...Yashtonqul har tungi bosinqirash va dahshatli tushlardan choʻchib uygʻondi. Hammom tomon yoʻl oldi. Yuzini muzdek suvga yuvdi va qarshisidagi oynaga uzoq tikilib qoldi. Chanoq ustiga oʻrnatilgan oynaning tiniqligi va chiroqning yorugʻligi sabab, koʻzgudagi koʻz qorachiqlaridan oʻzining aksini kuzatish mumkin edi. Qorachiqlarda aks etgan "u" koʻzgudagi haqiqiy aksidan biroz gʻalati: u tamoman qop-qora, sochlari ham xuddi shoxi bordek biroz yuqoriga koʻtarilgan. Yashtonni eng dahshatga solgan narsa esa "aks"ning yuzidagi kulgi edi. Bu shunday kulguki, unda yovuzlik, riyo, xiyonat, munofiqlik, ikkiyuzlamachilik, pastkashlik kabi eng tuban va chirkin xususiyatlar mujassam edi. Yashton qoʻllarini chanoqning ikki yonboshiga qattiq bosgancha, boshi bilan koʻzguga yaqinlashdi. "Aks" ham goʻyo koʻz qorachigʻini yorgudek boʻlib, unga tikildi. Oʻzida boʻlayotgan bunday oʻzgarishlardan tamoman dovdirab qolgan Yashtonqul koʻzguga qarab:
— Meni tinch qoʻy! — deya baqirdi.
Kutilmaganda koʻzgudagi aks jonlanib, xaxolab kula boshladi:
— Nima, oʻlmoqchimisan? — tilga kirdi koʻzgudagi gʻalati xilqat.
Boʻlayotgan voqealarga aqli bovar qilmay, buni faqat tush deb oʻylayotgan Yashtonqul ayni damda nafas olishni ham unutgan, qoʻrqqanidan tili aylanolmay qoldi.
— Sen mensiz oʻlasan. Men borman — sen borsan. Sen mensiz yashay olmaysan! — Yashtonqulning ovozida davom etdi aks.
— N-n-nega endi shu vaqtgacha yashadim-ku? — va nihoyat tilga kirdi Yashtonqul.
— Mensiz yashay olmaysan! — takrorladi aks.
— Menga kerak emassan. Sensiz yashadim va keyin ham yashay olaman, — qoʻrqa-pisa gapirdi Yashtonqul.
— Shunaqami? Kel unda hayotingdagi bizni yaqinlashtirgan va seni shu koʻyga solgan nuqtalarni koʻrib chiqamiz.
Koʻzgu oʻzidan zangori nur taratib, Yashtonning oʻzi yashab oʻtgan hayoti tomon yoʻl ochdi.
...— Uzr, aka, shu yerdan telefon topib olmadingizmi? — soʻradi yoshgina talaba yigit.
— Yoʻq, — qoʻpollik bilan javob berdi Yashtonqul kistasidagi hozirgina parta tagidan topib olgan telefonni ushlab qoʻyar ekan. "Topib oldim — demak, meniki. Oʻgʻirlamadim-ku, ayb oʻzida. Ogʻizni ochmasdan puxtaroq boʻlish kerak", oʻyladi u mamnun jilmayarkan. Koʻzguda endi Yashtonqulning hayotida boʻlgan boshqa voqealar ketma-ket koʻrsatila boshladi.
...— Nozimaxon, sizni bir daqiqaga mumkinmi? — deb bir nechta qizlar ichidagi eng chiroyli va shaddod qizni chaqirdi Yashtonqul.
— Siz aqlli, chiroyli qizsiz, ammo juda soddasiz. Meni kechirasiz-u, haqiqatni koʻra olmayapsiz, — deb gap boshladi Yashtonqul.
— Tushunmadim, — dedi Nozima uzun kipriklarini pirpiratib.
— Xullas, ochigʻini aytganda, Jamshid sizni aldab yuribdi. Unga shunchaki ermak boʻlganingiz qolyapti. Niyati jiddiy emas. Kecha boshqa qiz bilan koʻrgandim. — Yashtonqul bu gaplarni shunchalik ishonch bilan aytdiki, toʻqigan yolgʻoniga oʻzi ham ishonishiga oz qoldi.
— Nima? — hozirgina kulgudan porlab turgan koʻzlar ham hayrat, ham gʻamdan soʻnib qoldi. — Demak, shuning uchun men bilan uchrashmayotgan ekan-da. Lekin siz nega bularni menga aytyapsiz, u doʻstingiz emasmi? — dedi qiz boʻgʻziga yigʻi tiqilib.
— Men yolgʻonga chiday olmayman. Ayniqsa, sizdek yaxshi qizni aldashiga... — Yashtonqul yuziga maʼsumiyat va hamdardlik niqobini kiyib qizning koʻzlariga tikildi.
— Ablah, yolgʻonchi. Sevmas ekan, birovning koʻnglini ogʻritib nima qiladi, axir? — dedi qiz uni jonidan ortiq sevgan oqkoʻngil yigit haqida. U Yashtonqulning gaplariga laqqa tushgan, hatto isbot ham talab qilmayotgan edi.
— Qoʻying, uni deb koʻzyosh toʻkmang. U bunga arzimaydi.
Yashtonqul hozirgina eng yaqin doʻstining pok sevgisini oyoqosti qilib, Jamshidning ilk muhabbatidan ayirgan edi. "Hm. Shartnoma pulini oʻzlari toʻlarmishlar. Kafeda bir ofitsiant boʻlsang, senga kim qoʻyibdi bunaqa jononlarga ilakishishni. Bunaqa ketvorganlari bilan mana men maishat qilsam yarashadi", oʻyladi Yashtonqul hiqillagancha uzoqlashayotgan Nozimaning ketidan qarab turarkan. Soʻng:
— Nozimaxon, Nozi... — degancha, qizning ortidan yugurdi...
...Yashtonqul hayotidagi barcha omadsizliklarga qoʻlidagi sigareta aybdordek bosib-bosib tortardi. "Hayot buncha qiyin boʻlmasa, tayinli ishim yoʻq, pulim yoʻq, halovat-ku umuman yoʻq", xiyobon skameykalaridan biriga oʻtirib oʻyladi Yashton.
— Yordam, yordam bering, — roʻparasidagi skameykada oʻtirgan chol hirilladi. Qariya yuragini changallab olgan, yuzida qon yoʻq, oʻrindiqdan yiqilgudek bir alpozda yonboshiga qiyshayib keta boshladi.
— Oʻlsang oʻlib ketavermaysanmi, menga nima? Men senga shifokormidim? — ensasi qotdi Yashtonning.
— Dori bor, dori... choʻntagimda... — zoʻrgʻa gapirardi chol.
Yashtonqul koʻzlari yumuq, hushidan ketayotgan cholning yoniga oʻtib, zarda bilan uning choʻntaklaridan dori izlay boshladi. Qariyaning yon choʻntagidan doriga qoʻshilib, biroz mayda pullar ham chiqdi. U dorini cholga tutqazib, pullarni esa kistasiga tiqdi, soʻngra chol oʻziga kelib qolmasidan tezda juftakni rostladi.
...— Bu nima? — mashina oynasi orqali orqa oʻrindiqdagi yoʻlovchi ayolga koʻzlarini loʻq qilib qaradi Yashtonqul.
— Yoʻlkira, — javob berdi taajjublanib yoshgina ayol yoʻlovchi.
— Ahmoq emasman, koʻrib turibman. Nega kam? — dagʻallik bilan soʻradi Yashtonqul keskin tormoz berarkan.
— Doim bu yoʻl uchun shuncha toʻlaganman va sizdan soʻrab, keyin mindim-ku, — boʻshashib dedi ayol.
— Bola-chi? Unga kim toʻlaydi? Katta xolangizmi?
— Bola atiga uch yoshda, bundan tashqari u quchogʻimda oʻtirdi-ku. Joy band qilgan boʻlmasa... — qizishdi yoʻlovchi ayol.
— Quchogʻingizda boʻlsa ham boshqalarga xalaqit berdi, ular qisildi. Buning haqqini menga toʻlaysiz! — jahl bilan dagʻdagʻa qildi haydovchi.
Yashtonqulning avzoyini koʻrib hurkkan boshqa yoʻlovchilar unga qarshi biror ogʻiz ham gapirolmay qolishdi.
Faqatgina qoʻshimcha pul toʻlagan ayol:
— Bu borib turgan qalloblik, rozi emasman! — deb mashina eshigini shahd bilan yopib tushib ketdi.
— Oʻrgildim. Har kuni shunaqa ahmoq yoʻlovchilar bilan kamida besh marta toʻqnash kelaman.
...— Amaki, ho amaki, sadaqa qiling. Sadaqa baloni qaytaradi, — Yashtonqulning mashinasi yoniga chopib keldi tilanchi qizcha.
— Tur, yoʻqol, sen yetmay turganding! — jerkidi Yashtonqul.
— Amakijon, koʻp pul toping. Sadaqa qiling, — xiralikni qoʻymadi qizcha.
— Mayli, ma ol. — Yashtonqul mashina derazasidan qizchaga pul uzatdi, pulni olish uchun yaqinlashgan qizchaning kattaroq shaftolidek koʻkragidan xirs bilan qattiq qisib ushladi. Ogʻriqdan ilkis oʻzini orqaga tashlagan oʻn ikki-oʻn uch yoshli qizchaning koʻzlarida dahshat va hayrat qotib qolgan, qilgan ishidan zavqlangan Yashtonqul esa qah-qah urib kulardi.
...— Oʻgʻlim, shifokor yangi dorilar yozib berdi. "Eskilari taʼsir qilmay qoʻygan boʻlsa, bularni olib iching", dedi. Yashtonqulning keksa va kasalmand onasi dorilar roʻyxatini oʻgʻliga uzatdi.
— Yana shifokorga bordingizmi? — zarda qildi Yashtonqul.
— Ogʻriqlarim hech oʻtib ketmayapti-da, bolam. Nima qilay, axir? — zorlandi ona.
Yashtonqul bunga nisbatan chirt etib tishlari orasidan yerga tufladi.
— Shu pulni ol-da, dorilarni keltirib bera qol, — yalindi onasi.
Jahl bilan dorilar roʻyxatini onasining qoʻlidan olib chiqib ketgan Yashtonqul yarim soatlardan keyin dorilar bilan qaytib keldi. Indamay ularni onasiga tutqazib, yana koʻcha tomon yoʻl oldi.
— Umringdan baraka top, rahmat, oʻgʻlim, — ketidan duo qilib qoldi onasi.
Yashtonqul odati boʻyicha shifokor yozib bergan dorilarni emas, ogʻriq qoldiruvchi va uxlatuvchi dorilarning eng arzonlaridan olib kelgan, onasi bergan pulning toʻrtdan birini ham darmonlar uchun sarflamagan edi...
— Xoʻsh, davom etamizmi? — ayyorona kulgancha soʻradi oynadagi aks.
Oʻtmishdan hozirgi kunga qaytgan va qabihliklarini yaqqol koʻrgan Yashtonqul karaxt ahvolda turar, hech bir soʻz aytishga tili aylanmay qolgan edi.
— Siz odamlar hamma ishni oʻzingiz qilasiz, ammo gunohlaringizni shaytonga yuklaysiz. Aslida aybdor siz — oʻzingiz!
Shunday deb aks yoʻqola boshladi, uning oʻrniga koʻzgu bugʻlanib, bir soʻz yozildi: "YASHTONQUL". Birdaniga harflarning oʻrni oʻzgarib, yangi soʻz paydo boʻldi: "SHAYTONQUL".
— Sen kimsan oʻzi? — peshonasidan sovuq ter chiqib, oyoqlari qaltirab, devorga suyanib qolgancha dedi Yashtonqul.
— Kimligimni yaxshi bilasan.
Endi koʻzgudagi ism ham, bugʻ ham yoʻqolib, unda Yashtonqulning oʻzi aks etardi. Ammo bu aks shaytoniy bir qiyofada edi. U Yashtonqulning xuddi oʻzi, uning harakatlarini qaytarar, biroq koʻzlari qizil, sochlari hurpaygan, boshining ikki yonida shox ham bor edi. Bu koʻrinishidan tang qotib qolgan Yashtonqul qoʻllari bilan boshini changallagan koʻyi devor burchagiga oʻtirdi. Koʻzlarini chirt yumdi. Xayolida esa yoshligidagi bir xotira jonlandi.
Yashtonqul bolaligida buvisinikiga koʻp borar, koʻpincha yotib qolar edi. Yashtonga buvisining kumushdek boʻlib roʻmoli orasidan chiqib turgan sochlari, kemtik tishlari, ajin qoplagan yuzlari nihoyatda qadrli boʻlib, ayniqsa buvisining bir-biridan qiziq ertaklari yoqar edi. U ulgʻaygan sari buvisi aytadigan ertaklar mavzusi ham oʻzgarib borar, qiziqarli, baʼzan qoʻrqinchli tus olar edi.
— Buvijon, jin, iblislar hozir qayerda? — soʻradi bir tunda Yashton buvisining navbatdagi ertagidan soʻng.
— Qaydan bilay, — ertak aytib ogʻzi qurib qolgan buvi javob berdi biroz daqiqalik sukutdan soʻng. — Afsonalarda aytilishicha, jinlar hammomlarning kir, iflos suvlari toʻplanadigan joylarni makon qilishgan ekan. Lekin bu shunchaki uydurma boʻlsa kerak, — deya javob bergan buvi Yashtonqulning peshonasidan oʻpib, uxlashga undagan edi. Uzoq yillar ilgari sodir boʻlgan bu voqea bekorga Yashtonqulning xayoliga xuddi kechagina yuz bergandek qayta jonlanmadi.
— Men sen emasman. Men faqat shaytoniy tuygʻulardan iborat emasman. Meni tinch qoʻy. Sen — laʼnati jinsan, xolos! — Yashtonqul shaxd bilan turib, chanoq ustiga osigʻlik turgan koʻzgudan boqib turgan shaytoniy aksiga baqirdi. — Men sen emasman! — burun kataklarini shishirgancha nafas olarkan takrorladi Yashtonqul. — Men boshqacha boʻla olaman! — baqirgancha koʻzguga zarb bilan musht tushirdi Yashtonqul.
Chil-chil boʻlgan koʻzgu boʻlaklari hammomning har yerida sochilib yotar, koʻzgu parchalaridagi koʻplab shayton qiyofalari Yashtonqulga boqib turar edi.
Muallif yangi bob qoʻshganda u shu kitob sahifasida paydo boʻladi. Muallifga obuna boʻling — oʻtkazib yubormaysiz.
Izohlar
0