YUPKA
Qish kunlari edi. Osmondan pağa-pağa qor yog‘ayotgan, Yangi yil nafasini taratib turgan bozorda odamlar navbat talashib, har xil buyumlar xarid qilishayotgandi. O‘sha paytda dadam va oyim bozorda tinimsiz mehnat qilishardi. Oilada eng katta farzand men edim, mendan keyin yana ikki singlim bor edi. Oyim ishdan dadamga qaraganda ertaroq kelib, uyda shirin ovqatlar pishirib turardi. Men esa kichkina singlim bilan katta singlimni maktabdan olib kelardim. Qaytishda dadam tushlik qilamiz deb bergan pullarga singillarim uchun har haftada bir marta bo‘lsa ham kichik sovg‘alar olib berardim. O‘sha vaqtlarda hamisha birga bo‘lib, hayotimizdan quvonch topardik va baxtli yashardik.
Ana shu paytda men 5-sinfda, katta singlim 2-sinfda, kenja singlim esa bog‘chaga borardi. O‘sha yillari bozor juda turg‘unlashib, savdo kasodga uchragandi. Dadam bilan oyim tinim bilmay ishlashsa ham, topganlari ro‘zg‘ordan ortmasdi. Ular bozorda kartoshka, piyoz va shunga o‘xshash sabzavotlar sotishardi. Ro‘zg‘orni butlashga qanchalik harakat qilishmasin, baribir yetishmovchilik kattami-katta bo‘lib ko‘rinardi. O‘sha yili qish qattiq kelgandi, kechasi barchamiz SSSR davridan qolgan turuka pechka issig‘ida uxlardik. Kechasi dadam "men va singlingning kundaliklaringni olib keling" deb yuborib, baholarimizni tekshirib ko‘rardi. Men maktabda juda yaxshi o‘qigandim, maktabdagi qizlarning pishig‘i-piching gaplarini aytmaganda, maktabim yomon emas edi.
Men maktabga ilk borgan yilim barcha bilan yaxshi chiqishib kelgandim. O‘sha paytda dadamning biznesi juda gullagan payt edi. Dadam o‘sha shahardagi eng badavlat boylardan biri, qandaydir oziq-ovqat kompaniyasining bosh direktori edi. Aniq eslolmayman dadamning kompaniyasi nomini, lekin uning mashurligini aniq bilardim. Yaxshi yashab yotgan kunlarimizning birida bir noxush xabar butun oilani Yaponiyaga atom bombasi tushgandek portlatdi. Dadam avtohalokatga uchragan edi, u komaga tushgandi. Onam meni qoshining uyiga tashlab shoshilib ketdi, shu bilan oyimni roppa-rosa 7 kun ko‘rmadim. Dadam 6 kun hushiga kelmay yotib, 9-kuni uyga keldi. Men esa bundan batamom behabar edim.
Dadam bilan oyim meni olib ketgani kelishdi, ammo biz o‘z uyimizga bormadik. Bilishimizcha, biznesimiz ham hasadga uchragan ekan, lekin bizdan buni yashirib, “uyimiz ta'mirdan chiqqan bo‘lsa ham, yashayversak bo‘ladi” deb qo‘yishdi. Biz yangi uyga ko‘chib o‘tdik. Uy ta'mirdan chiqqan bo‘lsa ham, yashasa bo‘lardi. Keyin kenja singlim tug‘ildi, men esa yangi o‘quv yilimni yangi maktabda boshladim.
Maktabdagi ilk kunim mendan yaxshi taassurot qoldirmagandi. O‘sha kuni shunday bo‘lgandi: Ustoz meni xonaga olib kirdi. Ikki yamalgan kiyim va sumka (ammam qizining sumkasini olib kelib bergandi), eskirgan poyabzalda xonaga kirdim. Ammo bu holatimdan hech ham nolimayotgandim, o‘zimning holatimdan faxrlanayotgandim ham... Xonaga kirdik:
— Assalomu alaykum!
— Va alaykum assalom, o‘tiringlar. Bugun sinfimizga yangi qiz keldi. Qani, Laylo, o‘zingni tanishtirchi.
— Salom, mening ismim... Gulsh... Laylo (tutulib qoldim hayajonlanganimdan). Bu yerga yangi ko‘chib keldim...
— Xarobazondan kelgan shekilli! — bir qiz gapimga qo‘shildi.
— Senga kim gap berdi?! — ustoz baland ovozda baqirdi.
O‘sha qizning ismini to‘liq bilganim yo‘q, adashmasam, Charosmidiydi. U bilan bir maktabda o‘qib turib ismini bilmadingiz deyishingiz mumkin, ammo o‘shanda ertasi kuni uni surbetlik qilgani uchun ota-onasi kelib boshqa maktabga olib ketishgandi. U bilan so‘nggi suhbatimiz ana shunday yakunlangan edi.
Ertasi kuni Charos kelmadi. Tanaffus bo‘ldi. Tanaffusda barcha darslardan yaxshi qatnashganim uchun menga a'lo baholar qo‘yishdi. Ikki qiz yonimga kelib dedi:
— Ey, isming Laylomi? Mana bu kiyimni qayerdan, qaysi qimmat do‘kondan olgansan? — deb piching qilishdi. Qizlarga indamasdan o‘rnimdan turdim, sinfdan chiqib ketishga harakat qilgandim, ular yelkamdan tortib stolimga o‘tqazishdi:
— Sen bilan yana bir marta gaplashib qo‘yaylik, bu maktabning xo‘jayinlari bizmiz. Charos ketdi deb juda ham quvonib ketmagin!
To‘g‘risi, nima bo‘layotganiga hech ham tushunayotganim yo‘q edi. "Mayli" dedim. Qizlar darsda ham, boshqa joyda ham juda yomon munosabatda bo‘lishardi. Ular menga xuddi tilamchiga qaragandek qarashardi. Men o‘zimni juda yomon his qilayotgan edim, lekin "mayli" dedim va ko‘nikdim. Hozirgi bolalarga hayot haqida gapirsa, darrov ensasini qotirib, "yana boshlandi" deyishadi, lekin men hayotim davomida hech qachon nolimaganman. Oldingi badavlat va farovon hayotimdan ham, hozirgi nochor hayotimdan ham o‘kinishga urinmaganman, chunki hayotim o‘zimga yoqardi.
Kunlardan bir kuni dadam kundaligimni olib kelishimni so‘radi. Qish kunlari edi. Kundaligimni olib kelganimda dadamga beshlarimni ko‘rsataman deya juda xursand bo‘layotgandim, chunki darsda roppa-rosa 4 ta besh olgandim. Hamma fandan a'lo oldim desam ham bo‘lardi, faqat bir fan o‘qituvchisi kelmagani uchun o‘sha fandan baho ola olmagan edim. Umuman olganda, men baho uchun o‘qimasdim, shunchaki dadamning yuzi yorug‘ bo‘lishi, xursand bo‘lishi uchun o‘qiyotgandim, barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtirgandim.
Qish kunlari sovuq, SSSR davridan qolgan pechkada o‘tiribmiz. Dadam:
— Laylo, qizim, kundaligingni olib kel, — deb qoldi.
Juda xursand bo‘lib, "Hozir, dadajon!" deb o‘rnimdan turdim-da, kundaligimni olib keldim. Dadam kundalikni ochdi... yuzidagi kulgu uchdi.
— Laylo, nima bu? — dedi kundalikni menga ko‘rsatib. Olingan to‘rtta beshim tagida bitta katta "ikki" turgan edi. Bu "ikki" qayerdan kelganiga o‘zim ham tushuna olmadim. Ko‘zimga yosh keldi, dadam ham buni men olmaganimni sezdi.
— Xo‘sh, maktabda munosabatlaring yomonmi? Nega bu haqida menga aytmading? — deb so‘radi u.
— Yo‘q, maktabda munosabatlarim yaxshi, bu "ikki" qayerdan kelganligini esa bilmayman, dada! — dedim.
Ana shu kuni maktabga qaytib bordim. Ko‘zimda quvnoqlik yo‘q edi, buni o‘sha qizlar ham ko‘rgan bo‘lsa kerak:
— Ha, ikki bahoingdan uydagilaring urishib, seni haydab yuborishgan bo‘lsa kerak-a, Laylo? — deb ensasini qotirib gapirishdi.
— Ha, uydagilarim haydab yuborishgan, to‘g‘ri! — dedim. Ular menga shunday qarab turishganki, bu ishni kim qilganini yuzlariga qarab darhol bilib oldim. Ularning ko‘zlariga tik qaradim. Ular bo‘lsa: "Jahling chiqyaptimi, nimaga?" deb ustimdan kulib, masxara qilishishdi. Lekin men bunday tarbiyasizlardan emasdim.
Shu kuni hayotimdan muhim bir narsa o‘rgandim:
"Birovning ko‘z yoshi yoki tushkunligi ustiga qurilgan baxt uzoqqa bormaydi, asosiysi — qiyinchiliklarda ham o‘zingni yo‘qotmaslik ekan."
Nega bunday deyotganimni hikoya davomida bilib olasiz. Ertasi kuni maktabda menga piching gaplar otuvchi Mehri ismli qizning kelmaganini ko‘rdim. Ustozlar: "Nega u maktabga kelmadi?" deb so‘raganda, uning oilasi kasotga, inqirozga uchragani ma'lum bo‘ldi. Ular uy-joyidan ham quruq qolgani uchun qishloqqa ko‘chib ketishgan ekan. Men bu holatdan xursand emas edim. Chunki Mehri yomon qiz bo‘lsa ham, qalbimning tubidan menga yoqardi, juda chiroyli qiz edi. Xarakterini aytmaganda, u menga qandaydir yaqin insonimdek bo‘lib qolgandi. Har doim Mehri piching qilgandan keyin meni o‘rnimdan turib, yanada o‘zim ustimda qattiqroq ishlashga undardi.
Kunlardan bir kuni maktabda yangi tadbir bo‘ladigan bo‘ldi. Tadbirda ajoyib she'r aytdim va raqsga tushdim, hammaning og‘zi ochilib qolgandi. Men bunday qobiliyatim borligini to‘g‘risi, o‘zim ham bilmasdim. Tadbirda juda yaxshi qatnashganim uchun menga maqtov yorliqlari berishdi. Ularni quvonch bilan uyga olib bordim. O‘sha kuni yomg‘ir yog‘ayotgandi, maqtov yorlig‘i ho‘l bo‘lmasin deb, kiyimimning ichiga tiqib, ehtiyotlab olib kelayotgandim. Uyga olib kelganimda dadam ko‘rib juda xursand bo‘ldi, meni peshonamdan o‘pib: "Hali sen katta odam bo‘lasan, qizalog‘im!" deb kulib qo‘ydi.
Keyingi kunlar oddiy o‘tayotgan edi. Men yaxshi o‘qiganimdan atrofidagilarning piching gaplari ham ko‘payotgan edi. Qizlar safiga endi o‘g‘il bolalar ham qo‘shila boshlagandi, butun sinf bir tomon, men yolg‘iz o‘zim bir tomon bo‘lib qolgandim. Ammo sinfga yana bir yangi qiz keldi, uning ismi Hayo edi. Hayo juda ajoyib qiz ekan, u bilan darhol do‘stlashdim. Endi men yolg‘iz emas edim, yonimda Hayo bor edi. Biz juda yaxshi chiqishardik. Hayo badavlat oiladan edi, otasi katta biznesmen bo‘lib, turli davlatlarda o‘z ishlarini ochgandi. Hayo shunchalik badavlat bo‘lsa-da, o‘zidan pastdagilarga kekkayib qaramasligi meni cheksiz quvontirardi.
O‘quv yili tugadi. Yozgi ta'tilda o‘qishim uchun kutubxonadan juda ko‘p kitoblar olib o‘qib chiqdim. Bir oy esa ota-onamga qarashish uchun oyim bilan birga bozorga chiqdim. Havo juda issiq edi, issiqda ota-onam qanday og‘ir ishlayotganini ko‘rib yuragim ezilib ketardi.
Maktab boshlanish vaqti ham yetib keldi. Maktabga kiyishim uchun yangi formam yo‘q edi, eski forma esa juda eskirib ketgandi. Koftamni bir amallab kiysak bo‘lardi, tufliyimdan ham ko‘nglim to‘q edi, ammo mening yupkam yo‘q edi. Bu yil kenja singlim ham maktabga chiqayotgandi, ammo unga ham forma ololmagan edik. Kenja singlim hali forma nimaligini tushunib yetmagani uchun oddiy kiyimda boraman deb o‘ylayotgandi. Mening kichkina bo‘lib qolgan koftamni unga bir amallab kiydirdik. Katta singlimning tuflisi eskirib, loyga tushgandi, unga ham bitta yupqa kerak edi. Oyim dadamga bu haqda aytdi. O‘sha payt bozor yaxshigina tushkun, ishimiz yurishmagan payt edi. Dadam: "Yaxshi narsa olib kela olmadim, uzr, endi bir amallab kiyib turasan", — dedi. Men dadamning: "Boriga shukr qilib yurish kerak, har doim Alloh sabrlilarni yaxshi ko‘radi" degan gapini qulog‘imga quyib olgandim, shuning uchun indamadim.
Dadam bozordan qaytishda bir do‘konga kirib yupka olmoqchi bo‘lgan ekan:
— Assalomu alaykum, menga yupka kerak edi.
— Marhamat, keling, mana bu yerlarda barcha yupqalarimiz bor, xo‘sh, qanday yupqa kerak?
— Yupkangizning narxlarini ayta olasizmi?
— Yupqalarimiz narxi 150 ming so‘mdan boshlanadi, juda sifatli, to‘rt-besh yil indamay kiyishingiz mumkin.
— Kechirasiz, ammo sizda 25 ming so‘mlik yupqa yo‘qmi? Bor pulim shu edi... Qizimning ham kiyimi eskib ketibdi, unga bitta yupqa olib bersam bo‘luvdi... — deydi dadam.
Sotuvchi dastlab arzon yupqa yo‘qligini aytib, dadamni chiqarib yubormoqchi bo‘ladi. Shunda do‘kon boshlig‘i dadamning bolalikdagi qadrdon do‘sti bo‘lib chiqadi! U dadamni ko‘rib qolib, nima uchun kelganini so‘raydi va eng ajoyib yupqani sovg‘a qiladi. Sotuvchi dadamning og‘ir hayotini eshitib, rahmi kelib yig‘lab yuboradi. Dadam esa bu yordam bilan menga ajoyib yupka olib keldi.
Yupqa juda chiroyli edi, menga o‘ta yarashgandi. Dadamdan cheksiz faxrlanib ketayotgandim. Dadam bilan oyim o‘rtasidagi o‘sha voqeani eshitib, shunda yana bir bor tushunib yetdimki: haqiqiy do‘st og‘ir kunda yoningda turgan inson ekan. Yupkam eski koftam bilan ham juda yarashib tushdi, o‘zimni go‘yo haqiqiy qirolichadek his qildim. Yupkani chiroyli qilib dazmollab ilib qo‘ydim.
Katta singlim yupkamni ko‘rib qoldi. U uchinchi sinfda o‘qiydi, uning ham yupkasi yo‘q edi. Oyim oldini tikib bergan bo‘lsa ham, kiyimi xunuk edi, lekin singlim: "Ana shunga ham shukr qilaman, oyijon", — derdi. Dadam olib kelgan yupqani ko‘rib, uning ham havasi keldi. Mening darsim birinchi smenada, singlimniki esa ikkinchi smenada edi.
— Opa, opajonim, iltimos, mana shu yupqangizni maktabdan kelganingizdan so‘ng men kiyib ketsam bo‘ladimi? — deya iltimos qila boshladi.
— Yupkamni ehtiyot qilib kiyishim kerak, juda chiroyli ekan, dadamga ayt, senga ham balki olib kelib berar, — dedim.
— Opajon, agar olib kelib bera olmasa, albatta kiyib boraman-a? Iltimos... — deya yalinib ketdi.
— Mayli, o‘ylab ko‘raman, maktabdan ertaroq kelishga urinib ko‘raman, — dedim.
Singlimni dadam juda yaxshi ko‘rardi, har doim uni erkalab kundaliklarini tekshirardi. Singlim dadamning yoniga borib: "Dadajon, iltimos, menga ham opamnikiga o‘xshash yupka olib bering, qandayligining farqi yo‘q", degandi. Dadam esa: "Qizim, hozir sharoitimiz yo‘q, hali bozor yaxshi bo‘lsa, senga ham olib beraman", — degandi. Singlim esa "Mayli dadajon, joningiz sog‘ bo‘lsin" deb dadamni o‘pib qo‘ygandi.
Kunlar o‘tib, maktab kuni ham yetib keldi. Men chiroyli kiyinib maktabga ketdim. Singlim ertalabdan beri: "Opajon, vaqtiroq keling, yupkangizni menga berib turasiz, sizni intiqlik bilan kutaman!" deb tayinlagandi.
Maktabda Hayoni uchratdim. Hayo menga ajoyib sumka va kiyimlar olib kelib: "Laylo, xafa bo‘lmagin, mening kiyimlarim ko‘p, sen kiysang xursand bo‘lardim", — dedi. Chin do‘st topganimdan ko‘zim yoshga to‘ldi, uni quchoqlab oldim.
Tanaffus va darslar tugab, uyga qaytish vaqti keldi. Shoshilib uyga bordim. Singlim eshigimiz tagida meni kutib turgan ekan. U meni ko‘rib quvonib ketdi va katta yo‘lga chiqib:
— Opa, bo‘laqoling, opajon! — dedi.
— Xo‘p, singlim! — dedim.
Singlim quvonchidan yonimga qarab yugurib kela boshladi. Ammo atrofda to‘satdan bitta mashina paydo bo‘lib, singlimni urib yubordi!
Yuragim xuddi portlab ketgandek bo‘ldi.
— Opa! — deb baqirdi u, uning oxirgi so‘zi shu bo‘ldi. Haydovchi insofsiz ekan, singlimni qon ichida tashlab, qochib ketdi.
— Yordam beringlar, iltimos! — deb baqirdim.
Hech kim qaramasdi, atrofdagilar ko‘rib turishsa ham, jimgina o‘tib ketishayotgandi. Shu payt katta yo‘ldan dadamning tovushi eshitildi, dadamning qo‘lida esa... xuddi o‘sha – singlim orziqib kutgan bitta yangi yupka turgan edi
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0