DENGIZDAN MAKTUBLAR
1-qism — Aliyaning kasalligi haqida bilishi
Doktor gapirar ekan, uning aytganlaridan hech narsa qulog‘imga kirmasdi. Bir lahzaga hamma narsa men uchun to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Atrofimdagi ovozlar, xonadagi narsalar, hatto vaqtning o‘zi ham go‘yo qimirlamay qolgandi. — Meni eshityapsizmi, Aliya? Doktorning ovozi meni o‘zimga keltirdi. Unga qaradim. Birinchi bo‘lib tilimga kelgan savol ham o‘sha bo‘ldi: — Qancha... Yana qancha umrim qoldi, doktor? Doktor bir zum jim qoldi. Keyin ovozini imkon qadar sokin tutib dedi: — Aniq bir narsa deyolmayman. Zero, hammasi Allohning qo‘lida. Lekin operatsiya qilinsa, tuzalib ketish ehtimolingiz yuqori. Men bosh irg‘adim. Doktorga o‘ylab ko‘rib, xabar berishimni aytib, xonadan chiqdim. Shifoxonadan qanday chiqqanimni bilmayman. Go‘yo tanam bu yerdan chiqib ketgan, fikrlarim esa hali ham o‘sha xonada qolib ketgandek edi. Tashqariga chiqishim bilan qilgan ilk ishim osmonga boqib, to‘yib nafas olish
bo‘ldi. Bulutlar juda go‘zal edi. Qiziq... Men bu go‘zallikni oldin nega hech his qilmagan ekanman? Sohil bo‘ylab ketib borardim. Ishdan uyga qaytadigan vaqtim allaqachon bo‘lgandi, lekin nega hech kim telefon qilib, nega kech qolganimni so‘ramayapti? Axir men o‘lyapman-ku. Hozir shularni o‘ylashim kerakmi? Nima qilishni bilmasdim. Yigirma yil umrim davomida... yashadimmi o‘zi? Agar yashash deganda hayotdan chinakamiga bahra olishni aytishsa, yo‘q. Men hecham yashamadim. Bolaligimdan ilk maqsadim yaxshi o‘qish bo‘ldi. Ota-onam doim mendan katta natijalar kutishardi. Men ham tinimsiz o‘qib, ularni xursand qilishni istardim. Otam umrini ishiga, oilasi uchun yaxshi hayot yaratishga va yaxshi pul topishga sarflagan odam edi. Lekin shuni deb o‘zining yaxshi hayotini ham o‘tkazib yuborgandi. Onam esa odatiy ayollar kabi uy ishlari, pishir-kuydir bilan ovora edi.
Bolaligimda ular o‘zlari bilan ovora edilar. Keyin singlim tug‘ildi. U mendan butkul farq qilardi. Ota-onam uni boshqacha sevishdi. Men esa juda kamgap edim. Maktabda birorta ham yaqin do‘stim bo‘lmagan. Hatto singlim bilan ham ko‘p gaplashmasdik. Men o‘qishga kirdim. Keyin ishga. Xullas, oilam uchun tinimsiz harakat qilayotgan yosh qiz edim. Shu o‘ylar bilan uyga qanday kelib qolganimni bilmayman. Uyga kelsam, hamma mehmonxonada televizor ko‘rib o‘tirgan ekan. Onam menga bir qarab: — Keldingmi? Ovqat muzlatkichda, — dedi xolos. Nega kechikkanim haqida umuman so‘ramadi. Xonamga kirdim. Eshikni yopdim. Bir muddat shunchaki tik turdim. Xonam doim shunday rangsiz va qorong‘u edimi yoki hozir ko‘zimga shunday ko‘rinyaptimi? Karavotimga o‘tirib, uzoq vaqt jim qoldim. Xo‘sh, endi nima qilaman?
Oilamga o‘limim haqida qanday aytaman? Aytganim bilan bu ularga qiziqmi? Xo‘sh, operatsiyachi? Unga shuncha pulni qayerdan olaman? O‘zi operatsiya bo‘lishni istaymanmi? Orzularim bor edi mening ham. Lekin hech biri uchun harakat qilmadim. Shunchaki ota-onam belgilab bergan hayotni yashadim. Hamma orzularimni ichimga yutdim. Dunyo bo‘ylab sayohat qilishni istardim. Dengiz bo‘yidagi kichik bir uyim bo‘lishini. Ko‘plab kitoblarim bo‘lishini. Uy hayvonim bo‘lishini. Oddiygina... o‘zim xohlagan hayotni yashashni istardim. Shunaqa o‘ylar bilan uxlab qolibman. Tushimda dengiz bo‘ylab yugurayotgan ekanman. Egnimda oppoq ko‘ylak. Sochlarim shamolda hilpirardi. Tinmay kulardim. Juda baxtli edim. Hatto bir lahza: “Men o‘lib, jannatga tushdimmi?” deb o‘yladim. Keyin uyg‘ondim. Xona yana o‘sha xona edi. Devorlar o‘sha, deraza ortidagi shahar o‘sha. Lekin men avvalgidek emasdim. Va qaror qildim.
Buyog‘iga qancha umrim bo‘lsa ham yashayman. Haqiqatan yashayman. Ketaman. Bu shovqinli shaharni, meni tanimagan oilamni, hamma-hammasini tashlab ketaman. Sayohat uchun yig‘ayotgan pullarimni oldim. Chamadonimni ochib, kiyimlarimni sola boshladim. Qiziq... Kiyimlarim hammasi qora rangda ekan. Bir zum chamadonimga qarab qoldim. Go‘yo o‘zimni ilk marta tashqaridan ko‘rayotgandek edim. Xat yozsammi yoki indamay ketaymi? Yo‘q. Ularni xavotirga qo‘ya olmayman. Xat yozaman. Ularga biroz muddatga ishxonadan safarga yuborishganimni yozaman. Shu yetarli. Chamadonimni yopdim. Xonamga yana bir bor qaradim. Bu xona yigirma yil davomida mening dunyom bo‘lgan edi. Endi esa men o‘zim uchun boshqa dunyo izlamoqchi edim. Xayr.
Izohlar
0