Yuna okeanning qoq o‘rtasida bemalol suzib, atrofini o‘rab turgan salqin suvning huzurini his qilib, maza qilayotgan edi.
Birdan osmonni qora bulutlar qopladi.Shamol tobora kuchaya boshladi.
Ulkan to‘lqinlar Yunaning atrofida qarsillab urila boshladi.
Shu payt suv ostidan akulalar suzib chiqib, unga qarab yaqinlasha boshladi.
Yunaning yuragi gursillab ura ketdi.
U qochishga harakat qildi, ammo bo‘ron tobora kuchayib borardi.
Akulalar unga yetib olishiga bir bahya qolganida...
— Yuna! Uyg‘on! Tong otdi! Maktabga kech qolasan!
Onasining ovozi uni dahshatli tushdan uyg‘otdi.
Yuna darhol ko‘zlarini ochdi.
U o‘z to‘shagida yotardi. Badani terga botgan edi.
Hammasi tush ekan.
Na bo‘ron bor edi, na akulalar.
U yengil nafas olib, tinchlandi.
Ammo shu zahoti uni yana bir dahshatli xayol qamrab oldi.
Bugun matematika fanidan nazorat ishi bor edi!Ko‘z oldiga darrov qattiqqo‘l matematika o‘qituvchisi keldi.
Agar kech qolsa, o‘qituvchi uni, albatta, jazolardi.
Yuna shosha-pisha o‘rnidan turdi, yuz-qo‘lini yuvdi, kiyimlarini almashtirdi-da, zinadan pastga yugurib tushdi.
Shoshayotgan bo‘lsa ham, uning ishtahasi har doimgidek zo‘r edi.
U sabzavotli omletni maza qilib yedi, choyini ichdi va sumkasini olib, yo‘lga otlandi.
So‘ng har kuni birga maktabga boradigan eng yaqin dugonasi Sevaraning uyiga yo‘l oldi.Sevara sinfdagi eng aqlli va eng chiroyli qiz edi.
Maktabdagi deyarli barcha o‘g‘il bolalar unga ko‘ngil qo‘ygan edi.
Ammo Sevara bunga umuman e’tibor bermasdi.
Yuna esa unchalik go‘zal qiz hisoblanmasdi, biroq unda odamni o‘ziga tortadigan qandaydir samimiylik va yoqimlilik bor edi.
Ular birga maktab tomon ketisharkan, kechagi voqeani eslab, kulishib borishdi.
Kechqurun sayrga chiqib, muzqaymoq yeb turganlarida, o‘zlaridan taxminan besh yosh katta ko‘rinadigan bir yigit ularga g‘alati tirjayib qaragan va:
— Mazza qilyapsizlarmi? — deb so‘ragan edi.
Qizlar nima deyishni bilmay, hayratdan qotib qolishgan, so‘ng tezda u yerdan uzoqlashishgan edi.
Keyin esa bu voqeani eslab, rosa kulishgan.
— Nega shunchaki undan nima istayotganini so‘ramadik-a? — dedi Yuna.
Ular yana kulib yuborishdi.
Ammo hozir tezroq yurishmasa, matematika o‘qituvchisi ularni, albatta, mazax qilardi.
Ko‘p o‘tmay, ular shahardagi eng katta va eng nufuzli maktabga yetib kelishdi.
Yaxshiyamki, o‘qituvchidan oldin kelishga ulgurishdi.
Sinfdoshlariga salom berib, o‘z joylariga o‘tirishdi.
Shunda Yuna Jonni hali kelmaganini payqadi.
Jonning oilasida muammolar bor edi.
Otasi oilani tashlab ketgan, shu sababli Jon ishlashga majbur bo‘lgandi.
Shuning uchun Yuna har shanba kuni uning uyiga borib, maktabdagi darslardan ortda qolmasligiga yordam berardi.
Albatta...
Matematikadan tashqari barcha fanlardan.
Nazorat ishi boshlandi.Sinfni sukunat qopladi.
Hamma diqqat bilan savollarga javob yozar, eng yuqori bahoni olishga umid qilardi.
Tashqarida esa osmon naqadar go‘zal edi.Bulutlar osmon uzra erinchoqlik bilan suzib yurardi.
Qushlar sayrardi.
Bahorning mayin shabadasi nafis pushti gullarga burkangan daraxtlar orasidan esardi.
Ammo hech kim bunga e’tibor bermasdi.
Faqat Yuna bundan mustasno edi.
Har doimgidek, u deraza yonida o‘tirib, nazorat ishi varag‘iga va tashqaridagi manzaraga galma-gal ko‘z tashlardi.
Va shu payt...
Sinf eshigi sekin ochildi.
Davomi bor...
Izohlar
2davomi qanii😀🙏
Joyladim,e'tibor uchun rahmat