Ba'zi insonlar hayotimizga shunchaki kirib kelmaydi. Ular qalbimizda iz qoldirish, bizga nimanidir anglatish uchun keladi. Gulim ham hali hayot unga qanday sinovlar tayyorlab qo‘yganini bilmasdi...
Uning o‘ziga yarasha orzulari, hech kimga aytmaydigan sirlari va yuragining bir chetida asrab kelayotgan umidlari bor edi...
Lilivelle degan go‘zal bir davlat bor edi. Uning eng maftunkor shahri Kalavien deb atalardi. Bu shaharda bahor hech qachon tugamas, ko‘chalar oq liliyalar bilan bezalar, kechalari esa osmon yulduzlarga to‘lib ketardi…
Gulim 18 yoshda edi. U Lilivelle davlatining go‘zal Kalavien shahrida yashardi. Uning uzun, to‘q jigarrang sochlari, katta va ma'noli ko‘zlari, sokin nigohi hamda beg‘ubor tabassumi bor edi. U ko‘p gapirishni yoqtirmas, ammo atrofidagi har bir narsani diqqat bilan kuzatardi.
Gulim oddiy, mehrga to‘la oilada ulg‘aygan edi. Otasi Kamron vazmin, kamgap va oilasini juda qadrlaydigan inson edi. Onasi Madina esa mehribon, dono va sabrli ayol bo‘lib, farzandlariga doimo yaxshi tarbiya berishga harakat qilardi. Akasi Jasur singlisini juda yaxshi ko‘rar, ba'zan uni hazillashib ranjitsa-da, doimo himoya qilishga tayyor turardi.
Gulim oilasining erkatoyi edi. U bolaligidan kitoblarni yaxshi ko‘rardi. Boshqa bolalar o‘yin bilan band bo‘lgan paytlarda ham u ertaklar olamiga sho‘ng‘ib ketardi. Yillar o‘tgan sari bu qiziqish yanada kuchaydi.
Uning o‘ziga xos odatlari bor edi. Har tong derazasini ochib, toza havodan bahramand bo‘lishni, bir piyola qahva bilan kundaligiga fikrlarini yozishni yoqtirardi. Oq nilufar gullari uning eng sevimli gullari edi. Yomg‘ir yog‘ayotgan paytda musiqa tinglash va tunlari yulduzlarni tomosha qilish unga huzur bag‘ishlardi.
Gulimning eng katta orzusi dunyoni ko‘rish, turli mamlakatlarga sayohat qilish, bilimli va yaxshi inson bo‘lib yetishish edi. Eng muhimi, ota-onasining faxriga aylanishni istardi.
Uning qalbida hali hech kimga aytmagan ko‘plab orzulari va sirli xayollari bor edi.
Gulim hali bilmasdi: hayot uning qarshisiga shunday insonni chiqaradiki, bu uchrashuv uning butun tasavvurini o‘zgartirib yuboradi...
Izohlar
0