Inson umrida ba'zi kunlar bo'ladiki, u oddiy taqvim varag'i kabi o'tib ketmaydi, balki butun umrlik xotiralar daftarining birinchi sahifasiga aylanadi. O'shanda men 9-sinf o'quvchisi edim. 15 yoshli o'smir uchun dunyo hali sodda, qarashlar begubor va tuyg'ular chalkashliksiz tuyulardi. Men tengdoshlarim kabi shovqin-suronli o'yinlarga va sho'xliklarga unchalik xushim yo'q, ko'proq o'z hayollarim dunyosida yurishni xush ko'radigan bosiq bola edim.
O'sha kuni maktabimizda bahoriy bayram munosabati bilan katta tadbir tashkil etilayotgan edi. Aktlar zali odamlar bilan gavjum, musiqa sadosi va o'quvchilarning kulgusi havoni tutib ketgandi. Men odatdagidek shovqindan qochib, zalning eng orqa qatorida, xira yoritilgan burchakda o'tirardim. Mening dunyom bilan zalning o'rtasidagi shodyona kayfiyat orasida go'yo ko'rinmas devor bor edi.
Kutilmaganda sahnadan e'lon qilindi: 8-sinf o'quvchilarining badiiy chiqishi. Aynan o'sha daqiqada u sahnaga chiqib keldi. Samina.
U mendan bir yosh kichik, 8-sinfda o'qir ekan. Ilgari uni maktab yo'laklarida ko'rgan bo'lishim mumkin, lekin hech qachon diqqat bilan qaramagan edim. U sahnada turganicha hayajondan barmoqlarini mahkam qisib olgandi. Yoritgich chiroqlar uning yuziga tushganda, ko'zlaridagi samimiyat va beguborlik zalda o'tirgan yuzlab odamlar orasidan to'g'ridan-to'g'ri mening nigohimga borib tegdi. U she'r o'qiy boshladi. Uniki balandparvoz so'zlardan xoli edi, lekin har bir misrasida shunday bir soflik bor ediki, u zalning butun shovqinini bir zumda o'chirib qo'ygandek bo'ldi.
O'sha soniyada ichimda nimadir uzildi va qayta ulandi. 15 yoshli Alining hayotida ilk bor yurak urishi tezlashdi. Men atrofdagi hech kimni ko'rmas, faqat sahnada turgan, hayajondan ovozi biroz titrayotgan o'sha qizni kuzatardim.
Tadbir tugagach, o'quvchilar sekin-asta tarqala boshladi. Men esa o'z joyimdan qo'zg'ala olmasdim. Oyoqlarim o'z-o'zidan zalning chiqish eshigi tomon yurdi. U dugonalari bilan kulishib, zal eshigidan chiqib borayotgan edi. Yonidan o'tib ketayotganimda, u tasodifan menga qaradi va biroz tortinib, yengil tabassum qildi. Bu shunchaki odob yuzasidan qilingan tabassum edi, lekin mening tasavvurimda butun boshli fasllar o'zgardi.
O'sha kundan boshlab maktab men uchun shunchaki darsxonalar va qo'ng'iroqlar maskani bo'lmay qoldi. Men har kuni tanaffusda 8-sinflar koridoridan o'tish uchun bahona qidirar, uni uzoqdan bo'lsa-da, bir daqiqa ko'rishni hayotimning eng katta quvonchi deb bilar edim.
Saminaga bo'lgan tuyg'u sekin-asta ildiz otdi. Bu yoshdagi bolalarcha havas emas, balki nimagadir intilish, kimningdir borligi bilan tasalli topish edi. Oradan bir necha oy o'tib, biz rasman tanishdik, gaplashishni boshladik. U juda muloyim, e'tiborli va har bir so'zni o'ylab gapiradigan qiz edi.
Shunday qilib, maktabdagi eng go'zal, begubor va hayotimning dastlabki bobini bezagan 3 yillik munosabatimizning ilk poydevori o'sha bahoriy bayram tadbirida qo'yilgan edi...
Izohlar
0