Qiz bola bilan gaplasholmayman. Bir holat bundan mustasno. Lekin hozircha bu haqida aytolmayman. Bunga sababchi bo‘lgan boshqa voqeani so‘zlab berishim lozim. Shundagina meni tushunib yetasiz va qarorlarimga balki qo‘shilarsiz ham.
Olti yil muqaddam har bir bolaning boshiga tushgani kabi men ham boshimga pul topish muammosi kelib tushdi. Garchi hali maktabda o‘qib yursam ham ta’tillarda ishlashga majbur bo‘ldim. Ilk ish joyim avtomobil yuvish shaxobchasi bo‘ldi. Ertalabdan ishga kelardim. Ammo tushlikgacha deyarli mashinalar bo‘lmasdi. Undan keyin kechgacha esa tinim yo‘q. Chelakga suv to‘ldirib olgancha changlar bilan qattiq jangga kirishardim. Kech tushganda ishimiz yana ham og‘irlashadi. Oyoqdan nam o‘tishini aytmasa ham bo‘lardi. Ikki hafta ishlaganimdan keyin aniq qaror qabul qildim. Men jismoniy mehnatga to‘g‘ri kelmayman. Shunday ekan oilamga aqlim bilan foyda qilishim kerak. Shu kundan e’tiboran ilm olishga o‘zimni baxshida qildim. Maktabda deyarli barcha fanlarni yaxshiroq o‘zlashtirar, kutubxonadagi kitoblardan ko‘proq o‘qirdim. Kun kelib ilmim menga yaxshi hayotda yashashim uchun asqotishiga ishonardim. Jismoniy mehnatga qaytishni umuman istamasdim.
Xayriyatki boshlanishi yomon bo‘lmadi. Oliygohga eng yuqor bal bilan qabul qilindim. Ota-onam men bilan faxrlanar, “O‘g‘lim falon institutda o‘qiyapti” deb qishloqda kerilib yurishardi. Avvaliga o‘zim ham talabalik baxtidan sarmast bo‘lib yurdim. Lekin oradan uch oy o‘tgach, oliygohdagi ustozlarim bergan bilimlar menga kamlik qila boshladi. Balki bu fikrim sizga yomondek eshitilar, ammo bazi ustozlarimdan ko‘proq bilimliman deb o‘ylashni boshladim. Bazida esa bu isbotini topardi. Shundan keyin institutdan tashqari ham izlanishni boshlab yubordim. Ko‘proq o‘qib, soham bo‘yicha ilmiz izlanishlar, kashfiyotlar qilishni juda xohlardim. Lekin bir jihatni inobatga olmagan ekanman. Har bir olingan narsaga tovon to‘lash lozim. Aqlli bo‘lishning tovoni esa yolg‘izlik edi. Avvaliga bunga ishonmadim. Keyinchalik esa atrofimda do‘stlarim kamayib borayotganini his qildim. Kulishdan ko‘ra xo‘mrayib, o‘ylanib yuradigan vaqtlarim ko‘payib qoldi. hayolimda hayotim faqat kulrangdna iboratdek ko‘rinardi. Bulutli havoni yoqtirishim ham shundan bo‘lsa kerak. Bu kabi bir xillikdan zerika boshladim. Keyin hayotimga mazmun olib kirish uchun birorta qiz bilan munosabat qursammikan deb o‘ylanib qoldim.
Hayronman nega kelib-kelib hozir bu haqida o‘ylaganimga. Chunki o‘rtoqlarim allaqachon qizlar bilan tanishib, hatto uylanishga ulgurishgandi. Men esa hali ham yolg‘izman. Masala oldimda turardi. Uni yechsam bas.
Ijtimoiy tarmoq orqali bir nechta qizlar bilan tanishdim. Avvaliga hammasi qizg‘in tus olar, ammo oradan biroz vaqt o‘tib u qiz menga mos emas degan fikrga kelardim. Nazarimda u qizlar bilan bemalol suhbat qurishim uchun ular yetarli darajada aqlli emasdek edi. Hatto bazida ishlatgan iboralarimning izohini ularga aytishimga to‘g‘ri kelardi. Bunaqa munosabat uzoqga bormasligini yaxshi his qilganim uchun ham ularni yo qora ro‘yxatga solardim yoki shunchaki yozmay qo‘yardim. Shunda ular ham jim bo‘lib ketishardi.
Bir safar o‘zimdan uch yosh katta qiz bilan tanishdim. Uzoq suhbatlashdik. Ajablanirlisi shundaki, ikkalamizning fikrlashimiz bir xil edi. Men istalgan mavzuda qo‘rqmasdan gapirardim. U esa gaplarimni hech qanday izohsiz tushuna olardi. U menga yoqib qoldi. Lekin bu haqida og‘iz ochmadim. Bunga asosiy sabab esa uning mendan katta ekanligi. Mening holatimda o‘zimdan kattaga uylanishni ko‘pchilik qabul qilolmaydi. Albatta men ko‘pchilikning fikriga tupurib qo‘yganman. Biroq ota-onam ham ruxsat bermasligi aniqda. Shunday qilib bu safar ham uzoqga bormadi. Shunchaki o‘zim uni tark etdim. Va boshqa qizlar bilan tanishishga harakat qilmadim. Har safar bir xil ssenariy takrorlanishi yoqmasdi. Shu sababli ham bunday munosabatlardan uzoqlashdim. Nazarimda bu voqealardan keyin o‘zimni yana ham odamoviroq his qila boshlagandim. Toki hayotimda bir tasodif yuz bermagunicha.
O‘sha kuni juda charchab keldim. Ovqatlanmasdan uxlab qoldim. Ilgari juda kam tush ko‘rardim. Bu safar ham shunaqangi kamsonli tush ko‘radigan holatimdan biri yuz berdi. Maysalar tizza bo‘yi o‘sgan keng yaylov. Mayin shabada o‘simliklarni belanchak misol tebratib turardi. Men atrofni tomosha qilib yurib boryapman. Uzoqda hiyla balandlikda yolg‘iz daraxt ko‘rk berib turardi. Uning oldida inson ko‘ringandek bo‘ldi. Beixtiyor u tomon yura boshladim. Uzoq yo‘l yurdim lekin daraxt yaqinlashmasdi. Keyin yugura boshladim. Har xolda bu biroz foyda berib, daraxt soyasidagi odamni yaxshiroq payqashni boshladim. Qora nuqtali oq ko‘ylak kiygan bir qiz kitob o‘qib o‘tiribdi. Boshiga bejirimgina shlyapa kiyib olgan. Shlyapadagi qizil tasmasi ko‘zimga juda chiroyli ko‘rindi. Uni chaqirishga urindim. Qanchalik baqirmay, u meni eshitmasdi. Aftidan qo‘lidagi kitob mutolasiga sho‘ng‘ib ketib, butun borliqni unutgandek edi. Yugurib borarkanman tasodifan toshga qoqilib yiqildi va cho‘chib uyg‘onib ketdim. Hammasi tush ekanini shundagina sezdim. Sezdimu xomush tortib qoldim. U qiz bilan tanishishni xohlagandim. Hammasi befoyda bo‘lsa ham uni yana tushimda ko‘rishni rosa istadim.
Kun bo‘yi o‘sha qiz haqida o‘ylab yurdim. Ongim tashqaridan boshqa ma’lumot qabul qilmadi. Inson qattiq charchoqni his qilganda tush ko‘rish extimoli oshishini bilardim. Shu uchun ham o‘qishdan piyoda qaytdim. O‘n kilometrlik piyoda yurish meni rosa toliqtirdi. Bir amallab eshikni ochib ichkariga kirib olgach, darrov o‘zimni o‘rnimga tashladimda uxlab qoldim.
Harakatlarim besamar ketmadi. Yana tush ko‘rdim. Bu safar qandaydir uyda edim. Tashqi olamdan hech qanday tovush eshitilmadi. Qishloqda bo‘lsam kerak deb o‘yladim. Stulda o‘tirardim. Stol ustida esa nonushta uchun yeguliklar ustalik bilan joylashtirilgan. To‘satdan qo‘ng‘iroqdek mayin tovush eshitildi.
- Bugun qahvani sutsiz ichishga majbursiz. Buzoqcha hammasini emib qo‘yibdi.
Bu o‘sha. Daraxt soyasida kitob o‘qib o‘tirgan qizning xuddi o‘zi. O‘sha ko‘ylakda edi. Oldimga qahvani keltirib qo‘yarkan oppoq qo‘llarining o‘zi eni mahliyo qildi. Yuzini ko‘rish uchun nigohimni yuqoriga qaratdim. To‘sh qismidan yuqoriga qarab intilgan ikkita tomirlari uning bo‘ynini maftunkor ko‘rsatib turardi. Kalta sochining uchlari tokning novdasidek gajaklashgan. Bir tutam sochi qulog‘ining ortiga tashlangandi. Soch orasidan ko‘rinib turgan qulog‘ining uchi, fentezi asarlardagi chiroyli mavjudodlar hisoblanmish elflarnikiga o‘xshab ko‘rinardi. Shuning o‘zi uni dunyodagi eng chiroyli qizga aylantirishga yetsa ham tabiat uchun bu kamlik qilgandek edi. Ko‘zlari hammaniki kabi jigarrang bo‘lsada, qorachiqlari ancha katta bo‘lib, nigohida qandaydir erkalanishni his qilardim. Pastki labiyuqoridagisidan hiyla katta bo‘lib, tashqi qismi pushti rangda, ichki qismi esa qondek qip-qizil ko‘rinib turardi. Bunday nafosatni hali hech qachon uchratmaganman.
- Sutsiz qahva ichishim mumkin, lekin sensizyasholmasam kerak, - dedim beixtiyor.
Qiz gapimni eshitib jilmaydi. Agar uning tishlarini marjondek deb tariflasam bu marjonning mavqeini yuqoriga ko‘tarish hisoblanardi. Uning kulgusini esa hech nimaga qiyoslab bo‘lmasdi.
Unga soatlab termulib turishni xohlardim. Ovqatlanishini jimgina tomosha qilib turardim. Qiz nonni olib o‘rtasidan kesa boshladi. Extiyotsizlik sabab qo‘lini kesib yubordi. Biroq zarracha jaxli chiqmadi. Aksincha pichoqni emas o‘zini ayblashni boshladi. Inson shu darajada ham xokisor bo‘lishi mumkinmikan. Darrov uning oldiga borib qo‘lidan tutdim. Qon tomchilari ham qizning tanasini tark etishni istamaydigandek sekin oqib chiqardi. O‘zim bilmagan holda qonni to‘xtatish uchun qo‘lini og‘zimga yaqin keltirdim. Yaradagi qonni so‘rib oldim. Negadir qondagi temirning tamini sezmadim. Bu men uchun g‘alati tuyildi. Yaradan otiq qon chiqmay qo‘ydi.
- Rahmat, - dedi qiz haligi qo‘ng‘iroq ovozi bilan.
Men unga javob qaytarishga ulgurmay uyg‘onib ketdim. Jaxlim chiqib ketganidan yermi mushtladim. Nega eng shirin lahzada uyg‘onib ketyapman deb rosa ranjidim.
Dars vaqti ustozim aytayotgan gaplar qulog‘imga kirmasdi. Derazadan tashqariga qarab hayol surib o‘tirgandim. O‘sha qizning jamoli ko‘z oldimdan ketmasdi. Yana u bilan uchrashishni istardim. Hammasi tushligini bilsam ham, uni hayotimda topolmasligimni bilsam ham odamlar orasidan uni qidirishdan charchamasdim. Bemaqsad ko‘chada yurib dorixona oldiga kelib qolibman. O‘ylab o‘tirmasdan ichkariga kirib uyqudori olib chiqdim. Aniq qarorga kelgandim.
Uyga kelishim bilan dorining bir nechtasini kaftimga solib ichib yubordim. Oradan ko‘p o‘tmasdan dori kuchini ko‘rsatdi. Ko‘zlarim yumilib uyqiga ketdim.
Bu safar qayerdaligimni anglolmadim. Lekin o‘sha qiz yana paydo bo‘ldi. Darrov unga yaqinlashib quchoqladim.
- Sen boshqa ko‘rmayman deb o‘ylagandim, - dedim shoshib.
- Nega unday deysiz? Men doim sizning oldingizdamanku, - deb javob berdi qiz qo‘ng‘iroq ovozi bilan.
- Seni ilk ko‘rganimdayoq yoqtirib qoldim. Men anchadan beri qidirib yurgan qiz sen san. Seni... – gapimni tugatishga ulgurmadim.
Aniqrog‘i qizning o‘zi ko‘rsatgich barmog‘ini labimga qo‘yib meni jim qildi. Keyin menga yaqinlasha boshladi. Ichimda juda qattiq hayajon boshlanganini his etdim. Go‘yo otilishga tayyorlanayotgan vulqon kabi. U mendan bo‘sa oldi. Men ilk bor otashin muhabbat nima ekanligini his qildim. Tanamda o‘zgacha hissiyotlar, men uchun notanish bo‘lgan hissiyotlar jumbushga kelganini sezdim. qiz qilgan ishidan biroz uyaldi shekilli, ikki yuzi bilan burnining uchi qizarib ketdi. Men esa undan ming marta oshiq hayajonda edim. Tanam qizib ketib borardi.
- Men uyqu dori ichdim. Endi doim sen bilan bo‘laman, - dedim. Shu orqali unga erishish uchun nimalarga tayyorligimni bildirib qo‘ymoqchi edim.
- Nima?! – qiz ustidan muzdek suv quyib yuborgandek birdan o‘zgardi. – Nega bunday qilasiz? Bu borib turgan telbalikku.
- Sen uchun hammasiga tayyorman.
- Bunday qilmasligingiz kerak edi, - u endi yig‘lay boshladi. Undagi maftunkorlik esa oshsa-oshardiki aslo kamaymasdi. – Bunday qilmasligingiz kerak edi.
U oxirgi gapini joni uzilayotgan odamdek aytdi va ko‘z o ‘ngimdan yo‘qoldi. avvaliga hammasi yorishib oppoq tusga kirdi. Keyin qorong‘ulik boshlandi. Lekin bu oxiri emas ekan. Qorong‘ulik ham darrov yo‘qolib shunday bo‘shliq hosil bo‘ldiki, uni so‘z bilan tariflash juda qiyin. U to‘g‘ri aytdi. bunday qilmasigim kerak edi.
Tamom
22:46 / 22.10.2026
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0