.
Freya otidan yiqilib tushgan, vujudi titrar edi. U xuddi sehrlangandek, ko‘zlari o‘lik kiyikdan uzilmay, hayvon tomon emaklab bora boshladi. Uning nafis barmoqlari tuproqqa, so‘ngra kiyikning issiq qoniga belandi.
— Freya?! — Theon birinchi marta harbiy intizomni buzib, malikaga ismi bilan murojaat qildi va otdan sakrab tushdi.
Ammo Freya endi o‘sha nozik malika emas edi. U boshini ko‘targanda, Theonning tomirlarida qon muzlab ketdi. Freyaning ko‘z qorachiqlari kengaygan, labi chetidan esa inson tabiatiga yot bo‘lgan o‘tkir tishlar bo‘rtib chiqib turardi. U o‘zining shuncha yillik nafratini, onasining qotillarini o‘z vujudida ko‘rib turardi. Qiz tuproqdagi qonli barmoqlarini labiga olib borarkan, uning bo‘g‘zidan g‘alati, vahimali bir yirtqich faryodi otilib chiqdi. Bu uning o‘z tabiatidan dahshatga tushgan insoniy ongi va uyg‘ongan gibrid kuchining daxshatli to‘qnashuvi edi.
U o‘zidan nafratlanib, o‘z tanasini tilka-pora qilgisi kelardi.
Theon qotib qolgandi. U hayotida yuzlab vampirlarni ayamay so‘ygan, ularning shafqatsiz qotiliga aylangan jangchi edi. Uning vazifasi bu maxluqni ayni shu yerda yo‘q qilish edi. Qirol unga hibridni sinash haqida aytganida aynan shuni nazarda tutganini Theon endi angladi. Qirol o‘z qizini o‘lim tuzog‘iga otgan edi.
Theon pichoq ushlagan qo‘lini ko‘tardi. Ammo qarshisida qonxo‘r maxluq emas, balki masum bir ojiza turardi.
Theonning toshdek qotgan yuragida kutilmagan bir tuyg‘u — cheksiz achinish va rahm uyg‘ondi. Bu qiz o‘zi bilmagan holda eng daxshatli o‘yinning qurboniga aylangandi.
Theon pichoqni g‘ilofiga qaytardi. U sovuqqon jangchi edi, lekin yirtqich emasdi. U sekin yaqinlashib, Freyaning titrayotgan yelkalaridan quchib uni o‘ziga qaratdi.
— Freya... menga qara. Menga qara! — Theonning ovozi hali ham qat’iy, ammo ichki bir og‘riq bilan jarangladi. — Sen ulardan emassan. Ularga o‘xshamaysan. O‘zingni qo‘lga ol.
5-BOB
Ko‘z oldidagi qora parda sekin-asta tarqala boshlaganda, Freya o‘zini Theonning quchog‘ida ko‘rdi.
U nimadir sodir bo‘lganini his qilar, ammo ongida faqat bo‘shliq hukmron edi. Xuddi dahshatli tush ko‘rgan-u, uyg‘onganda uni butunlay unutib yuborgandek.
— Menga... nima bo‘ldi? — Freya o‘zini Theondan chetga tortib, boshini ushladi. Uning lablari chetida qolgan achchiq, sho‘r ta’m hamon sezilardi.
Theon uning savoliga javob bermadi. Uning yuzida yana sovuqqon niqob paydo bo‘lgandi. U malikaning yuzidagi va qo‘llaridagi qon izlarini xira yorug‘likda ko‘rmasligi uchun o‘zining qora plashi bilan ustini yopdi-da:
— Shunchaki tobingiz qochdi, malikam. Dorining ta’siri bo‘lsa kerak.
Theon unga haqiqatni aytmadi. U hayotida birinchi marta qirolning buyrug‘ini ham, o‘z jangchilik burchini ham chetga surib, bu dahshatli sirni jimlik ortiga berkitishga qaror qildi. Freyaning o‘lik kiyik poyiga yiqilib, qon icganinii unga aytish — qizning dunyosini vayron qilishini tushunardi.
— Otga mining. Yo‘lni davom ettiramiz, — Theon shoshilinch ravishda otining jilovini qo‘liga oldi. Uning ichki sezgisi xavf yaqinligidan ogohlantirayotgan edi.
Ular endigina yo‘lga tushishgan ham ediki, daraxtlar orasidan vahimali va bo‘g‘iq irillash tovushlari eshitila boshladi. Cheksiz o‘rmonning qorong‘i burchaklaridan birin-ketin ulkan sharpalar ajralib chiqdi. Bular shunchaki yirtqich hayvonlar emas, ko‘zlari aqlli va nafrat bilan yonib turgan, odam bo‘yi barobar keladigan bo‘ri-odamlar edi. Ular kiyik qonining hidiga yetib kelishgandi.
Theon darhol otini to‘xtatib, malikaning ro‘parasini to‘sdi. Uning qo‘li beixtiyor kamoniga ketdi, biroq u o‘q uzolmadi. Anruin qirolligining eng oliy va daxlsiz qonuni bor edi: vampirlar va bo‘ri-odamlar o‘rtasidagi urushga insonlarning aralashishi qat’iyan man etilardi. Agar qirollik ovchisi bo‘ri-odamni o‘ldirsa, bu ikki cheksiz kuch o‘rtasidagi yashirin sulhni buzib, butun Anruinni kulga aylantiradigan urushni boshlab berishi mumkin edi.
Bo‘rilar ularni qurshab borardi. Vaziyat soniyalar ichida hal bo‘lishi kerak edi.
— Freya, menga quloq soling, — Theon birinchi marta malikaga shaxsiy ammo buyruq ohangida gapirdi. U otdan tushib, uning qamchisini qattiq qisdi. — Hozir otni bor kuchingiz bilan janubga, bandargohga qarab choptirasiz. Ortga qaramang. U yerda Leviatan kemasi turibdi. Kapitan Rivenga sizni men yuborganimni aytasiz. Men esa ularni chalg‘itaman.
— Yo‘q! Sizni tashlab ketmayman! — Freya qo‘rquv va qat’iyat aro baqirdi.
— Bu buyruq, malikam! — Theon uning gapini kesdi, ko‘zlaridagi burch va o‘sha yashirin achinish hissi to‘qnashib ketdi. Keyin esa otning orqasiga qattiq urdi.
Ot dahshatdan olg‘a qarab otildi. Freya daraxtlar orasiga singib borarkan, ortida Theon bo‘rilarning diqqatini o‘ziga tortish uchun baqirgan ovozini va uning ustiga tashlangan ulkan maxluqlarning vahimali baqiriqlarini eshitib qoldi.
6-BOB
Cheksiz o‘rmon ortda qoldi. Tun bo‘yi davom etgan shiddatli va vahimali qochishdan so‘ng, ot Freyani Sho‘r dengiz qirg‘og‘idagi bandargohga yetkazib keldi. To‘lqinlarning og‘ir ovozi va sho‘r suv isi uning yuziga urilarkan, qiz butunlay holdan toygan, ammo Theonning o‘sha so‘nggi buyrug‘i ongida tinmay aks sado berardi: "Ortga qaramang. U yerda Leviatan kemasi turibdi..."
Qorong‘i suv yuzida qad ko‘targan qora kema afsonaviy mahluqdek ko‘rindi. Freya otidan yiqilgudek bo‘lib tushdi. Uning butun vujudi titrar, ustidagi Theon bergan uzun qora plash dengiz shabadasida hilpirardi. Qiz bor kuchi bilan taxta ko‘prikdan o‘tib, Leviatan kemasining bortiga qadam qo‘ydi.
O‘sha soniyada kabina eshigi ochilib, chiroq yorug‘ida Anna ko‘rindi. U tungi sokinlikda pianino chalishdan to‘xtab, tashqaridagi shubhali tovushga chiqqan edi. Anna kelayotgan odamning ustidagi qora plashni ko‘rishi bilan yuragi bir qalqib ketdi — bu plash Theonniki edi! U Theon qaytdi degan umidda bir qadam oldinga tashladi-yu, dahshatdan joyida qotib qoldi.
Plash ostidan Theon emas, balki sochi to‘zg‘igan, ko‘zlari qo‘rquvdan kattalashib ketgan begona qiz chiqib kelgandi. Eng dahshatlisi, qizning oppoq ko‘ylagi, nafis yuzlari va plashining chetlari hali qurib ulgurmagan qip-qizil qonga belangan edi.
— Xudoim... sizga nima bo‘ldi? Theon qani?! — Anna vahima ichida ortga tahlika bilan tahlil soldi, ko‘zlari yoshga to‘lib, bu daxshatli manzaradan qattiq qo‘rqib ketdi. Undagi Theonga bo‘lgan cheksiz xavotir g‘alayon ko‘tardi.
Ayni shu daqiqada palubaga og‘ir qadamlar bilan kapitan Riven chiqib keldi. U tamakisini chetga otib, vaziyatga bir zum hushyorlik bilan tikildi. Qonga belangan qiz, Theonning plashi va kema tomon choptirib kelingan yolg‘iz ot... Riven ko‘pni ko‘rgan qaroqchi edi, u saroy ortidagi sirlardan ham, o‘rmondagi xavflardan ham xabardor edi. U soniyalar ichida hammasini tushundi.
Theon o‘z burchini bajargan, ammo o‘zini qurbon qilgan edi. Va bu qiz shunchaki oddiy qochqin emas, o‘sha qirollik mahsuloti — malika Freyaning o‘zi edi.
— Anna, ichkariga kir va eshikni yop, — dedi Riven ovozini kutilmaganda juda jiddiy va qat’iy ohangga keltirib. U qon hidini sezgan edi, ammo bu inson qonimi yoki boshqa narsami, hozircha aniq aytolmasdi. — Tez bo‘l!
Riven Freyaning yoniga yaqinlashdi. Uning ko‘zlaridagi qorong‘ulik va qizning shok holatidagi yuzi vaziyatning qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turardi. U Theonning do‘sti sifatida endi bu yukni o‘z yelkasiga olishi shart edi.
— Demak, seni Theon yubordi... — pichirladi Riven, malikaning yelkasidan mahkam tutib. — Demak, o‘yin boshlanibdi
7-BOB
Riven malika Freyaning muzdek va qonli qo‘lidan tutib, uni tezlik bilan kemaning eng ostki, maxfiy omborxonasiga yetakladi. Bu yerda qaroqchilik yillari davomida to‘plangan kontrabanda yuklari yashirilar, oddiy ko‘z bilan qaraganda devordagi yashirin eshikni mutlaqo topib bo‘lmas edi.
— Shu yerda qol va ovoz chiqarma, — dedi Riven Freyani ichkariga kirgizib, yashirin eshikni yoparkan.
Freya qorong‘ilikda yolg‘iz qoldi. U oppoq ko‘ylagidagi qon dog‘lariga qarab, haligacha o‘ziga kelolmasdi. "Bu qon qayerdan keldi? Men nega hech narsani eslolmayapman?" degan savollar uning ongini kemirardi. Tepada esa Anna Theonning taqdirini o‘ylab, ko‘z yosh to‘kardi. U akasining yoniga kelib, uning yengidan tortdi:
— Aka... Theon tirikmi? U qaytadimi?
— Theon osonlikcha o‘ladigan yigit emas. U tegirmonga tushsa tirik chiqadiganlardan. Anna hozir yig‘lashning vaqti emas, kema palubasini tozalash kerak, — Rivenning ovozi vazmin eshitilgani bilan, do‘sti uchun xavotir olardi. Bo‘rilar changalidan inson bolasini sog‘ chiqishi deyarli imkonsiz edi.
To‘satdan bandargohda mash’alalar yorug‘ligi ko‘rindi va temir sovutlarning shovqini eshitildi. Qirolning shaxsiy soqchilari bandargoh bo‘ylab har bir kemani tintuv qilib, malika Freyani qidirib kelishayotgan edi.
— Kapitan Riven! — bort ostonasida soqchilar boshlig‘ining do‘q urgan ovozi yangradi. — Saroydan buyruq bor. Qochqin qidirilmoqda. Kemangizni ko‘zdan kechirishimiz kerak!
Riven soqchilar kemaga qadam qo‘yishga ulgurmasidan, paluba arqonlarini qilishi bilan kesib tashladi.
— Kechikdingiz, askar janoblari! Leviatan allaqachon yo‘lga chiqdi! — Riven baland ovozda kulib yubordi, garchi ichi qon yig‘layotgan bo‘lsa-da.
Kema yelkanlari shamolda shishib, ulkan qora qanotlardek ochildi. Leviatan qirg‘oqdan uzoqlashib, ochiq Sho‘r dengiz qa’riga qarab suzib ketdi. Bandargohda qolgan soqchilar faqatgina kemaning ortidan qarab qolishdi.
Riven kemani boshqarar ekan, nigohini oydan oqarayotgan o‘sha mudhish tog‘ tizmalariga va Cheksiz o‘rmon tomonga qaratdi. Uning yuragi birinchi marta bunday og‘ir ezilayotgan edi. Kema harakatga keldi, malika qutqarildi, ammo Theon... u hozir o‘sha zulmat ichida yolg‘iz o‘zi nimalarga duch kelmoqda?
8-BOB
Cheksiz o‘rmon o‘z qurbonini osonlikcha qo‘yib yuborgisi kelmagandi. Theon bo‘rilarning butun bir to‘dasini o‘z ortidan ergashtirib, jarliklar va tikanli butazorlar aro daxshatli chalg‘itish o‘yinini olib bordi. U qirollik qonunini buzmaslik uchun bo‘rilarga o‘lim qurolini ishlatmadi, faqat chaqqonligi va o‘rmon sirlarini bilishi evazigagina tirik qoldi.
Biroq omon qolish narxi juda baland edi.
Eng so‘nggi to‘qnashuvda to‘daning yetakchisi Theonning o‘ng yelkasiga yopishgan, uning o‘tkir tishlari jangchining baquvvat go‘shtini tilka-pora qilib yuborgan edi. Theon bor kuchi bilan maxluqni o‘zidan itarib, qorong‘i va chuqur soydan pastga tashlagan, o‘zi esa tun bo‘yi qon yo‘qotib, yarador holatda bandargoh tomon emaklagan edi.
Tong saharning sovuq shabadasi esganda, Theon arang bandargoh chetiga yetib keldi. Uning o‘ng yelkasi butunlay qonga belangan, har bir qadami unga chidab bo‘lmas azob berardi. Ko‘zlari xiralashib borayotgan jangchi bor kuchi bilan dengiz qirg‘og‘iga qaradi.
U yerda Leviatan kemasi yo‘q edi.
Kema allaqachon zanjirlarini uzib, ko‘k dengiz bag‘riga suzib ketgan, faqat uning uzoqlashayotgan qora soyasi ufqda zo‘rg‘a ko‘rinib turardi. Bandargohda esa qirol soqchilarining g‘azablangan va sarosimaga tushgan ovozlari eshitilardi.
Theon tosh devorga suyanganicha sekin yerga o‘tirdi. Uning lablarida charchagan, ammo g‘olibona bir tabassum yugurdi. U og‘riqni, yarador yelkasini va uni qidirayotgan askarlarni unutdi. Uning ko‘ksiga cheksiz bir xotirjamlik cho‘kdi. Riven o‘z vazifasini bajargandi. Anna va Freya endi xavfsiz joyda edi. U o‘z burchini jonidan ustun ko‘rdi va bunga erishdi.
Theon ko‘zlarini yumarkan, og‘riq uni butunlay hushidan ayirib borardi. Endi uning hayoti butunlay taqdir hukmiga topshirilgan edi
9-BOB
Kemadan qirg‘oq manzarasi batamom yo‘qolib, atrofni faqat cheksiz ko‘k to‘lqinlar egallaganida, Riven malika Freyani yashirin omborxonadan olib chiqdi. Qiz hamon shok holatida, ko‘zlarini bitta nuqtaga tikkancha titrar edi.
Riven uni palubadan o‘tkazib, to‘g‘ri o‘zining shaxsiy kabinetiga boshladi. Bu bortdagi eng shinam va xavfsiz joy edi. Riven malikani bu ahvolda hech kim ko‘rishi mumkin emasligini bilardi. Bunday sir faqat eng ishonchli odamlar orasida qolishi shart.
Xonaga kirishgach, Riven Freyani eski, qalin charm kresloga o‘tqazdi. Ko‘p o‘tmay eshik sekin ochilib, ichkariga Anna kirdi. Uning qo‘lida toza kiyimlar va iliq suv to‘ldirilgan tog‘ora bor edi. Annaning ko‘zlari hamon yoshli, ammo u akasining buyrug‘iga binoan o‘zini qo‘lga olishga uringandi.
— Unga yordam ber, Anna. Kiyimlarini almashtirsin, — dedi Riven past ovozda. Keyin esa kresloda jonsiz haykaldek o‘tirgan malikaga yaqinlashdi. — Siz xavfsiz joydasiz, malikam. Hozircha shu yerda qoling. Mening yigitlarim o‘tkir ko‘zli, ortiqcha savollar esa hozir bizga kerak emas.
Freya chuqur nafas olib, nihoyat boshini ko‘tardi. Uning nigohida hali ham o‘sha mudhish tundan qolgan qo‘rquv va mavhumlik aksi bor edi:
— Theon... U o‘rmonda qoldi. Meni qutqarish uchun...
Riven javob berishdan oldin derazadan tashqariga, uzoq ufqqa qaradi, ichidagi xavotir olovdek yonsa-da, o‘zini vazmin tutishga urindi:
— Theon — o‘rmonni besh barmoqday biladi. U o‘zini asray oladi. Hozir biz faqat kemani olg‘a boshqarishimiz va o‘zimizni himoya qilishimiz kerak.
Riven xonadan chiqib ketayotib, singlisi Annaga ma’noli qarab qo‘ydi. Anna esa sekin Freyaning yoniga tiz cho‘kdi va uning qonli barmoqlarini iliq suv bilan yuva boshladi. Ikkala qiz ham hozir turli sabablarga ko‘ra bitta insonni o‘ylashayotgan edi.
10-BOB
Bandargoh devoriga suyanganicha hushini yo‘qotgan Theonning ustiga tong saharning sovuq yomg‘iri yog‘a boshladi. Uning nafasi tobora sekinlashib, o‘ng yelkasidagi chuqur tish izlaridan oqayotgan qon tuproqqa qorishib borardi. Qirol soqchilarining ovozlari yaqin atrofda eshitilsa-da, jangchining buni payqashga ham, qochishga ham quvvati qolmagan edi.
To‘satdan soqchilarning qadam tovushlari boshqa tomonga burildi. Theonning jonsiz tanasi ustiga ulkan soya tushdi.
Bu Theonni o‘rmonda ta’qib qilgan o‘sha bo‘ri-odamlar to‘dasining a’zosi edi. Biroq bu yigit boshqa yirtqichlardan ajralib turardi — u klanlarning qonli qonunlaridan charchagan, oddiy insonlarga nisbatan hech qanday adovati va xusumati bo‘lmagan yashirin bir zohid edi. U Theonning bo‘rilar hujumiga uchrashiga qaramay, qirollik qonunini buzmaganini, ularga qarshi o‘lim qurolini ishlatmay, faqat malikani himoya qilganini o‘rmon chetidan kuzatib turgan edi. Jangchining bu mardligi bo‘ri-odamdagi insoniy tuyg‘ularni uyg‘otgandi.
U Theonni yengilgina yelkasiga ortib, soqchilar yetib kelishidan bir necha soniya oldin zulmat ichiga, Cheksiz o‘rmon bag‘riga singib ketdi.
Ko‘p soatlardan so‘ng, Theon chidab bo‘lmas og‘riq va olovli issiqdan ko‘zlarini ochdi. U saroy zindonida emas, balki quruq o‘tlar va turli shifobaxsh giyohlar isi anqib turgan kichik o‘rmon kulbasida yotardi. Yelkasidagi jarohat o‘ralgan, ustiga yovvoyi o‘tlardan tayyorlangan malham surtilgan edi.
O‘choq yonida qora kiyim kiygan, yuzida bo‘ri jamoasining qadimiy chiziqlari bo‘lgan yosh yigit turardi. U Theonning o‘ziga kelganini ko‘rib, ohista yaqinlashdi va yog‘och idishdagi suvni uzatdi.
— Qimirlama, jangchi, — dedi yigit vazmin va bo‘g‘iq ovozda. — Jarohat chuqur. Agar men seni u yerda qoldirganimda, qirolingning itlari allaqachon jonsiz tanangni taxt poyiga olib borishgan bo‘lardi.
Theon qiyinchilik bilan suvni icharkan, qarshisidagi mavjudotning tabiatini darhol angladi — uning ko‘zlari va harakatlarida bo‘rining yashirin kuchi sezilib turardi.
— Nega meni qutqarding? — pichirladi Theon, o‘ng qo‘lini zo‘rg‘a qimirlatib. — Men sizlarning dushmaningizman.
— Sen o‘sha tunda biznikilarni o‘ldirishing mumkin edi, lekin qonunga sodiq qolding, — yigit o‘choqqa yana bir necha shox-shabba tashladi. — Mening ismim Kay. Va men bu bema’ni urushlardan to‘yganman. Hozircha shu yerda qolasan, senga Anruin saroyidan ko‘ra bu yer xavfsizroq.
Theon shiftga tikilgancha yana xotirjam nafas oldi. U tirik edi. Demak, Freya va Rivenning sirini himoya qilish, bu zanjirning davomini yozish uchun unga hali imkoniyat berilgan edi
11-BOB
Quyosh botishi dengiz uzra qonli va oltin rangli chiziq tortgan edi. Leviatan to‘lqinlarni yorib, to‘xtovsiz olg‘a intilar, kapitan xonasining oynasidan esa bu manzara g‘oyatda go‘zal va sokin ko‘rinardi. Freya deraza yonida turgancha, ufqda so‘nayotgan nurga qarab xayol surardi. Uning oppoq toza ko‘ylagi bamisoli dengiz ko‘pigidek nafis, ammo nigohida haligacha o‘sha noma’lum tunning og‘irligi sezilib turardi.
To‘satdan uning yelkasiga kimdir yengilgina va issiq choyshab yopdi.
Freya cho‘chib o‘girildi. Qarshisida unga qarab vazmin va samimiy jilmayib turgan Riven turardi. Qaroqchining yuzidagi o‘sha odatiy shafqatsiz niqob hozir yo‘qolgan edi. Freya unga qisqa qarab qo‘ydi-da, indamay yana derazadan tashqariga, dengizga qarashda davom etdi.
— Kuch to‘plashingiz kerak, malikam.— dedi Riven xonaning o‘rtasidagi yog‘och stol tomon yurib. U stol ustiga likopchada yangi pishirilgan, bug‘i chiqib turgan mol go‘shtini qo‘ydi.
Freya stol tomonga qayrilib ham qaramadi. U hech qachon go‘sht yemagan, go‘sht hidi kelganda doim ko‘ngli aynir, saroy tabiblari buni uning "insoniy nozikligi" deb baholashgan edi. Ammo hozir vaziyat mutlaqo boshqacha edi. Otasi bergan dorining ta’siri vujudidan butunlay chiqib ketgani sayin, ichidagi yirtqich uyg‘onib borardi.
Issiq go‘sht isi xonaga tarqaldi. Bu hid kutilmaganda Freyaning burniga urildi. Bu aqldan ozdiruvchi shirin bir hid edi.
Freya beixtiyor stolga yaqinlashdi. Uning barmoqlari titrab, go‘shtdan kichik bo‘lak uzib oldi-da, og‘ziga soldi. O‘sha soniyada qizning yuzida shu paytgacha hech kim ko‘rmagan, hayotidan cheksiz mamnun bo‘lgan go‘zal va yoqimli bir jilva paydo bo‘ldi. U go‘yo umrida birinchi marta haqiqiy lazzatni totib ko‘rgandek edi. Freya o‘zini tiya olmay, bir pasda likopchadagi hamma go‘shtni paqqos tushirdi. Uning tomirlarida g‘alati bir quvvat va issiqlik yugurgandi.
Riven bu manzarani chetdan turgancha hayrat bilan kuzatib turardi. Qaroqchi kapitan umrida ko‘plab ayollarni, aslzoda xonimlarni ko‘rgan edi, ammo ularning hech biri mana bu qizdek uning e'tiborini tortmagandi. Qizning lablari chetida qolgan go‘sht sharbati, yonoqlarining biroz qizarishi qizni butunlay boshqa insonga aylantirgandi. Uning nigohlari kutilmaganda yumshab, malikadan uzilmay qoldi.
— Avval hech go‘sht yemaganmisan? — deb so‘radi kapitan ovozini biroz pasaytirib.
Freya unga javob bermadi. Faqat dastro‘mol bilan lablarini artarkan, sekingina "yo‘q" degandek bosh silkitdi.
Rivenning lablarida yengil va samimiy bir kulgi yugurdi. U hayotida ko‘plab xavfli vaziyatlarni ko‘rgan, ammo taxt vorisi bo‘lgan malikaning mol go‘shtini bir pasda paqqos tushirib, keyin esa go‘dakdek aybdorona bosh egib turishi uni rostdan ham hayron qoldirgandi.
— Qiziq, — dedi Riven stol chetiga suyanib, ko‘zlarini qizdan uzmay. — Anruin saroyida malikalarni faqat havo va gul suvi bilan boqishadi deb o‘ylardim. Sen esa haqiqiy jangchilardek yeding.
Freya uning bu gapidan biroz xijolat bo‘ldi, yonoqlariga yengil qizillik yugurdi. Biroq ichidagi o‘sha g‘alati, dori to‘xtagandan keyin uyg‘ongan kuch unga yangi bir qat’iyat bergandi. U boshini baland ko‘tarib, Rivenning nigohiga tik qaradi.
— Men ojiza emasman, kapitan, — dedi u ovozini jiddiy qilib. — Faqat... ilgari go‘sht hididan ko‘nglim aynirdi. Bugun esa nega bunday bo‘lganini o‘zim ham tushunmayapman.
Rivenning nigohi biroz jiddiylashdi. U Theon bilan ko‘p yillik do‘st edi va qirollik ovchisining nega bunday daxshatli xavfga qaramay, bu qizni shaxsan qutqarganini endi teranroq anglay boshladi. Bu qizda oddiy insonlarga xos bo‘lmagan, yashirin va jozibali, ayni paytda vahimali bir kuch bor edi.
Shu payt xona eshigi ohista taqillab, Anna kirdi. Uning qo‘lida Freya uchun toza choyshablar bor edi. Anna xonadagi iliq va bir oz tarang muhitni sezdi, ko‘zlari darhol akasi Riven va Freya o‘rtasida ko‘chdi. U Theondan hali ham xavotirda bo‘lsa-da, malikaning o‘ziga kelganini ko‘rib biroz tinchlangandi.
— Aka, yigitlar yo‘nalish haqida so‘rashyapti, — dedi Anna sekin gapirib.
Riven chuqur nafas oldi. U Freya tomonga so‘nggi bor uzoq va ma’noli tikilib oldi-da, bosh kiyimini to‘g‘riladi.
— Men palubaga chiqaman. Sen esa malikaga dam olishi uchun sharoit qilib ber, — Riven eshik tomon yurar ekan, to‘xtab, ortiga o‘girildi. — Yaxshilab dam ol, Freya. Ertaga biz butunlay boshqa dunyoda bo‘lamiz.
Riven xonadan chiqqach, tungi dengiz shabadasini qarshiladi. Uning yuragi odatdagidan tezroq urardi. U Leviatan kapitani edi, ammo bu safar o‘z kemasida faqatgina qirolning qizini emas, balki uning shaxsiy dunyosini ostin-ustun qilayotgan bir tuyg‘uni ham olib ketayotgan edi.
12-BOB
O‘rmon ichkarisidagi kichik kulbada faqatgina o‘choqdagi shox-shabbalarning qarsillab yonishi va tashqarida tinmayotgan tungi yomg‘ir ovozi eshitilardi. Kay tayyorlagan yovvoyi giyohlar malhami Theonning o‘ng yelkasidagi shiddatli og‘riqni biroz bosgan bo‘lsa-da, jangchining vujudi hamon shafqatsiz olov ichida yongandek edi. Bo‘ri-odamning tish izlari oddiy jarohat emas — u inson qoniga yirtqichning qadimiy va og‘ir energiyasini joylab ketgan edi.
Theon ko‘zlarini ochib, zo‘rg‘a qaddini rostladi va tosh to‘shak chetiga o‘tirdi. U o‘zining kumush suvi yugurtirilgan pichoqlari va qora kamoni burchakdagi stolda, butun va xavfsiz turganini ko‘rib, biroz yengil tortdi.
O‘choq yonida o‘tirgan Kay o‘girilib, unga ma’noli tikildi. Uning ko‘zlari zulmatda xuddi yovvoyi hayvonnikidek sarg‘ish tusda yaltirab turardi.
— Sening o‘rningda oddiy askar bo‘lganida, allaqachon o‘sha jarlikda jon bergan bo‘lardi, — dedi Kay ovozini pastlatib. U yog‘och kosadagi achchiq damlamani Theonga uzatdi. — Ich buni. Ichingdagi bo‘ri zahri bilan kurashishga yordam beradi.
Theon kosani oldi-da, yuzini burishtirmay bir qultumda yutdi. Suyuqlik tomirlariga issiqlik bo‘lib yugurdi. U o‘zini asrab qolgan bu sirli yigitga tik qarab, sovuq ohangda so‘radi:
— Klaning sening bu yerda ekanligingni biladimi? Ular o‘rmondagi ovchini qidirishayotgandir.
Kay achchiq jilmaydi va boshini chayqadi:
— Ular faqat o‘sha malikani qidirishmoqda. Qirol uning qonini o‘rmonga ataylab tashlab ketgandi. Go‘yo kimdir bizning klan bilan vampirlar o‘rtasida yangi, yirik qirg‘inni boshlamoqchi bo‘lgandek.
Theon bu gapdan hushyor tortdi. U qirolning rejasini endi butunlay anglab yetayotgan edi. Qirol Freyani shunchaki sinash uchun emas, balki uning qonidagi gibridlik kuchi orqali bo‘rilar va vampirlarni to‘qnashtirish, bu orqali butun o‘rmonni qonga belab, o‘zining mutloq hokimiyatini o‘rnatish uchun bu o‘yinni boshlagan edi. Malika esa bu zanjirdagi eng baxtsiz qurbon edi.
— Men bu yerdan ketishim kerak, — Theon yelkasidagi og‘riqqa qaramay o‘rnidan turishga urindi.
— Hali juda erta, — Kay uning yelkasidan bosib, joyiga o‘tqazdi. Uning bo‘ri-odamga xos baquvvat barmoqlari jangchini qimirlashga qo‘ymadi. — Sen bu ahvolda shahar devorlariga yetib bormasdan, o‘z qirolingning qora soqchilariga yem bo‘lasan. Hozircha sening yagona najoting — shu o‘rmon va men.
Theon qora devorlarga tikilib, tishlarini qisdi. U tirik qoldi, ammo vaqt tobora kamayib borardi. Leviatan allaqachon Sho‘r dengiz bag‘rida suzmoqda, ammo qirolning navbatdagi shafqatsiz yurishi qachon sodir bo‘lishi hech kimga ayon emas edi.
13-BOB
Sho‘r dengizning qorong‘i va shiddatli to‘lqinlari ortida, oddiy insonlar ko‘zidan qalin tumanlar bilan to‘silgan boshqa bir dunyo yashiringan edi. Ertasi kuni tushdan keyin Leviatan oralarida afsona deb hisoblanadigan, faqat dengiz bo‘ronlaridan qo‘rqmaydigan jasurlar xaritaga tushira olgan Parilar oroliga yetib keldi.
Kema tumanlar qa’ridan sizib chiqqanida, palubadagilarning nafasi ichiga tushib ketdi. Orol go‘yo osmon va yer o‘rtasida muallaq turgandek, uning qirg‘oqlaridan shaffof va firuza rangli issiq buloq suvlari to‘g‘ri dengizga sharshara bo‘lib quyilardi. Havoda minglab mayda, nurlanuvchi kapalaklar uchib yurar, qadimiy daraxtlarning ildizlari va barglaridan zangori hamda binafsha rangli sehrli yog‘du taralardi. Bu yerda saroyning qora bazalt vahimasi ham, insonlar dunyosining chirkin qo‘rquvi ham yo‘q edi; faqat abadiy go‘zallik va xotirjamlik nafasi hukmron edi.
Freya hayrat ichida derazadan boshini chiqarib, bu mo‘jizaviy dunyoga tikildi.
Kema langar tashlashi bilan, daraxt shoxlaridan va gullar bag‘ridan shaffof, mayin qanotli yuzlab jozibali mavjudotlar — parilar uchib chiqa boshlashdi. Ular odatda insonlarga, ayniqsa qurollangan dengizchilarga yaqinlashishmasdi. Biroq parilar yillar davomida o‘zlariga yordam berib kelgan, dengiz sirlarini saqlab ularni himoya qilib kelayotgan qaroqchilar sardori — Rivenni juda yaxshi ko‘rishardi.
Parilar quvnoq va mayin ovozda kulishib, Rivenning boshi uzra aylanishdi, ba’zilari uning yelkasiga qo‘nib, xuddi qadrdon do‘stlardek salomlashishdi. Riven esa tabassum bilan ularga xushomad qildi. Oroldagi eng go‘zal va qadimiy parilardan biri, klan yetakchisi Rivenning qarshisiga keldi.
— Xush kelibsan, Leviatan kapitani, — dedi u ohangrabodek shirin ovozda. Uning nigohlari Rivenning ortida turgan, oppoq kiyimdagi malika Freyaga tushdi-da, biroz jiddiylashdi. Ammo Rivenga bo‘lgan ishonchi tufayli ortiqcha savol bermadi. — Uzoq yo‘lda charchagan bo‘lsangiz kerak. Orolimiz sizga vaqtinchalik boshpana beradi.
Parilar orolning eng baland nuqtasida, firuza sharsharaning shundoq yonida joylashgan, daraxtlar bilan uyg‘unlashib ketgan go‘zal va sokin kichik qasr-kulbani ularga vaqtinchalik joy qilib berishdi.
Riven Freyani shu uyga boshlar ekan, orolning sehrli nuri ostida qizning naqadar go‘zal bo‘lib ketganini kuzatib bordi. Jigarrangli sochlari quyosh nurida oltindek tovlanar, sutdek oppoq yuzlaridagi tabassum yuragida noma'lum hislarni junbushga keltirardi. Biroq Theonning taqdiri noma’lumligi hamon uning xayolini band qilib turardi.
14-BOB
Sehrli orolning binafsha rangli yog‘dusi xona ichiga tushib turar, firuza sharsharaning mayin ovozi tundagi taranglikni biroz bo‘lsa-da bosgandek edi. Biroq bu sokinlik aldamchi edi. Riven kapitan uchun ajratilgan xonada xaritani yig‘ishtirar ekan, uning yuzida har qachongidan ham qat’iy va qorong‘i bir qaror aks etgan edi.
Freya deraza yonida turib, uning har bir harakatini diqqat bilan kuzatardi.
Men ortga qaytaman, Freya, — dedi Riven to‘satdan xaritani stolga urib. U ovozini vazmin tutishga urinsa-da, ichidagi xavotirni yashirolmadi. — Theonni o‘sha o‘rmonda, itlarning o‘rtasida yarador holatda qoldirib ketolmayman. U mening do‘stim. Seni shu yerda, parilar himoyasida qoldiraman. Ular seni asrashadi.
Freya bir necha qadam tashlab, Rivenga yaqinlashdi. Uning nigohida kutilmagan bir qat’iyat va olov yonardi:
Yo‘q, Riven. Men ham sen bilan birga boraman. Meni bu yerda qoldirma, iltimos. Bu urush men tufayli boshlandi. Theon men uchun o‘zini qurbon qildi. Men saroyga qaytib, otam bilan yuzma-yuz gaplashishim kerak!
Riven qizning gapini oxirigacha eshitmadi. U shiddat bilan yaqinlashib, Freyaning yelkalaridan mahkam tutdi. Uning issiq nafasi va qat’iy nigohi qizning qarshiligini soniyalar ichida bostirdi.
Yo‘q, malikam, — dedi Riven ovozini pastlatib, ammo har bir so‘ziga ohang berib. Uning barmoqlari Freyaning yelkasida bir zum to‘xtab qoldi. — Sen u yerga borolmaysan. Anruin hozir qon va olov ichida. Sen o‘sha qora devorlar ichiga qadam qo‘yishing bilan qirolning askarlari seni tutishadi. Men seni o‘limga yetaklay olmayman. Shu yerda qolasan. Bu mening kapitanlik buyrug‘im!
Riven qo‘llarini sekin qo‘yib yubordi-da, ortiga o‘girilib xonadan chiqishga shaylandi. U kapitanning ortidan chorasiz va g‘azab aralash nigoh bilan qarab qoldi.
15-BOB
Riven ortiga qayrilib ham qaramasdan kapitan xonasini tark etdi. Uning har bir og‘ir va qat’iy qadami bu qarordan voz kechmasligidan dalolat berardi. Qaroqchilar sardori xonadan chiqishi bilan yuziga Parilar orolining shaffof va mayin shabadasi urildi, biroq bu go‘zallik uning ichidagi to‘fonni bosolmasdi.
U to‘g‘ri bandargohga, Leviatan bortiga qarab yo‘l oldi. Ammo u kemaga yetib bormasidan oldin, firuza rangli sharsharaning quyi qismida, nurlanuvchi daraxt soyasida orol parilarining klan yetakchisi uning yo‘lini to‘sdi. Parining shaffof qanotlari tunda binafsha rangda tovlanar, nigohida esa qadimiy mo‘jizalarga xos dono va chuqur bir tahlika bor edi.
Demak, qaytmoqchisan, Leviatan kapitani? — dedi pari ohangrabodek shirin, ammo jiddiy ovozda. — O‘sha qon va zulmat to‘la dunyoga, shundaymi?Men u yerda yaqin do‘stimni qoldirdim, — Riven to‘xtab, parining ko‘zlariga tik qaradi. Uning ovozi qat’iy edi. — Va u meni kutayotganini bilaman.
Pari unga yaqinroq uchib keldi, uning atrofidan taralayotgan sehrli zangori yog‘du Rivenning yuzini yoritdi. U boshini yuqoridagi qasr-kulbaga — Freya o‘tirgan xona tomonga ishora qildi:
Sen faqat do‘sting uchun qaytmayapsan, Riven. Yuragingning urishi buni fosh qilib qo‘yapti. Sen o‘sha qizning dunyosini, uning tabiatini himoya qilishni istayapsan. Ammo ogoh bo‘l: u qizning tomirlarida oqayotgan kuch nafaqat insonlarni, balki bu orolning sehrini ham parchalab tashlashga qodir. U ikki dunyo orasidagi muvozanatni buzuvchi gibrid. Uni bu yerda qoldirishing biz uchun ham xavfli.
Rivenning nigohi biroz sovuqlashdi, ammo ichidagi o‘sha yashirin tuyg‘u parining so‘zlaridan keyin yanada mustahkamlandi:
U shunchaki otasining shafqatsiz o‘yinidagi qurbon, xolos. Men unga shikast yetishiga yo‘l qo‘ymayman. Uni sizlarga omonat topshiryapman. Agar men qaytmasam... uni asrang.
Pari chuqur xo‘rsindi, uning qanotlaridan yaltiroq zar zarrachalari yerga to‘kildi:
Sening mardliging va bizga qilgan yaxshiliklaring hurmati, u bizning himoyamizda bo‘ladi, Riven. Yo‘ling bexatar bo‘lsin. Dengiz senga yo‘ldosh bo‘lsin.
Riven pariga qisqa ta’zim qildi-da, shiddat bilan kemaga qarab yurdi. Palubada uning ishonchli yigitlari va singlisi Anna shay bo‘lib kutishardi. Anna akasining yuzidagi ifodani ko‘rib, hammasini tushundi — Theonni qutqarish vaqti kelgandi.
Langarlarni ko‘taring! — Rivenning buyrug‘i paluba bo‘ylab aks sado berdi. — Biz shimolga, Anruin sohiliga qaytamiz!
Anna akasining yoniga kelib, uning qo‘lidan mahkam tutdi. Uning ko‘zlarida ham qo‘rquv, ham Theonning tirik qolishi mumkinligi haqidagi umid uchqunlari bor edi:
Aka... uni albatta olib keling. Unga biror gap bo‘lsa, men...Theon qattiq yong‘oq, Anna. U osonlikcha sinmaydi, — Riven singlisining sochlarini silab, tasalli berdi. — Lekin sen shu yerda, malikaning yonida qolasan. Parilar sizlarni himoya qiladi. Freyaga ko‘z quloq bo‘l.
Kema yelkanlari shabada bilan to‘lib, zangori va firuza rangli to‘lqinlarni yorib, oroldan uzoqlasha boshladi. Riven kapitan ko‘prigida turib, uzoqlashayotgan yashillik qa’riga qaradi. Orolning eng baland nuqtasidagi qasr-kulba derazasida malika Freyaning oq soyasi ko‘rinib turardi. U kemaning ortidan tikilib turardi. Riven ichida ilk bor do‘sti uchun xavotirdan tashqari, boshqa bir narsani — bir qizning xavfsizligini ta’minlash va uning yoniga eson-omon qaytish majburiyatini his qildi.
Leviatan Parilar orolini o‘rab turgan qalin sehrli tumanlar ichiga singib, ko‘zdan yo‘qoldi. Kapitan eng xavfli va qonli o‘yinning markaziga — Anruin qirolligining zulmatli qirg‘oqlariga qarab yo‘l oldi.
16-BOB
Leviatan oroldan uzoqlashib, sehrli tumanlar qa’riga singib ketganidan so‘ng, Parilar oroliga g‘alati, vazmin bir sukunat cho‘kdi. Qasr-kulba atrofidagi firuza rangli sharsharaning ovozi ham endi mayin emas, balki qandaydir ogohlantiruvchi ohangda jaranglayotgandek edi.
Klan yetakchisi bo‘lgan qadimiy pari Riven bilan xayrlashgach, sharshara bo‘yida yig‘ilgan boshqa parilar yoniga qaytdi. Ularning qanotlari bezovta hilpirar, zangori yog‘dulari tahlika ichida binafsha rangga o‘zgarib-tovlanardi. Ular tepadagi xonada yolg‘iz qolgan malika Freya haqida shivirlashardi.
Uning vujudidagi kuch shunchaki uyg‘onmayapti, u portlashga tayyor turgan yadrodek, — dedi parilardan biri ovozini pastlatib. Uning ko‘zlarida qo‘rquv bor edi. — U oddiy yarim-vampir emas. Uning onasi inson bo‘lgan bo‘lsa-da, qonida qadimiy aslzoda vampirning qoni oqmoqda. Agar u o‘z kuchini to‘liq anglab yetsa, butun dunyoni yakson qiladi.To‘g‘ri aytasan, — deb tasdiqladi klan yetakchisi, yuzini sharshara tomonga burib. — Qirol uning bu kuchidan qo‘rqqan va uni yo‘q qilishni istagan. Gibridlar boshqarib bo‘lmas sehrli quvvatga ega bo‘lishadi. Freya o‘zining shuncha yillik nafratini va vampirlik tabiatini bir vaqtda uyg‘otsa, dunyo tartibi buziladi. Undagi tavqilanat Rivenni ham yutib yuborishi hech gap emas.
Ayni shu daqiqalarda, sharshara ortidagi qalin butazorlar va qadimiy daraxt soyasida bitta sharpa qotib qolgandi. Bu Anna edi.
U Freya uchun sehrli gullardan choy tayyorlash maqsadida pastga tushgan edi. Biroq parilarning bu sirli pichirlashlarini eshitishi bilan uning qo‘lidagi gullar yerga to‘kilib ketdi.
Anna dahshatdan lablarini tishladi, tomirlarida qon muzlab ketgandek bo‘ldi. Freya oddiy inson emasmi? U gibridmi? Uning tomirlarida butun dunyoni va akasini halokatga yetaklaydigan daxshatli kuch yashiringanmi?!
Anna tepaga, qasr-kulbaning oynasiga qaradi. U yerda jim o‘tirgan va o‘zining asl tabiatidan bexabar bo‘lgan o‘sha nozik, go‘zal malika Freya endi uning ko‘ziga mutlaqo boshqacha — vahimali va sirli bir mavjudot bo‘lib ko‘rina boshlagan edi.
17-BOB
Leviathan Parilar orolini himoya qilib turgan sehrli tumanlar chizig‘idan chiqishi bilan, tabiat go‘yo o‘zining bor vahshatini qaroqchilar ustiga sochgandek bo‘ldi. Ochiq dengizda quyosh nuri butunlay yo‘qolgan, osmonni zulmatli va og‘ir qora bulutlar qoplagan edi.
Kutilmaganda dahshatli to‘fon boshlandi.
Dengiz to‘lqinlari ulkan tog‘lardek ko‘tarilib, kemaning taxta bortlariga shafqatsizlarcha urilardi. Dovul shunchalik kuchli ediki, Leviatanning yirik yelkanlari qarsillab yirtilish arafasiga keldi. Kema shiddatli shamol va girdoblar o‘rtasida o‘yinchoqdek u yoqdan-bu yoqqa chayqalardi. Yigitlar arqonlardan mahkam tutib, hayot-mamot jangi ichida baqirishar, ammo bo‘ronning vahimali ovozi hammasini yutib yuborardi.
Arqonlarni torting! Yelkanlarni tushiring! — Rivenning buyrug‘i momaqaldiroq ovoziga qorishib ketdi.
Kapitan shturvalni bor kuchi bilan ushlab turardi. Uning shamolda to‘zg‘igan sochlari va yuziga urilayotgan sho‘r dengiz suvi uning qat’iyatini sindira olmasdi. Biroq uning tajribali ichki sezgisi bu bo‘ronning oddiy tabiat hodisasi emasligini aytayotgan edi.
Kema navbatdagi ulkan to‘lqinning ustiga ko‘tarilib, so‘ngra shiddat bilan pastga daxshatli girdob ichiga qarab quladi. O‘ng bortdagi yog‘och poydevorlar qarsillab sindi.
Riven shturvalni mahkam qisarkan, ko‘z oldiga Parilar orolida qolgan o‘sha qiz — Freya keldi. Pari aytgan so‘zlar to‘fon shovqini ichida uning ongida qayta aks sado berdi: “U ikki dunyo orasidagi muvozanatni buzuvchi gibriddir...”
Riven tishlarini qisdi. Agar u hozir shu dengiz qa’rida halok bo‘lsa, Theon o‘sha o‘rmonda yarador holatda qolib ketadi, Freya esa abadiy quvg‘indiga aylanadi. Yo‘q, Leviatan kapitani o‘limga taslim bo‘lishga haqli emas edi. U bo‘ronning ko‘ziga tik qaradi va bor kuchi bilan kemani o‘sha quturgan girdoblar ichidan olib chiqishga intildi.
Leviathan kemasining palubasidagi har bir qaroqchi o‘lim nafasi shundoq bo‘yinlariga urilayotganini his qilardi. Ro‘parada shakllangan ulkan dengiz girdobi bamisoli yer qa’riga ochilgan daxshatli og‘izdek, yo‘lidagi bor suvni yutib, dahshatli vahima bilan aylanardi. Ekipaj a’zolari kemani burishga, bu ajal halqasidan qochishga urinib baqirishar, ammo bo‘ron shamoli yelkanlarni butunlay yirtib tashlashga shay edi.
Biroq Riven hech kim tasavvur ham qila olmagan, ahmoqona va jasoratli ishni amalga oshirdi.
U to‘fondan va quturgan girdobdan qochish o‘rniga, shturvalni bor kuchi bilan to‘g‘riga burdi. Kema shiddat bilan girdobning shundoq markaziga — qarama-qarshi yo‘nalishga qarab harakat qila boshladi.
Kapitan, nima qilyapsiz?! Bu o‘lim-ku! — birinchi yordamchi dahshatdan ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib baqirdi va Rivenning qo‘lidan shturvalni tortmoqchi bo‘ldi. Qaroqchilar orasida misli ko‘rilmagan vahima boshlandi. Ammo Riven uning ko‘kragiga qattiq urib, chetga uloqtirdi.Mahkam ushlang! — Rivenning ovozi bo‘ronning shovqinini yorib o‘tdi. Uning ko‘zlarida qo‘rquv yo‘q, faqat sovuq hisob-kitob bor edi. U ko‘p yillik dengizchilik sirlaridan habardor, bunday ulkan va sehrli girdoblarning chetki qismi kemani parchalab tashlaydi, ammo uning shundoq eng markazida — “bo‘ron ko‘zi” deb ataladigan nuqtasida bir necha soniyalik mutloq sukunat va pastga yo‘naltirilgan shiddatli oqim bo‘ladi. Qochishga urinish baribir halokatga olib kelardi, yagona chora — xavfning yuragiga sakrash edi.
Kema girdobning chetki aylanma devoriga urildi. Leviatan qarsillab, o‘ng tomonga deyarli to‘qson darajaga og‘di. Suv massasi palubani yutib yuborgudek bo‘ldi. Qaroqchilar baqirib, ko‘zlarini yumishdi.
Ammo keyingi soniyada mo‘jiza yuz berdi.
Kema girdobning shundoq markaziy nuqtasiga — o‘sha daxshatli og‘izning o‘rtasiga otilib kirdi. Bir lahzaga atrofni vahimali jimlik qopladi. Shamol ham, momaqaldiroq ham to‘xtagandek bo‘ldi. Leviatan girdobning ichki shiddatli oqim kuchi bilan xuddi kamondan otilgan o‘qdek, to‘fon chizig‘i ostidan teshib, girdobning narigi — bo‘ron tugaydigan xavfsiz qismiga daxshatli tezlikda chiqib ketdi!
Kema to‘lqinlar ustiga og‘ir va qattiq urilib tushdi. Bo‘ron va girdob endi ularning ortida qolgandi.
Riven shturvalni qo‘yib yubormay, og‘ir-og‘ir nafas oldi. Uning usti-boshi sho‘r suvga belangan, ammo lablarida qahramona jilmayish bor edi. U dengiz tarixida hech kim botina olmagan ishni qildi va o‘z ekipajini ajal changalidan olib chiqdi.
Yigitlar, palubani tartibga keltiringlar! — Riven ortiga, uzoqdagi qora bulutlarga qarab qo‘ydi. Uning yuragi hali ham tez urardi, ammo endi yo‘l ochiq edi. U Anruin qirg‘oqlariga, Theonning yoniga har qachongidan ham yaqinroq edi.
18-BOB
Kay tayyorlagan shifobaxsh malham va yovvoyi giyohlar damlamasi Theonning vujudidagi shafqatsiz olovni bo‘g‘ishga muvaffaq bo‘lgan edi. Theon ko‘zlarini ochganda, o‘choqdagi olov allaqachon so‘ngan, faqat cho‘g‘larning xira qizilligi kulba ichini zo‘rg‘a yoritib turardi.
Jangchi yelkasidagi chidab bo‘lmas zo‘riqishga qaramay, tosh to‘shakdan qaddini rostladi. Og‘riq hanuz butun tanasini simillatib qiynar, ammo bo‘ri zahri qonidan chekingan, ongi butunlay tiniqlashgan edi.
U kulbaning burchagida yuzini to‘sib, chuqur uyquga ketgan Kayga qaradi. Bo‘ri-odam tun bo‘yi uni poylab, isitmasi tushishini kutganidan charchagani ko‘rinib turardi. Theon shoshilmasdan o‘rnidan turdi, burchakdagi stolda turgan o‘zining kumush suvi yugurtirilgan pichoqlarini va qora kamonini beliga mahkamladi. Jangchi har doim o‘z burchining va erkinligining quli edi, u bir joyda uzoq o‘tira olmasdi.
U sekin eshikni ochib, tashqariga chiqdi.
Cheksiz o‘rmon uzra tong otgan, ammo qalin daraxt shoxlari orqali yerga faqatgina sovuq, kulrang yorug‘lik sizib tushardi. Havoda nam tuproq va tunda yopgan yomg‘irning og‘ir nafasi hukmron edi. Theon chuqur nafas olarkan atrofda nimadir o‘zgarganini darhol sezdi. O‘rmon o‘ta sokin — qushlar sayramas, hatto barglarning shivirlashi ham eshitilmasdi. Bu bo‘rilar yoki vampirlarning yaqin atrofda pistirmada turganidan dalolat beruvchi tikanli sukunat edi.
To‘satdan orqadan Kayning bo‘g‘iq ovozi yangradi:
Hali ketishga erta.
Theon ortiga o‘girilmasdan, qorong‘i butazorlar qa’ridan ko‘z uzmay javob berdi:
Men bu yerda qolib, senga ham xavf tug‘dira olmayman, Kay. Qirolning soqchilari baribir meni topishadi. Men shahar atrofidagi maxfiy darvozaga yetib olishim va nima sodir bo‘layotganini bilishim kerak.
Kay kulba ostonasiga chiqib, Theonning yarador yelkasiga ma’noli qaradi:
Sen saroyga emas, o‘lim zindoniga ketayapsan. O‘sha tunda yo‘qolgan malika tufayli klanlar hozir g‘azabda. Agarda sen o‘rmondan chiqsang, nafaqat qirolingning odamlari, balki klan yetakchilari ham seni tiriklayin g‘ajib tashlashadi.
Theon pichoqlarining dastasini mahkam qisdi. U Riven Leviatan kemasida malikani allaqachon xavfsiz joyga olib ketganini bilardi. Ammo u o‘z burchini oxirigacha yetkazishi, qirolning bu daxshatli o‘yinini va parlament sirlarini fosh qilishi shart.
Rahmat, Kay, albatta qarzimni qaytaraman.
Theon shoshilmasdan qalin daraxtlar orasiga qarab yurdi. Kay uning ortidan faqatgina og‘ir va tahlika to‘la nigoh bilan qarab qoldi. Anruinning eng sara ovchisi yana o‘z jang maydoniga — o‘lim va yolg‘onlar to‘la o‘sha qora bazalt devorlar sari yo‘l olgan edi.
19-BOB
Leviathan to‘fondan og‘ir shikastlangan bo‘lsa-da, Rivenning mahorati evaziga Anruinning eng chekka, kimsasiz qoyalari orasidagi maxfiy qirg‘oqqa kelib langar tashladi. Riven kema palubasini yigitlariga topshirib, o‘ng beliga to‘pponchasi va qilichini mahkamladi-da, yolg‘iz o‘zi Sherwood bag‘riga yo‘l oldi. Uning ichidagi o‘sha tinmayotgan xavotir uni do‘stini qidirishga majbur qilgandi.
U tun bo‘yi nam tuproq va chirigan barglarni bosib, Theon andaza olgan o‘rmon yo‘laklaridan yurib keldi. O‘rmon o‘ta sokin va tahlikali edi.
Theon esa yarador yelkasi simillab og‘riyotgan holda, shahar devorlariga olib boruvchi qadimiy yo‘ldan shoshilmasdan kelardi. Uning ko‘zlari toliqqan, ongi atrofni faqat dushmanlar bilan to‘la deb qabul qilayotgan edi.
To‘satdan, o‘sha mudhish tunda kiyik o‘ldirilgan qari emanning ro‘parasida butalar qarsillab, bir sharpa chiqib keldi. Theon uni qirolning yashirin soqchilaridan biri deb o‘yladi. U har qanday og‘riqni unutib oldinga otildi, kumush suvi yugurtirilgan o‘tkir pichog‘i zulmatda chaqnab, shiddat bilan Rivenning ko‘ksiga borib qadaldi.
Pichoqning uchi qaroqchining kiyimini yirtib, ko‘kragiga taqaldi, biroq Theon so‘nggi lahzada qarshisida kim turganini anglab, qurolini tushirdi.
Riven pichoqning sovuq uchiga va do‘stining qon to‘la ko‘zlariga qarab, bir muddat qotib turdi. Keyin esa uning yuzida har qachongidan ham quvnoq va samimiy jilmayish paydo bo‘ldi. U Theonni tirik topganidan cheksiz baxtiyor edi. Qaroqchi kapitan do‘stining bu shiddatli va kutilmagan hujumiga qarab, odatdagidek hazil aralash piching qildi:
Ey, do‘stim, mehmondo‘stliging har doimgidek ajoyib! Agar yana bir santimetr ichkariga kirganingda, keyingi safar senga yordamga keladigan odam qolmasdi!
Theon hayratdan qotib qoldi. U Rivenning bu quturgan bo‘ronlar va qirol soqchilari kezayotgan o‘rmonda yolg‘iz o‘zi paydo bo‘lganiga mutlaqo ishona olmayotgan edi. Uning qat’iy va sovuq yuzida taajjub aks etdi.
Riven?.. Sen bu yerda nima qilyapsan? — Theon atrofga qarab qo‘ydi-da, darhol eng muhim savolni berdi. Uning ovozida yashirin bir taranglik bor edi. — Malika qani? Freya xavfsiz joydami?
Riven do‘stining yarador yelkasidan oqayotgan qonga va shunda ham faqat malikani o‘ylayotganiga qarab, boshini chayqadi. Uning lablaridagi hazilomuz tabassum o‘rnini biroz jiddiy, ammo sinovchan nigoh egalladi.
Yo tavba... sendagi bu sadoqat hatto ko‘ppakda ham yo‘q, — dedi Riven pichoq uchidan bo‘shagan ko‘kragini silab. Uning ovozida ham achinish, ham pinhona bir hasad aralashgan edi. — O‘zing o‘lay deb turibsan-u, yana malika haqida so‘raysan-a? Shoshma... yoki uni sevib qoldingmi?
Theonning yuzidagi toshdek qotgan ifoda zarracha ham o‘zgarmadi. U pichog‘ini shiddat bilan g‘ilofiga qaytararkan, Rivenning ko‘zlariga sovuq va qat’iy tikildi. Uning lug‘atida “muhabbat” yoki “shaxsiy tuyg‘u” degan tushunchalar mutlaqo mavjud emas edi, ayniqsa, himoya qilinishi kerak bo‘lgan ob’ektga nisbatan.
Esingni yeganmisan, — dedi Theon ovozini har qachongidan ham pastroq va qat’iy qilib. — U — qirolning qizi. Mening vazifam uni tirik yetkazish edi, shaxsiy his-tuyg‘ularga berilish emas. Burch — men uchun hammasidan ustun. Endi savolimga javob ber: u qayerda?
Riven do‘stining javobidan ich-ichidan quvonganini o‘zi ham sezmay qoldi. U Theonning yelkasidagi chuqur bo‘ri tishlarining iziga qarab, vaziyatni yumshatish uchun do‘stining sog‘lom yelkasiga sekin urib qo‘ydi.
U xavfsiz joyda. Parilar orolida, Anna bilan birga, — dedi Riven ohangini jiddiylashtirib. — Ammo u yerda uzoq qololmaydi. Parilar menga u haqida shunday narsalarni aytishdiki, Theon... U qiz shunchaki malika emas. Uning qonida uyg‘onayotgan kuch bu dunyoni ostin-ustun qilib yuborishi mumkin. Qirol uni bejizga bu o‘rmonga, o‘lim tuzog‘iga otmagan.
Theon bu gaplarni eshitib, qoshlarini chimirdi. U Kayning kulbasida anglab yetgan daxshatli zanjirning qolgan qismlari ham endi birlashtirayotgan edi.
Demak, taxminim to‘g‘ri chiqibdi, — pichirladi Theon, Anruin tomondagi kulrang osmonga qarab. — Qirol gibridni yo‘q qilish orqali bo‘rilar va vampirlar klanini butunlay bir-biriga qirdirib, mutloq taxtni egallamoqchi. Va biz ayni shu rejaning markazidamiz.
To‘satdan, qadimiy eman daraxtining orqa tomonidagi qalin butalar orasidan qadam tovushlari va temir sovutlarning og‘ir shovqini eshitildi. Qirolning qora soqchilari mash’alalar bilan ularning izidan kelayotgan edi.
Temir sovutlarning og‘ir shovqini shundoq qari emanning ortidan eshitilishi bilan, Riven va Theon soniyalar ichida bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Bu yerda ortiqcha so‘zga hojat yo‘q edi — jang boshlangandi.
Qora soqchilar! — butalar orasidan mash’alalar yorug‘ligi otilib chiqdi va o‘nlab qurollangan qirollik askarlari ularni qurshab oldi. — Taslim bo‘ling, xoinlar!Men taslim bo‘lish so‘zini lug‘atimdan o‘chirib tashlaganman! — Riven qilichini g‘ilofidan sug‘urib oldi va daxshatli hayqiriq bilan birinchi kelgan askarning ko‘kragiga shiddatli zarba berdi. Po‘latlar to‘qnashuvi o‘rmon sukunatini parchalab yubordi.
Theon yarador o‘ng yelkasidagi chidab bo‘lmas zo‘riqishga qaramay, chap qo‘li bilan belidagi o‘tkir pichoqlarini havoda aylantirdi. U professional jangchi edi, jarohat uning tezligini biroz pasaytirgan bo‘lsa-da, shafqatsizligini zarracha kamaytirmagandi. U oldinga otilib, mash’ala ko‘targan askarning bo‘g‘ziga pichoq sanchdi va uning qurolini tortib olib, ikkinchi hujumchini yerga qulatdi.
Jang shiddatli tus oldi. Riven paluba janglarida toblangan chaqqonlik bilan qilich o‘ynatib, soqchilarning safini buzib yuborardi. Uning har bir zarbasi aniq va shafqatsiz edi.
Biroq askarlar juda ko‘p edi va ular qirolning maxsus tayyorgarlik ko‘rgan eng sara bo‘linmasi edi. Ulardan biri Theonning yarador yelkasini mo‘ljalga olib, og‘ir qilichini soldi. Theon zarbani zo‘rg‘a qaytardi, ammo jarohati qayta ochilib, plashini qonga bo‘yadi. U tizzalab ortga chekindi.
Theon! — Riven do‘stining og‘ir ahvolini ko‘rib, shiddat bilan uning ro‘parasini to‘sdi. U ikki nafar askarning zarbasini bir vaqtda qaytarib, ularni chalib yiqitdi. Keyin esa cho‘ntagidan to‘pponchasini chiqarib, qolganlarining ko‘kragiga qarata o‘q uzdi. O‘q ovozi o‘rmonda momaqaldiroqdek aks sado berdi.
O‘rmon tuprog‘i qora soqchilarning qoniga belandi. Riven yarador do‘stining sog‘lom yelkasidan ushlab, uni o‘rnidan turg‘izdi:
Theon! Chida do‘stim, faqat o‘lib qolma. Bo‘lmasa Anna meni o’ldiradi.
Rivenning bu gapidan keyin Theonning lablariga tabassum yugurdi. U hatto hayot-mamot daqiqalarida ham Rivenning hazil ortiga berkitgan o‘sha g‘amxo‘rligini, eng muhimi, uni kutayotgan Annaning ismini eshitib, ichidagi so‘nggi kuchini ham oyoqlariga jamladi.
Unday bo‘lsa, singlingning qotiliga aylanmasliging uchun... tezroq yugurishimiz kerak, Riven, — pichirladi Theon, tishlarini og‘riqdan qattiq qisib.
Ular tun bag‘ridagi o‘rmon yo‘laklari bo‘ylab, qorong‘i va tikanli butazorlarni yorib, bor kuchlari bilan maxfiy qirg‘oq tomon qochishda davom etishdi. Ortlaridan eshitilayotgan soqchilarning hayqiriqlari va o‘rmon itlarining vovullashi tobora uzoqlashib borardi. Riven do‘stini deyarli sudrab borar, har bir soniya ular uchun g‘animat edi.
Nihoyat, tun zulmatini yorib, Sho‘r dengizning sho‘rxok havosi va to‘lqinlarning og‘ir ovozi yuzlariga urildi. Qoyalar orasida tumanlar aro yashiringan qora kema — Leviatan ko‘rindi. Palubada shay turgan yigitlar kapitanning va yarador ovchining kelayotganini ko‘rib, darhol taxta ko‘prikni pastga tushirishdi.
Langarlarni ko‘taring! Yelkanlarni tushiring! Tezroq! — Riven bortga qadam qo‘yishi bilan baqirdi.
Theon palubaga yetishi bilan toshdek og‘ir tanasi bilan taxtalar ustiga yiqildi. Uning ko‘zlari xiralashib, ongi so‘nib borayotgan edi, ammo u kemaning zudlik bilan qirg‘oqdan uzoqlashayotganini va nihoyat najot topganlarini his qildi. Kema shiddat bilan yana o‘sha sehrli tumanlar qa’riga, Parilar oroli tomon yo‘l oldi.
Riven shturvalni birinchi yordamchisiga topshirib, Theonning yoniga tiz cho‘kdi. Jangchining o‘ng yelkasidagi jarohat o‘rmondagi to‘qnashuvdan so‘ng butunlay ochilib ketgan, qora plashi quyuq qon bilan ivigan edi.
Biz qaytyapmiz, do‘stim. Chida, Anna seni kutmoqda, — Riven Theonni kapitan xonasiga olib kirish uchun yigitlarini yordamga chaqirdi. O‘yin tobora xavfli va shafqatsiz tus olmoqda edi, biroq hozirgi yagona vazifa — taqdir zanjirining eng muhim halqasi bo‘lgan Theonni asrab qolish edi.
20-BOB
Leviathan dengiz girdoblari va qonli o‘rmon janglari ichida qolib ketgan ayni shu soatlarda, Parilar orolining afsonaviy muvozanatiga ilk bor sovuq va qorong‘i shubha soyasi tushgan edi. Firuza rangli sharsharaning mayin ovozi ham, havoda uchib yurgan nurlanuvchi kapalaklar ham endi avvalgidek xotirjamlik keltirmasdi.
Sharshara bo‘yida parilarning klan yetakchisidan daxshatli sirlarni eshitib qolgan Anna qasr-kulbaga qarab yugurdi.
Eshikni ohista ochib, kapitan xonasiga kirdi.
Freya hamon deraza yonida o‘tirgancha uzoq ufqqa tikilib turardi. Qiz go‘yo dengiz o‘rtasida sodir bo‘layotgan o‘sha daxshatli to‘fonni ich-ichidan his qilgandek bezovta edi. Dori ta’siri batamom tugagani sababli uning oppoq yuzida qandaydir yashirin, o‘tkir aslzodalarga xos mag‘rurlik belgilari bo‘rtib chiqa boshlagandi.
Anna unga yaqinlasharkan, qo‘lidagi choyshablarni stol ustiga qo‘ydi, biroq harakatlaridagi qaltirashni yashirolmadi. Uning ko‘zlari beixtiyor Freyaning nafis barmoqlariga va lablariga ko‘chdi. Parilar aytgan gaplar uning qulog‘ida tinmay aks sado berardi: “U ikki dunyo orasidagi muvozanatni buzuvchi maxluq...”
Anna? — Freya to‘satdan ortiga o‘girilib, unga tik qaradi. Uning ko‘zlari oy nuri ostida bir lahzaga qizg‘ish tus olgandek bo‘ldi. — Senga nima bo‘ldi? Nega mendan ko‘zlaringni olib qochyapsan? ... akang Riven qachon qaytadi?
Anna bir qadam ortga chekindi. U Freya bilan qanchalik qadrdon bo‘lishga urinmasin, hozir qarshisida Rivenni va ehtimol butun dunyoni halokatga yetaklashi mumkin bo‘lgan yirtqich turganini o‘ylash chidab bo‘lmas og‘riq berardi.
Bortda... bortda hammasi joyida, malika, — dedi Anna ovozi titrab. U sirni oshkor qilmaslikka urindi, ammo ko‘zlaridagi qo‘rquv va shubha Freyaning zukko nigohidan qochib qutulolmadi. — Riven tez orada Theon bilan birga qaytadi. Faqat... siz shu xonada qolishingiz kerak.
Freya qoshlarini chimirdi. U o‘zining vujudida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni va Annaning bu g‘alati, tahlika to‘la munosabatini ko‘rib, bu yerda o‘zidan yashirilayotgan juda katta sir borligini anglay boshladi.
21-BOB
Sehrli tumanlar parchalnib, Parilar orolining firuza rangli qirg‘oqlariga Leviatan kemasi shiddat bilan kirib keldi. Kema borti bo‘ron va po‘lat janglaridan qattiq shikastlangan, ammo uning qora yelkanlari mag‘rur hilpirab turardi.
Qasr-kulba derazasidan kemaning langar tashlaganini ko‘rgan Anna qo‘lidagi hamma narsani tashlab, bor kuchi bilan pastga, bandargohga qarab yugurdi. Uning ortidan malika Freya ham shoshilib chiqdi.
Kema taxta ko‘prigi tushishi bilan palubada Riven ko‘rindi. Uning usti-boshi sho‘r dengiz suvi va qurigan qon izlari bilan qoplangan edi. Ammo uning ortidan ikki nafar baquvvat qaroqchi yelkasiga suyangancha, o‘ng yelkasi oq mato bilan mahkam bog‘langan, yuzlari oqarib ketgan Theonni olib tushishayotgan edi.
Theon! — Anna faryod urib, bor kuchi bilan borib o‘zini yarador jangchining bag‘riga otdi. U qo‘rquv va cheksiz baxt to‘lqinida yig‘lab yuborgandi.
Theon yarador yelkasidagi og‘riqdan tishlarini qisdi, ammo chap qo‘li bilan Annaning yelkalaridan ohista quchdi. U qizni bag‘riga bosarkan qalbida xotirjamlik va yengillikni his qildi.
Men yaxshiman, Anna...— pichirladi Theon past ovozda.
Riven esa chetroqda turib, chuqur nafas oldi va nigohini ko‘prik ostonasida toshdek qotib turgan Freyaga qaratdi. Malika o‘zini asrash uchun jonini tikkan ovchining bu ahvolini ko‘rib, ich-ichidan larzaga kelgandi. Riven shoshilmasdan qizning yoniga yaqinlashdi.
Men va’damni ustidan chiqdim malikam, — dedi Riven ovozini pasaytirib, qizga yaqin kelarkan.
Freya Rivenning charchagan, ammo qat’iyatli yuziga qaradi. Ular bir-birlariga tikilib turishgan ayni shu soniyalarda, chetroqda Theonni quchoqlab turgan Anna parilarning daxshatli gaplarini eslab, malikaga yashirin va tahlika to‘la nigoh bilan qarab qo‘ydi. Dunyoni parchalashga qodir bo‘lgan gibrid kuchi va ularni qutqargan qaroqchilar... endi barchasi bitta nuqtada jam bo‘lgan edi.
Sehrli firuza sharsharaning sadosi va Kay bergan yovvoyi giyohlar malhamining ta’siri tufayli Theonning yarador yelkasidagi shiddatli og‘riq biroz chekindi. U ko‘zlarini ochganda, qasr-kulbaning keng va shinam xonasida yotardi. Derazadan Parilar orolining binafsha rangli sokin yog‘dusi tushib turardi.
U sal qimirlashi bilan, to‘shak chetida boshini qo‘ygancha uxlab qolgan Anna uyg‘onib ketdi. Qizning ko‘zlari hamon yoshli, ammo Theonning tiniq ko‘zlarini ko‘rishi bilan yuziga dunyodagi eng go‘zal jilmayish yugurdi.
Theon... o‘zingga keldingmi? — Anna uning sog‘lom qo‘lidan mahkam tutdi.
Theon quruq lablarini tishlab, ohista bosh silkidi. U darhol vaziyatni nazoratga olmoqchi bo‘ldi. O‘rnidan turib, devorga suyangan holda o‘tirdi. Shu payt xona eshigi ochilib, ichkariga jiddiy qiyofadagi Riven va uning ortidan mag‘rur, ammo ko‘zlarida xavotir yashiringan Freya kirib kelishdi.
To‘rtala qahramon ham endi bitta xonada yuzma-yuz turishardi. Sukunatni Theonning sovuq va qat’iy ovozi buzdi:
Vaqtimiz juda oz. Anruin shahrida o‘yin oxirgi nuqtasiga yetib keldi, — Theon to‘g‘ri Freyaga tik qaradi. U bu qizning vujudidagi sirni yashirgan bo‘lsa-da, qirolning rejasini endi ochiq aytishi shart edi. — Malikam, otangiz sizni xavfsiz joyga yubormagan. Saroy sizning qoningiz orqali bo‘rilar va vampirlarni to‘qnashtirmoqchi. Qirol parlament bilan til biriktirib, butun o‘rmonni qonga belashni va mutloq, shafqatsiz hokimiyatni qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. Siz esa bu rejaning markazidagi bosh qurbonsiz.
Freya bu gaplarni eshitib, go‘yo yashin urgandek qotib qoldi. U faxrlanadigan, uni jonidan ortiq ko‘radi deb o‘ylagan otasi aslida uni o‘lim zindoniga tashlaganini qabul qilish chidab bo‘lmas og‘riq berardi. Qizning tomirlarida dori ta’siri butunlay yo‘qolgani sababli, gibridlik quvvati junbushga kela boshladi. Uning ko‘zlari bir lahzaga qizg‘ish tus oldi, xonadagi havo og‘irlashdi.
Riven buni sezib, darhol Freyaning yoniga keldi va uning titrayotgan yelkasidan mahkam quchdi. U qizni bu haqiqat zarbidan asrashga intilayotgan edi.
Biz bu yerda yashirinib o‘tirolmaymiz, — dedi Riven Theonga qarab, ko‘zlarini esa Freyadan uzmay. — Agar qirol maqsadiga erishsa, nafaqat Anruin, balki bu sehrli orollar ham kulga aylanadi. Biz ortga qaytishimiz va bu rejaning tomirini bolta bilan kesishimiz kerak.
Theon bosh silkidi. Anna esa chetda turib, parilarning Freya haqidagi gaplarini esladi. U akasi Rivenning bu qizga naqadar bog‘lanib borayotganini ko‘rib, ich-ichidan xavotirga tushayotgan edi
Theonning so‘zlari Freyaning ongida butun hayotini kulga aylantirgan portlashdek aks sado berdi. Otasining xiyonati, yillar davomida ishonib kelgan yolg‘onlari va vujudidagi yashirin tabiat bir lahzada dahshatli g‘alayon ko‘tardi. Uning tomirlarida qon olov bo‘lib yugurdi, yurak urishi tezlashdi.
O‘sha soniyada Freya o‘z ongi ustidan nazoratni butunlay yo‘qotdi.
Insoniy nafrat va uyg‘ongan yirtqich quvvati birlashib, uning bor vujudini qonga bo‘lgan tashnalik egalladi. Qizning nafas olishi og‘irlashib, shaffof ko‘zlari qoraydi. Lablari chetidan o‘tkir tishlar bo‘rtib chiqdi.
Uni tinchlantirish uchun yelkasidan tutib turgan Riven nima sodir bo‘layotganini anglashga ulgurmadi. Freya kutilmaganda Rivanning bo‘ynidan tishladi.
Riven! — Anna qattiq qichqirdi.
Theon yarador yelkasini unutib shiddat bilan to‘shakdan otilib turdi, ammo vaziyat soniyalar ichida sodir bo‘lgandi.
Rivenning bo‘ynidan o‘tkir tishlar terini teshib kirishi bilan chidab bo‘lmas sovuq va og‘riq butun tanasiga tarqaldi. Biroq kapitan uni itarib tashlamadi, qilichiga ham yopishmadi. U Freyaning daxshatli azob ichida titrayotgan vujudini, o‘z tabiatidan qo‘rqib, aqldan ozayotgan o‘sha mag‘rur va nafis qizning ichki fojiasini his qildi. Qalbidagi noma’lum hislar o‘sha lahzada mutloq fidoyilikka aylandi. Riven baquvvat qo‘llari bilan Freyaning yelkalaridan mahkam quchdi, ko‘zlari og‘riqdan qisilsa-da, qizni o‘ziga yanada qattiqroq bosdi.
Freya... o‘zingni qo‘lga ol... — pichirladi Riven bo‘g‘iq ovozda, uning issiq inson qoni malikaning lablari aro quyila boshlar ekan.
Theon pichog‘ini sug‘urib, ularga yaqinlashdi, biroq Riven chap qo‘lini ko‘tarib, do‘stiga “tegma” degandek qat’iy ishora qildi. Xonadagi havo vahima bilan to’lib toshgan, gibridning ilk qon to’yishi Parilar orolining sokinligini abadiy parchalab yuborgan edi.
Rivenning qoni tomoqlaridan o‘tib, tomirlarida to‘lqinlanib oqqan sari, Freyaning ongini qoplagan qora parda to‘satdan yirtilib ketdi. Qizning ongini daxshatli va sovuq haqiqat egalladi. U ko‘zlarini ochib, lablaridagi qonni, o‘ng bo‘ynidan qon sizib turgan Rivenning holsizlanib borayotgan, ammo hamon mahkam quchib turgan baquvvat qo‘llarini ko‘rdi. U nima qilib qo‘yganini angladi. O‘zi nafratlangan, yillar davomida yo‘q qilishni istagan o‘sha maxluqqa aylanganini payqadi. U o‘z haloskorining qonini ichgandi.
Yo‘q... yo‘q! — Freya daxshat ichida baqirib, Rivenning quchog‘idan shiddat bilan ortga chekindi.
Uning shaffof ko‘zlaridan qon aralash daryo-daryo yosh quyila boshladi. U o‘zidan cheksiz darajada jirkanib, daxshat ichida xona eshigidan otilib chiqdi va sharshara ortidagi tik qoyalar tomonga qarab bor kuchi bilan yugurib ketdi. Hozir uning vujudida faqat bitta istak yonardi — ichidagi mana shu la’natlangan maxluqni, o‘z tanasini butunlay yo‘q qilish, o‘ldirish!
Qochib borarkan, uning ko‘z oldidan otasi bilan o‘tgan baxtli bolaligi, otasining uni bag‘riga bosib, peshonasidan o‘pgan daqiqalari birma-bir o‘ta boshladi. Bularning barchasi yolg‘on ekanligi, otasi uni shunchaki o‘yinchoq qilib o‘lim changaliga uloqtirgani qizning ruhini butunlay tilka-pora qilgandi.
Freya! — Riven bo‘ynidagi jarohatni qo‘li bilan qisib, gandiraklab bo‘lsa-da, qizning ortidan yugurdi. Uning ortidan Theon va dahshatga tushgan Anna ham qoyalar sari otilishdi.
Nihoyat, ular orolning eng chekka nuqtasidagi baland qoya yoqasiga yetib kelishdi.
O‘sha yerda, shamolda oq ko‘ylagi va to‘zg‘igan sochlari hilpirab, malika Freya turardi. Uning oyoqlari ostida tubsiz, quturgan to‘lqinli Sho‘r dengiz ummoni g‘o‘ldirab yotardi. Atigi uch qadamdan keyin u o‘zini shu tubsizlikka tashlab, bu bema’ni va qonli zanjirni abadiy uzishi mumkin edi.
Yaqinlashmanglar! — Freya ortiga o‘girilib, ularga qarab baqirdi, uning ovozida chorasizlik va daxshat bor edi. — Men maxluqman! Yashashga haqim yo‘q!
Riven bo‘ynidan oqayotgan qonga qaramay, bir qadam oldinga yurdi.
Tinchlan, Freya. Kel, gaplashib olamiz, — U sokin qadamlar bilan qizga yaqinlashib, uni tinchlantirishga urindi. Yo‘q, yaqinlashma menga! — deb qichqirdi Freya, ko‘z yoshlari yuzini yuvib.
Shu lahzada u muvozanatni yo‘qotib, ortga, chuqur jarga quladi. Qizning oppoq ko‘ylagi zulmatda xuddi uzilgan gulbargdek pastga qarab uchdi. Buni ko‘rgan Riven bir soniya ham ikkilanmasdan, uning ortidan tubsizlikka sakradi.
Riven!! — Annaning daxshatli faryodi qoyalar uzra aks sado berdi. Theon chap qo‘li bilan uni mahkam tutib qoldi, ikkalasining ham ko‘zlarida misli ko‘rilmagan dahshat qotgandi.
Yomon orzu, shafqatsiz taqdir va be shafqat o‘lim soniyalar ichida sodir bo‘ldi. Pastga qarab qulayotgan malika Freya o‘zini to‘lqinlar quchog‘iga topshirishga ulgurmadi. Uning nafis tanasi suv yuzasidagi beayov va shafqatsiz harsang qoyalarga shiddat bilan urildi.
Qarsillagan daxshatli ovoz o‘rmon sukunatini yorib o‘tdi. O‘sha soniyada okeanning firuza rangli toza suvlari qip-qizil qonga belandi. Parilar orolining afsonaviy go‘zalligi bir lahzada fojia maydoniga aylandi.
Riven havoda unga yetib ololmadi, ammo suvga tushishi bilan bor kuchi bilan qon isi anqiyotgan to‘lqinlar qa’riga sho‘ng‘idi. U dengiz bag‘ridan Freyaning jonsiz tanasini olib chiqdi. Qizning boshidan oqayotgan qon uning oppoq toza ko‘ylagini tamoman bo‘yab tashlagandi.
Sohilning nam qumlari ustiga yetib kelganda, Riven qizni o‘ziga keltirishga urinar, uning muzlayotgan yuzlaridan tutib, ismini takrorlardi:
Freya! Ko‘zlaringni och, Freya! Men shu yerdaman yoningdaman.! Eshitayapsanmi, malikam. — Rivenning ovozi yig‘i aralash titroq bilan qirg‘oq bo‘ylab aks sado berardi.
Shu lahzada, tepadagi qoyalardan yugurgancha Theon va Anna, ularning ortidan parilar yetib kelishdi. Parilarning zangori yog‘dusi sohilga tushishi bilan bir zumda so‘ndi, ularning qanotlari motam ramzi sifatida qora tusga kirdi.
Parilarning klan yetakchisi jonsiz yotgan Freyaning tepasiga keldi. U qizning peshonasiga shaffof barmoqlarini qo‘yib, chuqur va mungli xo‘rsindi:
Kechikdingiz, kapitan... Qiz o‘ldi. Uning vujudidagi na insoniy, na vampirlik tabiati bu zarbga chiday oldi. Endi uni qutqarib bo‘lmaydi. Uning ruhi bizni abadiy tark etdi, — dedi pari mungli ovozda.
Bu so‘zlar Rivenning ongiga urilgan so‘nggi zarba bo‘ldi. U qizni bag‘riga mahkam bosgancha, ko‘zlarini yerga tikdi. Uning yuzidagi o‘sha mag‘rur qaroqchining ifodasi butunlay yo‘qoldi, lablaridan g‘alati, vahimali kulgi otilib chiqdi. Riven butkul aqldan ozgan edi. U o‘z sevgisini topgan ayni shu orolda uni o‘z qo‘llari bilan o‘limga topshirgan edi.
Theon va Anna dahshat ichida unga qarab qotib qolishgandi. Endi bu fojia qirollik urushidan ham dahshatliroq nuqtaga yetib kelgan edi.
Parilar orolining binafsha rangli sohillarida o‘tkazilgan dafn marosimidan keyin, shafqatsiz qaroqchilar sardori Rivendan asar ham qolmadi. Uning ichidagi barcha insoniy tuyg‘ular, o‘sha samimiy kulgular Freyaning jonsiz tanasi bilan birga tuproqqa ko‘mildi. Riven butkul hissiz, muz kabi sovuq insonga aylandi. Uning muzlagan ko‘ksida faqat bitta narsa — butun vujudini kuydirayotgan shafqatsiz g‘azab va qasos olovi qolgan edi.
U Leviatan kemasining shturvaliga qaytganida, ko‘zlari qonga to‘lgandi. U Anruin qirolligini va malikani o‘limga otgan o‘sha iflos qiroldan hisob so‘rashga otlandi.
Riven, to‘xta! Ular seni o‘ldiradi! — deb baqirdi Theon uning yo‘lini to‘sishga urinib.Aka, iltimos, o‘zingizni qurbon qilmang! — Anna uning oyoqlariga yopishib yig‘ladi.
Ammo na Theon va na Anna uni to‘xtata oldi. Riven ularni ortda qoldirib, kemasini to‘g‘ri Anruin qirg‘oqlariga boshladi. Bu safar u shunchaki qaroqchi emas, balki qirollikning ajali edi.
Anruin shahriga bostirib kirganda, Riven hech kimga shafqat qilmadi. Qirollik soqchilari, parlament a’zolari va taxt aslzodalari — u butun mamlakatdan qonli qasos oldi, yo‘lida uchragan hammani qirib tashladi. Qora bazaltdan qurilgan saroy ko‘chalari bu safar vampirlarning emas, qirollik oilasining qoniga belandi. Saroy minoralari quyosh nurida endi qorayib emas, olov ichida yonib kul bo‘layotgan edi.
Nihoyat, Riven qon tomayotgan qilichini sudragan holda, taxt zalining eshiklarini buzib kirdi. Zal to‘rida, qora taxtda daxshat ichida titrab o‘tirgan qirolning ro‘parasiga yetib keldi. Rivenning g‘azabi har qanday jodudan ustun edi.
Riven shoshilmasdan qilichini qirolning bo‘g‘ziga taqadi va uning ko‘zlariga nafrat bilan tikilib, qizining ayanchli va daxshatli o‘limi haqida so‘zladi. Qirol o‘zining mutloq hokimiyat deb o‘ylagan rejasi qanday qilib o‘z qizining fojiasiga va qirollikning halokatiga olib kelganini eshitib, daxshatga tushdi. U qizini o‘z qo‘llari bilan o‘ldirganini angladi.
Rivenning yuzida so‘nggi bor daxshatli va sovuq bir jilmayish paydog bo‘ldi.
Rivenning yuzida so‘nggi bor daxshatli va sovuq bir jilmayish paydog bo‘ldi. U qilichini bor kuchi bilan qirolning yuragiga sancharkan, past va vahimali ovozda pichirladi:
— Jahannamga ravona bo‘l.
Qirol taxt poyiga jonsiz yiqildi.
EPILOG:
Yonayotgan taxt zalida sukunat hukmron edi. Faqat alangalanayotgan qora eman ustunlarining qarsillashi va devorlardan to‘kilib tushayotgan qora bazalt parchalarining ovozi eshitilardi. Anruinning barcha yolg‘onlari, zulmati va shafqatsizligi shu zaldagi qon ko‘lmaklariga qorishib ketgandi.
Riven qilichining dastasini qo‘yib yubormay, og‘ir-og‘ir nafas oldi. Uning usti-boshi dushmanlarining qoniga belangan, ammo ichidagi o‘sha dahshatli olov baribir so‘nmagan edi. Qasos olingan, mamlakat kulga aylantirilgan, biroq bu uning ko‘ksidagi chidab bo‘lmas bo‘shliqni to‘ldira olmadi. Freya endi yo‘q edi. Uning o‘sha yoqimli jilmayishi, parilar orolidagi sehrli tun — hammasi mavhumlikka yuz tutgandi.
Riven qon tomib turgan po‘lat tig‘ini qirolning ko‘kragidan sug‘urib oldi. U sekin zal markaziga yurib keldi va tiz cho‘kdi. Ko‘z oldida so‘nggi bor o‘sha nozik qizning cheksiz ummonga qulashidan oldingi nigohi jonlandi.
— Yoningga ketyapman, malikam... — pichirladi u xasta ovozda.
Qaroqchilar sardori, Leviatan kemasining afsonaviy kapitani Riven butun qirollikni yakson qilgan qilichini bor kuchi bilan o‘z yuragiga sanchdi.
Po‘lat uning baquvvat ko‘ksini teshib o‘tdi. Rivenning ko‘zlaridagi o‘sha so‘nggi to‘fonli g‘azab o‘rnini mutloq sokinlik egalladi. U taxt zalida, qora toshlar ustiga sekin yiqildi. U o‘z dunyosini ham, Anruinni ham o‘zi bilan birga tugatdi.
Olov butun saroyni qamrab oldi. Kul va zulmat barcha sirlarni abadiy yutib yubordi.
Final
Yillar o‘tdi.
Vaqt o‘zining shifobaxsh nafasi bilan Anruin qirolligining qonli jarohatlarini va olovda yongan ko‘chalarini sekin-asta davoladi. Saroyning qora bazalt devorlari endi qo‘rquv va yolg‘onlar sochmas, aksincha, adolat va yangi umid ramziga aylangan edi.
Vayronalar ichidan qayta qad ko‘targan muhtasham Anruin qirolligi o‘zining yangi qirol va qirolichasini kutib oldi. Taxtga sovuqqon, ammo adolatli jangchi Theon va uning nozik qalbli rafiqasi Anna o‘tirishdi. Ular Anruinni zulm bilan emas, balki qonun, xalqqa bo‘lgan cheksiz mehr va adolat bilan boshqarishdi.
O‘sha qonli va fojiali kunlardan yodgorlik bo‘lib qolgan, Rivenning afsonaviy Leviatan kemasi esa endi qaroqchilik ramzi emas, balki Anruin bortining eng buyuk ko‘rkiga, qirollik qudratining timsoliga aylandi. U dengiz qirg‘oqlarida mag‘rur to‘lqinlanib turardi.
Har safar odamlar Sho‘r dengiz sohiliga yaqinlashganda, ufqqa tikilib, Freya va o‘z sevgisi uchun butun boshli saltanatni yakson qilgan jasur qaroqchining mardligini eslashardi. Riven endi daxshatli qotil emas, balki qirollikni zulmat kishanlaridan qutqargan qahramon sifatida yodga olinardi. Xalq uning ismini qo‘shiqlar va afsonalarda hurmat bilan xotirlashardi.
Garchi Freya va Rivenning sevgisi bu dunyoda fojeali yakun topgan bo‘lsa-da, ularning qurbonligi evaziga tug‘ilgan yangi dunyo — abadiy yashashda davom etdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0