Osmonda quyosh porlab tursa-da, go'yo atrof zulmatga cho'mgandek ko'rinardi. Ba'zan atrof yorug' bo'lishi mumkin, ammo ayrim insonlarning qalbida zulmat hukm suradi. Maru ham shunday insonlardan biri edi.
U tashqaridan doimo kulib yurardi, ammo ich-ichida jiddiylik va yolg'izlik hukm surardi. Go'yo zulmat o'rtasida yolg'iz qolib ketgandek edi. Buni hech kim ko'rmas, hatto sezmasdi ham.
Maru yolg'iz qolgan paytlaridagina ichidagi zulmatni, aslida qanday inson ekanini tashqariga chiqarardi. Oilasidagi muammolar, atrofdagilarning u haqidagi kamsituvchi gaplari, odamlarga qanday qilib ko'proq yoqish va mukammal inson bo'lish haqidagi o'ylar uni tinch qo'ymasdi.
Aslida, u ichidagi zulmat va yolg'izlik hissini kim bilandir bo'lishishni istardi. Ammo odamlar buni zaiflik deb hisoblab, uning ustidan kulishlaridan qo'rqardi. Shu sababli doimo niqob taqib yurardi.
Hamma uni hayotidan mamnun, quvnoq qiz deb bilardi. Maru juda ko'p kulardi. Go'yo kulgi orqali o'z sirlarini yashirishga urinayotgandek...
Soat 8:00. Dars boshlanish arafasida Maru xonaga kechikib kirdi. Uning ustozi juda qattiqqo'l, adolatsiz va jahldor ayol edi. U Maruga xonadan chiqib ketishini buyurdi. Ammo Maru uzr so'rab, darsga kirishiga ruxsat berishlarini umid qilib, ustoziga qarab turardi.
Shu payt eshik ochilib, xonaga yana bir yigit kirib keldi. Maru orqasiga o'girildi. Yigit oddiy ko'rinishga ega, jiddiy, hatto biroz sovuqqonligi ham yuzidan sezilib turardi.
Ustoz yigitga qarab so'radi:
— Sen kimsan? Nega kech qolding?
Yigit sovuq nigohlari bilan ustozga qaradi-da, javob berdi:
— Men yangi kelgan talabaman. Ismim Ali.
Ustoz esa unga qarab:
— Xonadan chiq! Yangi kelgan bo'lsang ham, kech qolding, — dedi.
So'ng Maruga yuzlanib:
— Sen ham xonadan chiq! — deb buyurdi.
Maru endigina eshik tomon yurmoqchi bo'lganida, Ali jiddiy va sovuq ohangda gap boshladi:
— Soat sakkizdan ikki daqiqa o'tdi. Men xonaga kelganimda ham ikki daqiqa o'tgan edi. Ammo bu qiz mendan oldin kirgan. Demak, u kirganida hali bir daqiqa o'tgan bo'lgan. Shunday ekan, bizni xonaga kiritishingiz mumkin. Nega bunchalik qattiqqo'llik qilyapsiz?
Xonada o'tirgan talabalar ham uning fikriga qo'shilib, norozilik bildira boshlashdi.
Ustoz ko'pchilik unga qarshi chiqayotganini ko'rgach, Ali va Maruni sinfga kiritishdan boshqa iloji qolmadi.
Ular bo'sh joylarga borib o'tirishdi.
Va dars boshlandi...
Dars davomida Maru vaqti-vaqti bilan Aliga qarab qo'yardi. Uning xayolida birgina savol aylanardi: «Nega Ali meni himoya qildi?»
Maru bu munosabatdan o'zini g'alati darajada xursand his qilayotganini sezdi.
Nihoyat, dars tugadi. Maru narsalarini shoshib yig'ishtirib, Ali tomon yurdi. Ammo birdan oyog'i qoqilib, yerga yiqildi. Qo'lidagi kitob va daftarlar har tomonga sochilib ketdi.
Barcha talabalar unga qarab kulishardi. Hech kim yordam berishga shoshilmadi.
Maru yig'lab yubormaslikka harakat qilib, yuziga tabassum yugurtirdi-da, narsalarini shoshib yig'ishga tushdi.
Shu payt birdan uning yoniga kimdir cho'kkalab o'tirib, kitobini uzatdi.
Maru kitobni oldi va sekin boshini ko'tardi. Qarshisida sovuq va jiddiy qiyofada Ali turardi.
Maru unga qarab qotib qoldi. Yuragi tez-tez ura boshladi.
Ali esa uning hayratdan qotib qolgan nigohlariga qarab:
— Nega bunday qarab turibsan? Narsalaringni tezroq yig'ishtir, — dedi.
So'ng o'rnidan turib, hech narsa bo'lmagandek ketib qoldi.
Maru esa uning ortidan uzoq qarab qoldi...
Maru narsalarini yig'ishtirib, Alini qidirishga tushdi. U bilan yaqindan tanishmoqchi, nega unga yordam berganini bilmoqchi edi. Nega Ali bunchalik sovuqqon bo'lsa-da, mehribonlik ko'rsatadigan ishlar qilardi? Bu savollarning javobi Maruning qiziqishini yanada oshirardi.
Maru universitetning turli joylaridan Alini izladi, ammo topa olmadi. Nihoyat, uyga ketish uchun universitet binosining chiqish tomoniga yo'l oldi.
Shu payt Jasur ismli kursdoshi uning yo'lini to'sdi.
— Bilasanmi, bugun ancha boshqachasan. Sen menga yoqasan. Balki biroz gaplasharmiz? — dedi u Maruga yaqinlasharkan.
Jasur universitetda ancha mashhur yigit edi. Uni yoqtiradigan qizlar ham ko'p edi.
Maru asta ortga qadam tashlab, hayrat bilan javob berdi:
— Sen bilan gaplashishga qarshi emasman, lekin hozir ketishim kerak.
Shu payt kimdir uni orqasidan qattiq itarib yubordi. Maru oldinga yiqilayotganida Jasur uni tutib qolish o'rniga chetga chiqdi. Natijada Maru uning oyoqlari ostiga yiqildi.
Uni orqasidan itargan qiz Mohi edi. U Jasurning sevgan qizi bo'lib, ikkalasi Maruni masxara qilish uchun buni atayin uyushtirishgan edi.
Mohi kibr va tannozlik bilan Maruga qaradi:
— Voy, ahmoq qizaloq-ey! Seningcha, Jasur seni o'ziga teng ko'radimi? O'zingga qara! Sen juda yoqimsiz, iflossan!
Jasur ham Maruga achinishga o'xshash nigoh bilan qarab:
— Sen kabi sodda qizni qarmoqqa ilintirish juda oson ekan, — dedi.
Ular birgalikda kula boshlashdi.
Maru esa hech narsa demadi. O'rnidan turib, yugurgancha zinapoyadan universitet binosining tomiga chiqdi. U yerda eski parta va stullar orasiga yashirinib oldi.
Ancha vaqt yig'ladi. Ichidagi alam, xo'rlik va umidsizlikni ko'z yoshlari bilan chiqarishga urindi.
Tun tushdi.
Maru asta yashiringan joyidan chiqdi. Hech kim uning yig'lagan yuzini ko'rmasligi uchun sumkasidan qora ko'zoynak va niqob oldi.
Ularni taqishdan oldin tomdagi panjaralar yoniga bordi. So'ng bor ovozi bilan alam va nafratga to'la hayqirdi:
— Sizlar o'zingiz iflossizlar! Ahmoq, tentaklar! Sizlardan nafratlanaman!
— Baqirib bo'ldingmi? Quloqlarim og'rib ketdi!
Bu ovozni eshitgan Maru ortiga o'girildi. Uning qarshisida Ali turardi.
Ali jiddiy, ammo biroz hazil aralash ohangda gapirishda davom etdi:
— Sen aqldan ozganmisan? Nega bunchalik baqirasan? Bu joyni tinch deb o'ylagandim. Lekin sen kelib ancha vaqt ming'illab yig'lading, endi esa baqirib tinchlik bermayapsan.
Maru hayratdan ko'zlarini katta ochdi.
— Se... sen?!
Ali uning bu hayajonli baqirig'idan hayratlanib qarab qoldi.
Maru esa darhol o'zini qo'lga olib:
— Kechir meni. Bu yerda ekaningni bilmagandim. Iltimos, yig'laganimni hech kimga aytma, xo'pmi? Evaziga senga tushlik olib beraman, — dedi kulimsirab.
Ali esa jiddiy va sovuq ohangda javob berdi:
— Menga kerak emas. Meni tinch qo'y. Shundog'am hech kimga aytmayman.
Shunday deb, u yerni tark etdi.
Maru esa uning ortidan qarab qoldi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0