O`sha kuni Leo opasining etiroziga qaramay, mittigina chumchuqni ehtiyotkorlik bilan uyiga olib keldi. U qushchani hech kim sezmaydigan qilib xonasiga yashirdi. Eski poyabzal qutisini yumshoq matolar bilan o`rab unga kichkina uycha yasadi. Alan amakining aytganlariga amal qilib, qushchaga har kuni mehr va etibor bilan suv, mayda hasharotlar, maxsus donlarini berib parvarishlab bordi. Har tong uyg`onishi bilan mitti do`stini ko`rishga oshiqar, patlaridan erkalab silab qo`yardi. Go`yo shu mittigina qushcha uning hayotini bir qismiga aylanib ulgurgandek edi. Kunlar birin ketin o`tdi. Dastlab titrab yotadigan ojiz qushcha asta-sekin kuchga kira boshladi. Patlari qalinlashib, qanotlari kengaydi. Endi u o`z uychasidan sakrab chiqib xona bo`ylab sayr qilib yurishni odat qilgandi. Ba`zan qanotlarini keng yoyib silkitar, uchishga harakat qilardi. Leo har gal uni kuzatganida bolalarcha quvonib ketardi.
Barakalla! Yana bir marta urin! Sen albatta uchasan! – derdi u qushchaga dalda berib.
Bir kuni tushdan keyin Emiliya ukasining xonasi eshigini sekin taqillatdi.
Leo…
Kiring opa.
Emiliya xonaga kirishi bilan Leo yana chumchuq bilan mashg`ul ekanini ko`rdi. Yuzida mayin tabassum bilan gap boshladi.
Hali ham shu chumchuq bilan ovvora bo`lib o`tiribsanmi?
Leo qushchani avaylab kaftiga olib, opasiga ko`rsatdi.
Qarang! Qanchalik katta bo`lib qoldi. Endi u deyarli uchishga tayyor.
Emiliya qushchaga diqqat bilan qaradi.
Ha… endi uni qo`yib yuborish vaqti kelganga o`xshaydi.
Leo boshini qimirlatib Emiliyani gapini maqullagancha javob berdi
Ha lekin u hali uchishni bilmaydi.
Unda o`rgatishing kerak.
Leo o`ylanib qoldi
Opa men ham ucholmaymanku…
Bilasanmi qushlar uchishni kimdandir o`rganishini hojati yo`q. Vaqti kelganida o`zlari qanotlarini silkitib, uchib ketishadi.
Agar yiqilib jarohat olsachi?
Dastlab yiqilishi mumkin. Lekin yana uringanida albatta uchib ketadi.
Leo havotir bilan qo`lida beg`uborgina joylashgan qushchasiga tikildi.
Yo`q,men qo`rqyapman. U o`lib qolishi mumkin.
Emiliya pardani ochib, deraza ortiga qaradi. Mayin shamol daraxt uchlarini tebratar, moviy osmon uzra qushlar erkin parvoz qilardi.
Leo, - dedi u past ohangda, - baribir bir kun kelib hamma o`ladi.
Emiliyaning bu gapi Leoni ham xonadagi iliq haroratni ham bir zumda muzlatib qo`ydi. U opasiga hayrat va ranjish bilan qaradi.
Nega bunday deyapsiz?
Emiliya javob bermadi. So`ngi kunlarda uning boshidan kechirganlari hayotga bo`lgan qiziqishini so`ndirgan, uni o`z yoshiga nisbatan sovuqqon va ancha umidsiz qilib qo`ygandi.
Leo esa uning aksi. U hali ham jonivorlarning yashashga haqqi borligi haqida o`ylab, ularga jon kuydiradi.
Siz, juda vahshiysiz… - dedi u xafa bo`lganini mayus so`zlari bilan bildirib. – u ham yashashni istaydi.
Bu so`zlar Emiliyaning muzdek yuragiga o`qdek sanchildi. U ukasiga qaradi. Hali hamon qushni qo`lidan qo`ymay unga mehr bilan beg`ubor tikilganini ko`rib sovuq jilmaydi. Karavotda jimgina o`tirgan Leoning yoniga kelib, uning barmoqlariga mahkam yopishgan chumchuq bolasini o`z kaftiga oldi.
Endi u ham o`z sarguzashtli hayotini topishi kerak Leo. – emiliya shunday deb ochiq turgan derazaga yaqinlashdi. – qani uch, sen ham o`z osmoning bag`riga qayt.
Emiliya beparvolik bilan qimirlamayotgan qushni derazadan uloqtirdi. Leo qo`rqqanidan ko`zlari kattalashib deraza yoniga yugurib keldi. Qush dastlab pastga qulab bordi. Keyin xavfni sezibmi kichik qanotlarini keng yozib betartib silkitib, uchishga urindi. Nihoyat u havoda ko`tarilib bordi. Leo nafasi ichiga tushib uni umid bilan kuzatardi. Ammo shu lahzada osmon uzra aylana chizib uchayotgan qirg`iy Leoning qushini tartibsiz uchayotganini ko`rib qoldi. Ulkan qush bir zumda qanotlarini yig`ib pastga sho`ng`idi.
Opa…
Leo qichqirib yubordi. Ularning ikkalasi ham tashqariga yugurdi. Lekin hovliga yetib kelgunlaricha hammasi tugagandi. Qirg`iy mitti chumchuqni o`tkir panjalari bilan mahkam changallab hovlidan uzoqlashayotgan edi. Chumchuq bolasi taqdiriga tan bergandek hech bir qarshilik qilmasdi. Qirg`iy ulkan qanotlarini yozib osmon uzra ko`tarilib ketdi. Leo uni to`xtata olmasligini bilsada ortidan yugurdi.
Yo`q qushchamni olib ketma!
Uning ko`z yoshlari yuzidan tinmay oqib borar, ovozi esa butun hovlini tutgan edi. Emiliya esa qotib qolgandek hech nima deyolmay turaverardi. Qirg`iyning tobora uzoqlashib ketayotganini ko`rib Leoning oldida o`zini aybdordek his qilib yuragi ezildi.
Leo o`zini yig`idan to`xtata olmas, qalbidagi beg`ubor ishonchning ham bir parchasi uchib ketgandek umidsiz qarab turardi. U birdan ko`z yoshlarini artib Emiliyaga qoshlarini chimirib nafrat aralash qaradi.
Siz o`ldirdingiz uni! Agar uni derazadan uloqtirmaganingizda uni qirg`iy olib ketmasdi. Siz vahshiysiz!
Emiliya ukasining gaplaridan biroz o`zini yo`qotgandek jim bo`lib qoldi. Leoning ‘’siz vahshiysiz” degan so`zlari go`yo to`g`ridek sovuqqon ohangda javob berdi:
Nimalar deyapsan? Uni qirg`iy olib ketdi. Sen ham buni ko`rding. Bu holatda na sen van a men ham aybdor emasmiz. Qushingni taqdiri shunaqa ekan. Qolaversa tirik qolganda ham baribir bir kuni o`lardiku.
Ammo ungacha yashashi mumkin edi. Balki ota-onasini topib, osmonda baxtli qanot yozib uchardi.
Leo yig`lagancha uy ichkarisiga yugurib kirib ketdi. Emiliya esa bog`dagi o`tirg`ichga sekingina o`tirib, bo`lgan voqeadan tasirlanib, chuqur o`yga tolib qoldi.
Izohlar
0