Quyoshning zarhal nurlari xona ichiga tushib turardi. Myera terlab ketgan, chuqur-chuqur nafas olardi. U tushida nimalarnidir gapirardi.
Onasi xonaga kirib, uni uyg‘otdi. Myera birdan o‘rnidan sapchib turdi. Uning bu harakatidan onasi ham cho‘chib ketdi.
— Hoy, qiz, nima bo‘ldi yana? O‘sha bo‘lar-bo‘lmas narsalarni ko‘ryapsanmi? Sen aytganimga quloq solmaysan-da! Tur, qo‘l-yuzingni yuvib chiq. Nonushta tayyor. O‘qishga kech qolma!
Myera hali ham o‘ziga kelolmayotgandi. Tushida shunday zulmatga tushib ketgandiki, xuddi nimadir uni yutib yuborayotgandek edi. U bir necha soniya jim o‘tirdi.
— Yana o‘sha tushmi? — deb so‘radi onasi.
- Ha, oyijon. Lekin bu safar boshqacharoq edi.
— Mayli, keyin gaplashamiz. Hozir nonushta qil.
Myera o‘rnidan turib, yuz-qo‘lini yuvdi va nonushta qilish uchun oshxonaga chiqdi.
— Oyijon, nonushta uchun rahmat.
Bugun Myera uchun alohida kun edi. Uning universitetdagi ilk o‘qish kuni! U Tokio universitetining astronomiya va kosmologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirgan, buning ustiga grantni ham qo‘lga kiritgandi. Birinchi kurs talabalari orasida eng yuqori ball to‘plagan talaba — Myera Shizava edi.
Uning xarakteri ham o‘ziga xos edi. Ba’zan sho‘x, ba’zan o‘ychan, gohida esa shunchaki jim yurardi. Bir narsaga qiziqib qolsa, uning tagiga yetmaguncha tinchimaydigan odati bor edi.
Universitetning katta auditoriyasi talabalar bilan to‘la edi. Professor ma’ruza o‘qishni boshladi. Myera esa kechasi yaxshi uxlamagani sababli ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib o‘tirardi. Birozdan so‘ng u uxlab qoldi.
Tushida yana o‘sha zulmat paydo bo‘ldi. Ammo bu safar zulmat orasida qandaydir yorug‘lik ham ko‘rinardi. Myera qo‘rqib ketdi.
Shu payt zulmat ichidan sirli ovoz eshitildi:
— Myera! Myera! Orqaga qayt! Qayt!
— Kim bu? Qayerdasan?!
U atrofga qaradi, ammo hech kimni ko‘rmadi. Birdan Myera uyg‘onib ketdi.
Professor ko‘zoynagini to‘g‘rilab, unga qaradi.
— Myera Shizava! Birinchi kuningizdanoq uxlayapsizmi?
— Yo‘q, janob! Men uxlamagan edim!
— Yaxshi. Unda ayting-chi, men hozir nima haqida gapirayotgan edim?
— A-a... Hozirmi? Hozir qora tuynuklar haqida gapirayotgan edingiz, professor!
— Shunaqami? Men qora tuynuklar haqida ma’ruzaning boshida gapirgan edim. Hozir esa yechilmagan Iksient tenglamasi haqida gapiryapmiz. Uxlagandan ko‘ra ma’ruzani eshiting, Myera xonim!
— Men ma’ruzani eshitayotgan edim! Men bu tenglamani yecha olaman!
Auditoriya bir zum jim bo‘lib qoldi. Keyin talabalar kulib yuborishdi.
— Senmi? Sen-a? Buyuk Iksient tenglamasinimi? — dedi talabalardan biri.
— Uni hatto Eynshteyn ham yecholmagan, sen yecharmiding? — dedi boshqasi.
Auditoriyada kulgi va shovqin ko‘tarildi.
— Jim bo‘ling! — dedi professor. So‘ng Myeraga yuzlandi. — Xo‘sh, Myera xonim, keling, bizga yechib ko‘rsating!
Myera o‘rnidan turib, doska tomon yurdi. U tenglamaga bir muddat tikilib qoldi. So‘ng qo‘lini iyagiga qo‘yib, diqqat bilan yozuvlarni ko‘zdan kechira boshladi.
— Ustoz, qarang, bu yerda xatolik bor. Buni siz xato ko‘chirdingizmi yoki asl nusxada ham shunday yozilganmidi?
Professorning qoshlari chimirildi.
— Sen nimalar deyapsan? Men xato yozamanmi? Hech qachon! Bu tenglama aslida ham shunday yozilgan.
Myera yana doskaga qaradi. Bir necha soniya o‘ylanib turdi.
— Aha! Ustoz, mana bu joyida xatolik bor!
U doskadagi bir qismni ko‘rsatdi.
— Bu yerda h ning qiymati noto‘g‘ri olingan. Siz uni boshqa qiymat bilan hisoblagansiz. Aslida esa h=1 bo‘lishi kerak.
Professor unga ishonqiramay qaradi.
— Nima? Buni qayerdan olding?
Myera doskaga yana bir nechta yozuvlarni tushirdi. U hisob-kitoblarini davom ettirdi va oxirida tenglamaning yechimini ko‘rsatdi.
Auditoriya jimjit bo‘lib qoldi. Professor doskaga yaqinlashdi. U yozuvlarni diqqat bilan tekshira boshladi. Bir necha soniyadan so‘ng boshqa professorlarga qaradi.
— Sizlar ham bir qarab ko‘ringlar.
U auditoriyadan chiqib, boshqa olimlarni chaqirish uchun ketdi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, bir nechta olim auditoriyaga kirib keldi. Ular doskaga qarashlari bilan hayratdan to‘xtab qolishdi. Butun auditoriya jimjit edi. Hamma nima bo‘lishini kutardi.
Olimlardan biri doskaga yaqinlashib, Myeraga qaradi.
— Siz h ning 1 ekanligini qayerdan oldingiz?
Myera unga qaradi. Bir zum jim turdi.
— Men shunchaki tenglamaning shu qismida boshqa natija chiqayotganini payqadim. Keyin hisoblab ko‘rdim. Agar h=1 deb olsak, qolgan qismlar ham bir-biriga mos keladi.
Olimlar bir-birlariga qarashdi.
— Bu juda qiziq... — dedi ulardan biri.
Professor esa hali ham doskadan ko‘zini uzolmay turardi. Myera nima bo‘layotganini to‘liq anglamasdi. U shunchaki o‘zi payqagan xatolikni ko‘rsatgandi, xolos.
Hozirgina yillar davomida yechilmagan ilmiy muammoning eshigini ochgan bo‘lishi mumkin edi.
Izohlar
0