DENGIZDAN MAKTUBLAR
2-qism: Umar amaki
― ― ― ✦ ― ― ―
Qayerga boraman o'zi?
Xo'sh, menga aslida nima kerak?
Javob juda oddiy edi.
Tinchlik. Va dengiz.
Turkiyaning eng tinch hududi qayer ekanini o'ylarkanman, maktabdagi geografiya darsi esimga tushdi. O'shanda o'qituvchimiz Turkiyadagi kichik shaharchalar haqida gapirgandi.
Akyaka.
Dengiz bo'yidagi sokin shaharcha.
Ha. Aynan o'sha yerga boraman.
Shaharcha meni ilk ko'rishimdayoq o'ziga rom qildi. Tabiati juda go'zal edi. Dengizning moviyligi, yashil daraxtlar, sokin ko'chalar... Eng qizig'i, odamlari ham ko'zimga qandaydir tanish ko'rinardi. Go'yo men bu yerga birinchi marta kelmagandek.
Balki ba'zi joylarga odam ilk bor keladi-yu, lekin qalbi ularni avvaldan bilgandek bo'ladi.
Birinchi tunni kichkina mehmonxonada o'tkazdim. Ertasi kuni esa uy qidirishga tushdim.
Hayotning in'omini qarang-a...
Men aynan o'zim xohlagandek uyni topib qoldim. Shaharchadan biroz uzoqroqda, dengizning yonida joylashgan kichkina moviy kulba. Xuddi men tasavvur qilganimdek.
To'g'ri, kulbam shohona emasdi. Jihozlari ham ancha eski edi. Lekin bir qizning yolg'iz yashashi uchun kerak bo'ladigan hamma narsa bor edi. Oshxonasi, kichkina yotoqxonasi, derazalari va eng muhimi eshikdan chiqishim bilan dengiz ko'rinardi.
Narxi ham yaxshi edi.
Men ko'p o'ylamadim. Shu uy meniki bo'ladi.
Ilk qilgan ishim esa uyni tozalash bo'ldi. Eski mebellarni artdim, derazalarni ochdim. Dengizdan kelayotgan shamol xonaga kirib, pardalarni asta silkitardi. Uy hali menga begona edi, lekin negadir uni o'zimniki qilish juda oson tuyuldi. Go'yo bu uy meni anchadan beri kutib turgandek.
Kechga borib charchab, karavotga yotdim. Bir muddat shiftga qarab yotdim.
Keyin birdan bir narsani angladim.
Bugun kasalligim haqida umuman o'ylamabman.
Na operatsiya haqida. Na o'lim haqida. Na shifoxonadagi doktor haqida. Hech narsa.
Chunki men rostan ham baxtli edim. Shunchalar baxtli edimki, ich-ichimdan bu shaharchaga bekorga kelmaganimga ishonardim. Bu yerda hammasi yaxshi bo'lishiga ishonardim. Balki hayot menga yana bir imkoniyat bergandir.
Ertasi kuni uyning omboriga tushdim. Juda tor ekan. Lekin ancha narsa topdim. Eski idishlar, bir nechta stul, mayda-chuyda buyumlar va hatto...
Velosiped.
Voy, ayni muddao-ku! Endi shaharchaga piyoda borib yurmayman. Velosipedni artib, tashqariga olib chiqdim.
Shaharcha tomon ketarkanman, ko'zim do'konlardan birining oynasidagi oq rangli ko'ylakka tushdi. To'xtab qoldim. Ko'ylak juda chiroyli edi. Oddiy, lekin negadir ko'zimni undan uzolmadim.
Men bunaqa kiyimlarni umuman kiymasdim. Hamisha qora. Qora ko'ylak, qora shim, qora palto... Kecha chamadonimni yig'ayotganimda ham hamma kiyimlarim qora ekanini ko'rib hayron qolgandim.
Oq ko'ylakka yana bir bor qaradim. Olsam qanday bo'larkin? Bir necha soniya ikkilanib turdim. Keyin birdan qaror qildim. Olaman.
Go'yo bu oddiy ko'ylak emas, yangi hayotimdagi birinchi tanlovim edi.
Sotuvchi qizdan ko'ylakni oldim. Keyin undan yaqin atrofda kitob do'koni bor-yo'qligini so'radim.
Shaharchada faqat Umar amakining kitob do'koni bor, dedi u va yo'lni ko'rsatdi.
Kitob do'koniga kirishim bilan bu joy ham meni o'ziga rom qildi. Avvalo, eski kitoblarning hidi. Bu hidni juda yaxshi ko'rardim. Quyosh nurlari katta derazadan ichkariga tushib, havoda uchayotgan mayda chang zarralarini yoritib turardi. Devorlar bo'ylab kitob javonlari, turli xil kitoblar, eski muqovalar... Hammayoq top-toza edi. Bir necha soniya shunchaki atrofga qarab turdim.
Ichkaridan yoshi taxminan ellik beshlarga borib qolgan, o'rta bo'yli bir erkak chiqib keldi. Men ichimda: "Umar amaki degani shu bo'lsa kerak", deb o'yladim.
U menga iliq tabassum bilan qaradi.
― Xush kelibsan, qizim. Qanday kitob izlayapsan?
Amakining ovozi juda yoqimli edi. Negadir yuzim yorishib ketdi.
― Haligi... aynan bir kitob izlamayapman. Shunchaki qiziqroq nimadir olsam degandim.
― Tushunarli. Unda hozir senga bir-ikki kitob beraman.
U javonlar orasiga kirib ketdi. Bir ozdan keyin qo'lidagi kitoblar bilan qaytib keldi.
― Sayyohmisan? Oldin seni hech ko'rmagan ekanman. Bu yerlikka o'xshamaysan.
Men kulimsiradim.
― Ha, yo'q. Men sayyoh emasman. Bu yerga yaqinda ko'chib keldim. Istanbuldan keldim.
U menga biroz hayron qaradi.
― Istanbuldan?
― Ha. Dengiz bo'yidan uy oldim. Endi shu yerda yashamoqchiman.
Uning yuzida samimiy tabassum paydo bo'ldi.
― Shunaqa degin. Ajoyib-ku. Xush kelibsan unda. Xo'sh, mana bularni ko'rib chiq-chi.
Kitoblarni menga uzatdi.
Qiziq... Bu amaki ajoyib odam ekan. Chunki kelganimdan beri uchratgan deyarli hamma odam mendan bir xil narsalarni so'ragandi:
Nega Istanbulday katta shahardan bu kichkina shaharchaga ko'chib kelding?
Oilang qayerda?
Yolg'iz yashaysanmi?
Nega aynan Akyaka?
Lekin Umar amaki bularning hech biriga qiziqmadi. U shunchaki meni mehmon sifatida kutib oldi. Na ortiqcha savol berdi, na hayotimni surishtirdi. Go'yo mening qayerdan kelganim emas, bu yerga kelganimning o'zi yetarli edi.
Men unga qarab beixtiyor kuldim.
Ochig'i... Bu Umar amaki deganlari menga rosa yoqib qoldi.
Izohlar
1Sizga yangi bob yoqdimi? Fikrlaringiz men uchun muhim