— Ustoz Ji, anavi qiz kim? — yigit eshik oldida turgan past bo‘yli oppoq ko‘ylak kiygan qora sochli yoqimtoy qizga ishora qildi.
— Bilmadim, — u eʼtiborsiz qoʻlqobini yechib, yelkasidagi sochiq bilan yuzidagi ter tomchilarini artdi. — Balki, yangi kelgandir.
Yigit bir tekis qadamlar bilan qizga yaqinlashdi va unga qatʼiy tikildi:
— Xayrli kun, xonim. Nima xizmat?
— Menga Ji Ho Jun kerak edi.
— Menman.
— Men Yoon Hainman. Siz bilan telefonda gaplashgan edik.
— Ha, esladim. Mashgʻulotlarni bugundan boshlaymizmi?
— Ha, tayyorman.
— Yaxshi... Qani, menga bitta zarba bering-chi. Boshlangʻich darajangizni bilmoqchiman.
— H-ha, xoʻp.
Qiz biroz dovdiragancha u uzatgan boks qoʻlqopini oldi. Biroq oʻng qoʻliga kiyishga kelganda bogʻichlari chalkashib, qiz asabiylasha boshladi. Buni koʻrgan yigit unga yaqinlashdi-da, jimgina qoʻlqopning chetidan ushlab, uni toʻgʻrilashga yordamlashdi. Oʻsha lahzada yigit qoʻlqop bogʻichini tortish uchun qizga biroz yaqinroq kelishiga toʻgʻri keldi va ularning nigohlari tasodifan toʻqnashdi. Oradagi masofa juda yaqinligi sababli qiz bir soniyaga nafas olishni ham unutgandek boʻldi, soʻng hijolatdan shoshib koʻzlarini olib qochdi.
— Qani, boshlang.
— Qarshilik qilmaysizmi?
— Yoʻq, qimirlamayman.
Qiz chuqur nafas oldi-da, bor kuchini toʻplab yigitning yuziga zarba berdi. Yigit bunday vaziyatni kutmagandi. Yosh qizning kuchiga yetarlicha baho bermagani sababli muvozanatni yoʻqotib, yerga yiqildi. Kamiga, burnidan ham qon oqib ketdi.
— Voy, kechirasiz! Ataylab qilmadim. Oʻzingiz aytganingizdek...
— Hammasi joyida, — u boshini silkitgancha qonagan burnini ushlab oʻrnidan turdi. — Qabul qilindingiz.
— Minnatdorman.
— Anavi yerda kiyinish xonasi bor. Tayyorlanib zalga chiqing.
— Xoʻp.
Qiz kiyinib zalga qaytib chiqdi. Ustozining yuzidagi jarohatni hali ham tozalamay, asabiylashib oʻtirganini koʻrdi. Oʻzi bilan olgan malham va bogʻichni olib, uning yoniga oʻtirdi.
— Yordam kerakmi?
— Oʻzim eplayman.
— Unaqaga oʻxshamaydi. Menga qarang-chi, — qiz uning qoʻlidagi spirtni olib, yuzini oʻziga qaratdi.
Yarani tozalab, malham surta boshladi. Yigit ogʻriqdan yuzini burdi. Qiz sekin oʻsha achishgan joyga pufladi:
— Biroz sabr qiling.
Yigit qizning koʻzlariga soʻzsiz tikilib turarkan, uning har bir harakatini kuzatdi. Odatda u begonalarga bunchalik eʼtibor bermasdi — mashgʻulotlar tugagach, oʻquvchisining ismini ham eslamay qoʻyardi. Ammo bu safar nimadir boshqacha edi. Qiz malham surtayotganda goʻyo oʻzining joni ogʻriyotgandek yuzini burishtirar, qoshlarini chimirardi. Shu oddiy mehribonlikning oʻzida yigit ichida allaqanday nomaʼlum tugʻyonni his qildi — bunga qadar hech kim uni bunday ehtiyotkorlik bilan davolamagandi.
— Ana boʻldi, — qiz ishini tugatib, jarohat ustiga mushukchali plaster yopishtirib qoʻydi.
— Rahmat.
— Axir meni deb jarohatlandingiz.
— Sizga past baho berganim uchun shunday boʻldi. Do Bon Sunning qarindoshimisiz?
— Do Bon Sun... Siz ham dorama koʻrasizmi?
— Ha, baʼzan singlim bilan tomosha qilaman.
Ikkisi ham birdan kulib yuborishdi. Soʻng yigit jiddiylashib gap boshladi:
— Nega aynan boksni tanladingiz? Qizlar uchun karate yoki jiujitsu yaxshi emasmi?
— Akrobatlardek sakragandan koʻra, bitta apperkat zarbasi bilan yiqitgan maʼqul.
Qizning kinoyali gapidan yigitning yuziga nim tabassum yugurdi:
— Sizga boksning keragi ham yoʻq ekan, musht tushirishni bilar ekansiz-ku.
— Men faqat oʻzimni himoya qilmoqchiman, xolos. Jamiyatda qiz bola boʻlib yashash oson emas. Erkaklarning sizga xuddi oʻz oʻljasini poylayotgan boʻridek qarashidan qutulish uchun ham, kechalari bemalol sayr qila olish uchun ham bu menga kerak.
Qizning yuziga choʻkkan mahzunlikdan yigitning qalbi ogʻridi. Bu soʻzlarni eshitib, u bir lahza jim qoldi — ichida notanish bir tuygʻu bilan olishardi: bu qizni endigina tanigani, hali unga bunday soʻz aytishga haqqi yoʻqligini bilardi. Ammo yuragidagi hissiyot aql bilan bahslashib, oxiri yutib chiqdi. Ichidagi kuchli hisni jilovlay olmay, uning koʻzlariga qaradi:
— Oʻsha jirkanch nigohlardan sizni oʻzim himoya qilaman.
— Nima? — qiz kutilmagan gapdan hayratlanib soʻradi.
— Baʼzida hayotingizda kimnidir uchratganingizda, ichingizda kichik bir chertish eshitiladi. Men bir qarashdagi sevgiga ishonmayman, ammo mana shu chertishga ishonaman.
Qizning yuragini toʻsatdan gurkiratib yuborgan bu soʻzlar yigit qalbining tub-tubidan chiqqani uning uyatchan nim tabassumi va hayajonli yuzidan sezilib turardi. Ammo qiz undan koʻprogʻini eshitishni xohlardi.
— Chertish? — qiz savol nazari bilan biroz qoshlarini koʻtarib, yigitni gapga tutdi.
— Ha... Men seni uchratganimda yuragimda paydo boʻlgan oʻsha chertish...
Qiz bir zum unga tikilib qoldi, soʻng lablarida asta tabassum yoyildi — u hali javob berishga ulgurmagan, ammo koʻzlaridagi yorugʻlik allaqachon javobni aytib qoʻygandi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
2Davomi yoʻqmi 🙃
Assalomu alaykum Yo‘q yakunlangan😊