1-BOB: Sirli Kulba
Ko'chada havo ajoyib edi. Osmonda bir dona bulut ham yo'q, moviy osmon bemalol koʻzga tashlanardi. Shu payt, koʻchaning oxirida joylashgan uylardan birining eshigi ochildi. Ichkaridan qahramon chiqib, atrofga razm soldi. Qarasa, tepalik ustida do'stlari - James, Benjamin va Harper suhbatlashib o'tirishardi. Do'stlari uni ko'rib, oldilariga chorlashdi.
U tepalikka chiqdi va do'stlari bilan koʻrishdi. Ular bir muddat gaplashib, kulishdi. Shu payt, James xuddi sirlarini oshkor qilayotgandek, shivirlab so'z boshladi:
James: — Eshitdinglarmi, bizning bu yerga yaqin atrofda la'natlangan kulba paydo bo'libdi...
Benjamin: — Qo'ysang-chi, James! Yana o'sha eski ertaklaringmi? Odamlar har doim bir narsani o'ylab topishadi. Qayerdan eshitding buni?
James: — Ertak emas! Kecha bobom aytib berdilar, u yerda avvallari g'alati ishlar bo'lganmish. Kimdir o'sha yerda yo'qolib qolgan, boshqasi esa aqldan ozgan deydi!
Harper: — Ha, men ham eshitgandim! Maktabda bolalar aytishardi, o'sha kulbaga yaqinlashgan har kimning orqasidan g'alati ovozlar kelarmish. Kechasi u yerdan chiroq ko'ringanmish ham!
Qahramon indamay ularni tinglab turardi. Ko'zlari porlar, yuzida esa ajib qiziqish aralash hayajon bor edi. Uning xayoli allaqachon o'sha kulba tomon uchgandek edi.
U: — Rostdanmi? Demak, u yerda haqiqatan ham nimadir bor ekan-da? Qayerda u kulba?
Benjamin: — Hoy, jinnilik qilma! Bu shunchaki eski xurofot. Yaxshisi, futbol o'ynaylik. Quyosh botmay turib bir o'ynab olaylik.
James: — Uni qidirib nima qilasan? O'zi qo'rqinchli joy. Eski fermer yo'li bor-ku, o'sha tomonda, ancha ichkarida. Juda ham tashlandiq joy ekan. Hatto qushlar ham yaqinlashmasmish.
Harper: — Bobomning aytishlaricha, u kulba o'z-o'zidan paydo bo'lgandek. Go'yo bir kechada yer ostidan chiqib kelganmish. Va uni qurgan odam ham g'alati bo'lgan ekan. Hech kim bilan gaplashmas, har doim qorong'i ishlar bilan shug'ullanarmish.
U bir nuqtaga tikilib qoldi. Do'stlarining gaplari uni yanada qiziqtirib yuborgandi. Qo'rquvdan ko'ra, noma'lumga bo'lgan intilish ustun kelardi.
U: — Qiziq... judayam qiziq.
Benjamin: — Qiziq narsa topmoqchi bo'lsang, kitob o'qi. Bu kabi joylarga yaqinlashma.
James: — Qo'yaver, Ben, balki uning o'zi birinchi bo'lib borib ko'rarmikan? Jasoratli bola-ku!
James kuldi, lekin qahramonning yuzida jiddiy ifoda bor edi. Uning ko'zlari allaqachon o'sha sirli kulba tomon yo'l olgandi.
Yoʻlga tushdi. Yurishni boshlagani sari atrofdagi uylar kamayib, ochiq maydonlarga chiqib oldi. Dalalar oralab ancha yo'l bosdi. Nihoyat, kulbaga yetib keldi. Bu paytda quyosh ufqqa yaqinlashib, osmonga to'q sariq tuslar yugurib ulgurgan edi.
U kulbaga tikildi. Ich-ichidan g'alati hislar qalqidi: qo'rquv aralash hayajon. Huddiki minglab chumolilar uning tanasidan bir varakayiga yurib o'tayotganday edi. Biroq qiziqish kuchliroq chiqdi. U kulbaga yaqinlashdi.
Uning ko'rgan narsalari
Uyning ko'rinishi chindan ham qo'rqinchli edi: taxtalari chirigan, devorlari qiyshaygan, derazalari sinib tushgan yoki yoʻqolgan.
U ichkariga kirdi.
Ichkarida atigi ikki xona bor edi. Ulardan biri ehtimol yotoqxona boʻlgan, chunki xona markazida chang bosgan, eski kravat turardi. Kravat deraza roʻparasida joylashgan. Yonida eski bir shkafcha va uning ustida tag'in bir tuvak bor edi. Gul esa allaqachon qurib ketgan, tuprog'i quruq.
Xonaning boshqa burchagida, devorga suyanib turgan eski kitob javoni bor edi. U yerda faqat ikkita kitob qolgandi. Ammo u ularni ochib ko'rishni istamadi.
Xonaning markazida esa qizil naqshli gilam. Unga qaraganda, gilam tagida nimadir bor degan gumon uyg'onardi. Lekin bu safar u bunga e'tibor bermadi. Kravat yonida shamdon yiqilgan edi.
U boshqa xonaga o'tdi. Bu xona ovqatlanish xonasi bo'lishi kerak edi. Xonaning o'rtasida chang bosgan, to'rt stul o'ralgan stol turardi. Stol usti shu qadar chang bosgan ediki, oddiy artish bilan tozalab bo'lmasdi.
Boshqa hech narsa yo'q. Faqat bir eski shkaf, ehtimol muzlatkich o'rnida foydalanganlar. Bunday shkafda uzoq muddat mahsulot saqlab bo'lmasdi. Demak, bu yerda kimdir faqat bir kunga kelgan yoki yakkamoxov yashagan.
Xonaga faqat deraza orqali yorug'lik tushardi.
U tashqariga chiqdi. Quyosh botib bo'lgan edi, ammo u kulbaning orqasiga ham o'tib ko'rmoqchi bo'ldi.
U yerda yerosti yo'li bor edi. Eshik ochiq edi. U sekinlik bilan zinapoyalardan pastga tusha boshladi. Zinalar g'irchillab, har bir qadami go'yo yer osti sirlarini ochayotganday edi.
Bir necha qadam o'tgach, u narigi tomonda yonib turgan yorug'likni ko'rdi. U boshqa joylarga qaramadi, faqat o'sha nurga tortildi. Ichidan shubha uyg'ondi: Men bu yerga nega ketayapman? Bu kulba haqida yomon gaplar yuradi-ku. Ehtimol, bu xavfli. Ammo... agar bu narsa muhim bo'lsa-chi? U yerda nima bor? Nega odamlar bu joyni la'natlangan deyishadi?
Bu o'ylar bilan u zinalardan ko'tarilib, yorug'lik tomon yo'l oldi.
Tashqariga chiqqanida esa... butunlay boshqa joyda edi.
Atrof qalin, sero'st oʻrmon. Daraxtlar g'oyatda baland va siyrak. Lekin kulba atrofi butunlay boshqacha: faqat past o'simliklar. Bu manzara uni hayratga soldi.
G'alati o'rmon ichida
U tashqarida edi. Lekin bu joy u tug'ilib o'sgan joy emasdi. Atrofini yam-yashil o'rmon, begona daraxtlar va g'alati qushlarning ovozi qamrab olgan edi. Hamma narsa g'alati edi: yer, havo, hatto quyoshning yorug'ligi ham tanish emas. Nafaqat joy, hatto vaqt ham o'zgargandek tuyulardi. Ich-ichidan bir narsa shivirlayotganday edi: "Bu yer boshqa..."
U yurishni boshladi. Orqaga qaraganida kulba endi ko'rinmas edi, daraxtlar uni yutib yuborgandi. U chuqur nafas oldi, ammo oʻzi ham sezmay yuragi bezovtalikdan tez ura boshladi. Qushlarning sasi tobora balandlasha borar, ammo ular odam qulog'i o'rganmagan ohanglarda chiyillardi — go'yo ataylab bezovta qilayotganday.
Bu joy... bu joy o'zi qayer? Yer to'ladan o'tgach, qanday qilib bunday joyga tushish mumkin?..
To'satdan atrofga g'oyat yoqimli, hatto kishini oʻziga tortuvchi hushbo'y hid taraldi. U beixtiyor chuqur nafas oldi.
Gullar yo'q-ku... bu hid qayerdan kelmoqda?
Ammo keyingi lahzada u bir narsani esladi. U eshitgan edi: o'rmonda agar gullar ko'rinmasa-yu, lekin shunaqa shirali, aldovchi hid paydo boʻlsa — bu xavf belgisi. Chunki ba'zi o'simliklar, zaharli gazlar, hatto murdalar ham shunday hushbo'y hid taratishi mumkin. Va agar murda shu yerda bo'lsa... demak uni yeb ketuvchi mavjudot ham uzoqda emas.
U hushyorlik bilan yurishda davom etdi. Daraxtlar zichlashdi. Nihoyat, u ochiqroq maydonga chiqdi. Shu payt atrofda g'irchillagan tovushlar eshitila boshladi — go'yoki qurigan shoxlar ustidan kimdir sekin yurayotgandek. U qotib qoldi. Nafasi tezlashdi.
Bu tovushlarga endi g'alati ingrash qo'shildi — oʻziga xos, yoqimsiz. U qaradi. Daraxtlar orasida qorong'ulik qalinlashdi. Va shunda u ko'rdi.
Bu qushsimon maxluq edi. Ammo nimadadir u odamni eslatardi. U butunlay qora patlar bilan qoplangan edi. Ammo yuzi... yuzi odamga o'xshardi, lekin bu yuzdan nur emas, yovuzlik sachradi. Ko'zlari befarq, qora, ammo chuqur.
Qahramon o'sha ko'zga qarar ekan, o'zini g'oyatda yolg'iz, zaif his qildi.
Maxluq o'kirdi. Ovozi quloqni teshib o'tadigan, yurakka g'am soladigan tovush edi. Qahramon qimirlay olmadi. Ichkarida qochish istagi bor, lekin oyoqlari muzlagandek edi. U zoʻrgʻa orqaga qadam tashladi va qoqilib yiqildi.
Maxluq to'rt oyoqlab, katta og'ir tanasini sudrab, u tomon yugurib kela boshladi. Patlari bo'lsa-da, uchmasdi. Har qadamida yer titrardi. U yaqinlashib kelar, og'zidan qiyqiriqqa o'xshash ingrash chiqardi.
Qahramon yerda sudralib, bir narsaga tayanishga harakat qilardi. Shu payt koʻzi yerda yotgan boldir suyagiga tushdi. U suyakni qo'liga oldi. Maxluq unga yaqinlashganda, barcha kuchi bilan unga urdi. Suyak zarbi qahramonning qo'lini og'ritdi, ammo maxluq chinqirib to'xtadi, esankirab bir necha qadam ortga chekindi.
Qahramon qiynalsa ham, yana bir qadam orqaga siljidi. Lekin orqa tarafda nima borligini bilmas edi. Qadam qo'ygach, yer yo'qoldi — u qulab ketdi.
Qulash uzoq davom etmadi. Pastga tushganida tanasi yerga urildi. Og'riq bor edi, ammo tirik edi. Nafasini rostlab, osmonga qaradi. Daraxtlar tepasida qorong'ulik. Osmondan asar ham yo'q edi.
Shunda... tovush eshitildi.
Qadam tovushi. Og'ir, ammo sokin. Daraxtlar orasidan sochlari yo'q, past bo'yli, oddiy kiyingan kishi chiqdi. Yuzida hayotga befarqlik bor edi, ammo ko'zlarida... ko'zlarida chuqur bir tinchlik yashardi.
U qahramonning oldiga bordi, hech nima demadi. Tinchgina cho'kdi va qahramonning jarohatlariga qo'l tekkizdi. Uning qo'llari iliq edi. Unga hech qanday shoshqaloqlik xos emasdi.
So'ng sokin, ammo ohangdor tovushda shunday dedi:
"Bu dunyo sen ko'rganingdek bir hil emas. Eng muhimi — shoshilma."
Bu so'zlar qahramon qulog'ida uzoq aks sado berdi. U ko'zlarini yumdi... va hushidan ketdi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0